288/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir muhim ish Allohga hamd aytish bilan boshlanmasa, oxiri kesikdir», dedilar. Abu Dovud va Ibn Moja rivoyatlari
Boshqa bir rivoyatda: «Har bir muhim ish «Bismillahir rohmanir rohiym» bilan boshlanmasa, u kesikdir», deyilgan.
Ulamolar: «Kitob tasnif qiluvchi, dars oluvchi, dars beruvchi, xutba aytuvchi Allohga hamd bilan boshlashlari mustahab», deydilar.
Bulardan tashqari, yeb-ichgandan keyin, aksa urganda, ayolga sovchi qo’yganda, nikoh o’qilayotganida, hojatxonadan chiqayotganda, shuningdek, boshqa ishlarda ham Allohga hamd aytish mustahabdir. Biz bularni, inshaalloh, o’rnida zikr qilamiz.
Fasl: Duoning xotimasida ham, boshlanishida ham Allohga hamd aytish mustahab qilindi. Bunga dalil Alloh taoloning:
«Oxirgi istaklari Olamlar Rabbi Allohga hamd aytishdir» (Yunus surasi, 10-oyat), degan so’zidir. Biror ne’matga yetishganda yoki yomon ko’rgan narsasidan uzoqlashganda, Allohga hamd ham aytish mustahabdir. Hamd aytishning eng yaxshi iborasi «Alhamdu lillahi robbil ‘alamiyn»dir.