"Muborak Oy tuhfasi" dasturi  ( 74575 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 B


AbdulAziz  23 Sentyabr 2007, 04:34:51

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 11-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlar o‘z jonimizga jabr-zulm qildik. Agar bizlarni mag‘firat va rahm qilmasang, shubhasiz, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurmiz! (A’rof surasi, 23-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O’n birinchi hadis.
Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan qaytargan narsamdan chetlaninglar. Buyurgan narsamni qodir bo‘lganingizcha bajaringlar. Chunki sizlardan avvalgilar ko‘p so‘rash va payg‘ambarlariga ixtilof qilish sababli halok bo‘lishdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Salmoni Forsiyning o‘gitlari
«Mo‘min kishi xuddi shifokori yonida yurgan bemorga o‘xshaydi. Bemorning yonida yurgan tabib uning dorilarini bilib, ko‘ngli bir narsani tusaganida: "œZinhor buni yeya ko‘rma! Mabodo yesang, seni o‘limga olib boradi!" deya ogohlantirib turganidek, mo‘min kishining ko‘ngli ham ko‘p narsalarni istab qolganida Alloh taolo uni zararlilaridan qaytaradi va jonini olib, jannatga borguniga qadar nazorat ostida tutib turadi».
 
Saodat asri qissalari

Alloh xohlagan joyda
Toriq ibn Shihobdan rivoyat qilinadi:
"œBir yaqudiy Hazrati Umardan, roziyallohu anhu, so‘radi:
— Qur’onda: "œJannatning kengligi osmonlar va yer barobarida..." (Ol-i-Imron, 133, mazmuni) deyilgan. Xo‘sh, ayting-chi, unda do‘zax qaerda bo‘ladi?
Umar, roziyallohu anhu, sahobalarga:
— Bu odamning savoliga javob bering, — dedilar. Biroq hech kimdan javob chiqmadi. Shunda Hazrati Umar, roziyallohu anhu, yahudiydan:
— Har kuni ko‘rib turganingdek, kechqurun hamma yer zimistonga burkanadi. Ayt-chi, tun cho‘kkanida kunduz qaerda bo‘ladi? — deb so‘radilar.
— Alloh xohlagan joyda.
— Unday bo‘lsa, do‘zax ham Alloh taolo xohlagan joydadir.
Ittifoqo, yahudiy hayajonini yashirolmay:
— Ey mo‘minlarning amiri! Alloh taologa qasamki, Alloh taolo nozil qilgan kitobda (Tavrotda) ham xuddi sen aytganingday yozilgan, — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Sentyabr 2007, 05:14:16

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 12-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarni bu zolim qavm bilan birga qilib qo‘ymagaysan! (A’rof surasi, 47-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O’n ikkinchi hadis.
Sahl ibn Sa’ddan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning rasuli, meni bir amalga yo‘llab ko‘yingki, u amal bilan meni Alloh yaxshi ko‘rsin va insonlar ham yaxshi ko‘rsin», deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dunyoda zohid bo‘l, Alloh seni yaxshi ko‘radi. Insonlar huzuridagi narsadan behojat bo‘l, insonlar seni yaxshi ko‘radi», dedilar. Ibn Moja  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abdulloh ibn Mas’udning o‘gitlari
«Ham dunyo, ham oxirat uchun harakat qilmagan odamni xushlamayman.
Orangizda tonggacha losh (o‘lik) kabi o‘rnidan qimirlamay yotadigan va tong otgach esa, olov pashshasi kabi u yoqdan-bu yoqqa sakraydigan kimsani ko‘rmayin.
Dunyoning musaffoligi ketgan, oqavasi qolgan. O‘lim musulmon uchun sovHadir.
Ko‘pchilik yoqtirmaydigan o‘lim va kambag'allik qanday ajoyib narsalardir. Allohga qasamki, boylik ham, faqirlik ham bir ne’matdir. Qaysisi bilan imtihon qilinsam ham, xotirjamdirman. Boy bo‘lgan kezlar muhtojlarga yordam qilish, faqirlikda esa sabr etish fazilati bor.
Banda imon cho‘qqisiga chiqmagunicha, uning haqiqatiga yetisholmaydi. Musulmon kambag'allikni boylikdan, pasayishni yuksalishdan afzal ko‘rmagunicha va uni maqtagan va yomonlagan kishilarni bir xilda ko‘rmagunicha imon cho‘qqisiga chiqa olmaydi.
O‘zidan boshqa iloh bo‘lmagan Allohga qasamki, musulmon holda tong ottirib, kechqurun shu holda uyquga ketgan bandaga dunyoning musibatlari zarar bermaydi.
Barchangiz mehmonsiz, qo‘lingizdagi dunyo moli esa omonatdir. Mehmon albatta bir kuni ketadi va omonat egasiga beriladi.
Haq og'irdir, biroq tomoqdan oson o‘tadi. Botil yengilgina, ammo kasallik keltirib chiqaradi. Necha-necha insoniy orzu-istaklar borki, ularga ergashilsa, uzoq vaqt davom etguvchi xafagarchilik bilan nihoya topadi».
 
Saodat asri qissalari

G’aflatning sababi
Anas ibn Molikdan, roziyallohu anhu:
«Bir safarda Abu Muso bilan birga edik. Tumonat odam yig‘ilganini ko‘rdik. Bir kishi o‘rtada turib, tinmay gapirar edi. Abu Muso menga:
— Ey Anas, kel Rabbimizni zikr etaylik. Ko‘ryapsanki, bular dunyo uchun tinmay gap sotmoqdalar. Ey Anas, bugungi insonlarda oxirat qayHusi deyarli yo‘q, oxirat ular uchun hech bir ahamiyatga ega emas, — dedi.
— Nafsoniy orzu-istaklar va shayton ularni g’aflatga yetaklamoqda, — dedim.
— Yo‘q, unday emas. Ularga dunyo naqd holda ko‘rsatilgan, oxirat esa ulardan pardalangan. Agar dunyoni ko‘rganlari yanglig’ oxiratni ham ko‘rganlarida edi, oxiratdan yuz o‘girmas va dunyoga bu qadar o‘ralashib qolmas edilar, — dedi Abu Muso».

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Sentyabr 2007, 05:32:54

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 13-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, biz bilan qavmimiz o‘rtasida haq hukm qilgaysan. O’zing hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan! (A’rof surasi, 89-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O’n uchinchi hadis.
Ibn Mas’uddan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohdan boshqa iloh yo‘q va mening Allohning rasuli ekanimga guvohlik bergan musulmon kishining qoni halol emas, faqat uch narsaning birida haloldir (ya’ni, o‘ldirish joiz): ular oilali zinokor bo‘lsa. Nafs nafs bilan, ya’ni qasos. Jamoatdan ajrab, dinini tark qiluvchi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abu Zarr G'iforiy o'gitlari:
Sufyon as-Savriydan, roziyallohu anhu:
"œAbu Zarr G'iforiy, roziyallohu anhu, Ka’ba yonida turib:
— Ey insonlar! Sizning foydangizni o‘ylagan bir birodaringiz sifatida bir-ikki og'iz gapirmoqchiman, — dedi.
Odamlar uning gaplarini eshitib atrofini o‘rab olishdi. Abu Zarr G'iforiy ulardan:
— Mobodo yo‘lga chiqmoqchi bo‘lsangiz safar uchun kerakli narsalar tayyorlaysizmi, yo‘qmi? — deya so‘radi.
Odamlar:
— Albatta, tayyorlaymiz, — deb javob berishdi.
— Qiyomat safari eng uzoq safardir. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ring.
— Qanday hozirlik ko‘rishimiz kerak?
— Katta tashvish-xavotirlardan xalos bo‘lish uchun haj farzini ado etingiz. Qiyomat kunida qattiq savol-javob bo‘lishini o‘ylab, issiq kunlarda ro‘za tuting. Qabrning dahshati va u yerdagi yolg‘izlikni o‘ylab, kechaning tim qoronHusida turib, namoz o‘qing. Qiyomat kunining mashaqqatlarini o‘ylab, doimo foydali gaplarni ayting. Agar buni uddalay olmasangiz, zararli biror so‘z aytib yubormaslik uchun jim turing. Molingiz bilan muhtojlarga yordam bering. Kuningizni ikkiga bo‘lib, bir qismini oxiratga tayyorgarlik ishlari, qolganini halol rizq-nasiba topish bilan o‘tkazing. Uchinchi bo‘limining esa sizga foydasi yo‘q, zarari bordir. Molingizni ham ikkiga bo‘ling. Bir qismini bola-chaqangiz uchun sarflab, qolganini oxiratingiz uchun ozuqa qiling. Uchinchi qismining esa sizga foyda emas, zarari borligi uchun, unga ehtiyojingiz yo‘qdir.
Abu Zarr G'iforiy, roziyallohu anhu, so‘zining oxirida baland ovozda:
— Ey insonlar! Azaldan bor bo‘lgan, oxiri ham ko‘rinmaydigan katta bir hirs-ehtiros sizlarni o‘ldirmasin, — deb hayqirdilar".
 
