Imom Navaviy. Al-azkor  ( 544380 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 128 B


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:05:08

Ibn Abbosdan bizgacha yetib kelgan bir gap bor. U zot: «Kishi niyatiga qarab saqlanadi», degan ekanlar. Boshqalar esa: «Niyatiga qarab beriladi», deyishgan.

Sayyid Abu Ali Fuzayl ibn Iyoz (r.a.) aytadilar: «Insonlar sababli bir amalni tark qilish riyo va insonlar sababli bir amalni bajarish shirkdir. Alloh bu ikkitasidan saqlagani haqiqiy ixlosdir».

Imom Horis Muhosibiy: «Rostgo’y kishi boshqalarning qalbidan chiqadigan narsaga e’tibor bermaydigan va zarracha yaxshiligidan insonlar ogoh bo’lishini yoqtirmaydigan hamda yomon amallaridan insonlar xabardor bo’lishini karih ko’rmaydigan kishidir», deydilar.

Huzayfa Mar’ishiy aytadilar: «Ixlos insonning zohiri ham, botini ham bir xil bo’lganidir».

Abulqosim Qushayriy deydilar: «Ixlos — toatda Alloh taoloning yakka o’zini qasd qilish. Toatdan maqsad Allohga yaqin bo’lishdir, maxluqqa ko’rinish uchun yoki insonlardan maqtov eshitish, muhabbatini qozonish kabilar emas».

Sayyid Abu Muhammad Sahl ibn Abdulloh Tustariy bunday deydilar: «Ixlosni aqlli kishilar, harakat, sukut, botin-u zohir faqat Alloh uchun bo’lib, havoyi nafs ham, dunyo ham aralashmasligi kerak, deb tushunishgan».

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:05:31

Abu Ali Daqqoq aytadilar: «Ixlos — xalqning rioyasini qilishdan saqlanish. Rostgo’ylik esa, nafsga toat etishdan omonda bo’lish. Ixlosli kishida riyo bo’lmaydi, rostgo’yda mag’rurlanish».

Zunnun Misriy: «Ixlosning alomati uchta narsada bilinadi: ommaning maqtovi ham, malomati ham bir xil bo’lishi; amallar ichida o’zining amalini unutish; amallarga savobni oxiratda talab qilish», deydilar.

Qushayriy (r.a.) aytadilar: «Rostgo’ylikning eng past darajasi botin bilan zohirning barobar bo’lishidir».

Sahl Tustariy deydilar: «O’zini yoki birovni aldagan kishi rostgo’ylikning hidini ham hidlamaydi».

Bu to’g’rida co’zlarimiz ko’p, lekin kifoya darajasida ishora qildim.

Fasl: Agar birorta fazilatli amaldan xabar topsangiz, uning ahlidan bo’lish uchun bir marta bo’lsa ham, amal qilib qo’ying. Aslo tark etmang. Rasulullohdan vorid bo’lgan sahih hadisda: «Agar sizlarga biror narsani buyursam, qodir bo’lganingizcha unga amal qilinglar», deb aytilgan.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:05:52

Fasl: Muhaddislar, faqihlar va boshqa ulamolar mavzu’-to’qima bo’lganidan tashqari barcha rag’batlantiruvchi va ogoh etuvchi hadislarga fazilatli ibodatlarda amal qilish joiz, deb aytishadi. Ammo halol-harom, oldi-sotdi, nikoh, taloq kabi hukmlarda faqat sahih va hasan isnodli hadislarga amal qilinadi. Mabodo, zaif hadislar olinadigan bo’lsa, juda ehtiyotkorlik bilan yo’l tutiladi. Shunga ko’ra, savdo-sotiq yoki nikoh masalalarida karih ko’rilgan narsalar zaif hadislarda vorid bo’lsa, undan chetlanish mustahabdir. Vojib emasdir.

Fasl: Zikr qilish mustahab bo’lganidek, zikr halqalarida o’tirish ham mustahabdir. Bunga ochiq-oydin dalillar kelgan. Ularga, inshaalloh, o’rnida batafsil to’xtalamiz. Hozircha ikki-uchta hadisni zikr qilish bilan kifoyalanamiz.

Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar jannat bog’laridan o’tsangiz, sayl qilib (aylanib) ketinglar», dedilar. Shunda sahobalar: «Jannat bog’lari nima, ey Rasululloh?» deb so’rashdi. Rasululloh: «Zikr halqalari», deb aytdilar». Chunki Alloh taoloning farishtalari zikr halqalarini istab, dunyoni kezib yurishadi. Zikr qilayotganlarni uchratib qolishsa, ularni o’rab olishadi.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:06:10

Muoviya (r.a.) rivoyat qiladilar: «Sahobalar halqa bo’lib o’tirishganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga chiqib: «Sizlarni bunday o’tirishga nima narsa undadi?» deb so’radilar. «Allohni zikr qilish va bizni Islomga hidoyat qilganiga hamd aytish uchun o’tiribmiz», de-yishdi sahobalar. Shunda Rasululloh: «Mana shuning uchun o’tirdinglarmi? Sizlarga tuhmat qilgan holda, ont ichinglar, demayman-u, lekin menga Jabroil (alayhissalom) kelib, Alloh taolo sizlar bilan farishtalariga faxrlanayotgani xabarini berdi», dedilar».

Abu Said Xudriy va Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bir qavm o’tirib, Allohni zikr qilsa, ularni maloikalar o’rab oladi va rahmat qoplaydi. Ustlariga xotirjamlik tushiradi. Alloh ularni o’zining huzuridagilar (ya’ni, farishtalar) bilan eslaydi», dedilar. Muslim rivoyatlari

Fasl: Zikr qalb yoki til bilan bo’ladi. Afzali qalb va til bilan birga bo’lganidir. Agar bittasi ila kifoyalanishni xohlasangiz, qalb bilan bo’lgani afzal. Riyodan qo’rqib, qalb va til bilan qilinadigan zikrlarni tark etish kerak emas. Balki Allohning roziligini tilab, doim zikr qilib yurish lozim. Fuzayl (r.a.) yuqorida aytganlaridek, insonlar gapidan qo’rqib, bir amalni tark qilish riyodir. Agar odamlarning mulohazasiga qarab ish tutilsa, ko’p yaxshilik eshiklari yopiladi, dinning muhim ashyolari zoe’ bo’ladi. Bu yo’l oriflarning yo’li emas.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:06:46

Oisha (r.a.):
«Namozingni jahriy ham, maxfiy ham qilib yuborma» (Isro surasi, 110), oyati duo haqida nozil bo’ldi», deganlar. Buxoriy va Muslim rivoyatlari

Fasl: Zikrning doirasi tasbih, tahlil, takbir yoki shularga o’xshash narsalar bilan chegaralanib qolmagan, balki Allohning toati uchun bo’lgan har bir amal Allohni zikr qilish hisoblanadi.
(Tasbih — «Subhonallohi», tahmid — «Alhamdu lillahi», tahlil — «La ilaha illalloh», takbir — «Allohu akbar» deb aytishdir. — Tarjimon.)

Said ibn Jubayr va boshqa ulamolar aytishadi: «Halol-harom hukmlari zikr etilgan majlislar, oldi-sotdi, namoz o’qish, ro’za tutish, nikoh qilish, taloq qo’yish, hajga borish va shunga o’xshash masalalardan so’z borgan barcha yig’inlar zikr majlislaridir».

Fasl: Alloh taolo Ahzob surasining 35-oyatida:
«Allohni ko’p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko’p) zikr qiluvchi ayollar — ular uchun Alloh mag’firat va ulug’ mukofot (ya’ni, jannat) tayyorlab qo’ygandir», deydi.

«Sahihi Muslim»da esa, Abu Hurayradan (r.a.) quyidagi hadis rivoyat qilingan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mufarridlar oldinga o’zib ketishdi», dedilar. Shunda sahobalar: «Mufarridlar deganingiz kimlar, ey Rasululloh?» deb so’rashdi. Rasululloh: «Allohni zikr qiluvchi erkaklar va ayollar», dedilar».

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:07:04

Yuqoridagi oyat to’g’risida ixtilofli fikrlar bor. Imom Abul Hasan Vohidiy aytadilar: «Ibn Abbos (r.a.): «Bu oyatdagi zikr qiluvchilardan murod har bir namoz so’ngida va kechasiyu kunduzi, to’shakda, uyqudan uyg’onganda, har gal manzildan chiqqanda Allohni yod etuvchilardir», dedilar».

Mujohid esa: «Yonboshlaganida, o’tirganida, tik turganida  Allohni zikr qilmagan erkak yoki ayol haqiqiy zokir bo’la olmaydi», deganlar.

Ato (r.a.) aytadilar: «Kim besh vaqt namozni haqlarini ado etib o’qisa, Allohning oyatidagi zikr qiluvchilar sirasiga kiradi».

Abu Said Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kishi kechasi ahlini uyg’otib, birgalikda ikki rak’at namoz o’qishsa, ko’p zikr qiluvchi erkak va ayollardan deb yoziladi», dedilar. Bu hadis mashhurdir. Abu Dovud, Nasoiy, Ibn Moja rivoyatlari

Shayx Abu Amr ibn Salohdan (r.a.): «Qanday qilib kishi zokir bandaga aylanishi mumkin?» deb so’rashganida, u zot: «Sobit bo’lgan ma’sur (ya’ni, Payg’ambarimizdan naql etilgan) zikrlarni tong otganida, kechqurun, kunduzi, yarim kechasi va har turli holatlarda doimiy o’qib yursa, ana shunda oyatda kelgan ko’p zikr qiluvchilar qatoriga qo’shiladi», deb javob berdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:07:25

Fasl: Ulamolarimiz, tahoratsiz yoxud junub bo’lgan erkaklar, hayz va nifosdagi ayollar tasbih, tahlil, hamd, takbir, salovot va boshqa duolarni tili va qalbi bilan bajarishi joiz, deyishadi. Lekin junub bo’lgan erkak, hayz yoki nifosdagi ayol Qur’ondan bir parcha bo’lsa-da, tilovat qilishi haromdir. Ammo lafzsiz qalbda aytishi va nazar solishi joiz, deyishadi. Shuningdek, ular musibat yetganida, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», deb istirjo’ aytsa, ulovga minganlarida, «Subhanallaziy saxxoro lana haza va ma kunna lahu muqriniyn», desa, «Robbana atina fid dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ‘azaban nar», deb duo qilsa, biror kishiga «Kitobni quvvat bilan ol» yoki «Omon va salomat holda kiringlar», deb buyursa, «Bismillah», «Valhamdu lillah», desa va bular bilan Qur’on o’qishni qasd qilmasa,  gunohkor bo’lmasliklarini aytishgan. Va yana ular «Ash-shayxu vash-shayxotu iza zanaya farjumuhuma» kabi mansux oyatlarni ham o’qishlari mumkin. Agar suv topa olishmasa, tayammum qilib, Qur’on tilovat qilishlari joiz. Bundan keyin tahorat buzilsa-da, qiroat qilish mumkin. Shu singari g’usl va tayammumdan keyin tahorat ketganida ham qiroat qilinaveradi. Ba’zi sohiblarimiz: «Muqim (ya’ni, o’z yurtida bo’lgan) kishi tayammum bilan namoz o’qisa, faqat namozda qiroat qilishi joiz. Ammo namozdan tashqarida mumkin emas. Safarda bo’lsa, joiz», deyishadi. Lekin yuqorida aytganimiz to’g’riroqdir. Chunki tayammum ham g’usl o’rniga o’tadi. Agar junub kishi tayammum qilib, keyin suvga yetishsa, g’usl qilishi lozim bo’lib, tayammumi bilan qiroat etishi haromdir. Agar endi tayammum qilib, namoz o’qisa va unda qiroat qilsa, so’ng tayammumi buzilib, yangidan tayammum qilsa, unga qiroat harom bo’lmaydi. Bundan boshqa fikrlar ham bor, lekin ular zaifdir.

