MUSULMONLAR HUQUQI  ( 24472 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Best friend  14 Avgust 2012, 11:37:26

 :as:

Yer yuzidagi xar hil dinga e'tiqod qiluvchi odamlarni insof nazari bilan kuzatgan xar qanday odam ularning ichida eng qiynalayotgani musulmonlar ekanining guvohi bo'ladi. Musulmonlarning erkin yashay olmayotganlariga mansabidan foydalanayotgan din dushmanlari sabab bo'lsada, ko'p hollarda musulmonlar o'z huquqlarini bilmaganlari uchun qiynalishadi. Bu mavzuda qaysi davlat bo'lishidan qat'iy nazar u davlat e'tiqod masalasiga qanday qaraydi, shu haqida gaplashamiz. Bundan maqsad shuki, musulmonlar o'z huquqlarini himoya qilishi uchun o'z haqqini tanisin.

Ushbu mavzuga joylangan maqolalar (asl manbasi):


Qayd etilgan


Best friend  14 Avgust 2012, 11:40:32

HIJOB O'RASH JINOYATMI?

Ismingiz: Sohiba

Savolingiz:
Aytishlaricha bu yildan maktablarga ro’molda kelgan qizlarning ota onalarini Jinoyat Kodeksidagi qaysidur statya bilan qamashar ekan. Shu rostmi?

Javob: O’zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksida  hijobda yurganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish haqida modda mavjud emas. Bunday qoida mavjud bo’lishi ham mumkin emas, chunki bunday norma O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonun, “Ta’lim to’g’risida”gi qonun va boshqa qator qonunlarga zid hisoblanadi.  O’zbekiston Respublikasi qonunchligiga ko’ra hech bir huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining ayollarni va maktab o’quvchi qizlarni ro’mol o’raganligi uchun qamab qo’yishga haqqi yo’q. Tabiiyki, hijobli qizlarning ota-onalariga dahl qilish ham noqonuniy hisoblanadi.

Qayd etilgan


Best friend  14 Avgust 2012, 11:45:49

HIJOBLI QIZNING ABITURIENT BO'LISHGA HAQQI YO'QMI?

Ismingiz: Shahlo

Savolingiz: Men shu yil kollejni tugatdim. Birga o’qiydigan dugonam hijobda edi, biz birga institutga hujjat topshirishga borganimizda dugonamni qabul qilishmadi. Qabul komissiyasida o’tirganlar ularning institutiga hijobli qizlarni olmasligini, agar hijobimni o’qishga kirganimdan keyin yechaman, agar yechmasam o’z xohishimga ko’ra o’qishdan haydashingiz mumkin, deb tilxat yozib bersa, hujjatlarini qabul qilishi mumkinligini aytdi. Dugonam yo’q, men hijobimni o’qishga kirsam ham yechmayman, desa, unda boshqa institutga hujjat topshiring, bizda hijoblilar o’qishi mumkin emas, deyishdi. Meni hujjatlarimni qabul qilishdi, chunki men hijobda emasman. Dugonam boshqa institutga ham hujjatlarini olib borganda xuddi shunday jabob berib, hech kim hujjatlarini qabul qilmabdi. Xullas, dugonam o’qishga topshirmadi, men esa hujjat topshirganim bilan o’qishga kira olmadim. Mening opam ham hijobli, men ham yaqinda hijobga kirmoqchiman, Xudo xohlasa. Ammo kelasi yil o’qishga topshirmoqchi bo’lsam, mening hujjatlarimni ham birorta institut qabul qilmasligidan qo’rqayapman. Shu narsa to’g’rimi? Agar shunday bo’lsa, nima qilay?

Javob: O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra, albatta, hijobli qizlar ham oliy ta’lim muassasalari, ya’ni universitet va institutlarda o’qishlari mumkin. O’zbekistondagi hech qaysi ta’lim muassasasida rasman hijobni man qiluvchi qoida yo’q.

Sizning va dugonangizning holatida huquqlar buzilishini ikki turkumga ajratish mumkin:

Birinchisi, ta’lim sohasidagi huquqlarning buzilishi.

Rasmiy hujjatda bo’lmagan hijobga qarshi qoidani amalda targ’ib qilish universitet va institutlarning, shuningdek, kollej va maktablarning ham ichki nizomi, qolaversa undan yuqori turuvchi qonunosti hujjatlari, hamda O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonuniga va eng asosiysi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid  hisoblanadi. Chunki O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi, “Ta’lim to’g’risida”gi qonunning 4-moddasiga binoan har kim e’tiqodidan qat’i nazar bilim olishda teng huquqlarga egaligi ta’kidlangan. Yuqoridagi normalarga asosan hijobda bo’lgan ayollar, qizlar ham boshqalar bilan bir xil bilim olish huquqiga ega.

Ikkinchisi, vijdon erkinligi huquqlarining buzilishi.

O’zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 3-moddasida vijdon erkinligi, ya’ni biror dinga e’tiqod qilish, yoki umuman hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik fuqarolarning kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqlari ekanligi, shu qonunning 4-moddasida fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar teng huquqli ekanligi, 7-moddasiga ko’ra esa O’zbekiston fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga munosabatidan qat’i nazar ta’min etilishi belgilangan.

O’zbekiston Respublikasida hijobni ro’kach qilib oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilishni rad etishning biron bir huquqiy asosi mavjud emas. 2010-yil 18-iyunda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o’qishini ko’chirish, qayta tiklash va o’qishdan chetlashtirish tartibi to’g’risida” nizomlarni tasdiqlash to’g’risida qaror chiqardi. Mazkur Qarordagi 1-ilova “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to’g’risida” Nizom bo’lib, uning 1-bo’lim, 3-bandi, 2-xatboshisida shunday deyiladi:

“Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to’lov-kontrakt bo’yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to’plagan abiturientlarning davlat grantlari bo’yicha birinchi navbatda qabul qilinishi huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to’lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar”.

Mazkur Nizomning  3-bo’limida hujjatlarni qabul qilish haqida qoidalar o’rnatilgan bo’lib, undagi bandlarga ko’ra:

“Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ta’lim yo’nalishi, o’quv tili va shakli ko’rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo’qligi, chet tilidan qaysi fandan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo’lganlar uning raqamini ko’rsatishlari hamda test sinovlarini o’tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to’g’ri to’ldirish bilan tanishganligi ko’rsatiladi);

o’rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;

086-U – shakl bo’yicha tibbiy ma’lumotnoma;

pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug’ilganligi to’g’risidagi guvohnoma)ning nusxasi;

3.5 x 4.5 sm hajmidagi 6 dona rangli fotosurat;

mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko’chirma va ishlab turgan sohasidan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo’lim abiturientlari uchun)”.

“Ko’rsatib o’tilgan hujjatlar mavjud bo’lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas”.


Ma’lum bo’ldiki, mazkur Nizomda hijob haqida qoidalar belgilanmagan. Yuqorida sanalgan hujjatlar mavjud bo’lgan taqdirda qabul komissiyasi hujjatlarni boshqa sabablarga ko’ra qabul qilishni rad etishi noqonuniy harakat bo’lib, qabul komissiyasining mazkur noqonuniy harakati ustidan tegishli tartibda shikoyat qilish mumkin.

Shikoyatni barcha tafsilotlar aniq va to’liq yozilgan holatda hujjatlarni qabul qilmagan institut qabul komissiyasi ustidan Davlat Test Markaziga yoki shu institut joylashgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga topshirishingiz mumkin. Shikoyatchida instansiya tanlash huquqi ixtiyoriy bo’lib, xohlasangiz birinchi Davlat Test Markaziga, uning natijalaridan qoniqmagach esa tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilishingiz, yoxud to’g’ridan-to’g’ri institut joylashgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilishingiz mumkin.

Odatda sudga bunday muammo bo’yicha shikoyat qilinganda, institut qabul komissiyasining yozma javobi shikoyatga asos bo’lishi kerak. Ammo siz va dugonangizning holatida   yozma asos olinmagan bo’lsa, tartib bo’yicha Davtlat Test Markaziga, undan javob olgach esa, – agar yana shikoyat qilishga hojat tug’ilsa – tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga murojaat qilish tavsiya qilinadi.

Agar institut qabul komissiyasi hujjatlaringizni boshingizda ro’molingiz (hijob) bo’lgani bois qabul qilmasa, ulardan shu haqda yozma javob berishlarini talab qiling. Davlat Test Markaziga shikoyat bilan murojaat qilingach, O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi qonuniga asosan Markaz sizga 10 kun ichida yozma, asoslantirilgan javob berishi kerak.

Qayd etilgan


Best friend  14 Avgust 2012, 11:52:18

MAKTAB ICHKI NIZOMLARIDA HIJOBGA TAQIQ QO'YISH QONUNIYMI?

Ismingiz: Lobarxon

Savolingiz: Maktabga qizim ro’molda borardi. Mana shu 2 yildan beri maktab direktori va zouchlari tamonidan “maktabda ro’molda yurish mumkin emas”, degan gaplar bilan  janjal bo’lib keladi. Bir amallab eplab keldik. Lekin bu yildan ahvol ancha murakkablashgan ko’rinadi.
Hozir ta’til bo’lishiga qaramasdan kuni kecha maktabdan direktor telefon qildi. Tezda maktabga yetib kelishimni so’radi. Borsam yana shu masala, ro’mol haqida. Direktorning aytishicha, bu yilgi o’quv davrida ro’mol bilan umuman maktabga kiritishmas ekan. Maktab eshigida hokimiyatdan, SNB xodimlari bilan turib, birma-bir maktabga kiritishar ekan. Ro’molli qizlarni maktabning alohida xonasiga kiritishib, ota-onasini chaqirtirib ro’molini yechishar ekan. Bo’ysunmaganlarga qarshi kerak bo’lsa qonun bilan chora ko’rishar ekan. O’zim qonundan ancha xabarim bo’lsa ham, lekin hali bunaqa qonunni hech ko’rmagan edim. Lekin direktorning aytishicha, bunaqa qonun chiqqanmish. Bo’ysunmaganlarni 3 yilga qamasharmish.

Buni eshitib farzandimni maktabga chiqarishdan qo’rqib turibman.
Sizlardan iltimos, shu qonun bilan bizni tanishtirsangiz va qanday qilib o’z haq-huquqlarimiz uchun kurashishimizni o’rgatsangiz. Oldindan rahmat.

Yunusobod tumanidan Lobarxon T.

