"Muborak Oy tuhfasi" dasturi  ( 74479 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 B


AbdulAziz  03 Oktyabr 2007, 06:23:35

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 21-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.

Parvardigoro, (O’zingga) iymon keltirdik. Bas sen Bizlarni mag‘firat qilgin va bizlarga rahm ayla: Sen O’zing rahm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan! (Mu’minun surasi, 109-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma birinchi hadis.

Abu Sa’laba al-Xushaniydan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta Alloh taolo farzlarni farz etdi, ularni zoe qilmanglar. Va hadlarni chegara qildi, undan o‘tib ketmanglar. Va narsalarni harom qildi, uni buzmanglar. Va unutmasdan sizlarga rahmat qilgan holda ko‘p narsalarda sukut qildi, sizlar u haqda bahs qilmanglar», dedilar. Doraqutniy hasan isnod bilan rivoyat qilganlar.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Said ibn Musayyib o'gitlari

- Masjidda o‘tirish - Rabbi bilan o‘tirish, demakdir. Shunday bo‘lgach, u yerga kirgan odam faqat yaxshi narsalardan so‘zlamog‘i kerak.
- Masjidda aytilgan dunyoviy so‘zlar xuddi hayvonlar yam-yashil o‘tlarni yegani kabi hasanotni (yaxshi amallarni) yeydi.
- Molini haloldan topmagan, undan haqlarini chiqarib turmagan, u bilan obro‘-sharafini saqlamagan kishida yaxshilik yo‘qdir.
 
Saodat asri qissalari

Menga ishonasizmi?
Sevimli Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, Safo tepaligiga chiqdilar va ulkan qoya ustidan turib:
— Ey Abdul Muttalib o‘g’illari, ey Fihra o‘g’illari, ey Zuhra o‘g’illari, — deya qabila ulug’larini ismlari bilan chaqirib barcha qarindoshlarini bir joyga to‘pladilar va ularga shunday xitob qildilar:
— Ey Quraysh jamoasi! Men sizga shu tog’ning etagida dushman otliqlari bor!  Hozir ustingizga bostirib keladi. Mollaringizni talaydi, desam, ishonasizmi?
 Hammalari baravariga:
— Ha, ishonamiz. Chunki  hozirgacha sendan yolg‘on gap eshitmadik,  —dedilar.
— Unday bo‘lsa, eshitinglar: oldingizda shiddatli bir azob kuni borligini, Allohga ishonmaganlar o‘sha kunda buyuk azobga duchor bo‘lishlarining xabarini beraman. Sizni shunday azobdan ogohlantirmoq uchun yuborildim, — deb marhamat qildilar Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam.

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Oktyabr 2007, 06:40:13

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 22-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarni (jahannamdan hayoti dunyoga) chiqargin. Bas agar yana (tug‘yonga) qaytsak, u holda shak-shubhasiz (o‘z jonimizga) jabr qilguvchidirmiz! (Mu’minun surasi, 107-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma ikkinchi hadis.
Muozdan (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Ey Rasululloh, menga bir amalning xabarini beringki, u meni jannatga kiritib, do‘zaxdan uzoq qilsin», desam, u zot: «Sen juda katta narsa so‘rading. Albatta u Alloh oson qilgan kishiga  yengildir. Allohga biror narsani shirk keltirmasdan ibodat qilasan. Namozni qoim qilasan. Zakotni berasan. Ramazon ro‘zasini tutasan. Baytullohni haj qilasan. Seni eshiklarning yaxshisiga dalolat qilaymi? Ro‘za pardadir. Sadaqa xatolarni xuddi suv o‘tni o‘chirgandek o‘chiradi», dedilar. Kishining kechaning o‘rtasidagi namozi haqida quyidagi oyatni o‘qidilar: «Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur. (Ya’ni, tunlarini ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar.) Ular Parvardigorlariga ko‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar. Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot qilib, ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biror jon bilmas» (Sajda surasi, 16-17-oyat). So‘ngra yana u zot: «Ishning boshi va ustuni hamda yuksak cho‘kqisining xabarini beraymi?» deganlarida, «Ha, ey Rasululloh», dedim. Shunda u zot: «Ishning boshi - Islom. Ustuni - namoz. Yuksak cho‘qqisi - jihoddir. Bularning hammasidan ham asosiysining xabarini beraymi?» dedilar. Men: «Ha, ey Rasululloh», dedim. U zot tillarini ushlab, «Sen mana buni tiygin», dedilar. Shunda men: «Ey Rasululloh, gapirgan narsalarimizga ham jazolanamizmi?» desam, u zot: «Onang farzandidan ajragur, kishilarning yuzlari bilan do‘zaxga ag‘darilishlari faqat tillari gapirgan narsalar sababidandir», dedilar. Imom Termiziy  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Usmon ibn Affon o'gitlari
- Qullik - amal etish, amal bilan hukmlarni muhofaza qilish, va’daga vafo, boriga rizo, yo‘g‘iga sabrdir.
- Sizdan avval o‘tgan kimsalarning holidan ibrat oling. So‘ng sa’y-harakat qiling va g‘aflatda qolmang. Zero, siz g‘aflatga tushib qolsangiz hamki, ishlaringizni hisob-kitob qilishda sira g‘aflatga tushilmaydi.
- Siz o‘tkinchi bir hayot uyidasiz va umringizning qolgan qismi ham o‘tishini kutmoqdasiz... Unutmangki, bu dunyo yolg‘on va aldov ustiga bino bo‘lgan.
- Dunyoda ekinlar ekib-o‘rgan, baland koshonalar qurgan, uzoq vaqt zavqu safo surgan dunyoning o‘g‘illari, do‘stlari bugun qaerda? Dunyo ularni yutib yubormadimi? Jalil Alloh dunyoga naqadar ahamiyat bermaganidek, siz ham unga shunday berilmang. Oxirat uchun harakat qiling.
 