Saodat asri qissalari

Jonbaxsh duo yoxud tirilgan murda
Abdulloh ibn Avndan, roziyallohu anhu, Anas ibn Molik, roziyallohu anhu, rivoyat qiladilar: "œRasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, yonlarida, Suffada edik. Rasuli akramning huzurlariga hijrat qilgan bir ayol keldi. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, uni ayollar yoniga, o‘g’lini esa bizning yonimizga yubordilar. Oradan ko‘p o‘tmay ayolning o‘g’li Madinada tarqalgan vabo xastaligiga chalinib, vafot etdi. Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, yigitning ko‘zlarini yumganlaridan so‘ng, jasadni ko‘tarishimizni buyurdilar. Uni yuvish uchun tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, menga:
— Ey Anas! Bor, onasiga ayt, — dedilar.
Onasiga xabar berdim. Onasi kelib o‘lgan o‘g’lining oyoq uchi tomoniga o‘tirdi va oyoqlarini ushlab:
— Allohim! Men o‘z xohishim bilan musulmon bo‘ldim. Sening diningga kirdim. Butlarga sig’inishni tark etdim. O‘z xohishim bilan Senga yukindim va Payg‘ambaringni sevdim.
Allohim! Meni balo-musibatlarga duchor qilib, butparastlarni sevintirma va toqatim yetmaydigan ushbu musibatni menga yuklama... — deb duo qildi.
Allohga qasamki, ayol duo qilib bo‘lar-bo‘lmas, o‘lik oyoqlarini qimirlatib, ko‘zini ochdi va o‘rnidan turib ketdi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, vafot etgunlariga qadar o‘sha yigit ham tirik edi...».

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Sentyabr 2007, 05:33:23

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 14-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, ustimizdan sabru toqatni yog‘dirgaysan va bizlarni faqat musulmon bo‘lgan holimizda o‘ldirgaysan! (A’rof surasi, 126-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O'n to‘rtinchi hadis.
Ibn Umardan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishilar «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh», deyishmagunicha, namozni qoim qilishmagunicha, zakotni berishmagunicha ular bilan urushmokqa buyurildim. Agar mana shularni qilishsa, qonlari-yu mollari mendan omonda bo‘ladi. Faqat Islom haqida unday emas (ya’ni, hadlarda). Va ularning hisobi Alloh taologadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abu Hurayra o'gitlari
- Bu ummatga uch narsadan zararliroq narsa yo‘qdir: pulni yaxshi ko‘rish, boshliq bo‘lishga intilish va sultonlar eshigiga qatnash. Batahqiq, Alloh taolo ulardan chiqish yo‘lini ham ko‘rsatib qo‘ygan.
- Zolimning zulmidan ezilgan va qo‘rquv bosgan tuvaloq inida yotgan joyida jon beradi.
 