Javob: O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida maktab, litsey, kollej yoki Oliy ta’lim muassaslarida va umuman jamoat joylarda  ro’mol o’rab yurish (hijobda bo’lish)ni taqiqlovchi normalar mavjud emas. Agar qizlaringiz tahsil olayotgan maktab direktori ayganidek,  hijobda bo’lishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan va bo’ysunmaganlarga nisbatan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo’llaniladigan bo’lsa, avvalo O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonun, “Ta’lim to’g’risida”gi qonun, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeks, Jinoyat kodeksi va yana o’nlab boshqa qonun hamda qonunosti aktlariga o’zgartirish kiritish lozim bo’ladi.

To’g’ri, O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksiga 184-1-modda qo’shilgan bo’lib, unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining(diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari – eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarichaga miqdorda jarima solishga yoki o’n besh sutkagacha muddatga  ma’muriy qamoq olishga sabab bo’ladi, deyiladi. Maktab direktorlari ushbu moddani ro’kach qilib qizingizni maktabga kiritmaslikka haqli emasliklari haqida quyida batafsil izoh beramiz.

Birinchidan, O’zbekiston Respublikasi Konstititsiyasining 18-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respunblikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar. Shuningdek Konstitutsiyaning 31-moddasida vijdon erkinligi, 41-moddasida esa bepul ta’lim olish huquqi kafolatlangan. Konstitutsiyaning yuqorida keltirib o’tilgan moddalariga ko’ra,  qizingiz e’tiqodidan qat’i nazar, huquqlardan foydalanishda teng bo’lib, albatta bepul ta’lim olish huquqiga ega.

Ikkinchidan, O’zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 4-moddasi Fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar teng huquqliligi deb nomlanib, unga ko’ra, “ O’zbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati ko’rsatilishiga yo’l qo’yilmaydi. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini har qanday cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita imtiyozlar belgilash, dushmanlik va adovat uyg’otish yoxud ularning diniy yoki dahriylik e’tiqodi bilan bo’g’liq his-tuyg’ularini haqoratlash, diniy ziyoratgohlarni oyoqosti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi”, deyiladi. Ya’ni, fuqarolarni dinga bo’lgan munosabati uchun kamsitish yoki huquqlarini cheklash O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 141-moddasi hamda 156-moddasi 2-qismi talablariga ko’ra jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Uchinchidan, yuqoridagi qonunning 7-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga bo’lgan munosabatidan qat’i nazar ta’min etiladi. Demak, qizingizni ro’mol o’rab yurishi uni dunyoviy ta’lim olishiga to’sqinlik qilmaydi.

To’rtinchidan, O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim tog’risida”gi qonuni 4-moddasi Bilim olish huquqi deb nomlanadi. Mazkur moddaga ko’ra, jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansublgi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi kabilardan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi.

Beshinchidan, agar maktab direktori shu maktabning ichki tartib-qoidasiga ko’ra qizingiz maktabga ro’molda kelishi mumkin emas degan bahonani qiladigan bo’lsa, unda siz maktab deriktoridan avvalo shu ichki tartib qoidasi bilan sizni shaxsan tanishtirishini hamda qizingizni maktabga ro’molda kelishini nima sababdan rad etayotgani to’g’risida sizga yozma ravishda javob berishini talab qiling. Agar direktor sizga yozma ravishda javob berishga majbur emasligini aytsa, unda siz O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 35-moddasi hamda O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida’gi qonunining 2-moddasi, 4-qismiga ko’ra belgilangan tartibda berilgan murojaatni rad etish taqiqlanishini tushuntiring. Imkon qadar maktab direktoridan yozma javob olishga harakat qiling. Chunki sizni ishontirib aytamanki, amaldagi qonun hujjatlarimizda maktabga ro’molda kelsa kirgizilmasin degan qoida yuq. Agar maktabning ichki nizomida hijob bilan maktabga kelmaslik qayd etilgan bo’lsa, shuni aytish kerakki, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 16-moddasi hamda “Normativ huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonuniga ko’ra, har qanday ma’muriy-boshqaruv organlari va tashkilotlarning o’z doirasida qabul qiladigan hujjatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda amaldagi qonun hujjatlariga zid kelishi mumkin emas. Konstitutsiya va amaldagi qonunlarda diniy e’tiqodiga kora ajratish, ya’ni maktabga ro’molda kelishni taqiqlovchi bironta norma bo’lmay turib, maktab ma’muriyati bunday qoida chiqara olmaydi, chiqarishi mumkin ham emas. Sizga iloji boricha yozma ravishda javob oling deyishimning sababi esa, maktab ma’muriyati qizingizni ro’molda maktabga kelishiga qarshilik qilishda davom etsa, unda siz maktab ma’muriyati ustidan tegishli organlarga shikoyat qilashingiz uchun mana shu yozma javob asos bo’ladi.

Hurmatli Lobarxon, oxirida yana shuni ta’kidlab o’tmoqchimanki, maktab direktori aytgan qonun, ya’ni maktabga ro’molda kelsa 3 yilga ozodlikdan mahrum etiladi(qamaladi) degan qonun mavjud emas. Siz yuqorida keltirilgan qonun hujjatlarini asos qilib maktab direktoridan qizingizning huquqlari buzilmasligini talab qilishingiz kerak. Agar bu talabingizni rad etsalar, unda asosli  yozma javob berishlarini talab qiling. Mazkur muammo yuzasidan avvalo, Xalq ta’limi vazirligining tuman bo’limlariga, shahar boshqarmasiga hamda Xalq ta’limi Vazirligiga, shaxsan Xalq ta’limi vaziri MARAHIMOV Avazjon Rahimovich nomiga yozma ravishda ariza bilan murojaat qiling. Qaysi organ yoki tashkilotga murojaat qilishingizdan qat’i nazar, arizangizni ikki nusxada olib boring va arizangizni qabul qilib olgan organ yoki tashkilot xodimidan ikkinchi nusxaga qabul qilib oldim deb qabul qilib olgan sanani yozib imzo qo’yib berishini talab qiling. Mana shu ikkinchi nusxa o’zingizda qolsin. Va shuni yodda tutungki, qaysi organ yoki tashkilot bo’lmasin, arizangiz yuzasidan ular sizga o’n kun ichida yozma, asosli javob berishlari shart. Agar ulardan javob kelmasa, siz yuqoridagi organlarga murojaat qilganingiz haqidagi arizalarni ilova qilgan holda Vazirlar Mahkamasiga yoki O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga murojaat qilishingiz kerak. Bu ikki organga bir paytda murojaat qilsangiz ham bo’ladi. Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, maktab direktorining xatti-harakatlariga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat qonuni tegishlicha javobgarlik belgilaydi, shuning uchun siz direktorning noqonuniy xatta-harakati ustidan maktab joylashgan tuman prokuraturasiga shikoyat qilishingiz mumkin. Mazkur shikoyatingizda maktab direktorining xatt-harakatlari Jinoyat kodeksining 141-moddasi (Fuqarolarning teng huquqligini buzish) hamda 144-moddasiga ko’ra jinoyat hisoblanishi va direktorga nisbatan qonuniy chora ko’rishlarini talab qilishingiz kerak. Agar tuman prokuraturasidan ham javob ololmasangiz, prokuratura organlarining bo’ysunuviga ko’ra avval Toshkent shahar prokuraturasiga hamda Respublika prokuraturasiga shikoyat bilan murojaat qilishingiz kerak. Shuningdek, shikoyat bilan maktab joylashgan tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudiga ham shikoyat bilan murojaat qila olasiz. Chunki, amaldagi qonun normalari, jumladan, Jinoyat protsesual Kodeksi 321-moddasiga ko’ra sud ham jinoyat sodir etilganligi to’g’risidagi sabab va yetarli asoslar mavjud bo’lgan barcha hollarda jinoyat ishini qo’zg’atishi shart. Ya’ni faqat prokuratura organlari emas, sud ham jinoyat ishini qo’zg’ata oladi.

Qayd etilgan


Best friend  14 Avgust 2012, 12:05:09

Hijob haqida qonun bormi?

O’zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 14-moddasi 5-bandida shunday norma belgilangan:

“O’zbekison Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo’l qo’yilmaydi”.

Xuddi shu qoida O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 184-1-moddasida ham o’z aksini topgan:

“O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari – eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarichaga miqdorda jarima solishga yoki o’n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo’ladi”.

Yuqoridagi qonun normalaridan ma’lum bo’ladiki, O’zbekiston Respublikasida fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari taqiqlanadi va bu harakat tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Bu moddalarda tilga olingan ibodat libosi nima? Unga hijob ham kiradimi? Buni qayerdan bilamiz? Agar hijob shu moddada taqiqlangan ibodat liboslari qatoriga kirsa, bu vijdon erkinligi prinsipiga zidmi yoki buni asoslaydigan boshqa qonun normalari bormi? Quyida shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

O’zbekiston Respublikasi Davlat Konstitutsiyasida fuqarolarning  din va vijdon erkinligi to’la ta’minlangan[1]. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 3-moddasida ham:

“Vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqidir.

Fuqaro o’zining dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishga, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga o’z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo’l qo’yilmaydi”,
deya ushbu konstitutsiyaviy prinsip yana bir bor mustahkamlangan. O’zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida ham diniy asoslarga ko’ra ajratish, kamsitish va haq-huquqlarni cheklash mumkin emasligi qat’iy belgilab qo’yilgan.

Hijob musulmon ayollarning nomahram erkaklar huzurida doimo kiyishi lozim bo’lgan libosdir[2]. U faqat ibodat payti kiyiladigan kiyim bo’lmay, musulmon ayol uchun diniy amallarning ajralmas bir qismi hisoblanadi. Uni kiymasa ham bo’laveradi deyish Islomdan chiqaradigan darajadagi kufr amaldir[3]. Shunday ekan, hijobga taqiq qo’yish dinga erkin e’tiqod qilish huquqini cheklash bo’lib, konstitutsiyaviy prinsiplarga zid hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 5-moddasiga binoan, O’zbekiston Respublikasida normativ hujjatlar yuridik kuchi jihatidan quyidagi darajalarga bo’linadi:

a)     O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;

b)     O’zbekiston Respublikasining qonunlari;

c)     O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;

d)     O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari;

e)     O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;

f)     Vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralarining hujjatlari;

g)     Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.

O’zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 7-moddasiga asosan Respublikada Konstitutsiya va qonunlar ustun mavqega ega:

“O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O’zbekiston Respublikasining butun hududida qo’llaniladi.

O’zbekiston Respublikasida qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas”.