Saodat asri qissalari

Xurmo pishgan kunlarda
Abu Dardo, roziyallohu anhu, Hazrati Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, suyukli sahobalaridan biri edi. Barcha namozlarini masjidi nabaviyda, Payg‘ambarimizning  ortlarida turib o‘qishga harakat qilardi. Shuning uchun masjidga erta kelar va kech qaytar edi. Rasuli akramning namozdan keyingi suhbatlarini diqqat bilan tinglardi. Biroq xurmo terish mavsumi boshlanganida Abu Dardo namozga kech kelib erta ketadigan bo‘ldi. Bu hol Payg‘ambarimizning diqqatlarini tortdi. Abu Dardoni yonlariga chaqirib:
— Sening masjidga kelib-ketishingda bir o‘zgarish  ko‘ryapman. Nima bo‘ldi? — deb so‘radilar.
Abu Dardo shunday dedi:
— Shu kunlarda qo‘shnimizning xurmo daraxti mevalarini to‘ka boshladi. Xurmolar bizning hovliga tushyapti. Bolalarim, qo‘shnimdan beso‘roq ulardan yeb qo‘yishmasin, deb xavotirdaman. Bomdodga kelishdan oldin to‘kilgan  xurmolarni to‘plab, qo‘shnimning bog‘iga o‘tkazib qo‘yaman. Shu sabab masjidga kech kelyapman. Men masjiddaligimda ham daraxtlardan xurmo to‘kiladi. Ularni yig‘ib qo‘shnimnikiga qo‘yish uchun shoshilaman. Shunday qilsam bolalarim harom yemaydi, qo‘shnimga ham zarar yetmaydi.
Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, Abu Dardoning bu so‘zlaridan mamnun bo‘ldilar va uning haqqiga duo qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Oktyabr 2007, 06:35:24

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 23-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, O’zing bizlardan jahannam azobini daf’ qilgin. Darhaqiqat uning azobi ketmas — mangu (azobdir)! (Furqon surasi, 65-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma uchinchi hadis.

Abu Zarr va Muozdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qayda bo‘lmasin, Allohdan taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir, uni o‘chirib yuboradi. Kishilarga chiroyli xulq bilan muomalada bo‘l», dedilar. Imom Termiziy  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Hazrat Huzayfa o'gitlari
- Bugun munofiqlar Payg‘ambar zamonidagidan ko‘proqdir. Burungilar nifoqlarini ichda saqlashardi. Bugungilar ochiqdan-ochiq nifoq qilishadi. Yashirin nifoq iymonning samimiyligi va kamoliga to‘sqinlik qiladi. Munofiqlikdan qo‘rqqan odam undan uzoq bo‘ladi. O’zining nifoqdan uzoqdaligini aytib yuruvchi kimsa esa munofiqlikka yaqin turadi.
- Ixlos insonning zohiri ham, botini ham bir xil bo‘lganidir.
 
Saodat asri qissalari

Xushu’ va xuzu’ xosiyati
Janglarning birida Hazrati Alining oyog’iga o‘q tegdi. O‘q oyoq suyagiga ham ancha botgani uchun chiqara olishmadi. Bir tabib chaqirdilar. Tabib Hazrati Aliga qarab shunday dedi:
— Bu o‘qni faqat hushdan ketkazuvchi dori bilan olsa bo‘ladi. Yo‘qsa, og’riqqa chidayolmaysiz.
Hazrati Ali aytdilar:
— Hushdan ketkazadigan doriga zarurat yo‘q. Bir oz sabr qilinglar, namoz vaqti kirsin. Men namoz o‘qiy boshlaganimda olib tashlaysiz.
Namoz vaqti kirdi. Hazrati Ali namozga turdilar. Tabib Hazrati Alining oyog’ini yorib, o‘qni chiqardi. Yarani bog‘lab qo‘ydi. Hazrati Ali namozlarini bitirib, tabibdan so‘radilar:
— O‘qni chiqardingizmi?
— Ha, chiqardim, — dedi tabib.
— Men hech narsa  sezganim yo‘q, — dedilar Hazrati Ali roziyalloqi anqi.
Namozdagi xushu’-xuzu’ Hazrati Alini go‘yo boshqa olamga olib ketgandek edi. Shuning uchun ham vujudlaridagi og’riqni aslo sezmadilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Oktyabr 2007, 05:17:52

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 24-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.

