Va yana:
«Labbaykallohumma labbayk, labbayka la shariyka laka labbayk, innal hamda vanni’mata laka val mulk, la shariyka lak». (Ma’nosi: Labbay, Allohim, Senga itoatdaman. Senga itoatdaman. Sening sheriging yo’q. Labbay Senga. Albatta, hamd, ne’mat va mulk Senikidir. Sening sheriging yo’q.)
Bilingki, talbiya aytish sunnatdir. Uni tark qilsa ham, haj va umrasi sahih bo’laveradi, lekin Rasulullohga iqtido qilinmagan bo’ladi. Ba’zilar uni vojib deb, haji sahih bo’lishi uchun aytishni shart qilishgan. Lekin avvalgi so’zimiz kuchliroqdir. Boshqa kishi uchun ehrom kiyadigan bo’lsa: «Navaytul hajja va ahromtu bihi lillahi ta’ala ‘an fulan», deb talbiyani oxirigacha o’qiydi va kimning nomidan haj qilayotgan bo’lsa, o’shaning ismini aytadi.
Talbiyadan keyin Rasulullohga salovot aytiladi, o’ziga va dunyoyu oxirat ishlarida xohlagan kishisi haqqiga duo qiladi, Allohning roziligi va jannatini so’rab, do’zaxdan panoh tilaydi. So’ng yana talbiyani aytishni boshlaydi, iloji boricha ko’paytiradi. Tik turganda, o’tirganda, piyoda yurganda, biror narsa minib ketayotganda, yonboshlab o’tirganda, biror yerdan tushayotganda, sayr qilib yurganda, tahoratsiz, junub, hayz holatida, kunduzi, kechasi, saharda, do’stlar bilan jam bo’linganda, namoz so’ngida, masjidlarda, qo’yingki, tavof bilan sa’ydan tashqari hamma vaqt talbiya aytish mustahabdir. Tavof bilan sa’yda esa, o’zining maxsus duolari bor, ana shu duolar ila mashg’ul bo’linadi.
Talbiyani aytishda unga mashaqqat bo’lmasa, ovozini balandlatadi. Lekin ayollar ovozini ko’tarmaydi. Talbiya har gal uch martadan qaytariladi. Uning orasi gap bilan bo’linmaydi. Agar biror kishi salom bersa, javob qaytaradi. Lekin talbiya aytayotgan kishiga salom berish karih amaldir. Agar biror ajablanarli narsa ko’rsa: «Labbayka innal ‘aysha ‘ayshul axiroti», deb Rasulullohga iqtido qilgan holda aytadi. (Ma’nosi: Toatingdaman, haqiqiy yashash oxiratdagi yashashdir.) Ana shu talbiyani nahr kuni Aqabada tosh otguncha yoki ifoda tavofini ado etgunicha aytadi. Mana shu amallardan birortasiga kirishsa, talbiyani to’xtatib, takbir bilan mashg’ul bo’ladi.