Shu qonunning 14-moddasiga ko’ra, turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning vakolatiga va maqomiga, shuningdek, hujjatlarning turlariga muvofiq belgilanadi:

“Normativ-huquqiy hujjat o’ziga qaraganda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo’lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo’lishi shart.

Normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga to’g’ri kelmagan hollarda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjat qo’llaniladi.

Teng yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlar bir-biriga to’g’ri kelmagan hollarda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi.

Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlik, davlat qo’mitasi yoki idorasining ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini tartibga solish uchun maxsus vakolati bo’lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil darajadagi boshqa vazirlik, davlat qo’mitasi yoki idorasining normativ-huquqiy hujjatiga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo’ladi”.

Demak, o’quv yurtlari nizomlarida yoki korxona va idoralar ichki tartib-qoidalarida hijob o’rashni taqiqlovchi normalarning qabul qilinishi vijdon erkinligi to’g’risidagi konstitutsiyaviy huquqni poymol etishi bois noqonuniy hisoblanadi. Ushbu o’quv muassasalari yoki idora-tashkilotlar shunday ichki qoidalar asosida musulmon ayollarning hijob o’rashiga qarshi harakatlaridan to’xtamasa, buzilgan haq-huquqlarni tiklashni va ushbu qoidalarni noqonuniy deb topishni so’rab sudga murojaat etish kerak bo’ladi. (Sudga murojaat qilish tartibi haqida bu yerda: “Maktab ichki nizomlarida hijobga taqiq qo’yish qonuniymi?” o’qing.)

Qonunni kim sharhlaydi?

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning yoki Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksning diniy liboslarni jamoat joylarida taqiqlovchi bandlarini qanday tushunish kerak? Ular din va e’tiqod erkinligini poymol etuvchi, konstitutsiyaga zid moddalarmi?

Muammo shundaki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunda yoki jamoat joylarida ibodat libosini taqiqlovchi modda kelgan Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksda nima ibodat libosi bo’lishi mumkinligi haqida hech qanday tushuntirish berilmagan. Boshqa biror qonunchilik hujjatida ham diniy libosga ta’rif berilmagan yoki hijob diniy libos hisoblanishi haqida hech qanday gap yo’q. Shuning uchun hijob taqiqlangan diniy liboslar ro’yxatiga kiradimi yoki yo’qmi, yuridik jihatdan bunga hozir aniq javob ayta olmaymiz. Shu bilan birga, ibodat liboslari qatoriga hijob kiradi deyishga ham hech qanday yuridik asos yo’q.

Yuridik terminlar noaniq bo’lgan holatlarda, ularga rasmiy sharh berish kerak bo’ladi. Huquq normalarini sharhlash masalasi – huquqning mazmunini ochish, tushuntirish va huquqiy hujjatlar yuridik mohiyatini yortishga qaratilgan faoliyatdir.

Huquq normalarini sharhlash ularni qo’llaydigan sub’yektiga qarab ikki guruhga: rasmiy va norasmiy sharhlashga bo’linadi.

Rasmiy sharhlash vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu sharh barcha sub’yektlar uchun majburiy kuchga ega bo’ladi.

O’zbekiston Respublikasida huquqiy normalarni sharhlash bilan o’z vakolati doirasida quyidagi davlat organlari shug’ullanadi: O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezident, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo’mitalari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va Vazirlar Kengesi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 3-qismiga asosan, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Konstitutsiya va qonun normalarini yuridik kuchiga qarab sharhlaydigan yagona organdir. Bu sharhlash rasmiy normativ bo’lib, uni qabul qilish barcha davlat organlari, korxonalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.

Sud organlarining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va boshqa ishlarni ko’rayotganda tegishli huquqiy normalarni sharhlashi kazual sharhlash deyiladi. Sudning har bir fuqarolik ishi bo’yicha chiqargan qarori yoki jinoiy ishlar bo’yicha chiqargan hukmi huquqiy normani kazual sharhlash asosida amalga oshadi. Bu norasmiy sharhlash hisoblanadi. Sudning sharhlashidan va natijada qabul qilingan qarordan norozi bo’lgan taraf yuqori turuvchi instansiyaga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi “Sudlar to’g’risida”gi qonunining 16-moddasi 4-bandiga asosan, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sud amaliyotini umumlashtirib ko’rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo’llash masalalari bo’yicha sharh beradi.

Huquq normalarini norasmiy sharhlashga, shuningdek, ilmiy sharhlash kiradi. Tatbiq  etilayotgan huquqiy normalarni ilmiy sharhlash ilmiy xodimlar, olimlar, jamoat va davlat arboblari tomonidan darsliklarda, ma’ruzalarda, kitoblarda va ilmiy maqolalarda amalga oshirilishi mumkin.

Norasmiy ilmiy sharhlash natijalari davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxona, muassasa, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo’lmasa-da, huquqiy normalarning mazmunini sharhlashda ular rasmiy sharhlash vakolatiga ega organlarga ta’sir o’tkazishi mumkin. Bu sharhlash huquqiy normalarni amaliyot bilan bog’lab, kishilarning huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini rivojlantirishda muhim rol o’ynaydi. Norasmiy sharhlash qonunlarni takomillashtirishga, huquqni muhofaza etuvchi organlar faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.

O’zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi qonunining 31-moddasida sharhlash haqida shunday deyiladi:

“Normativ-huquqiy hujjatlarni sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilganda, u amaliyotda noto’g’ri yoki mantiqqa zid tarzda qo’llanilgan hollarda amalga oshiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq qonunlarning normalariga O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sharh beradi.

Qonunosti hujjatlariga ularni qabul qilgan organlar rasmiy sharh beradi.

Sharhlash jarayonida normativ-huquqiy hujjatlarga tuzatishlar, qo’shimchalar va aniqlashtiruvchi normalar kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi”.


O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Sudi qonunlarni sharhlash bo’yicha eng oliy davlat organi hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasining “Konstitutsiyaviy sud to’g’risida”gi qonunining 1-moddasiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Sudining sharhlash funksiyasi quyidagi tarzda amalga oshadi:

“O’zbekiston Respbulikasining Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko’radigan sud hokimiyati organi hisoblanadi;

O’zbekiston Respublikasi qonunlarining va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O’zbekisotn Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi;

Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlari O’zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to’g’risida xulosa beradi;

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining normalariga sharh beradi;

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan o’zining vakolatlari doirasiga kiritilgan boshqa ishlarni ko’rib chiqadi.

Konstitutsiyaviy sud faqat O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi”.


O’zbekiston Respublikasi ‘‘Konstitutsiyaviy sudi to’g'risida”gi qonunga binoan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O’zbekistion Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri,  Oliy Majlis Senatining raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to’rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, Oliy Majlis Senati a’zolari umumiy sonining kamida to’rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xo’jalik sudining raisi va Bosh prokuror Konstitutsiyaviy sudga ko’rib chiqish uchun masalalarni kiritish huquqiga ega. Masala Konstitutsiyaviy sudning kamida uch sudyasi tashabbusi bilan ham kiritilishi mumkin.

Konstitutsiyaviy sudga masalalarni ko’rib chiqish uchun fuqarolar, nodavlat tashkilotlar, muassasa va idoralar to’g'ridan-to’g'ri murojaat qila olmaydi. Shunga qaramasdan, fuqarolar, nodavlat va notijorat tashkilotlar va boshqa Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo’lmagan yuridik va jismoniy shaxslar Konstitutsiyaviy sudga bilvosita, ya’ni Bosh prokurorga qonunlardagi noaniq atamalarga sharh berish taklifi bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishini so’rab, amaliyotda sodir bo’layotgan qonunga zid holatlar va tushunmovchiliklarni asoslantirgan holda ariza yozib murojaat etishlari mumkin.  O’zbekiston Respublikasi ‘‘Fuqarolarning murojaatlari to’g'risida”gi qonunning 7 va 11-moddalari qoidalariga muvofiq, Bosh prokuror ariza kelib tushgan kundan boshlab bir oy muddat ichida arizadagi masalani mohiyatan hal etishi, qo’shimcha o’rganishlar va tekshirishlar talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishi va arizalarni ko’rib chiqish natijalari to’g'risida fuqarolarga ma’lum qilishi hamda arizada bayon etilgan talablarni qondirish rad etilganda, fuqarolarga rad etishning sabablari ko’rsatilgan holda yozma tarzda ma’lumot berishi shart.

Bosh prokurorga yo’llanishi nazarda tutilgan arizani fuqarolar o’zlari saylagan deputatlar va senatorlarga ham yuborib, amaliyotdagi qonunga zid holatlar va tushunmovchiliklardan ularni asoslantirilgan holatda yetarli xabardor qilsalar va ushbu deputatlar va senatorlar soni Parlamentdagi jami deputatlar yoki jami senatorlarning to’rtdan bir qismiga teng bo’lsa, unda deputatlar guruhi yoki senatorlar guruhi ham fuqarolarning qilgan murojaatlariga asoslangan holda Konstitutsiyaviy sudga tegishli qonunlardagi atamalarga sharh berish taklifi bilan chiqishlari mumkin.

Konstitutsiyaviy sud ustidan shikoyat qilish mumkinmi?

Agar Konstitutsiyaviy sud hijobni ibodat libosi qatoriga kiritib, jamoat joylarida hijob bilan yurishni noqonuniy deb topsa va buni Konstitutsiyadagi vijdon erkinligi huquqiga zid emas deb talqin etsachi? Unda nima qilish kerak?

Konstitutsiyaviy sud O’zbekiston Respublikasida eng oliy instansiya, eng so’nggi shikoyat bilan murojaat qilinadigan joydir. ”Konstitutsiyaviy sud to’g'risida”gi qonunning 27-moddasiga ko’ra, Konstitutsiyaviy sudning to’xtami qat’iy va uning ustidan shikoyat qilishga o’rin yo’q. Ya’ni, Konstitutsiyaviy sud qaroriga amal qilish barcha davlat idoralari va fuqarolar uchun majburiydir. Demak, Konstitutsiyaviy sud jamoat joylarida hijob bilan yurishga qo’yilgan taqiqni to’g’ri deb topsa, O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra, fuqarolarda bunga bo’ysunishdan boshqa chora qolmaydi. Ammo haq-huquqni talab etish harakati bu yerda ham to’xtamaydi.

Yuridik kuchi milliy yurisdiksiyadan ham yuqori turuvchi yana bir instansiya mavjud. Bu xalqaro tashkilotlar yurisdiksiyasi. O’zbekiston Respublikasi qo’shilgan va shartlariga amal qilish majburiyatini olgan bir necha xalqaro tashkilot va normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.