Saodat asri qissalari

Xushxabar
Ibn Abbosdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
“Ey imon keltirganlar, o‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg’isi odamlar va toshlardan bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda qattiqqo‘l, Allohning buyurganiga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni bajaradigan farishtalar (turur)” (Tahrim, 6, mazmuni) mazmunli oyati karima nozil bo‘lgach, Janobi Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, sahobalariga o‘qib eshittirgan edilar, o‘sha yerda turgan bir yosh yigit hushidan ketib yiqildi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, muborak qo‘llarini yigitning ko‘kragiga qo‘ydilar va yuragi urayotganini bilgach, unga: “La ilaha illalloh”, degin, dedilar. Yigit kalimani qaytargach, Payg‘ambarimiz, alayhissalom, unga oxirati haqida xushxabar aytdilar.
Sahobalar so‘rashdi:
— Yo Rasulalloh! Bu mujda oramizda faqat unga tegishlimi?
Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, ularga:
—Alloh taoloning: “Bu mujda (va’da) Mening huzurimda (hisob-kitob uchun) turishdan  qo‘rquvchi va Mening ogohlantirishimdan xavfda yashovchi kishilar uchundir” deb marhamat etilgan oyatini eshitmaganmisiz? — deya javob qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Sentyabr 2007, 05:42:11

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 15-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarni bu zolim qavmga maftun — aldanuvchi qilib qo‘yma. Va O’zing rahm aylab bizlarni bu kofir qavmdan qutqar». (Yunus surasi, 85-86-oyatlar)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O’n beshinchi hadis.
Ibn Umardan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Islom beshta narsa ustiga qurilgandir. Ular «La ilaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh» kalimasini aytish, namozni qoim qilish, zakotni berish, haj va ramazon ro‘zasidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abu ad-Dardo o'gitlari
- Sen olim, yo o‘rganuvchi yoki unga quloq tutuvchi bo‘l. Lekin to‘rtinchisi bo‘lmagilki, halokatga yuz tutasan.
- Kim ilm o‘rganishga chiqish jihod emas, desa, uning aqli va fikrida noqislik bor ekan.
- Mo‘minning tanasida tilchalik Alloh sevgan parcha et yo‘qdir. Alloh mo‘minni tili tufayli jannatga kiritadi. Kofirning vujudida tilchalik Allohga yoqimsiz parcha et yo‘qdir. Alloh taolo kofirni tili tufayli do‘zaxga tashlaydi.
- Boy birodarlarimizga adolat qilmadik. Ular yeydilar, biz ham yeymiz. Ular ichadilar, biz ham ichamiz. Ular qiynaladilar, biz ham qiynalamiz. Ularning ko‘p mollari bor, unga qarashadi, biz ham ular bilan birga u mollarga qaraymiz. Ular hisob berishadi, ammo biz hisob berishdan ozodmiz.
 
Saodat asri qissalari

Amalim qabul bo‘lsin desangiz...
Hazrati Umarning, roziyallohu anhu, ozod etilgan quli Abu Ayyub Sulaymondan: "œBir payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Abu Hurayra, roziyallohu anhu, oldimizga keldi va:
— Allohni yaxshi ko‘rsangiz, orangizda qarindoshchilik haqqiga rioya qilmagan, uni buzgan kishi bo‘lsa, bu yerdan ketsin, — dedi. Hech kim joyidan qimirlamadi.
Nihoyat, bu so‘zni uch marta takrorlagach, bir yosh yigit o‘rnidan turib, ikki yildan beri bee’tibor tashlab qo‘ygan va gaplashmayotgan ammasining oldiga bordi. Ammasi:
— Kutilmagan hol? — dedi.
— Abu Hurayra aytdilar, — dedi yigit.
— Borib so‘ra-chi, nima uchun bunday degan ekan?
Borib so‘raganida Abu Hurayra yigitga shunday dedilar:
— Janobi Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: "œOdam bolalarining amallari har payshanba oqshomi, ya’ni juma kechasi Allohga taqdim etiladi. Faqat orangizda qarindoshchilik haqqiga rioya etmagan kimsaning amallari qabul bo‘lmaydi", deb marhamat qilganlarini eshitganim uchun shunday degan edim".

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Sentyabr 2007, 06:58:20

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 16-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.

