Imom Navaviy. Al-azkor  ( 544420 marta o'qilgan) Chop etish



Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:02:51

340-bob Duoda ikki qo‘lni ko‘tarish, so‘ngra yuzga surtish haqida

1038/1. Umar ibn Xattobdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam agar duoda qo‘llarini ko‘tarsalar, hatto ikki qo‘llarini yuzlariga surtmagunlaricha tushirmasdilar. Imom Termiziy  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:03:05

1039/2. Ibn Abbosdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqoridagiga o‘xshashni aytdilar. Abu Dovud  rivoyatlari.

Har ikki  rivoyatning ham isnodida zaiflik bor. Ammo Hofiz Abdulhaq keltirishlaricha, Termiziy: «Avvalgi hadis sahihdir», deb aytgan so‘zlarini Termiziydan e’timod bo‘lgan nusxalarda topmadik. Balki g‘arib hadis, deb aytganlarini topdik.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:03:47

341-bob Duoni takrorlab aytishning mahbubligi to‘g‘risida

1040/1. Ibn Mas’uddan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Uch marta duo qilish, uch marta istig‘for aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qiziqtirar edi. Abu Dovud  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:04:00

342-bob Duoda qalbni jamlashga undash haqida

Bilingki, yuqorida zikr qilganimizdek, duodan maqsad qalbni jamlashlikdir. Bunga dalillar ko‘p. Zikr qilmasak ham, bilinarli. Lekin tabarruk bo‘lishi uchun hadisdan keltiramiz.

1041/1. Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohdan ijobat qilishiga ishongan holda Unga duo qilinglar. Bilinglarki, albatta Alloh taolo bee’tibor, g‘ofil qalbdan bo‘lgan duoni qabul qilmaydi», dedilar. Termiziy  rivoyatlari, isnodida zaiflik bordir.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:05:19

343-bob G’oyibdan duo qilishning fazli haqida

Alloh taolo: «Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: «Parvardigoro, Uzing bizlarni va bizlardan ilgari imon bilan o‘tgan zotlarni mag‘firat qilgin» (Hashr surasi, 10-oyat), «O’z gunohingiz uchun hamda mo‘min-mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang» (Muhammad surasi, 19-oyat), Ibrohim alayhissalom haqlarida xabar berib, «Parvardigoro, hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qilgin» (Ibrohim surasi, 41-oyat), Nuh alayhissalom haqlarida xabar berib: «Parvardigorim, Uzing meni, ota-onamni, mening uyimga mo‘min holda kirgan kishilarni, barcha mo‘minu mo‘minalarni mag‘firat qilgin» (Nuh surasi, 28-oyat), deb aytgan.

1042/1. Abu Dardodan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biron bir musulmon banda g‘oyibdan birodariga duo qiladigan bo‘lsa, farishta: senga ham o‘sha (duoning) mislidek bo‘lsin, deydi», dedilar. Imom Muslim  rivoyatlari.

Muslimning boshqa  rivoyatlarida aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmon kishining g‘oyibdan birodariga qilgan duosi mustajobdir. (Duo qiluvchining) bosh tarafida vakil qilingan farishta turadi. Har gal birodariga yaxshilik bilan duo qilganda, farishta «Omin, senga ham uning mislidek bo‘lsin», deydi», deganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:05:59

1043/2. Ibn Umardan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ijobati tez bo‘luvchi duo g‘oyib kishining g‘oyibdagi kishiga qilgan duosidir», dedilar. Abu Dovud va Termiziylar  rivoyati. Termiziy buni zaif, deganlar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:06:16

344-bob Yaxshilik qilgan kishiga duo qilmoqning mahbubligi va o‘sha duoning sifati haqida

1044/1. Usoma ibn Zayddan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimga yaxshilik qilinsa, qiluvchi kishiga
«Jazokallohu xoyron», ya’ni «Alloh sizni yaxshiliklar ila mukofotlasin», deb aytsa, maqtovning eng yetugini qilibdi», dedilar. Imom Termiziy  rivoyati.

Biz «Tilni saqlash kitobi»da keltirganimizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki sizlarga yaxshilik qilsa, uni mukofotlab ko‘yinglar. Agar mukofotlaydigan narsa topa olmasangiz, uning hakqiga duo qilinglar. Hattoki sizlar mukofotlagan narsalaringizni unda ko‘rursizlar», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:07:04

345-bob Fazl ahllaridan duo talab qilishning va sharafli makonlarda duo qilishning mahbubligi haqida

1045/1. Umar ibn Xattobdan (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan umra qilish uchun izn so‘radim. U zot izn berib, «Ey birodar, bizni duoyingda unutmagin», dedilar. Ana shu bilan dunyoda meni xursand qiladigan so‘zni aytdilar». Abu Dovud  va Termiziylar  rivoyati.

Boshqa bir  rivoyatda «Ey birodar, duoyingda bizni sherik qilgin», deyilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:08:02

346-bob Nafsi, bolasi, xizmatkori, moli va shularga o‘xshashlarning zarariga duo qilishdan qaytarish haqida

1046/1. Jobirdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nafsingiz, bolalaringiz, xizmatkorlaringiz, mollaringiz zarariga duo qilmanglar. Chunki Alloh talab qiluvchining talabini beradigan soatga muvofiq kelib qolsangiz, (qarg‘ishingizni) ijobat etib qo‘yadi», dedilar. Abu Dovud  sahih isnod bilan rivoyat qilganlar.

Imom Muslim «Sahih» kitoblarining oxirida bu hadisni quyidagicha  rivoyat qildilar: «Nafslaringiz, bolalaringiz, mollaringiz zarariga duo qilmanglar. Berishini so‘raladigan paytga muvofiq kelib qolsa, ijobat qilib yuboradi».

Qayd etilgan


Doniyor  22 Oktyabr 2006, 07:09:21

347-bob Shoshilmasa, duo qilgan narsasi ijobat etilishiga dalil

Alloh taolo: «Bandalarim sizdan (ey Muhammad) Men haqimda so‘rasalar, Men ularga yaqinman.   Menga  duo  qilgan   paytlarida  duogo‘ylarining  duosini   ijobat  qilaman» (Baqara surasi, 186-oyat) va «Menga duo-iltijo qilinglar, Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman» (G‘ofir surasi, 60-oyat), deb aytgan.

1047/1. Uboda ibn Somitdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Agar yer yuzidagi biror musulmon Alloh taologa duo bilan iltijo qilsa, uni Alloh unga beradi yoki undan o‘sha mislicha yomonlikni daf qiladi. Modomiki, o‘sha musulmon gunohni yoki qarindoshlikdan uzilishni so‘rab duo qilmasa», deganlarida, qavmdan bo‘lgan bir kishi: «Unday bo‘lsa ko‘paytiraylikmi?» dedi. Shunda u zot: «Alloh Uzi undan ham ko‘paytiruvchi», deb aytdilar. Imom Termiziy  rivoyatlari.

Imom Hokim «Mustadrak»larida Abu Said al-Xudriydan ham xuddi shu  rivoyatni aytganlar va unga «Yoki uning mislicha ajr zaxira qiladi»ni ziyoda qilganlar.

Qayd etilgan