Parvardigoro, O’zing bizlarga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan shod-xurramlik hadya etgin va bizlarni taqvodorlarga peshvo qilgin! (Furqon surasi, 74-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma to‘rtinchi hadis.
Irboz ibn Soriyadan (r.a.)  rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga va’z aytdilar, undan qalblar vahimaga tushdi va ko‘zlardan yosh oqdi. Shunda biz: «Ey Rasululloh, vidolashuvchi mav’iza bo‘lsa kerak, bizga vasiyat qiling», desak, u zot: «Sizlarga Allohdan taqvo qilishni hamda agar qul boshliq bo‘lsa, uning so‘zini eshitib itoat etishni vasiyat qilaman. Chunki sizlardan qaysi biringiz yashaydigan bo‘lsa, ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Ana shu paytda mening sunnatimni va to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi xulafoi roshidinlar sunnatini o‘zingizga lozim topib, uni oziq tishlaringiz bilan mahkam tishlanglar. Ishlarning yangisidan chetlaninglar. Chunki har bir bid’at zalolatdir», dedilar. Abu Dovud  va Termiziylar  rivoyati.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Hazrat Muoviya o'gitlari
- Kimki ilmini yozmasa, uning ilmini ilm hisoblamayman.
- Hammani rozi qilishim mumkin, faqat ne’matga hasad qilguvchini rozi qila olmayman. Chunki uni faqatgina ne’matning ketishi rozi qiladi.
- Ey o‘g‘ilginam, hasaddan saqlangin. Chunki u dushmaningga yetmasdan, sening o‘zingga bilinadi.
 
Saodat asri qissalari

Alloh ko‘rib turibdi
Hazrati Umar, roziyallohu anhu, xalifalik davrida sutga suv qo‘shishdek yomon odatni qat’iy taqiqladilar.
Shahar osoyishtaligini nazorat qilish uchun bir kecha Madina ko‘chalarida kezib yurgan xalifa charchab, bir uy yaqinidagi tosh ustiga o‘tirdi. Kutilmaganda uy ichida ona bilan qizi o‘rtasidagi shu gaplarni eshitib qoldi:
— Qani, qizim, turgin-da, sutlarga bir oz suv qo‘shib yubor!
— Xalifa sutga suv qo‘shishni taqiqlaganini bilmaysizmi, onajon!
— Bilaman.
— Axir xalifa taqiqlagan ishni qanday bajaraman?
— E-e, qo‘shaversang-chi, Umar seni ko‘rib turgani yo‘q!
— Umar ko‘rmasa ko‘rmas, ammo Alloh ko‘rib turibdi-ku...
Hazrati Umar shundan  so‘ng uyga qaytdilar. O‘g’illari Osimni imon-e’tiqodli, go‘zal axloqli bu faqir qizga uylantirdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Oktyabr 2007, 06:12:01

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 25-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, O’zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin. (G’ofir surasi, 7-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma beshinchi hadis.
Abu Mas’ud al-Badriydan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Avvalgi payg‘ambarlar kalomidan topilgan narsa - «Agar uyalmasang, xohlagan narsangni qil», deb aytilganidir», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Hazrati Ali o'gitlari
- Yordamini o‘zgalardan darig‘ tutmagan inson zikri keng yoyiladi.
- O’zgalarga ozor berishdan saqlanish yaxshilik alomatlaridandir.
- Kechirish - eng yaxshi g‘alabadir.
- Ishining mazasi bo‘lmagan kishining nasabi ish bermay qo‘yadi.
- Ichimizda saqlar ekanmiz, har qanday sir bizning asirimizdir. Oshkor etgan paytimizdan boshlab biz uning asiriga aylanamiz.
- Sukut saqlang, uning eng oz foydasi - omonlikdir.
 