Parvardigoro, albatta Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan, Alloh uchun yeru osmondagi biron narsa maxfiy emasdir. (Ibrohim surasi, 38-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O'n oltinchi hadis.
Ibn Abbosdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar kishilarning da’volariga qarab berilaverganida edi, ular qavmning moli va qonlarini da’vo qilishgan bo‘lar edi. Lekin da’vo qiluvchiga hujjat keltirish va inkor qiluvchiga qasam ayttirish lozim bo‘ladi», dedilar. Mana shu lafz bilan hasandir. Va ikki «Sahih» kitobida keltirilgan.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abdulloh ibn Abbos o'gitlari
- Kechaning bir qismida ilm muzokarasi bilan mashg‘ul bo‘lish menga kechani butunlay bedor o‘tkazishdan mahbubroqdir.
- Sulaymon alayhissalomga yo ilmni yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi.
- Ilm olishda qiynaldim, bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim.
- Insonlarga yaxshilikni o‘rgatuvchi muallim haqqiga barcha narsalar, hatto dengizdagi baliqlar istig‘for aytadi.
- Nujum ilmiga ergashmanglar, chunki u sehr va folbinlikka olib boradi.
- Kim bir namozni ataylab tark etsa, Allohga g‘azablanib turgan holida yo‘liqadi.
 
Saodat asri qissalari

Naqd savob
Omir ibn Sa’d ibn Abi Vaqqosdan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
"œBir kuni Abdulloh ibn Umarning uyida edim. Ittifoqo, Habbob kirib keldi va:
— Ey Abdulloh, Abu Hurayrani ko‘rmaysanmi? Janobi Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam: "œMarhumning uyidan chiqib (janoza) namozini o‘qigach, dafn etilguniga qadar birga bo‘lgan kishi har biri Uhud tog’icha keladigan ikki ajr oladi va janoza namozini o‘qiganidan so‘ng qaytgan kishi ham Uhud tog’idek ajrga ega bo‘ladi", deya marhamat qilganlarini gapiryapti, — dedi.
Ibn Umar unga:
— Borib Oyishadan so‘ra-chi, Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, haqiqatan ham shunday deb aytganmikanlar? — dedi.
Habbob ketgach, Ibn Umar yerdan toshchalarni olib qo‘lida aylantirib turdi. Habbob qaytib:
— Ha, Abu Hurayra to‘g‘ri gapirgan ekan, — degach, qo‘lidagi toshchalarni otib:
— Vallohi, biz tog’day-tog’day ajr xirmonlaridan quruq qolibmiz, — dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2007, 05:10:26

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 17-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigorim, meni va zurriyotimdan (bo‘lgan bolalarimni) namozni to‘kis ado etguvchi qilgil. Parvardigoro, duoimni qabul ayla. (Ibrohim surasi, 40-oyat)

Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O’n yettinchi hadis.
Vobisa ibn Ma’baddan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bu zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshilik va gunoh haqida so‘rash uchun keldingmi?» dedilar. Shunda bu zot: «Ha», deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qalbingdan fatvo so‘ra. Yaxshilik -nafs va qalb unga xotirjam bo‘lganidir. Gunoh - nafs xira bo‘lib, qalb beqaror bo‘lganidir. Agar kishilar senga fatvo berishsa ham va berdirishsa ham», dedilar. Imom Ahmad va Doramiylar  rivoyati.

Navvos ibn Sam’ondan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshilik husni xulqdir. Yomonlik - nafsing kirlanib, kishilar undan xabardor bo‘lishlarini karih ko‘rganingdir», dedilar. Imom Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abdulloh ibn Umar o'gitlari
- Agar biror kishi xufton va bomdod namozlarida jamoatga chiqmasa, uni munofiq, deb gumon qilardik.
- Misvok ishlatilgandan keyin o‘qilgan namoz misvok qilmasdan o‘qilgan yetmish besh namozdan ko‘ra fazilatlidir.
- Bandaning vujudida pokiza tutilishi lozim bo‘lgan eng muhim a’zo tildir.
- Bir bandaga dunyo molidan nima yetsa, saxiy bo‘lsa ham, Alloh nazdidagi darajasi pasayadi.
- Bandaning vujudida pokiza tutilishi lozim bo‘lgan eng muhim a’zo tildir.
 
