Imom Navaviy. Al-azkor  ( 544372 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 ... 128 B


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:15:50

208-bob Mehmon qilishga undash haqida

594/1. Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga mehmon qilishlarini so‘rab kelganida, bu zotda mehmon qilish uchun hech narsa yo‘q edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kishini mehmon qiladigan Alloh rahm etuvchi odam bormi?» deganlarida ansoriylardan bir kishi turib u bilan ketdi...», deb hadisning qolgani zikr qilindi. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:16:14

209-bob Mehmonni hurmat qilganni maqtash haqida

595/1. Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, «Men ovqatlanishni xohlayman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u bilan bir ayollari huzuriga borganlarida, u ayollari: «Sizni haq ila yuborgan Zotga qasamki, menda suvdan boshqa narsa yo‘q», dedi. So‘ngra boshqasiga borganlarida, u ham xuddi shunday dedi. Hattoki, barchalari shunday deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kishini mehmon qiladigan Alloh rahm etuvchi odam bormi?» deganlarida ansoriylardan bir kishi: «Men, ey Allohning rasuli», deb u bilan maskaniga bordi. Va xotiniga: «Senda yegulik biror narsa bormi?» deganida: «Yo‘q, faqat yosh bolalarimning ovqati bor, xolos», deb aytdi. Shunda bu ansoriy: «Bolalarni biror narsa bilan yupatib turgin. Agar mehmonimiz kirsa, chiroqni o‘chirgin va biz o‘zimizni yeyayotgandek qilib ko‘rsataylik. Agar yeyishga qo‘lini cho‘zsa, unda ham turib chiroqni o‘chirgin», dedi. Ular o‘tirdilar va mehmon ovqatni yedi. Qachonki, tong otib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borishganda, u zot: «Bu kechasi mehmonlaringizga qilgan narsalaringizdan Alloh taolo ajablanib, quyidagi oyatni nozil qildi: «(Ansorlar) garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor - ixtiyor qilurlar» (Hashr surasi, 9-oyat)», dedilar.
Sharh: bu yerda yosh bolalar zaruriy ehtiyoj bo‘lgan holda ovqatga muhtoj emasdirlar. Odatda, yosh bolalar bir kishi ovqatlanayotganini ko‘rishsa, qorinlari to‘q bo‘lsa ham, uni talab qilishadi. Bu yerda haligi erkak ham, xotini ham mehmonlariga o‘z nasibalarini tortiq qilishdi. Vallohi a’lam.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:16:40

210-bob Kishi mehmonini xush sanab, mehmonga yetkazgani uchun Allohga hamd-sano aytishi haqida

596/1. Abu Hurayra (r.a.) Abu Shurayh al-Xuza’iydan (r.a.)  rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, mehmonini hurmat qilsin», dedilar.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:16:50

597/2. Abu Hurayradan (r.a)  rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kunlarning birida yoki kechalarning birida ko‘chaga chiqqanlarida, Abu Bakr va Umarlarni (r.a.) uchratdilar. Ularga: «Sizlarni bu soatda uyingizdan nima olib chiqdi?» deganlarida, ikkovlari: «Ey Allohning rasuli, ochlik», deb aytishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mening jonim Uning ko‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, meni ham sizlarni olib chiqqan narsa olib chiqdi. Turinglar», dedilar. Ular u zot bilan turib, ansoriylardan bir kishinikiga borishdi. Borishsa, u uyida yo‘q ekan. Uning xotini bularni ko‘rib: «Xush kelibsizlar, marhabo», deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Falon kishi (ya’ni, ering) qaerda?» dedilar. U ayol: «Bizga ichimlik suvi olgani ketdi», dedi. Shu payt haligi ansoriy kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va ikki birodarlarini ko‘rib, «Allohga hamd bo‘lsinki, bugun mendan ko‘ra mehmon jihatidan hurmatliroq kishi yo‘qdir», dedi...», deb hadisni oxirigacha zikr qildilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:17:11

211-bob Taomdan keyin aytiladigan duo

598/1. Oishadan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Taomlaringizni Allohning zikri va Unga duo qilish ila xotimalanglar. Uni uyqu bilan xotimalamanglar. Agar uyqu bilan xotimalasangiz, qalblaringiz qotib qoladi», dedilar. Ibn Sunniy  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:17:49

