Fasl: Yaxshi bilingki, namoz yoki boshqa ibodat-amallarda mashru’ bo’lgan zikrlar vojib yoki mustahab bo’lsa, o’zi eshitadigan qilib talaffuz etmasa, hisobga olinmaydi. (Masalan, namozda qiroatini o’zi eshitadigan qilib o’qishi kerak, yo’qsa, qiroat qiroat bo’lmaydi. — Tarjimon.)
Fasl: Kunduz va kechasidagi amallar to’g’risida imomlarimiz tomonidan nafis kitoblar tasnif etilgan. Ularning eng yaxshisi Abu Abdurahmon Nasoiyning «Kunduzi va kechasidagi amallar» nomli kitoblaridir. Bundan-da nafisrog’i va foydalirog’i Imom Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Ishoq Sunniyning «Kecha va kunduzgi amallar» nomli risolalari. Men Ibn Sunniyning hamma kitoblarini shayximiz Abulbaqo Xolid ibn Yusuf ibn Sa’d ibn Hasandan eshitdim. Bu zot esa, 602 hijriy sanada alloma Abul Yaman Zayd ibn Hasan ibn Zayd ibn Hasan Kindiydan, u kishi shayx Abul Hasan Sa’dulxayr Muhammad ibn Sahl Ansoriydan, u zot shayx Abu Muhammad Abdurahmon ibn Sa’d ibn Ahmad ibn Hasan Duvniydan, u kishi Qozi Abu Nasr Ahmad ibn Husayn ibn Muhammad ibn Kassor Daynuriydan, u zot shayx Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Ishoq Sunniydan eshitganlar. Bu dalillarni keltirishimdan maqsad, inshaalloh, Ibn Sunniyning kitobini o’quvchiga isbotlari bilan taqdim qilishdir. Gapni isboti bilan keltirish hadis imomlari nazdida yaxshi amal. Bu kitobda jamiki zikr qilganlarim sahih rivoyatlar bo’lib, alhamdulillah, muttasil eshitilib kelingandir. Bundan tashqari, yana beshta sahih kitobdan ko’chirdim. Ular: «Sahihul Buxoriy», «Sahihul Muslim», «Sunani Abu Dovud», «Sunani Termiziy», «Sunani Nasoiy». Shuningdek, Imom Molikning «Muvatto’» kitoblariga yoki Ahmad ibn Hanbalning va Abu Avonaning musnadlariga o’xshash yoki Ibn Moja, Dora Qutniy, Bayhaqiyning sunanlariga o’xshash boshqa kitoblar ham bor.