O’zbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotinning to’laqonli a’zosi hisoblanadi va BMT tarkibida qabul qilingan ko’plab xalqaro hujjatlarga imzo chekib, ularning milliy qonunchilikdan ustun turishini tan oladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat Konstitutsiyasi Muqaddimasida xalqaro huquqning umum e‘tirof etilgan qoidalari ustun ekanligi tan olingan.

Biz ko’rayotgan mavzuga aloqador Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risida Xalqaro Paktga biroz to’xtalib o’tsak.

Ushbu hujjatning 18-moddasida e’tiqod erkinligi to’la ta’minlangan:

“Har kim din, e’tiqod va fikr erkinligiga ega. Ushbu huquq o’zi istagan dinni qabul qilish yoki unga amal qilish hamda mustaqil yoki boshqalar bilan birgalikda jamoat joyida yoki xoli qolganda o’z diniga amal qilish, ibodat qilish yoki dinini o’rgatish erkinligini o’z ichiga oladi”.

O’zbekiston 1995-yil bu Paktga qo’shilgan hamda shu yili Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi Xalqaro Paktga Qo’shimcha Protokolga imzo chekkan. Bu bilan u ushbu shartnoma doirasidagi barcha shartlarga amal qilish majburiyatini olgan.

Ushbu Pakt unga qo’shilgan davlatlar uchun majburiy xarakterga ega bo’lib, a’zo davlatlar ustidan tushadigan shikoyatlarni o’rganish uchun Qo’shimcha Protokol asosida maxsus Inson Huquqlari Qo’mitasi tuzilgan. Ushbu Qo’mitaga oddiy fuqarolar ham shikoyat bilan murojaat etishlari mumkin. Agar Qo’mita davlat organlari tomonidan Xalqaro Paktda ta’minlangan inson huquqlari poymol etilgan deb topsa, ushbu davlatga huquqlarni qayta tiklashni so’rab talabnoma jo’natadi. Davlat ushbu qaror talablarini ijro etib, 90 kun ichida Inson Huquqlari Qo’mitasiga yozma javob qaytarishi kerak.

Xudoyberganova O’zbekistonga qarshi

Shu o’rinda O’zbekiston Respublikasi fuqarosi Rayhon Xudoyberganovaning O’zbekistonda haq-huquqlari poymol etilishi yuzasidan Inson Huquqlari Qo’mitasiga qilgan shikoyatini ko’rib chiqish maqsadga muvofiq bo’ladi.

Qo’mita qarorida keltirilgan ma’lumotga ko’ra, Rayhon Xudoyberganova hijob o’raganligi bois Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti talabalari safidan chetlashtiriladi[4]. U shikoyat bilan Toshkent shahar Mirobod tuman sudiga murojaat etadi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar bo’yicha qo’mita raisi Islomda maxsus ibodat libosi yo’q, deb sharh beradi. Sud Rayhon Xudoyberganovaning shikoyatini qanoatlantirmaydi. Ikkinchi instansiya sifatida Toshkent shahar sudi ham Mirobod tuman sudi qarorini o’z kuchida qoldiradi. Natijada Rayhon Xudoyberganova Oliy Sudga murojaat etadi. Oliy Sud quyi sud qarorini bekor qilish haqidagi shikoyatni yetarli darajada asosli emas, deb topadi.

O’zbekistonda barcha instansiyalardan foydalanib bo’lgach, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g’risidagi Xalqaro Paktga Qo’shimcha Protokol bandlari asosida Rayhon Xudoyberganova Inson huquqlari Qo’mitasiga shikoyat bilan murojaat etadi. 2004-yil ishni o’rganib chiqqan Qo’mita Rayhon Xudoyberganovaning diniy e’tiqodiga ko’ra hijob o’raganligi bois o’qishdan chetlatilishi oqibatida O’zbekistonda inson huquqlari poymol etilgan, deya qaror qabul qiladi.

Inson Huquqlari Qo’mitasi O’zbekiston davlatiga Rayhon Xudoyberganovaning da’volarini Fuqarolik va siyosiy huquqlar to’g'risidagi Xalqaro Paktning 2-moddasi a-bandiga muvofiq samarali ravishda qondirishni hamda kelajakda bunday huquq buzilishlarining oldini olish uchun choralar ko’rish majburiyatini yuklaydi.

Xulosa

O’zbekiston Respublikasi qonunchiligida din va e’tiqod erkinligi to’la ta’minlangan. Agar o’quv muassasalari va boshqa idora-tashkiltolar ichki nizomlarida hijob kiyishni taqiqlovchi bandlar bo’lsa, ular din va vijdon erkinligiga zid bo’lgani bois noqonuniydir va ular ustidan shikoyat bilan tegishli joylarga murojaat etish lozim.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 14-moddasi 5-bandida yoki Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 184-1-moddasida ibodat libosinning taqiqlanishi bu hijobga taqiq degani emas. Agar shu qonunlar ro’kach qilingan holda hijobga qarshilik qilinadigan bo’lsa, belgilangan tartibda sudga yoki boshqa tegishli idoralarga murojaat etish lozim. Sud hijob kiyishni taqiqlovchi normalarni o’z kuchida qoldiruvchi qaror qabul qilsa yoki hijobni ibodat libosi deya talqin etsa, bu qaror diniy erkinlikni ta’minlovchi konstitutsiyaviy prinsipga zid ekanligini ko’rsatib yuqori turuvchi sud instansiyalariga murojaat etish lozim. Shuningdek, arizachi yuqoridagi bo’limlarda tushuntirilgan tartibda Bosh Prokurorga yoki Qonun chiqaruvchi organ deputatlari va senatorlariga diniy libos to’g’risidagi qonun normasini sharhlashni Konstitutsiyaviy sudga kiritishini so’rab murojaat etishlari mumkin.

Diniy e’tiqodi bois ayollarning hijob kiyishini taqiqlash, avvalo, Konstitutsiyaga zid bo’lgani uchun, qolaversa, xalqaro huquq normalarini qo’pol tarzda buzishi sababli, O’zbekiston Respublikasining yuqori instansiya sudlari, xususan, Oliy Sud yoki qonunlarni sharhlash bo’yicha eng oliy organ – O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bunday noqonuniy huquq normalarining O’zbekiston qonunchiligiga kirib kelishiga yo’l qo’ymaydi, deb ishonamiz.

Qayd etilgan


Best friend  14 Avgust 2012, 12:13:33

BOLALARNING MASJIDGA BORISHI NOQONUNIYMI?

Savolingiz: Masjidlarga yosh bolalarni kiritishmayapti. Maktab payti o’qishdan chalg’itadi, deyishlarini tushunsa bo’ladi, ammo maktabdan so’ng yoki ta’til vaqtlarida ham masjidlarga militsiya xodimlari tomonidan kiritilishiga to’sqinlik bo’layapti. Yosh bolalarning masjidlarga borishini taqiqlaydigan qonunlar bormi?

Javob:

Voyaga yetmaganlar ham vijdon erkinligi huquqiga ega

O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga ko’ra, fuqaroning muomala layoqati u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi. Demak, voyaga yetmaganlar deganda 18 yoshga to’lmaganlar nazarda tutiladi. Yosh bolalar ham voyaga yetmaganlar tarkibiga kiradi. Voyaga yetmagan shaxsning fiziologik, psixologik jihatlarini e’tiborga olgan holda, ularning ayrim huquqlarini amalga oshirishlari cheklanishi mumkin. Chunki 18 yoshgacha bo’lgan o’smirlarda tashqi ta’sirga tez beriluvchanlik hamda psixologiyasida turli o’zgarishlar sodir bo’lish hollari kuzatiladi. Odatda, bu yoshdagi o’smirlarninig ayrim huquqlari va qonuniy manfaatlarini ularning ota-onalari, yoki ota-ona o’rnini bosuvchi boshqa shaxslar, agar voyaga yetmagan shaxsga vasiy yoki homiy tayinlangan bo’lsa, ular amalga oshiradi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi voyaga yetmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tegishli bo’lgan ikki moddaga ega. Konstitutsiyaning 45-moddasiga ko’ra, “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir” va 64-moddaning birinchi qismiga ko’ra, “Ota-onalar o’z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”.

Voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini belgilovchi maxsus qonun “Bola huquqlari kafolatlari to’g’risida”gi qonun bo’lib, ushbu qonundan berilgan savolga tegishli bo’lgan ayrim moddalarni keltirimiz.

Jumladan, mazkur qonunning 7-moddasi “Bola huquqlarining qonuniy kafolatlari” deb nomlanadi. Ushbu moddaning 4-qismida “Bola huquqlarini cheklanishi mumkin emas, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno”, deyilgan. Shuningdek, ushbu qonunning 17-moddasi “Bolaning fikrlash, so’z, vijdon va e’tiqod erkinligi” deb nomlanadi. Mazkur moddada “Bola fikrlash, so’z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Bolaning fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin”, deb yoziladi.

Bolaning masjidga borishi vijdon va e’toqod erkinligi hisoblanib, demak, buni qonun yo’li bilan cheklash mumkin emas. Moddada bolaning faqat fikr yuritish va uni ifodalash huquqi qonunda belgilangan tartibda cheklanishi mumkinligi aytilgan. Demak, qonun to’g’ridan to’g’ri bolaning fikr yuritish va uni ifodalash huquqini cheklash haqida qoida belgilagan bo’lsagina, bunday cheklashga yo’l qo’yiladi. Masjidga yoki boshqa ibodatxonalarga borish bolaning fikr yuritish va uni fiodalash huquqiga emas, balki vijdon erkinligi huquqi doirasiga kiradi.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-sentyabrdagi “Voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiyalar faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi qarorida, voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqiy tarbiyaviy ishlar susaytirib yuborilganligi, ular ustidan bo’lgan nazoratning bo’shligi, ish bilan ta’minlash va boshqa muammolar qoniqarli darajada hal etilmayotganligi oqibatida ko’plab yoshlar tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etish, giyohvandlik va ichkilikbozlikka berilish, dinniy aqidaparastlik yoki turli zararli oqimlar, guruhlar ta’siriga tushib qolish kabi salbiy holatlarni bartaraf qilish choralarini ko’rish maqsadida voyaga yetmaganlar ishlari bo’yicha komissiya faoliyatini takomillashtirish zarurligi keltirib o’tiladi.

Qarorda mazkur komissiya voyaga yetmaganlarni zararli diniy oqimlar, guruhlar ta’siriga tushmasliklarining oldini olish uchun o’z vakolatlari doirasida profilaktik ishlarni olib borishi mumkinligi belgilangan.