Agar junub kishi suv ham, tuproq ham topa olmasa, vaqt-ni g’animat bilib, namoz o’qisa, faqat namoz ichida qiroat qilishi joiz. Shunda ham Fotiha surasidan ortig’ini o’qimaydi.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:07:55

Fasl: Zikr qilayotgan kishi ishiga jiddiy qarashi lozim. Agar bir joyda o’tirgan bo’lsa, qiblaga yuzlanib, o’zini xokisor tutib, xushu’, sokinlik va viqor bilan boshini egib o’tiradi. Bundan boshqacha o’tirishning bir oz karohiyati bor. Agar uzrsiz holda mana shu ishlarni tark etsa, afzal narsani qilmagan bo’ladi. Komil sifatlarga amal qilmaslikning karohiyati yo’qligiga quyidagi oyat va hadislarni dalil qilib keltirishadi:

«Osmonlar va yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun alomatlar borligi shubhasizdir. Ular turganlarida ham, o’tirganlarida ham, yotganlarida ham Allohni eslaydilar hamda osmonlar va yerning yaralishi haqida tafakkur qiladilar...» (Oli Imron, 190 — 191-oyatlar).

Oisha (r.a.) aytadilar: «Rasululloh men hayz ko’rgan paytimda tizzamga suyanib, Qur’on o’qir edilar». Imom Buxoriy rivoyat qilganlar.

Muslimning rivoyatlarida esa: «Men hayzlik paytimda boshlarini tizzamga qo’yib», deb kelgan.

Yana Oisha (r.a.) aytadilar: «Kundalik zikr vazifalarimni to’shagimga suyanib o’qir edim».

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:08:16

Fasl: Zikr qilinadigan makon xoli, pok bo’lishi lozim. Chunki zikrni va zikr qilinajak Allohni hurmat qilishda ajr ko’pdir. Shuning uchun zikr masjidda va ulug’ maskanlarda bo’lishi afzal ko’riladi. Ulug’ imom Abu Maysara: «Alloh faqat pok makonda zikr qilinadi», deb aytganlar.

Yana bir sharti og’iz toza bo’lishi kerak. Agar og’izda biror o’zgarish bo’lsa, misvok bilan ketkaziladi, yomon narsalar bo’lsa, suv bilan yuvib tashlanadi. Mabodo, og’iz yuvilmasdan Alloh zikr qilinsa, makruhdir, ammo harom emas. Og’iz tozalanmasdan turib, Qur’on o’qish ham makruh.

Fasl: Zikr qilish shariat istisno qilgan o’rinlardan boshqa har qanday holatda mahbub amaldir.

O’tirganda, hojat chiqarayotganda, jimo’ paytida, xutba o’qilayotganda, esnayotgan holatlarda zikr qilish makruh sanaladi. Ammo yo’lda va hammomda makruh emas.

Fasl: Zikrdan maqsad qalbning huzur olishidir. Kishi zokir bo’lishi uchun zikrga qiziqishi va aytayotganlarining ma’nosini anglashi-tadabbur qilishi lozim. Qiroatda tadabbur matlub bo’lganidek, zikrda ham matlubdir. Shuning uchun «La ilaha illalloh» kalimasini cho’zib aytish ixtiyor qilingan. Chunki bunda tadabbur qilish imkoniyati bo’ladi.

Qayd etilgan


Doniyor  19 Sentyabr 2006, 10:08:37

Fasl: Kimning kunduzi yoki kechasida yo namozdan keyin yoxud boshqa bir paytda zikrdan vazifasi bo’lsa, kechiktirmasdan ado qilish lozim. Agar vaqtida bajarishga odatlansa, hech qachon o’tkazib yubormaydi. Ammo uni bajarishni yengil sanasa, zoe’ qilishni ham yengil sanaydi. Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim kunlik vazifasini ado etmasdan uxlab qolib, so’ng bomdod bilan peshinning orasida o’qib olsa, go’yo kechasi o’qiganning savobi yoziladi», dedilar». Imom Muslim rivoyatlari

Fasl: Gohida kishi zikr qilayotib, ba’zi sabablar bilan uni to’xtatishga majbur bo’lib qoladi. Masalan, salom berilishi mumkin. Shunda alik olib, so’ng yana zikr qilinaveradi. Biror kishi aksa ursa, «yarhamukalloh» deb qo’yiladi, keyin yana zikrida davom etadi. Zikr qilinayotib, azon eshitilib qolsa, orada uning kalimalariga javob beriladi. Shuningdek, biror munkar ishni ko’rsa, undan  qaytaradi, biror yaxshi ishga da’vat qiladi. So’ngra yana davom etadi.

Esnaganda va shu kabi hollarda zikrni to’xtatib turadi.

Qayd etilgan