Saodat asri qissalari

Shahidlar havas qilgan martaba
Abu Dardodan, roziyallohu anhu:
«Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, marhamat qildilar:
—Alloh subhanahu va taolo qiyomat kuni bir necha kishilarni yuzlari nurli va olmosdan yasalgan minbarlar ustida turgan holatda qabrlaridan turg’izadi. Hamma  ularga havas bilan qaraydi. Holbuki, ular payg‘ambarlar ham, shahidlar ham emas.
Shunda bir badaviy arab tiz cho‘kib:
— Yo Rasulalloh, ularni bizga ta’riflang, tanib olaylik, — dedi.
— Bular turli qabilalardan va har xil  uzoq joylardan bo‘lganlari holda bir yerda to‘planishib, Allohni zikr qilganlardir, — deya marhamat etdilar Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam».

Qayd etilgan


AbdulAziz  30 Sentyabr 2007, 05:46:31

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 18-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qilgil. (Ibrohim surasi, 41-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O’n sakkizinchi hadis.
Shaddod ibn Avsdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Albatta Alloh taolo har bir narsada yaxshilik bo‘lishini yozdi. Agar qatl qilsalaringiz, qatlni chiroyli qilinglar. Agar qurbonlik qilsalaringiz, qurbonlikni chiroyli qilinglar. Sizlarning biringiz (qurbonlik qiladigan bo‘lsa) tig‘ini o‘tkirlab, uni tinchitsin» dedilar. Imom Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abdulloh ibn Muborak o'gitlari
- Kishi ilm o‘rganishda davom etayotgan pallada olimdir. «Olim bo‘ldim, endi bas», deb xulosa chiqargan chog‘idan boshlab johildir.
- Ilm o‘rganmasdan turib, ulug‘likka intilgan kishiga hayronman.
- Ilmiga baxillik qilgan kishi uchta narsaning bittasi bilan balolanadi yoki o‘lib ketadi: ilmi behuda ketadi yoki podshoh bilan musibatlanadi yoki yod olgan ilmini esdan chiqaradi.
- Haromdan topilgan bir dirhamni tark etish yuz ming dirhamni sadaqa qilishdan afzaldir.
- Mas’uliyatsiz, kayfu safo ichra yashash ishtiyoqi va gunohlar qalbni butunlay o‘rab oladi. Yaxshilik va haqiqat tuyg‘ulari endi qalbga qanday qilib kirsin?!
- Niyatlarga ko‘ra qancha-qancha ishlar ulug‘ bo‘ladi, yana qancha-qancha katta ishlar niyatlarga ko‘ra arzimasga aylanadi.
 
Saodat asri qissalari

Rasululloh o‘rgatgan duo
Abu Umomadan, roziyallohu anhu:
"œXolid ibn Valid Rasulullohga, sollallohu alayhi va sallam, kechalari dahshatli tushlar ko‘rayotgani, bu hol uni namozdan chalg’itayotganini kuyinib so‘zladi. Shunda Alloh rasuli unga:
Ey Xolid! Bir duo borki, uni uch marta o‘qib tugatmasingdanoq Alloh taolo seni bu holdan qutqaradi, —dedilar.
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, yo Rasulalloh! O‘sha duoni menga o‘rgating, — dedi Xolid ibn Valid.
Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, quyidagi duoni o‘qidilar:
"œAllohning azobidan, jazosidan, qullarining yomonligidan, shaytonlarning bug’zu adovatidan (gij-gijlashidan) va yonimda bo‘lishlaridan Allohning kalimalari panohiga qochaman".
Oyisha, roziyallohu anho, deydilar: Oradan bir necha kun o‘tgach, Xolid ibn Valid yana kelib:
— Yo Rasulalloh! Ota-onam sizga fido bo‘lsin! Sizni haq payg‘ambar etib yuborgan Allohga qasamki, siz menga o‘tgatgan duoni uch bora (uch kecha) o‘qimasimdan Alloh taolo avvalgi mushkul holdan meni xalos ayladi. Bundan buyon kechalari arslonning iniga kirsam-da, parvoyimga kelmas, — dedi".
Amr ibn Shuayb ham bobosidan rivoyat qilib, "œBirortalaringiz uyquda qo‘rqsangiz, ushbu duoni o‘qisin", deb aytganlar. Abdulloh ibn Os, roziyallohu anhu, esa har doim bolalariga bu duoni o‘rgatar edilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Oktyabr 2007, 06:54:19

