142-bob. Yomg’irning zararidan qo’rqilganda o’qiladigan duolar
468/1. Anas (r.a.) rivoyat qiladilar: «Bir kishi juma kuni masjidga kirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tik turib xutba aytayotgan edilar. Haligi kishi: «Ey Rasululloh, mollar halok bo’lib, ko’chalar huvillab qoldi. Allohdan so’rab bering, bizga yomg’ir yuborsin», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo’llarini ko’tarib:
«Allohumma ag’isna, Allohumma ag’isna, Allohumma ag’isna», (Ey Rabbim, yomg’ir ber, ey Rabbim, yomg’ir ber, ey Rabbim, yomg’ir ber), dedilar. O’shanda osmonda biror to’p yo tarqoq bulut yo’q edi. Bizga Sal’ tog’i shundoq ko’rinib turardi, o’rtamizda biror uy, hovli yo’q edi. Ana shu tog’ orqasidan qalqondek bir bulut chiqib, osmon o’rtasiga kelib yoyildi, so’ng yomg’ir yog’di. Allohga qasamki, (ko’p yoqqanidan) bir qancha payt quyosh ko’rinmay qoldi. Haligi kishi kelasi jumada yana o’sha eshikdan kirib keldi. Rasululloh o’shanda ham tik turib xutba aytayotgan edilar. U: «Ey Rasululloh, mollar halok bo’lib, ko’chalar huvillab qoldi. Allohga duo qiling, yomg’irni to’xtatsin», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qo’llarini ko’tarib:
«Allohumma havaliyna va la ‘alayna Allohumma ‘alal akami vazzirobi va butunil avdiyati va manabitish shajari» (Ey Rabbim, atrofimizga yog’dir, ustimizdan yog’dirma, ey Rabbim, uni tepaliklarga, tog’larga, vodiylarga, daraxtzorlarga yog’dir), dedilar. Keyin yomg’ir to’xtadi, biz ko’chaga chiqdik va quyosh nuri ostida yurib ketdik». Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari