Fasl: Tilovat qiluvchi kishi suraning o’rtasidan boshlasa, bir-biriga bog’liq so’zlarning avvalidan boshlashi kerak. To’xtatganda ham bir-biriga bog’liq so’zlar bilan to’xtatadi. Boshlanishi, vaqf, juz’, hizb, o’ndan biri deb e’tibor qilmaydi. Shuning uchun ulamolar: «Bir suraning hammasini o’qishi uzun suradan bir miqdor o’qigandan afzal», deyishgan. Chunki ko’p holat va o’rinlarda bir-biriga bog’liq narsalar bilinmay qoladi.
Fasl: Kishilarga taroveh namozini o’qib beruvchi ba’zi johillar, yettinchi kechada oxirgi rak’atda An’om surasini, bir yo’la nozil bo’lgan deb gumon qilib, hammasini o’qish mustahab amal, deb aytishadi. Bundan tashqari bu amallariga yana har turlik bo’lmagur dalillarni ham keltiradilar. Bu amallari bid’atning o’zginasidir.
Fasl: Baqara, Oli Imron, Niso, Ankabut va boshqa suralarni o’z nomi ila zikr qilish lozim. Bu to’g’rida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar kelgan. Shuningdek, Abu Amrning qiroatlari, Ibn Kasirning qiroatlari va bulardan boshqalarni qiroatlari deb aytishning ham karohiyati yo’qdir. Bu gaplarni keltirishimizdan maqsad ba’zi salaf olimlari bunday deyishni makruh deb aytishgan. Masalan, Ibrohim Naxaiy: «Ular falonchining sunnati, falonchining qiroati, deb so’ylashni karih ko’rardilar», deb aytganlar. Ammo, yuqorida aytganimizdek, bularning zarari yo’q.