Diniy aqidaparastlik va zararli oqimlarga qo’shilishning oldini olish maqsadida voyaga yetmaganlarni majsidga kiritmaslik komissiya vakolatlari doirasiga kiritilmagan. Zero, bu, avvalo, voyaga yetmaganlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini poymol qilgan bo’ladi.

Bolalarning masjidga borishini cheklovchi holatlar mavjud

“O’zbekiston Respublikasida umumiy o’rta ta’lim to’g’risida”gi Nizomga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida o’qish muddati 9 yil bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim (maktabning I—IX sinflari) majburiy hisoblanadi. U boshlang‘ich ta’limni (I—IV sinflar) qamrab oladi hamda uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi hisoblanadi. 9 yillik ta’lim majburiy bo’lganligi uchun, shu yoshdagi o’quvchilar darslarni uzrsiz tark etishlari mumkin emas. O’quvchining dars vaqtida maktabni tark etib masjidga borishi majburiy ta’lim talablariga zid bo’lgani uchun ma’muriyat tomonidan taqiqlanishi mumkin. Bu faqat dars vaqtiga taalluqli bo’lib, masjidga borishni butunlay, ya’ni maktabdan tashqari paytda ham taqiqlash voyaga yetmagan shaxslarning vijdon erkinligi huquqini buzish hisoblanadi.

Shuningdek, 9 yillik o’rta ta’limdan keyingi boshqa ta’lim turlarida ham talabalardan o’quv yurti ichki tartib-nizomlariga itoat etish talab qilinishi mumkin. Bu nizomlarda talabalarning darslarni uzrsiz tark etishi taqiqlanishi tabiiy hol. Shu bois dars payti masjidlarga qatnash ushbu nizom bandlariga ko’ra mumkin emasligi kelib chiqadi. Bu, quyidagi sabablarga ko’ra, voyaga yetmagan shaxslarning vijdon erkinligi huquqining poymol etilishi sifatida tushunilmasligi kerak.

Birinchidan, o’quv yurti nizomlarida bolalarning masjid yoki boshqa ibodatxonalarga borishi butunlay, hamma vaqt uchun taqiqlanmayapti. Dars paytidan tashqari talabalarning masjidlarga borishiga vijdon erkinligi huquqi doirasida ruxsat beriladi. Agar maktab yoki boshqa oliy o’quv yurti nizomlarida aynan masjidga borish taqiqlanadi, degan alohida band bo’lsa, buni vijdon erkinligi huquqining poymol etilishi deb qabul qilish mumkin va uning ustidan yuqori organlarga shikoyat qilish lozim bo’ladi.

Ikkinchidan, 9 yillik majburiy ta’limdan tashqari boshqa yuqori ta’lim tizimlarida o’qish ixtiyoriy bo’lib, dars vaqtida uzrsiz o’quv mashg’ulotlarini tark etmasllikka har bir talaba rozi bo’lib o’qishga kiradi. Buni xohlamagan talaba o’qishga kirishdan oldin shu jihatlarini o’ylab so’ng qaror qilishi kerak.

Dunyoviy davlatda diniy huquqlar qanday ta’minlanadi?

O’zbekiston Respublikasi o’z konstitutsiyasiga binoan, dunyoviy davlat bo’lib, bu yerda din va davlat bir-biridan ajratilgan. O’zbekiston aholisining ko’pchiligi Islom diniga e’tiqod qilsa ham, ayrim bayramlardan tashqari, boshqa ibodatlar uchun, masalan, har hafta juma namozi uchun alohida dam olish vaqti yoki kuni belgilanmagan. Ayni paytda, fuqarolar uchun din va vijdon erkinligi to’la ta’minlangan. Qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun amal qiladigan ayrim majburiyat va burchlar, agar diniy haq-huquqlarga zid kelsa, davlat qonunlari ustuvor hisoblanadi. Bu nafaqat O’zbekiston uchun, balki jahonning barcha dunyoviy o’lkalarida amal qiladigan qonuniy prinsip hisoblanadi. Masalan, din va vijdon erkinligi amalda to’la ta’minlangan AQSh yoki Yevropa davlatlarida ham, agar ibodat vaqti o’quv mashg’ulotlari yoki ish paytiga to’g’ri kelsa, o’quv nizomi yoki ish shartnomasida belgilangan qoidalar amal qiladi.  Talabalar o’quv yurti yoki darslarni tanlashda, o’z shaxsiy hayotidagi boshqa ishlariga vaqt bo’lishini hisobga olib reja tuzadi.

Ish vaqtida masjidga borish mumkinmi?

Ishchilar ham mehnat shartnomasi tuzishda ish beruvchidan ibodat qilish uchun vaqt so’rab, buni mehnat shartnomasiga kiritishni talab qilishlari mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 126-moddasiga  ko’ra, xodimga ish vaqti davomida dam olish vaqti beriladi va dam olish vaqti — xodim mehnat vazifalarini bajarishdan xoli bo‘lgan va bundan u o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt hisoblanadi. Xodim ish beruvchi bilan kelishgan holda shunday dam olish vaqtlarida ibodat qilish uchun masjidga (Juma namoziga) borishi mumkin. Bundan tashqari, xodimlar jamoasi kasaba uyushmasi bilan birgalikda harakat qilib, ish beruvchi va xodimlar o’rtasida tuziladigan jamoa shartnomasiga ham shunday shartlarni kiritishi mumkin.

Xulosa

O’zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida voyaga yetmaganlarning masjidlarga borishini taqiqlovchi norma yoki normalar mavjud emas. O’quvchi va talabalar dars paytlaridan tashqari boshqa paytlarda masjidlarda bo’lishi, ibodat qilishi, diniy bilimga ega bo’lishi ularning uzviy vijdon erkinligi huquqi hisoblanadi. Qolaversa, voyaga yetmaganlar darsdan bo’sh paytlarida masjidlarga yakka o’zlari yoki ota-onalari bilan birga kelishi mumkin. Ota-onalari bilan masjidga kelganda, voyaga yetmaganlarning masjidga kirishiga to’sqinlik qilish nafaqat voyaga yetmagan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqini poymol qiladi, balki ota-onaning farzand tarbiyasi ustidan bo’lgan huquqini ham cheklash hisoblanadi. Bunday paytda o’quvchi yoki talabalarning masjidga masjid xodimlari yoki militsiya xodimlari tomonidan kiritilmasligi Konstitutsiyaga ko’ra noqonuniy hisoblanadi va bunday shaxslar ustidan to’g’ridan to’g’ri prokuratura, sud organlariga yoki tegishli tartibda yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilish mumkin.

Ammo, 9 yillik majburiy ta’lim davrida dars vaqtida o’quvchilarning mashg’ulotlarni uzrsiz tark etishi mumkin emas. Demak, dars paytida o’quvchilarning masjidga borishi taqiqlanishi mumkin. Dunyoviy davlatda, qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, barcha fuqarolar birdek amal qilishi talab etiladigan ayrim majburiyat va burchlar, agar ayrim fuqarolarning diniy haq-huquqlariga zid kelsa, davlat qonunlari ustuvor hisoblanadi. Agar diniy huquqni cheklovchi bunday majburiyatlar, qasddan, ataylab yoki aynan vijdon erkinligini cheklash maqsadiga qaratilgan bo’lsa, bunday majburiyatlar konstitutsiyaga ziddir va ular ustidan tegishli yuqori organlarga shikoyat qilish lozim.

Konstitutsiyaviy huquqlarning poymol qilinishi ustidan shikoyat qilish tartibi haqida: Hijob ibodat libosimi yoxud qonunlar noqonuniyligi ustidan shikoyat qilish tartibi haqida?

Militsiya xodimining voyaga yetmaganlarni masjidga kiritmaslik kabi noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish tartibi haqida: Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?

Qayd etilgan


Best friend  14 Avgust 2012, 13:01:56

JAMOAT JOYLARDA NAMOZ O'QISH MUMKINMI?

Ismingiz: Umidjon

Savolingiz: Jamoat joylarida, davlat idoralarida, nodavlat tashkilotlar binosida  kundalik 5 vaqt namozni yakka holda yoki jamoat bo’lib o’qishga qonunda qanday qulaylik yoki cheklovlar bor? Bir odam katta yo’l chetida namoz o’qib olibdi. Uni ko’rib qolgan huquq tartibot xodimlari ushlab ketishibdi. Yana bir voqea: madaniyat va istirohat bog’ida bir muzey bor, muzey aslida o’tmishda masjid bo’lgan, bir guruh otaxonlar shom namozi vaqti bo’lganda, o’sha masjid sahnida jamoat bo’lib, namozni ado qilishgan va shu sababli IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tazyiqqa uchrashgan, natijada katta miqdorda jarima to’lashgan. Ushbu holatlarning qonuniyligi borasida ma’lumot bersangiz.

Javob: O’zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunining 3-moddasi 2-bandiga ko’ra, fuqaro o‘zining dinga, dinga e‘tiqod qilishga yoki e‘tiqod etmaslikka, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta‘lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mazkur qonunning 14-moddasida shunday deyiladi:

“Ibodat, diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan manzildagi ibodatxonalarda va ularga tegishli hududlarda, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, zarur hollarda fuqarolarning ixtiyoriga binoan ularning uylarida o‘tkaziladi.

Kasalxonalarda, gospitallarda, keksalar va nogironlar uylarida, dastlabki qamoq va jazoni o‘tash joylarida ibodatlar va diniy rasm-rusumlar shu yerdagi fuqarolarning iltimoslariga binoan o‘tkaziladi.

Diniy marosim va ibodat binolaridan tashqarida o‘tkaziladigan ommaviy ibodatlar, diniy rasm-rusumlar va marosimlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.

Bu normada ibodat qilish mumkin bo’lgan joylar sanab o’tilgan, ammo qayerda ibodat qilish mumkin emasligi haqida qoida belgilanmangan.  Qonun matnining “O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”, deyilgan bandi ostiga “Batafsil ma‘lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 15-son qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish” Qoidalariga qarang”, deya izoh berilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ushbu qoidalarga ko’ra, diniy ommaviy tadbirlar kategoriyasi  nomini olish uchun mazkur tadbirda kamida 100 kishi ishtirok etishi kerak.

“2. Mazkur Qoidalar maqsadlari uchun ko‘ngilochar, teatr-tomosha, konsert, sport, reklama dasturlari va boshqa dam olish dasturlarini, shuningdek kamida 100 kishi ishtirokida umumxalq, diniy, professional bayramlarni o‘tkazish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ochiq va yopiq inshootlarda, maydonlarda, binolarda va boshqa joylarda tashkil etiladigan kishilarni to‘plash ommaviy tadbir deb e‘tirof etiladi.”