Saodat asri qissalari

Qabrdan kelgan nido

Umar ibn Xattob, roziyallohu anhu, zamonida taqvodor, namozini doimo masjidda jamoat bilan o‘qiydigan bir yigit bor edi. Hazrati Umar, roziyallohu anhu, uni nihoyatda yaxshi ko‘rar edilar. Yigitning juda qarib qolgan otasi bor edi. Yigit har kuni xufton namozidan so‘ng otasini ziyorat qilgani kelardi.
Yo‘l bo‘yidagi uylardan birida yashovchi ayol bu yigitga oshiq bo‘lib qoldi. Ayol har kun yigitning yo‘lini poylab, uni o‘ziga og‘dirishga harakat qilardi. Nihoyat, bir safar yigit o‘zini boshqara olmay, ayolning ortidan ergashdi. Biroq ostonadan kirar ekan, Allohni esga olib, hushyor tortdi va: "œTaqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biror vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas, (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar" (A’rof, 201) mazmunli oyati karimani o‘qidi-yu, hushsiz yiqildi.
Ayol darhol bir joriyasini chaqirdi. Ikkalasi yigitni otasining uyiga eltib, eshikni taqillatdilar. Eshikni ochgan ota ostonada behush yotgan o‘g‘lini ko‘rdi. Uni ichkariga oldilar. Yigit yarim tunda o‘ziga keldi.
— O‘g‘lim, senga nima bo‘ldi? — so‘radi ota.
— Hech narsa, hammasi joyida.
Ota:
 — Xudo haqqi, menga to‘g‘risini ayt, — deb qo‘ymagach, yigit bo‘lgan voqeani gapirib berdi.
— O‘g‘lim, sen qaysi oyatni o‘qiding? — deya so‘radi otasi.
Yigit o‘sha oyatni takror o‘qigach, yana hushdan ketdi. Qancha urinishmasin, o‘ziga kelmadi. Yigit jon taslim qilgan edi. O‘sha kechadayoq uni yuvib, dafn etishdi.
Ertalab bo‘lgan voqeani Hazrati Umarga, roziyallohu anhu, yetkazdilar. Hazrati Umar, roziyallohu anhu, kelib, yigitning otasiga ta’ziya izhor qilgach:
— Nega meni chaqirmadingiz? — dedilar.
— Ey mo‘minlarning amiri! Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi, sizni bezovta qilgimiz kelmadi, — dedi ota.
— Unday bo‘lsa, yuring, birga qabr boshiga boraylik, — dedi xalifa va ikkovlon u yerga yetgach:
— Ey falonchi! — deb marhum yigitni chaqirdi va: "œParvardigori (huzurida) turishdan (ya’ni, Parvardigor oldida turib hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 46) mazmunli oyatni o‘qidi.
Ittifoqo, qabrdan yigitning:
— Ey Umar! Siz eslatgan ikki jannatni Rabbim menga ikki bora in’om qildi, — degan ovozi eshitildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Oktyabr 2007, 05:26:06

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 26-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, ularni ham, ularning ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlari orasidagi solih-mo‘min bo‘lgan kishilarni ham O’zing ularga va’da qilgan mangu jannatlarga dohil qilgin. Albatta Sening O’zinggina qudrat va hikmat sohibidirsan. O’zing ularni barcha yomonliklardan asragin. Kimni o‘sha Kundagi (qiyomatdagi) yomonliklardan asrasang, bas haqiqatan unga rahm-shafqat qilibsan. Mana shu buyuk baxtdir. (G’ofir surasi, 8-9-oyatlar)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma oltinchi hadis.
Jobirdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan «Agar farz namozlarini o‘qisam, ramazon ro‘zasini tutsam, halolni halol va haromni harom, desam, bularga biror narsani qo‘shmasam, jannatga kiramanmi?» deganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha», deb javob qildilar. Imom Muslim  rivoyatlari.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abu Bakr Siddiq o'gitlari
- To‘g‘ri harakat qilsam, menga ergashing. To‘g‘ri yo‘ldan chiqsam, meni to‘g‘ri yo‘lga solib qo‘ying.
- Qabrga tayyorgarliksiz kirgan kishi kemasiz dengizga tushgan odamga o‘xshaydi.
- Dunyo - mo‘minlarning bozori, kecha va kunduz - sarmoyalari, go‘zal amallar - tijorat mollari, jannat - foydalari, jahannam esa zararlaridir.
- Ey insonlar! Siz qay zamon tugashi sizga noma’lum bir umr ichida kun va tunlaringizni o‘tkazmoqdasiz. Agar qo‘lingizdan kelsa, bu hayotingizni solih amallar bilan o‘tkazing. Buni ham faqat Alloh taoloning yordami bilan amalga oshira olasiz. Ajalingiz sizdan ishlash fursatini olib qo‘ymasdan turib, imkoniyatlaringizni ishga soling, xayrli amallarga shoshiling. Zero, ajallarini unutgan, amallarini boshqalarga tashlagan kimsalar ham bordir. Zinhor ular kabi bo‘lmang. Tezroq bo‘ling, g‘aflatda qolmang... Yashayotgan kishilarga emas, o‘lganidan so‘ng ular ortda qoldirayotgan go‘zal narsalarga havas qiling!
 
Saodat asri qissalari

Eng sara ozuqa
Kumayl ibn Ziyod rivoyat qiladilar:
«Hazrati Ali, roziyallohu anhu, bilan birga aylanib yurar edik. Jabbon qabristoni yonidan o‘tayotganimizda, qabristonga qarab:
— Ey qabrlarda yotganlar, ey suyaklari chirib, tuproqqa qorishganlar, ey qoronHuliklarda yolg‘iz qolganlar, sizlarda nima gap? Bizdan so‘rasangiz, mollaringiz taqsimlandi, bolalaringiz o‘ksiz va yetim qoldi va xotinlaringiz boshqa turmush qurishdi. Bizda ana shunday xabarlar. Sizlarda qanday xabarlar bor? — deb so‘radilar.
So‘ngra men tomonga burilib:
— Ey Kumayl, agar ularga javob qilish uchun izn berilganida: "œOzuqaning eng yaxshisi taqvodir", deb aytishgan bo‘lar edi, — dedilar.
Birozdan keyin esa yig‘lab, bunday dedilar:
— Ey Kumayl, qabr amallar sandig’ir. Buni faqat o‘lganingdan so‘ng bilasan...»

