Fasl: Istig‘forga taalluqli narsalardan Rabiy’ ibn Xusaymdan (r.a.) keltirilgan quyidagi so‘zlarni aytib o‘tamiz: «Astag‘firulloha va atuvbu ilayhi», ya’ni «Allohning avf etishini so‘rab, Unga tavba qilaman», deb aytsa-yu, uni qilmasa, yolg‘onchi, gunohkor bo‘ladi. Balki uning o‘rniga «Allohumma ig‘fir liy tub ‘alayya», ya’ni «Allohim, meni kechir va avf qil», deb aytadi». Endi bu zotning «Allohumma ig‘fir liy va tub ‘alayya», degan so‘zlari yaxshi. Ammo «Astag‘firulloha va atubu ilayh», deb aytish yolg‘on bo‘lib qoladi, degan so‘zlariga qo‘shilmaymiz. Chunki «Astag‘firulloha»ning ma’nosi «Uning mag‘firatini talab qilaman», deganidir. Bunda hech qanaqa yolg‘on yo‘qdir. Ibn Mas’uddan qilingan hadisning o‘zi bu so‘zlarni rad etishga kifoya qiladi.
Fuzayl (r.a.): «Gunohni tark qilmasdan istig‘for aytaverish yolg‘onchilarning tavbasidir», dedilar.
Bu so‘zga yaqinroq qilib, Robi’atul Adaviyyaning: «Istig‘forimiz ko‘p istig‘forlarga muhtojdir», degan so‘zlarini keltiramiz.
Ba’zi badaviy arablar Ka’ba pardasiga quyidagi jumlalarni osib qo‘yishgan edi: «Allohim, gunohni davom ettirish bilan birga istig‘for aytish tubanlikdir. Avfing kengligini bilish bilan birga istig‘forni tark qilish ojizlikdir. Mendan behojat bo‘lish bilan birga menga qanchadan-qancha ne’matlar berib yaxshi ko‘rinasan. Senga ehtiyojim bo‘la turib, Senga gunoh qilish bilan g‘azabingni keltiraman. Ey va’da berib, vafo qiladigan, agar tahdid qilsa ham, gunohdan o‘tib, avf qiladigan, rahm qiluvchilarning rahmlisi bo‘lgan Zot! Buyuk gunohlarimni buyuk avfingga kirgizgin».