Ma’lum bo’ladiki, jamoat joylarida yolg’iz yoki 2-3 kishi bo’lib namoz o’qish ommaviy ibodat, diniy rasm-rusumlarni o’tkazish tushunchasiga kirmaydi. Fuqarolar Konstitutsiyadagi vijdon erkinligi prinsipiga ko’ra, ibodat qilish huquqiga egalar va uni cheklash inson huquqlarining poymol etilishi hisoblanadi.

Qonunning 3-moddasi 4-bandiga ko’ra, dinga e‘tiqod qilish yoki o‘zga e‘tiqodlar erkinligi milliy xavfsizlik va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini ta‘minlash uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklanishi mumkin. Ammo hozirgi kungacha qonunchilikda biror norma bilan jamoat joylari, davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar binolarida yakka yoki jamoa bo’lib namoz o’qishni cheklash holatlari uchramagan.

Umumiy qoidaga ko’ra, biror xatti-harakatning qonun bilan taqiqlanmaganligi uning joizligini anglatadi. Harakat qonunga xilof bo’lishi uchun u tegishli qonun normalarida, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks yoki Jinoyat kodekslarida belgilangan bo’lishi kerak. Ammo O’zbekiston Respublikasi qonun normalari orasida 2010-yil 19-oktabr holatigacha bunday taqiqlovchi yoki ma’lum miqdorda cheklovchi norma mavjud emas. Shunday ekan, jamoat joylari, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar binolarida yakka holda yoki jamoa bo’lib namoz o’qish O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra taqiqlanmagan va bunga hech qanday cheklovlar ham mavjud emas.

Mehnat kodeksining 18-moddasida, “Davlat xizmatchilarining mehnatini tartibga solish xususiyatlari qonun bilan belgilanadi”, deyilgan. Ammo hozirgi kunga qadar O’zbekiston Respublikasida “Davlat xizmatchilari to’g’risida” qonun qabul qilinmagan. Davlat xizmatchisi atamasiga ham qonunda ta’rif berilmagan, shunday ekan kimlar davlat xizmatchisi tarkibiga kirishi, ularning qanday huquq va majburiyatlari borligi qonun doirasida aniq tartibga solinmagan. Demakki, davlat idoralarida xizmat qiluvchi shaxslarning davlat idoralarida ibodat qilishlarini taqiqlash to’g’risida qoida mavjud emas.

Mehnat kodeksining 127-moddasida ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar to’g’risida qoidalar belgilangan bo’lib, unda jumladan shunday deyiladi:

“Xodimga ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berilishi kerak, bu tanaffus ish vaqtiga kiritilmaydi.

Tanaffus berish vaqti va uning aniq muddati ichki mehnat tartibi qoidalarida, smena grafiklarida yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilab qo‘yiladi”.

Demak, tanaffus vaqtini xodim ish beruvchi bilan kelishgan holda ibodat qilish uchun o’ziga qulay vaqtga o’tkazishi mumkin. Tanaffus vaqtini ichki mehnat tartibi qoidalariga o’zgartirish kiritish orqali ham qulay vaqtga o’zgartirish mumkin. Ichki mehnat qoidalari xodimlar tomonidan berilgan iltimos va takliflar va kasaba uyushmalari orqali qilingan takliflarni inobatga olgan holda o’zgartirilishi mumkin.

“Ishlab chiqarish sharoitiga ko‘ra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish mumkin bo‘lmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida ovqatlanib olish imkoniyatini ta‘minlashi shart. Bunday ishlarning ro‘yxati, ovqatlanish tartibi va joyi ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilab qo‘yiladi.

Mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan ish kuni (smena) davomida boshqa tanaffuslar ham belgilab qo‘yilishi mumkin”.


Bu qoidadan ma’lum bo’ladiki, ish vaqti (smena) davomida ovqatlanishdan boshqa tanaffuslarga yo’l qo’yilishi mumkin va ularni belgilash tartibi yuqorida ta’kidlaganimizdek, ish beruvchi bilan kelishilgan holda yoki ichki mehnat qoidalariga o’zgartirish kiritish orqali amalga oshirilishi mumkin.

Ushbu kodeksning 177-moddasida ish beruvchining burchlari haqida qoidalar o’rnatilgan:

“Ish beruvchi xodimlar mehnatini tashkil qilishi, qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini yaratib berishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomini ta‘minlashi, mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etishi, xodimlarning ehtiyoj va talablariga e‘tibor bilan qarashi, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borishi, ushbu Kodeksga muvofiq jamoa shartnomalarini tuzishi shart”.

Demak, ish beruvchi xodimlarning ehtiyojlari va talablariga e’tibor bilan qarashi shart. Bu qoida yuqorida aytilgan fikrlani qo’llab-quvvatlovchi qonuniy asos hisoblanadi.

Qonunchilikda jamoat joylari tushunchasiga ta’rif berilmagan bo’lib, aynan qaysi joylar jamoat joyi hisoblanishi noaniq. Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 187-moddasi “Jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish” deb nomlanadi. Shu modda qoidalariga diqqat qilinsa, qaysi joylar jamoat joylari turkumiga kirishi mumkinligi to’g’risida xulosa qilish mumkin, ammo bu normativ sharh bo’la olmaydi (Qonun normalarini sharhlash haqida batafsil ma’lumotni quyidagi maqolalardan olishingiz mumkin: Hijob ibodat libosimi? Huquq normalarini sharhlash).

“187-modda. Jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish

Ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida hamda spirtli ichimliklarni quyib sotishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan boshqa jamoat joylarida spirtli ichimliklar ichish —

eng kam ish haqining o‘ndan bir qismidan uchdan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.


Demak, ko’chalar, stadionlar, xiyobonlar, bog’lar, barcha turdagi jamoat transportlari hamda savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari va shunga o’xshash joylar jamoat joylari hisoblanadi. Ma’lum bo’ladiki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunning 14-moddasida sanab o’tilgan ibodatxonalar, ziyoratgohlar, qabristonlar, kasalxonalar, gospitallar, keksalar va nogironlar uylari, dastlabki qamoq va jazoni o‘tash joylari ham jamoat joylari hisoblanadi va bunday joylarda fuqarolarning ixtiyoriga va iltimosiga ko’ra diniy ibodatlar va diniy rasm-rusumlar o’tkazilishiga qonun ruxsat beradi.

Demak, jamoat joylarida, davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar binosida yakka holda yoki 3-4 kishi jamoat bo’lib namoz o’qishi qonuniy hisoblanadi. Bunga ikkita asos ko’rsatish mumkin:

    1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonun va boshqa qonunlarda barcha fuqarolarning vijdon erkinligi ta’minlangan. “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risida”gi qonunda ibodat va diniy rasm-rusumlarni qilishga ruxsat berilgan.
    2. Ma’lum bir xatti-harakat yoki harakatsizlik qonunga xilof, huqubuzarlik yoki jinoyat bo’lishi uchun tegishli qonun normalarida, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks yoki Jinoyat kodeksida mustahkamlangan bo’lishi kerak. Hozirgi kunga qadar O’zbekiston Respublikasi qonunchiligi  savolda nazarda tutilgan holatlarni taqiqlovchi yoki ma’lum miqdorda cheklovchi normalarni qabul qilmagan.

Savolda keltirilgan ikki holat ham agar faqat katta yo’l chetida namoz o’qiganligi uchun yoki istirohat bog’ida namoz o’qiganligi uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan tazyiqqa uchragan bo’lsa, ichki ishlar xodimlarining harakatlari noqonuniy bo’lib, ularning ushbu harakatlari ustidan tegishlicha shikoyat qilish mumkin. Ikkinchi holatda otaxonlar guruhi ma’muriy javobgarlikka tortilib, katta miqdorda jarima to’lashgani haqida yozilgan. Avvalo, ularning Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning aynan qaysi moddasi bilan javobgarlikka tortilganini aniqlash lozim. Chunki jamoat joyida, bu misolda esa, istirohat bog’ida namoz o’qishni taqiqlovchi norma Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksda mavjud emas.

Jinoyat kodeksining 230-moddasida aybsiz kishini javobgarlikka tortish jinoyati haqida qoida mavjud bo’lib, unga ko’ra:

“Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan aybsizligi ayon bo‘lgan shaxsni ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etganlikda ayblab javobgarlikka tortish —

besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakat og‘ir yoki o‘ta og‘ir ijtimoiy xavfli qilmish sodir etganlikda ayblab sodir etilsa, —

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Demak, noqonuniy tarzda shaxsni javobgarlikka tortishning o’zi jinoyat hisoblanadi. Militsiya xodimlari yuqoridagi qonun moddasining surishtiruvchi yoki tergovchi maqomiga to’g’ri keladi.

Yuqoridagi kabi noqonuniy javobgarlikka tortish holati ro’y berganda, tegishli tartibda jinoyat ishlari bo’yicha tuman sudiga shikoyat qilish kerak. Davlat idorasi, korxonalarda, nodavlat tashkilotlarda ishlovchilar ibodat qilishda shu idoralar tomonidan qarshilikka uchrasa, agar xodim xizmat qilayotgan idora, tashkilot, korxonada kasaba uyushmalari mavjud bo’lsa, ularga bu haqda xabar berib, huquqlari himoya qilinishni so’rashlari lozim. Kasaba uyushmalari mavjud bo’lmagan taqdirda yoki ular mavjud bo’lsa ham bevosita idora, korxona yoki tashkilot rahbariga bu haqida shikoyat qilish kerak. Agar bu shikoyatlar ham ijobiy natija ko’rsatmasa, undan yuqori turuvchi idoraga yoki to’g’ridan-to’g’ri sudga huquqlarini himoya qilishini so’rab murojaat qilish lozim.

Qayd etilgan


Sumeyya  14 Avgust 2012, 17:16:13

 :asl3: 
Jazaakallohu xoyron kasiyron!

Qayd etilgan


Best friend  20 Avgust 2012, 10:14:20

QAMOQXONADA NAMOZ O'QISH MUMKINMI?

Ismingiz: Alisherali

Savolingiz: Qamoqxonalarda namoz o’qigan insonni namoz o’qimagin, deb kaltaklayotgan ekan qamoqxona nozirlari. Qamoqxona nozirlarining shunday ish qilishga haqqi bormi? Namoz o’qigani uchun kaltaklangan inson qayerga shikoyat qilsa bo’ladi?