IZN SO’RASH VA SALOM BERISH KITOBI

Alloh taolo: «(Jihodga chiqmay qolishlarida) ko‘zi ojiz kishiga xaraj-tanglik yo‘qdir, cho‘loqqa xaraj yo‘qdir, xastaga xaraj yo‘qdir (ya’ni, ular jihodga chiqmaganlari uchun ayblanmas). (Ey mo‘minlar), sizlar o‘z uylaringizdan yo otalaringizning uylaridan yo onalaringizning uylaridan yo og‘a-inilaringizning uylaridan yo opa-singillaringizning uylaridan yo amakilaringizning uylaridan yo ammalaringizning uylaridan yo tog‘alaringizning uylaridan yo xolalaringizning uylaridan yo sizlar kalitlariga ega bo‘lgan uylardan yo do‘stingizning uyidan (izn so‘ramasdan) taomlanishingizda sizlarga (gunoh yo‘qdir). To‘plangan yo bo‘lingan hollaringizda taomlanishingizda sizlarga gunoh yo‘qdir. Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak pokiza salomni aytinglar (ya’ni, «Assalomu alaykum», denglar). Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh Uz oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur», deb aytdi (Nur surasi, 61-oyat).

«Qachon sizlarga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo‘lmasa) o‘sha iborani qaytaringlar. Albatta Alloh hamma narsani hisobga olguvchi bo‘lgan Zotdir» (Niso surasi, 86-oyat).

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:18:33

«Ey mo‘minlar, o‘z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizgacha kirmangiz. Mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir. Shoyad, eslatma-ibrat olsangizlar» (Nur surasi, 27-oyat).

«Qachon go‘daklaringiz balog‘atga yetsalar, bas, ular ham xuddi ulardan ilgari (balogatga yetganlar) kabi izn so‘rasinlar! Alloh Uz oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir» (Nur surasi, 59-oyat).

«(Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi?» (Vaz-Zoriyot surasi, 24-oyat).

Bilingki, salomning asli Qur’on, sunnat hamda ijmo’da sobitdir. Ammo uning masala va furu’larini ihota qilish kitobxon uchun ko‘plik qiladi. Shuning uchun yengil boblarda maqsadni qisqa holda, inshaalloh, bayon etdim. Alloh shuni hidoyat etsin hamda yuqoridagi  rivoyatlarni mavzuimizga muvaffaq qilsin.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:18:46

212-bob Salomning fazli va uni ochiq aytishga buyurish to‘g‘risida

599/1. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Islomdagi qaysi amal yaxshi?» deganida, u zot: «Qorni ochlarni to‘ydirishing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom berishing», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:19:33

600/2. Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo Odamni o‘z suratida, uzunligi oltmish ziro’ (gaz) qilib xalq qildi. Qachonki, uni xalq qilib bo‘lgach, u kishiga «Ana bu o‘tirgan bir necha farishta oldiga borgin-da, salom bergin, so‘ngra ularning senga oladigan aligini yaxshilab eshitgin, chunki bu senga va sendan tarqaladigan zurriyotlaringga yo‘llangan salom bo‘ladi», dedi. Odam alayhissalom borib: «Assalomu alaykum» («Sizlarga salom»), dedilar. Farishtalar: «Assalomu ‘alayka va rahmatullohi» («Senga ham salom va Allohning rahmati bo‘lsin»), deb «rahmatullohi»ni ziyoda qilishdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.

Qayd etilgan


Doniyor  20 Oktyabr 2006, 01:19:41

601/3. Baro ibn Ozibdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetti narsaga buyurdilar:
1.   Kasalni borib ko‘rmoqni;
2.   Janozada qatnashmoqni;
3.   Aksa urganga javob qaytarmoqni;
4.   Kuchsizga yordam bermoqni;
5.   Mazlumga ko‘mak bermoqni;
6.   Salomni (tanigan va tanimaganlar orasida) yoymoqni;
7.   Qasamga vafo qilmoqni. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.

Qayd etilgan