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Oktyabr 2007, 06:29:12

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 27-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigor, O’zing bizlardan bu azobni aritgin. Albatta bizlar iymon keltirguvchidirmiz! (Duxon surasi, 12-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma yettinchi hadis.
Sufyon ibn Abdullohdan (r.a.)  rivoyat qilinadi. Bu zot: «Ey Rasululloh, menga Islomdan bir so‘z aytingki, men sizdan boshqa biror kishidan u haqda so‘ramayin», deganda, u zot: «Allohga imon keltirdim, deb aytib, so‘ngra istiqomatda (ya’ni, sobitqadamlikda) bo‘l», dedilar. Imom Muslim  rivoyatlari.

Ulamolarning aytishlaricha, bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarni jamlovchi hadislari bo‘lib, Alloh taoloning quyidagi so‘ziga muvofiqdir: «Albatta: «Parvardigorimiz Allohdir», deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilishda) to‘g‘ri -ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida) farishtalar tushib, (derlar): «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar» (Fussilat surasi, 30-oyat). Jumhur ulamolar fikricha, bu oyat va hadisning ma’nosi - «Imon keltirib, Allohning toatida bardavom bo‘lganlar»dir.
 
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Muoz ibn Jabal o'gitlari
- Alloh ilm bilan qavmlarni yuksaltirib, yetakchi qilib qo‘yadi. Ular odamlarni yaxshilikka yetaklaydi, boshqalar ularning izidan yuradi, qilgan ishlari e’tiborli bo‘ladi. Har bir quruq va ho‘l narsalar, hattoki dengizdagi baliqlar-u hasharotlar, barcha hayvonlar, osmon va undagi yulduzlar ularning haqqiga istig‘for aytadi.
- Ilm o‘rganinglar, zero uni o‘rganish - Allohdan qo‘rqish, uni talab qilish -ibodat, muzokarasi - tasbeh, uni izlash - jihod, bilmaganga o‘rgatish -sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish - Allohga qurbatdir.
- Ilm tanholikda hamroh, xilvatda do‘st, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi dalil, xursandlig-u xafalik paytda ko‘makchi, do‘stlar oldida vazir, begonalar oldida yaqin do‘st va jannat yo‘lining minorasidir.
- Namozingni hayot bilan vidolashayotgan kishi kabi o‘qi! Yana bir bor o‘qiy olishingni o‘ylama. Shuni bilginki, mo‘min kishi biri bajarilgan va biri ortda qolgan ikki yaxshilik o‘rtasida o‘ladi.
 
Saodat asri qissalari

Muomaladagi ehtiyotkorlik
Oyisha, roziyallohu anho, rivoyat qiladilar:
«Bir odam Janobi Payg‘ambarimizning, alayhissalom, yonlariga kirish uchun ruxsat so‘radi. Rasuli akram, sollallohu alayhi va sallam:
— Qanday yomon odam bu. Qavmi va yaqinlari yuzidagi dog’dir, — dedilar.
Biroq ichkari kirganida unga ochiq chehra bilan muomala qilib, iltifot ko‘rsatdilar. U chiqib ketgach, boshqa bir kishi kirishga ruxsat so‘radi.
— Naqadar yaxshi inson. Oilasi iftixor qilgulik bir farzanddir, — dedilar. Lekin Sarvari olam, sollallohu alayhi va sallam, bu kishiga avvalgi odamga ko‘rsatilganchalik iltifot qilmadilar. U kishi chiqqach, Oyisha onamiz:
— Yo Rasulalloh, birinchi kishini yomon deganingiz holda unga yaxshi muomala qildingiz. Ikkinchisini yaxshi deb turib, unchalik iltifot etmadingiz, — deb so‘radi.
Payg‘ambarimiz, alayhissalom:
— Ey Oyisha, insonlar orasida shundaylari borki, fe’li yomon bo‘lgani uchun ulardan ehtiyot bo‘lish kerak, — deya marhamat qildilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Oktyabr 2007, 05:44:06

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 28-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, O’zing bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan o‘tgan zotlarni mag‘firat qilgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlar uchun biron g‘illi-g‘ash qilmagan. Parvardigoro, albatta Sen mehribon va rahmlidirsan! (Hashr surasi, 10-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma sakkizinchi hadis.
Umar ibn Xattobdan (r.a.)  rivoyat qilingan, Jabroil alayhissalomning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan imon, Islom, ehson, Qiyomat haqida so‘ragan savollari haqidagi Imom Muslim «Sahih»larida kelgan mashhur hadisdir.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Abu Muso al-Ash’ariy o'gitlari
- Har bir narsaning chegarasi bo‘ladi. Islomning chegaralari quyidagilar: taqvo, kamtarlik, sabr, shukr. Taqvo - ishlarning asosi, kamtarlik -kibrdan uzoq bo‘lish, sabr - do‘zaxdan najot topish, shukr - jannat bilan mukofotlanishdir.

Hazrat Jobir o'gitlari
- Kim katta gunoh qiluvchilardan bo‘lmasa, shafoatga muhtoj bo‘lmaydi.
 
Saodat asri qissalari

Uch harakat tarixi
Sa’saa ibn Savxondan:
«Badaviy arablardan biri Alining, roziyallohu anhu, oldiga kelib:
— Ey amiral mo‘minin, siz: "œLaa ya’kuluhu alla’l-xootuun" (Al-Haaqqa, 37) oyatini (zohiriy ma’nosi: "œqonli yiringni faqat qadam bosganlar yeydi") qanday tushunasiz? Nahotki, qadam bosmaydigan insonlar ham bo‘lsa? — deb so‘radi.
 Ali, roziyallohu anhu, kulimsirab:
— Sen so‘zni yanglish talaffuz qilmoqdasan. "œLaa ya’kuluhu alla’lxootuun" emas "œilla’l-xootiuun". (Jahannamda qonli yiringni faqat gunohkorlar yeydi"),  deb to‘g‘ri o‘qigin, —dedilar.
— Ha, ey amiral mo‘minin. To‘g‘risi siz aytganingizday bo‘ladi, — dedi u arab.
Shundan so‘ng Hazrati Ali, roziyallohu anhu, yonlarida turgan Abu Asvad ad-Dualiyga o‘girilib:
— Bugun arab bo‘lmagan bir necha millatlar musulmon bo‘lib, arablarga qo‘shildilar. Shu sababli arab tili buzilishga yuz tutdi. Xalqqa shunday  narsani o‘rgatginki, u bilan arabiy tilni buzilishdan muhofaza eta olaylik, — dedilar.
Shundan keyin Abu Asvad yozuvda ustun, o‘tra, asra usulini qo‘llay boshladi".

Qayd etilgan


AbdulAziz  11 Oktyabr 2007, 05:22:59

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 29-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, yolg‘iz O’zingga tavakkul qildik va O’zingga inobat-tavba qildik. Yolg‘iz Sengagina qaytishimiz bordir! (Mumtahana surasi, 4-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

Yigirma to‘qqizinchi hadis.
Ibn Abbosdan  rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning orqalarida edim. U zot: «Ey bolakay, senga bir kalima o‘rgataymi? Allohga rioya qil, seni saqlaydi. Allohga rioya qil, yo‘nalishingni topasan. Agar so‘rasang, Allohdan so‘ragin. Agar yordam tilasang ham, Allohdan tilagin. Bilginki, agar ummat biror narsada senga yordam berishga jamlansa, faqatgina Alloh senga (taqdir) qilib yozib qo‘ygan narsanigina yordam bera oladi, xolos. Agar ummat biror narsada senga zarar berishga jamlansa, faqatgina Alloh senga (taqdir) qilib yozib qo‘ygan narsanigina zarar bera oladi, xolos. Qalam ko‘tarilib, sahifalar qurib bo‘lgan», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Termiziyning boshqa  rivoyatlarida: «Allohga rioya qil, yo‘nalishingni topasan. Allohni kengchilikda tanigin, seni qiyinchilikda taniydi. Bilginki, albatta xato qilmaganing to‘g‘ri qilganing uchun emas. Va to‘g‘ri qilmaganing xato qilganing uchun emas. Bilginki, albatta nusrat sabr bilan birga bo‘ladi. Shodlik aziyatlar bilan birga bo‘ladi. Va qiyinchilik bilan yengillik bo‘ladi», deyilgan.
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

No‘mon ibn Bashir o'gitlari
- Shaytonning bir talay tuzoqlari bor: Allohning ne’matlari bilan gerdaymoq, Allohning berganlari bilan maqtanmoq, Allohning bandalariga kibr-havo qilmoq, Allohning axloq asoslaridan chiqib, havoyi nafsga berilmoq shunday tuzoqlar jumlasidandir.

Abu Juhayfa o'gitlari
- Ulug‘lar bilan o‘tir, ulamolar bilan birga yur, hukamolar bilan do‘st bo‘l.
 