Javob: O’zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroya kodeksining 12-moddasiga ko’ra, mahkumlarning vijdon erkinligi ta’minlanadi. Barcha mahkumlarga vijdon erkinligi kafolatlanadi. Mahkumlarga diniy rasm-rusumlarni ado etishga, ibodat uchun kerakli narsalardan va diniy adabiyotlardan foydalanishga ruxsat etiladi. Diniy rasm-rusumlarni ado etish ixtiyoriy bo‘lib, bu narsa jazoni ijro etuvchi muassasaning ichki tartib qoidalarini buzmasligi, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitmasligi lozim.

Qamoqxona nozirlarining mahbuslarning namoz o’qishlariga to’sqinlik qilishlari va shu vaj bilan kaltaklashlari noqonuniy harakat hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko’ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Jinoyat-ijroya kodeksining 9-moddasida mahkumlarning qator asosiy huquqlari sanab o’tilgan bo’lib, ular orasida jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma‘muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish; o‘z taklif, ariza va shikoyatlariga murojaat etilgan tilda javob olish kabi huquqlar belgilangan. Mahkumlarning namoz o’qish orqali o’z vijdon erkinligi huquqlarining qamoqxona nozirlari tomonidan poymol etilishi va mahbuslarning noqonuniy kaltaklanishi yuzasidan mazkur mahbuslar shikoyat bilan jazoni ijro etish muassasasi rahbari nomiga, qolaversa, Bosh prokuror va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili ombudsman institutiga murojaat qilishlari lozim.

Jinoyat-ijroya kodeksining 17-moddasida belgilanishicha, jazolarni va boshqa jinoyat-huquqiy ta‘sir choralarini ijro etish chog‘ida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradilar.

Kodeksning 40 va 79-moddalariga muvofiq, mahkumlarning yozishmalari senzuradan o’tkaziladi, ammo O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) bilan yozishmalari bundan mustasno. 79-moddaning oxirgi bandiga ko’ra, prokuror nomiga yo‘llangan taklif, ariza va shikoyatlar ko‘zdan kechirilmaydi hamda bir sutkalik muddat ichida tegishliligi bo‘yicha jo‘natiladi.

Bunday hollarda mahbuslar jazoni ijro etish muassasasi rahbarini, Bosh prokurorni va ombudsmanni yuqoridagi noqonuniy harakatlardan ogoh etgan holda, o’z haq-huquqlarini ketma-ket talab qilishlari lozim.

Qayd etilgan


Best friend  20 Avgust 2012, 16:22:40

MEHNAT SHARTNOMASINING NOQONUNIY BEKOR QILINISHI USTIDAN DA’VO QILISH TARTIBI

Ismingiz:
Oynisa

Savolingiz:
2 ta qizning onasiman. Turmush o’rtog’im yo’q. Toshkentdagi tekstil fabrikalarining birida ishlar edim. 2 oy oldin boshlig’imiz boshimdagi ro’molimni yechishim kerakligini, bo’lmasa ishdan ketishimni aytishdi. Shuncha yil ishlaganimga qaramasdan, ro’moldan voz kechmaganim uchun meni ishdan haydashdi. Shu holat bo’yicha kimga murojaat qilishim mumkin?

Javob:
Xodimni diniy e’tiqodi bois ro’mol o’rashi munosabati bilan ishdan bo’shatish O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga mutlaqo zid holat. Ro’mol o’rash, ya’ni hijobda bo’lish ayol kishining e’tiqodiga tegishli holat bo’lib,  O’zbekiston Respublikasi fuqarolari e’tiqodidan qat’i nazar boshqa fuqarolar qatori bir xil huquqlarga ega bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mazkur  konstitutsiyaviy prinsip quyidagicha mustahkamlangan:

“18-modda. O’zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini ,ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy  mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo’yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo’lishi shart.”


Bu qoida Mehnat Kodeksining 6-moddasida ham bor:

“6-modda. Mehnatga oid munosabatlarda kamsitishning taqiqlanishi

Barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega bo’lish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadir (Ta’kid bizniki). Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga bo’lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo’lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yo’l qo’yilmaydi va bular kamsitish deb hisoblanadi.

Mehnat sohasida mehnatning muayyan turiga xos bo’lgan talablar yoki davlatning yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan shaxslar (ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironlar va boshqalar) to’g’risidagi alohida g’amxo’rligi bilan bog’liq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi.

Mehnat sohasida o’zini kamsitligan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda o’ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to’lash to’g’risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.”

Bundan tashqari xodimning mehnat qilishi davomida quyidagi asosiy mehnat huquqlariga ega bo’lishi Mehnat Kodeksining 16-moddasida belgilangan:

“16-modda. Xodimning asosiy mehnat huquqlari

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har bir shaxs mehnat qilish, erkin ish tanlash, haqqoniy mehnat shartlari asosida ishlash va qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalasnish huquqiga egadir.


Har bir xodim:

…o’zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish;

jamoalarga doir mehnat nizolarida o’z manfaatlarini quvvatlash huquqiga egadir”.


Shunday ekan, diniy e’tiqodga ko’ra ro’mol o’rash tufayli mehnat shartnomasining bekor qilinishi O’zbekiston Respublikasi Mehnat qonunchiligi va qolaversa, Konstitutsiya normalariga ziddir. Siz buzilgan huquqlaringizni tiklashni talab qilib sobiq ish joyingizdagi mehnat nizolari komissiyasiga yoki sudga murojaat etishingiz mumkin. Bundan avval, ishdan bo’shatishga asos bo’lgan rasmiy sababni aniq bilib olish kerak. Ma’lumki, xodim ishdan bo’shatilar ekan, xodimni ishdan bo’shatish to’g’risida rahbarning imzosi chekilgan qaror chiqariladi va ushbu qaror nusxasi bo’shatilayotgan xodimga beriladi. Bu qarorda ishdan bo’shatish sabablari ko’rsatilishi kerak. O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksiga ko’ra, xodimni ishdan bo’shatish, ya’ni mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilinayotganda mavjud bo’lishi talab qilinadigan asoslar quyidagilar:

” 100-modda. Mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish

Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tasahbbusi bilan bekor qilish asosli bo’lishi shart.

Quyidagi sabablardan birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asosli ekanligini bildiradi:

1)texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o’zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o’zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;

2) xodimning malakasi yetarli bo’lmaganligi yoki sog’lig’i holatiga ko’ra bajarayotgan ishiga noloyiq bo’lib qolishi;

3) xodimning o’z mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo’llanilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojo’ya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi;

4) xodimning o’z mehnat vazifalarini bir marta qo’pol ravishda buzganligi.

Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin bo’lgan mehnat vazifalarini bir marta qo’pol ravishda buzishlarning ro’yxati:

Ichki mehnat tartibi qoidalari;

Korxona mulkdori bilan korxona rahbari o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;

Ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qo’llaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar bilan belgilanadi.

Xodimning o’z mehnat vazifalarini buzishi qo’pol tusga egaligi yoki ega emasligi har bir muayyan holda sodir qilingan nojo’ya harakatning og’ir-yengilligiga hamda bunday buzish tufayli kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo’lgan oqibatlarga qarab hal etiladi;

5) o’rindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi munosabati bilan, shuningdek mehnat shartlariga ko’ra o’rindoshlik ishi cheklanishi sababli o’rindoshlar bilan mehnat shartnomasining bekor qilinganligi;

6) korxona rahbari, uning o’rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo’lmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilinganligi.

Mazkur asos bo’yicha mehnat shartnomasini korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy mobaynida bekor qilishga yo’l qo’yiladi. Xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, mehnat to’g’risidagi qonunlar hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo’lgan vaqt, uzrli sabablarga ko’ra ishda bo’lmagan boshqa da’volari bu muddatga kiritilmaydi.

Xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida va mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’tillarda bo’lgan davrida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo’l qo’yilmaydi, korxona butunlay tugatilgan hollar bundan mustasno”.


Yuqoridagi moddadan ma’lumki, xodimning hijobda bo’lganligi mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo’la olmaydi. Aks holda, bunday qoida yuqoridagi modda tarkibiga kiritilgan bo’lar edi. Sizni ishdan bo’shatishda chiqarilgan rasmiy qarorda yuqoridagi moddadan biror bir band asos qilib keltirilgan bo’lsa, bunday qaror shaklan va mazmunan qonuniy deb qabul qilinishi mumkin, shunda ham siz ishdan bo’shatish to’g’risida chiqarilgan qarordagi asos va asl asos o’rtasidagi farq ustidan, yetarli dalil isbotlarni taqdim qilgan holda, mehnat nizolari komissiyasiga yoki sudga murojaat qilishingiz mumkin.

Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirishda Mehnat Kodeksining qaysi moddasi va bandlari asos bo’layotgani dalil sifatida keltirilishi kerakligi haqidagi modda quyidagicha:

“107-modda. Mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish

Mehnat shartnomasini bekor qilish ishga qabul qilish huquqiga ega bo’lgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi.

Oxirgi ish kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.

Ish beruvchining buyrug’ida mehnat shartnomasini bekor qilsih asoslari ushbu Kodeksning 87. 89, 97, 100, 105, 106-moddalarida ta’rifiga yoki mehnat shartnomasini bekor qilishning qo’shimcha asoslarini nazarda tutuvchi boshqa normativ hujjatlar ta’rifiga to’la muvofiq holda yozilib, Kodeksnign yoxud boshqa normativ hujjatlarning tegishli moddasi(bandi) dalik qilib ko’rsatiladi”.

Kelib chiqgan nizo xodim bilan ish beruvchi o’rtasida sodir bo’lgani bois, Mehnat Kodeksining quyidagi moddasi qoidalariga mos keladi:

“259-modda. Yakka mehnat nizolarining taraflari va mazmuni

Yakka mehnat nizolari – bu ish beruvchi va xodim o’rtasida mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini qo’llanish yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklardir. Bunday hollarda nizoning xodim manfaatini ifoda etuvchi tarafi bo’lib xodimlarning vakillik organi ishtirok etishi mumkin”.


Demak, yuqorida kelib chiqqan nizo yakka mehnat nizosi deb ataladi.

Mehnat Kodeksining 260-moddasiga ko’ra, yakka mehnat nizolarini quyidagi organlar ko’rib chiqadi:

“260-modda. Yakka mehnat nizolarini ko’rib chiquvchi organlar

Yakka mehnat nizolari:

Mehnat nizolari komissiyalari tomonidan, ushbu Kodeksning 269-moddasida ko’rsatilgan nizolar bundan mustasno;

Tuman (shahar) sudlari tomonidan ko’rib chiqiladi.

Xodim mehnat nizosini hal qilish uchun o’z xohishiga ko’ra, mehnat nizolari komissiyasiga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqlidir”.


