85-bob. Shayton yo’liqqanda yoki shaytondan qo’rqqanda, aytiladigan zikrlar
Alloh taolo A’rof surasining 200-oyatida:
«Agar shaytonning vasvasasi sizni yo’ldan urmoqchi bo’lsa, Allohdan panoh so’rang. Albatta, U eshituvchi va biluvchi zotdir»; Isro surasining 45-oyatida:
«Qachon siz Qur’on qiroat qilganingizda, siz bilan oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar o’rtasida ko’rinmas parda qilib qo’yamiz (ular Qur’onni anglay olmaslar)», deydi.
322/1. Abu Dardo (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga turdilar va biz u zotning: «A’uzu billahi minka. Al’anuka bila’natillahi salasa» (Allohning nomi bilan sendan panoh tilayman va uch marta Allohning la’nati ila seni la’natlayman), deganlarini va yana qo’llarini yozib, go’yo bir narsani olayotganga o’xshash harakatlarining guvohi bo’ldik. U zot namozdan forig’ bo’lganlaridan keyin: «Ey Rasululloh, namozda nimadir deganingizni eshitdik, uni oldin eshitmagan edik va qo’lingizni yozganingizni ko’rdik, uni oldin ko’rmagan edik», dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning dushmani iblis bir parcha o’t bilan yuzimga urish uchun keldi. «A’uzu billahi minka» (Allohning nomi ila sendan panoh tilayman), deb uch marta aytdim, so’ng «Al’anuka bila’natillahi at-tommati» (Allohning mukammal la’natlari bilan la’natlayman), dedim, ammo «uch marta» so’zi orqada qoldi. Shunda men uni olish uchun qo’limni yozdim. Allohga qasamki, agar birodarim Sulaymonning duolari bo’lmaganda, u mahkam bog’lanar va Madina bolalari uni ermak qilib o’ynab yurar edi», dedilar». Imom Muslim rivoyatlari