336/4. Abu Zumayl (r.a.) aytadilar: «Ibn Abbosga (r.a.): «Qalbimda nimanidir his qilyapman», dedim. U zot: «Nima u?» dedilar. «Allohga qasamki, uni biror kishiga aytmayman», dedim. U zot: «Biror shak bo’lyaptimi?» deb kuldilar. So’ng: «Biror kishi shak-shubhadan omonda bo’lmagan. Hatto, Alloh taolo: «Agar Biz sizga tushirgan narsaga shubhada bo’lsangiz...» (Yunus surasi, 94) oyatini nozil qilgan. Nafsingda biror narsa topsang, «Huval avvalu val axiru vaz zohiru val batinu va huva bikulli shay`in ‘aliym», deb ayt», dedilar». (Ma’nosi: U avval va oxirdir, U zohir va botindir. U har bir narsani biluvchidir.) Abu Dovud rivoyatlari
Ustoz Abulqosim Qushayriyning risolalarida Ahmad ibn Ato Ruzboriydan rivoyat keltirilgan. U zot aytadilar: «Tahorat qilganimda, suvni ko’p ishlatib yuborganday bo’ldim, ichimda g’ashlik paydo bo’ldi. Keyin: «Ey Rabbim, afv et, afv et», dedim. Shunda: «Afv ilmdadir», degan nido eshitildi. So’ngra mendan haligi g’ashlik ketdi».
Ba’zi ulamolar: «Namoz, tahorat va shularga o’xshash narsada vasvasaga tushgan kishi: «La ilaha illalloh» kalimasini aytishi mustahabdir. Chunki shu kalimani shayton eshitsa, uzoqlashadi», deyishgan.
«La ilaha illallohu» kalimasi zikrning boshidir. Shuning uchun ummatning ulug’lari, solihlarning tarbiyachilari, muridlarga odob beruvchilar shu kalimani doimo aytib yurishni buyurishgan.
Sayyid Ahmad ibn Abul Havoriy aytadilar: «Abu Sulaymon Doroniyga vasvasa oralagani to’g’risida shikoyat qildim. U zot: «Agar sendan vasvasa ketishini xohlasang, qay vaqt bo’lsa ham, xursand bo’l. Chunki mo’minning xursandchiligidan ko’ra shaytonni g’azablantiradigan narsa yo’qdir», dedilar».
Ba’zi ulamolar: «Iymoni komil kishi vasvasa bilan sinaladi. Chunki o’g’ri hech qachon xaroba uyni o’marishni qasd qilmaydi. Shuning singari shayton ham iymoni zaifni emas, balki iymoni komilni qasd qiladi». deb aytishdi.