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 19-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarga o‘z huzuringdan rahmat — marhamat ato etgin va bizlarning ishimizni O’zing o‘nglagin! (Kahf surasi, 10-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O'n to‘qqizinchi hadis.
Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, yaxshi narsalarni gapirsin yoki jim tursin. Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, ko‘shnisini hurmat qilsin. Kimki Allohga va oxirat kuniga imon keltirsa, mehmonini hurmat qilsin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Anas ibn Molik o'gitlari
- Kishi tilini tiymagunicha Allohga haqiqiy taqvo qila olmaydi.
- Banda tilini asramasa, taqvodor bo‘lolmaydi.
- Badbaxtlik to‘rttadir: ko‘zning quruqligi, qalbning qattiqligi, orzu-havasning uzunligi, dunyoga hirs qo‘yish.
- Mehmon kirmagan uyga farishtalar ham kirmaydi.
- Banda tilin asramasa, taqvodor bo‘lolmaydi.
 
Saodat asri qissalari

Payg‘ambarni yig‘latgan oyat

Abdullohdan, roziyalllohu anhu:
Janobi Payg‘ambarimiz:
— Menga Qur’on o‘qib berasanmi? — dedilar.
— Yo Rasulalloh! Qur’on Sizga nozil bo‘lgan bo‘lsa-yu men o‘qib beraymi? — dedim.
— Men uni boshqa birovdan eshitishni xohlayman, — dedilar Faxri koinot.
Shundan so‘ng "œNiso" surasini o‘qiy boshladim va:
"œHar bir ummatdan (o‘z payg‘ambarini) guvoh sifatida keltirganimizda va sizni (ey, Muhammad), ularga guvoh qilib keltirganimizda (ularning holi) ne kechur?!" oyatiga yetganimda:
— Bas, yetar, — dedilar.
Qarasam, Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam, yig‘layotgan ekanlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2007, 05:42:52

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 20-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigorim, men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so‘rayman. Yana men Sendan (yo) Parvardigorim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh berishingni so‘rayman! (Mu’minun surasi, 97-98-oyatlar)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirmanchi hadis.
Abu Hurayradan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, «Menga vasiyat qiling», dedi. Shunda u zot: «g‘azab qilma», deb bir necha bor qaytardilar. Va yana «g‘azab qilma», dedilar. Imom Buxoriy  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Salmon Forsiy o'gitlari
- Mo‘min kishi xuddi shifokori yonida yurgan bemorga o‘xshaydi. Bemorning yonida yurgan tabib uning dorilarini bilib, ko‘ngli biror narsani tusaganida, «Zinhor buni yeya ko‘rma! Mabodo yesang, seni o‘limga olib boradi!» deya ogohlantirib turganidek, mo‘min kishining ko‘ngli ham ko‘p narsalarni istab qolganida Alloh taolo uni zararlilaridan qaytaradi va jonini olib, jannatga borguniga qadar nazorat ostida tutib turadi.
- O’lmog‘im, keyin tirilmog‘im, so‘ng o‘lib, yana tirilmog‘im birovning avratiga qarashimdan va birovning mening avratimga qarashidan uch karra sevimliroqdir.
 
Saodat asri qissalari

Ilohiy hikmat
Abdulloh ibn Mug’affaldan, roziyallohu anhu:
Bir ayol johiliyat davrida yomon yo‘lda edi. Bir odam uning yonidan o‘tarkan, shilqimlik qildi. Ayol:
— Meni o‘z holimga qo‘y. Alloh subhanahu va taolo barcha iflosliklar bilan birga butparastlikni  ham bekor qilib, Islom dinini nozil etdi, — dedi u.
Bu gapdan so‘ng haligi odam ayoldan uzoq ketsa hamki, ko‘zlarini undan uzmay borar edi. Nihoyat, yuzi bilan bir devorga urildi. So‘ng voqeani borib Payg‘ambarimizga, sollalllohu alayhi va sallam, aytdi. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam unga:
— Sen Alloh taolo yaxshilik istagan banda ekansan. Zero, Alloh taolo bir quliga yaxshilik iroda qilsa, sodir etgan gunohi uchun darhol uni jazolaydi va biror bandasiga yomonlik istasa, unga qiyomat kuni jazo berish maqsadida, gunohlarida davom etish imkonini beradi, — dedilar.

Qayd etilgan