Bundan ma’lum bo’ldiki, siz yuqoridagi nizo yuzasidan o’z buzilgan huquqlaringizni tiklashni so’rab, agar mavjud bo’lsa, sobiq ish joyingizdagi (tekstil fabrikasidagi) mehnat nizolari komissiyasiga, agar bunday komissiya mavjud bo’lmasa, yoinki komissiyaga shikoyat qilishni xohlamasangiz, to’g’ridan-to’g’ri ish joyingiz joylashgan tuman (shahar) fuqarolik sudlariga da’vo arizasi bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Da’vo muddatlari quyidagicha belgilangan:

“270-modda. Mehnat nizosini hal qilishni so’rab murojaat etish muddatlari

Sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

ishga tiklash nizolari bo’yicha – xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy;

xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni to’lash haqidagi nizolar bo’yicha – zarar yetkazilganligi ish beruvchiga ma’lum bo’lgan kundan boshlab bir yil;

boshqa mehnat nizolari bo’yicha – xodim o’z huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo’lgan kundan boshlab uch oy.

Ushbu moddada belgilangan muddatlar uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddatlar sud yoki mehnat nizolari komissiyasi tomonidan qayta tiklanishi mumkin.

Xodimning sog’lig’iga yetkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo’yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi”.


Demak, siz ishga tiklashni so’rab sudga ishdan bo’shatilish haqidagi qaror qo’lingizga tekkan kundan boshlab bir oy ichida murojaat qila olasiz.

Savolingizda ikki oy muqaddam ishdan bo’shatilganligingizni yozibsiz, demak, sizda ishga tiklashni so’rashga bo’lgan da’vo muddati boy berilgan. Ammo bu muddat uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilganligini isbotlay olsangiz, sud tomonidan muddat qaytadan tiklanishi va siz ishga tiklash to’g’risida da’vo bilan murojaat qilishingiz mumkin bo’ladi.

Ayni paytdagi holatingizda yuqoridagi muddatlar to’g’risidagi qoidaga qaramasdan, sudga ishga tiklash va boshqa da’volaringizni qo’shib murojaat qilaverishingiz tavsiya qilinadi. Chunki O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo’llanishi  haqida”gi Qarorida bu holat quyidagicha tushuntiriladi:

“3.Sudya da’vo qilish muddati o’tkazib yuborilgan degan asos bilan da’vo arizani qabul qilmaslikka haqli emas. Sud da’vo muddati uzrli sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilgan deb topsa, bu muddatni tiklaydi. Agar sud ishdagi hujjatlarni har tomonlama tekshirib, sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga ko’ra o’tkazib yuborilganligini aniqlasa, da’voni rad etadi.

Fuqarolik Protsessual Kodeksining 8-moddasi hamda Fuqarolik Kodeksining 153-moddasi 2-qismi mazmuniga  ko’ra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli da’vogarning sudga murojaat etish muddatini o’tkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan faqat nizodagi tarafning bergan arizasiga muvofiq qo’llaniladi”.

“46. Mehnat shartnomasi g’ayriqonuniy bekor qilingan yoki g’ayriqonuniy boshqa ishga o’tkazilgan hollarda xodim avvalgi ishga tiklanishi shart.

Nizolarni ko’rishda mehnat shartnomasi bekor qilinishining yoki boshqa ishga o’tkazishning asosliligini isbotlab berish majburiyati Mehnat Kodeksining 111-moddasiga ko’ra ish beruvchiga yuklatilishini nazarda tutishlari lozim.

Xodimni ishga tiklashda unga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati ish beruvchiga yuklanadi.

Xodimga yetkazilgan zararni qoplash quyidagilardan iborat ekanligiga sudlarning e’tibori qaratilsin:

majburiy progul vaqti uchun so’zsiz haq to’lash (Mehnat Kodeksining 275-moddasi);

mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa ishga o’tkazish yuzasidan shikoyat qilish bilan bog’liq qo’shimcha xarajatlarni (mutaxassislar maslahati, ishni yurgizish xarajatlari, yo’lkira va boshqalarni) qoplash;

ma’naviy zararni qoplash. Ma’naviy zarar miqdori ish beruvchining xatti-harakatlariga baho bergan holda aniqlanib, u xodimning oylik ish haqidan kam bo’lishi mumkin emas.

Xodimning iltimosiga ko’ra sud uni ishga tiklash o’rniga (majburiy progul vaqti uchun ish haqi, ma’naviy zarar, mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa ishga ko’chirish yuzasidan shikoyat qilish bilan bog’liq qo’shimcha xarajatlardan tashqari) uch oylik ish haqidan kam bo’lmagan qo’shimcha kompensatsiya undirib berishi mumkin (Mehnat Kodeksi 112-moddasi 2-qismi).

Sud, xodimga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash masalasini hal etishda qaysi holatlarda va ish beruvchining qaysi harakatlari (harakatsizligi) oqibatida unga zarar yetkazilganligi, ish beruvchining aybining darajasi, mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa ishga o’tkazishda qonun ochiq-oydin buzilgan-buzilmaganligini aniqlashi, xodimning qanday ma’naviy va jismoniy azoblar chekkanini belgilashi, bu zararlarni u qancha summada yoki boshqa moddiy shaklda qoplashini baholamog’i va muayyan nizoni hal qilish uchun muhim bo’lgan boshqa holatlarni oydinlashtirmog’i lozim. Ma’naviy va jismoniy azoblar darajasi yetkazilgan ma’naviy ziyonning haqiqiy holati jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari, yetkazilgan azoblarning og’irligini tasdiqlovchi aniq holatlarga qarab sud tomonidan aniqlanadi.

Sud ish beruvchiga har qanday mehnat huquqining buzilishi oqibatida (qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa ishga o’tkazish yo’li bilan ma’naviy va jismoniy zarar yetkazish, asossiz intizomiy chora qo’llash, tegishli tibbiy tavsiyalar asosida boshqa ishga o’tkazishni rad qilish, mehnat shartnomasi bekor qilingach, ish beruvchi xodimning mehnat daftarchasini bermasligi yoki o’z vaqtida bermaganligi va boshqalar natijasida xodimga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash majburiyatini yuklashi mumkin.

Ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan ma’naviy zarar miqdori xodimni qanoatlantirilgan moddiy zarar, shuningdek majburan bo’sh yurgan vaqti uchun berilgan haq midqdoriga bog’liq holda qoplanishi mumkin emas”.


Da’vo muddatini uzrli sabablarga ko’ra sud tomonidan tiklanishi haqida O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida shunday deyiladi:

“159-modda. Da’vo muddatini tiklash

Basharti, sud da’vo muddatining o’tkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Da’vo muddatini o’tkazib yuborish sabablari da’vo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam bo’lsa, da’vo muddatida yuz bergan bo’lsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin”.

Da’vo muddati tiklanmagan holatda esa siz  ish beruvchi tomonidan noqonuniy ishdan bo’shatilish natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirib berishini so’rab da’voingizni davom ettirishingiz mumkin.  O’zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko’ra ma’naviy zararni undirish to’g’risidagi da’volarga muddat qo’llanilmaydi, xohlagan vaqtda da’vo ishi qo’zg’atishingiz mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida” gi qarorida shunday tushuntirish berib o’tiladi:

“6. Mehnat Kodeksining 112-moddasiga binoan sud mehnat shartnomasi g’ayriqonuniy ravishda bekor qilinganlik yoki xodimni g’ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o’tkazganlik oqibatida xodimga yetkazilgan ma’naviy azoblarni qoplash majburiyatini ish beruvchiga yuklashi mumkin”.

“15. Ma’naviy zararni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy huquqlarni himoya qilishning birdan-bir manbai hisoblanadi. Shunga ko’ra Fuqarolik Kodeksining 163-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’naviy zararni undirish haqidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi”.


Xodimga yetkazilgan moddiy zararni talab qilish uchun da’vo muddati uch oy.

Mehnat Kodeksining 270-moddasiga binoan,

“…boshqa mehnat nizolari bo’yicha – xodim o’z huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo’lgan kundan boshlab uch oy”.

Shunday ekan, ishga qayta tiklash da’vo muddati boy berilgan taqdirda ham, siz uch oy ichida moddiy zararni talab qilishingiz va muddatsiz holda ma’naviy zararni da’vo qilishingiz mumkin.

Shuni ta’kidlab o’tish kerakki, moddiy va ma’naviy zararni undirish to’g’risida ariza yozilganda bunday zarar yetganligini aniq, asosli va ishonchli tarzda yozish kerak va sudda isbotlay olish talab etiladi.

Bundan tashqari g’ayriqonuniy ishdan bo’shatilib, noilojdan bekor yurgan vaqtingiz uchun ish haqi undirishni so’rab arz qilishingiz mumkin.

Fuqarolik ishlari bo’yicha sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilinganda, ayrim da’vo turlariga qarab davlat boji to’lanishi talab qilinadi. Davlat boji to’langanligi to’g’risidagi kvitansiya ilova qilingan holdagina da’vo arizasi qabul qilinadi.

Davlat boji stavkalari va qaysi da’vo turlaridan davlat boji olinishi haqida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat boji stavkalari to’g’risida“gi qarorida batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Unga ko’ra:

  • ishga tiklash to’g’risidagi da’vo arizalaridan davlat boji olinmaydi;
  • moddiy zararni undirish to’g’risidagi da’vo arizlalaridan:

a)      da’vo arizlaridan – davo bahosi eng kam ish haqining:

20 baravarigacha bo’lganda                                        da’vo bahosining 5 foizi miqdorida;

20dan 40 baravarigacha bo’lganda                             da’vo bahosining 10 foizi miqdorida;

40 dan 80 baravarigacha bo’lganda                            da’vo bahosining 15 foizi miqdorida;

80 baravaridan ko’p bo’lganda                                   da’vo bahosining 20 foizi miqdorida

davlat boji olinadi.

  • ma’naviy zararni undirish to’g’risidagi da’vo arizalaridan davlat boji olinmaydi;
  • noilojdan bekor yurgan vaqtlari uchun ish haqi undirish to’g’risidagi da’vo arizasidan davlat boji olinmaydi.

Quyida ishga tiklash va noilojdan bekor yurgan vaqt uchun ish haqi undirish to’g’risida yozilgan da’vo arizasining namunasini ilova qilamiz. Da’vo arizasini yozishda ushbu hujjatdagi standartlarga amal qilish tavsiya etiladi.


Mehnat nizolari yuzasidan sudga da’vo arizasi namunasi

Qayd etilgan