Saodat asri qissalari

"œYa, arhamarrohimiyn!"
Lays ibn Sa’ddan, roziyallohu anhu:
«Zayd ibn Horisa, roziyallohu anhu, toiflik bir odamdan bir xachirni kiraga olgani haqida gapirib berdilar.
— Seni xohlagan joyimda tushirish sharti bilan xachirni kiraga beraman, — dedi xachirning egasi.
Ikkovlon yo‘lga tushdik. Xachirning egasi bir xarobaga yetib borgach, menga:
— Tush! — dedi.
Xachirdan tushdim, xaroba ichida bir necha o‘liklarni ko‘rdim. Xachirning egasi meni ham o‘ldirmoqqa chog’lanayotgan ekan. Men:
— Ikki rakat namoz o‘qib olay! — dedim.
— O‘qiy qol. Sendan oldin mana bu o‘liklar ham namoz o‘qishgan, biroq namoz-niyozlari o‘zlariga hech bir foyda bergani yo‘q, — dedi u.
 Namoz o‘qib bo‘lganimdan so‘ng haligi odam meni o‘ldirmoqchi bo‘lib ilgarilagan edi, "œYa, arhamarrohimiyn", dedim. Ittifoqo: "œUni o‘ldirma!" degan ovoz eshitildi. U odam qo‘rqib, bu ovoz egasini topish uchun tashqariga chiqdi, biroq hech kim ko‘rinmagach, yana ortga qaytdi. Men bu safar uch marta: "Ya, arhamarrohimiyn" deb baqirdim. Shu payt bir otliq ichkariga kirdi. Qo‘lida temir nayza, nayzaning uchi olovli edi. U nayzasini qaroqchining ko‘ksiga sanchib, orqasidan chiqardi. Qaroqchi o‘ldi. Otliq menga qarab:
— Birinchi bor «Ya, arhamarrohimiyn» deganingda men yettinchi qavat osmonda edim. Ikkinchi marta duo qilganingda eng pastki qavatga tushdim. Uchinchi marta duo etganingda, bu yerga  yetib keldim, — dedi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  12 Oktyabr 2007, 05:33:05

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!
Bugun ramazonning 30-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!
 
Qur’oniy duolar

Bismillahir rohmanir rohiym.
Parvardigoro, bizlarni bu kofir bo‘lgan kimsalarga maftun-aldanguvchi qilib qo‘ymagin, bizlarni(ng gunoxlarimizni) mag‘firat qilgin. Parvardigoro, albatta Sen O’zing qudrat va hikmat sohibidirsan! (Mumtahana surasi, 5-oyat)
 
Islomning o‘zagi bo‘lgan hadislar

O'ttizinchi hadis.
Shayximiz Hofiz Abulbaqo Xolid ibn Yusuf Nobilisiy Dimashqiydan, u Abu Tolib Abdulloh, Abu Mansur Yunus, Abulqosim Husayn ibn Hibatulloh al-Misriy, Abu Ya’lo Hamza va Abu Tohir Ismoildan, ular Hofiz Abulqosim Ali ibn Husayn, ya’ni Ibn Asokirdan, u Dimashq xatibi Abul Qosim Ali ibn Ibrohim ibn Abbos al-Husayniydan, u Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali Yahyo ibn Salvondan, u Abulqosim Fazl ibn Ja’fardan, u Abu Bakr Abdurahmon ibn Qosim ibn Faraj al-Hoshimiydan, u Abu Mishardan, u Said ibn Abdulazizdan, u Rabiy’a ibn Yaziddan, u Abu Idris Xuvloniydan, u Abu Zarrdan (r.a.), Abu Zarr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan, u zot Jabroil alayhissalomdan, Jabroil (a.s.) esa Alloh taolodan quyidagilarning xabar berdilar: «Alloh taolo: «Ey bandalarim, Uzimga zulmni harom qildim va sizlarning oralaringizda ham uni harom qildim, bas, zulm qilmanglar! Ey bandalarim, sizlar kechayu kunduz xato qilasizlar. Men esa ahamiyat bermasdan gunohlaringizni kechiraman. Bas, Menga istig‘for aytinglar, gunohlaringizni kechaman. Ey bandalarim, barchangiz ochsiz, faqatgina Men taomlantirganlargina unday emas. Bas, Mendan taom talab qilinglar, sizlarni taomlantiraman. Ey bandalarim, barchangiz yalong‘ochsiz, faqatgina Men kiyintirganlargina bunday emas. Kiyinishni Mendan talab qilinglar, Men sizlarni kiyintiraman. Ey bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar fojir qalbli kishi bo‘lishsa, mulkimdan biror narsa kamayib qolmaydi. Ey bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar taqvoli qalb kishilari bo‘lishsa, mulkimda biror narsa ziyoda bo‘lib qolmaydi. Bandalarim, agar avvallaringizu oxirlaringiz, insu jinlar bir tepalikda turib Mendan so‘rashsa, Men har bir kishi so‘ragan narsasini bersam, mulkimdan biror narsa kamaymaydi. Faqatgina dengizga ninani bir marta tiqib olgandagi kamayganchalik ozayadi, xolos. Ey bandalarim, u sizlarning amalingizdir. Men uni sizlarga saqlab beraman. Kimki yaxshisini topsa, Alloh azza va jallaga hamd aytsin. Kimki bundan boshqasini topsa, faqatgina o‘zini malomat qilsin», dedi».
 
Buyuk sahobalar o'gitlari

Hazrati Umar o'gitlari:
- Ey insonlar, ilm o‘rganinglar. Alloh taoloning huzurida Uning o‘zi sevgan bir libos bo‘lib, ilmning bir bobini o‘rgangan kishiga o‘sha libosni kiygizadi. Agar olim bir gunoh qilsa, libos undan olinmasligi uchun uch marta tanbeh beradi. Garchi bu gunohi vafotigacha davom etsa ham (libos yechib olinmay, tanbeh berilaveradi).
- Kunduzlari ro‘zador, kechalari qoyim (bedor) bo‘lgan mingta obidning o‘limi halol-haromni ajrata oluvchi bir olimning o‘limidan yengilroqdir.
- Kim bir hadisni aytsa, keyin unga odamlar amal qilishsa, uni aytgan odamga amal qilgan kishining ajri barobarida savob beriladi.
- Quruqlik va dengizda yo‘l topadigan miqdorda yulduzlar ilmini o‘rganing, qolganidan o‘zingizni tiying.
- Gunoh qilishdan tiyilish gunohga tavba qilishdan osonroqdir.
- E’tiqodingizga ko‘ra yashamayotgan bo‘lsangiz, yashayotganingiz kabi e’tiqod qila boshlaysiz.
 
Saodat asri qissalari

Oxiratdagi xayru saodat
Kanona al-Adviydan, roziyallohu anhu, rivoyat qilinadi:
"œUmar, roziyallohu anhu, harbiy qo‘mondonlarga: "œQo‘shiningiz ichidagi Qur’onni bilguvchilarning ro‘yxatini menga bering. Maoshlarini orttirib, Qur’oni karimni o‘rgatish uchun xalq orasiga yuboraman", deya xat yozdi. Abu Muso al-Ash’ariy, roziyallohu anhu, Hazrati Umarga: "œMening atrofimda ayni paytda uch yuz kishidan oshiq Qur’on bilimdonlari mavjud" deya javob maktubi yubordi.
Shunda Hazrati Umar quyidagi maktubni yozdi: "œMehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Allohning quli Umardan, Abdulloh ibn Qaysning atrofidagi Qur’on homiylariga. Sizlarga Allohning salomi bo‘lsin.
Birodarlar, unutmangki, Qur’on siz uchun oxiratda xayru saodat, dunyoda esa, baland qadr-qimmat va hayot (tiriklik) manbaidir. Bas, shunday ekan, uning ortidan ketishingiz kerak. U sizning ortingizdan ketmasin. Zero, Qur’on kimning ortidan ketsa, u kimsa yuztuban yiqiladi, dumalab-dumalab, jahannamga qulaydi. Qur’onning orqasidan ketgan kishini Qur’on Firdavs jannatiga olib boradi. Shunday qilingki, Qur’on sizlarga da’vogar emas, shafoatchi bo‘lsin. Zero, shafoatchisi Qur’on bo‘lgan kishi jannatiy, da’vogari Qur’on bo‘lgan kishi esa do‘zaxiydir.
Shuni ham bilingki, Qur’onning har bir oyati hidoyat manbai, bir ilm chechagidir. Qur’on buyuk marhamat sohibi Allohning ulug’ Kitobidir. Alloh u bilan ko‘r ko‘zlarni, kar quloqlarni va qulflog’li qalblarni ochadi. Bilingki, banda kechaning bir qismida turib, og’zini misvoklab, tahorat olgach, takbir aytib, Qur’on o‘qiy boshlasa, Alloh subhanahu va taolo unga: "œO‘qi, o‘qi! Shu toza-pokiza va xushbo‘y og’zing-la o‘qi. Senga muborak bo‘lsin", deydi. Bilingki, namoz ichida Qur’on o‘qish fazilatlarning ko‘rinmas xazinasi, xayr va barakot dasturxonidir. Shunday ekan, bu buyuk foydani qo‘lga kiritmoq uchun kuchingiz yetgunicha harakat qiling. Chunki namoz zulmat pardasini yirtuvchi bir nurdir. Zakot yaxshilik yo‘lini ko‘rsatuvchi bir mayoqdir. Ro‘za yomonliklardan asraguvchi bir qalqondir. Sabr rohatbaxsh bir nurdir. Binobarin, Qur’onga hurmat bilan munosabatda bo‘ling, unga bepisand va past nazarda qaramang. Haq taolo Qur’onni hurmat qilganlarga baland darajotlar beradi. Unga bepisand bo‘lganlarni esa kamsitadi. Qur’onni yodlab, uning amrlariga rioya qilganlarning duosi Alloh dargohida mutlaqo qabul bo‘ladi. Alloh xohlasa, bu dunyoda beradi, xohlasa, oxiratga qoldiradi. Alloh dargohidagi mukofotlar tavakkul qilganlar uchun dunyo manfaatlaridan yanada ustun va bitmas-tuganmasdir».

HAYIT AYYOMINGIZ MUBORAK BO'LSIN!!!

Qayd etilgan