"Muborak Oy tuhfasi" dasturi  ( 74604 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 B


AbdulAziz  28 Avgust 2008, 11:50:19

"Muborak Oy tuhfasi" dasturi - 1429 hijriy


Assalomu alaykum aziz dindoshim!
Sizni muborak ayyom - Ramazoni sharif bilan chin qalbimizdan qutlashga ijozat bergaysiz.
Ushbu mohi sharif qalbingizni iymon va Alloh muhabbati bilan to'ldirsin!
Qilajak ibodatlaringiz, duolaringiz Yaratgan huzurida maqbul bo'lsin!
Ayyom muborak!

Muborak Oy tuhfasi dasturi 3 yildan beri Ramazon oyida taqdim etilib kelyapti. Inshaalloh bu yilgi Rahmat oyida ham davom etadi. Dastur Siz azizlar uchun ozgina bo'lsa ham ilm ulashish uchun xizmat qiladi, degan umiddamiz. 

Bu yilgi dastur ushbu qismlardan iborat:
- Rasululloh SAVning duolari (sahih hadislar asosida Rasululloh SAV tillaridan rivoyat qilingan duolar)
- Sahih hadisi shariflar (sahih kitoblaridan olingan ibratli hadislar)
- Sahih hikoyatlar (sahih hadislar asosida to'plangan ibratli hikoyatlar)
- Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar (sahih hadis va rivoyatlar asosida).

Dasturni tayyorlashda quyidagi manbalardan foydalanildi: Qur'oni karimning o'zbekcha tarjimasi (Alouddin Mansur), "Al-Jome' as-sahih" (Imom al-Buxoriy), "Sahihi Muslim" (Imom Muslim), "Sunani Termiziy" (Imom Termiziy), "Al-adab al-Mufrad" (Imom Buxoriy), "Al-azkor" (Imom Navaviy), "Shamoili Muhammadiy" (Imom Termiziy), "Arba'iyn" (Imom Navaviy), "Riyozus solihiyn" (Imom Navaviy), "Musnad" (Imom Abu Hanifa). Har bir hadisning sanadi va roviyi ilova qilindi.

"Muborak Oy tuhfasi" dasturi www.ziyouz.comning Islomiy saytida tayyorlangan. Dastur inshaalloh Ramazonning 30 kunida davom etadi.
Shuningdek, Muborak oy tuhfasi e-mail orqali ham yuboriladi. Agar o'zingiz va boshqa birodarlaringiz ham ushbu dasturdan bahramand bo'lishlarini hohlasangiz, ularning e-maillarini bizga yo'llashingiz mumkin.

Allohim qilayotgan ibodatlaringizni o'z dargohida qabul qilsin! Duoda bizni ham eslasangiz judayam xursand bo'lardik.
Wassalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Qayd etilgan


AbdulAziz  01 Sentyabr 2008, 16:25:47

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 1-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘p (qilib yuradigan) duolari «Allohumma atina fid-dunya hasanatav vafil axirati hasanatav vaqina azaban-nar» edi. (Ma'nosi: Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato qilgin, oxiratda ham yaxshilik ato etgin va bizni do‘zax azobidan asragin.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Rasululloh sallolohu alayhi va sallam dedilar: "Kimki Ramazon kechalarini, Ollohga iymon keltirib, undan savob umid etib, ibodat bilan o'tkazg'usidir, uning qilgan gunohlari mag'firat qiling'usidir". (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Halok bo‘ldim!» - dedi. Janob Rasululloh: «Nechun?» - dedilar. U: «Ramazonda xotinim birla aloqa qilib qo‘ydim»,- dedi. Janob Rasululloh: «Bir qul topa (ya'ni, ozod qila) olasanmi?» - dedilar. U: «Yo‘q», - dedi. Janob Rasululloh: «Ikki oy muttasil ro‘za tuta olasanmi?» - dedilar. U: «Yo‘q»,- dedi. Janob Rasululloh: «Oltmishta miskinning qorinlarini to‘yg‘aza olasanmi?» - dedilar. U: «Yo‘q»,- dedi. Shul asnoda ansorlardan biri bir savat xurmoni Janob Rasulullohga (hadya qilib) olib kelib qoldi. Janob Rasululloh boyagi kishiga: «Mana buni olib borib, sadaqa qilgil!» - dedilar. U: «O'zimizdan kambag‘alroqqami, yo Rasulalloh? Sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, Madinaning ikki tog‘i oralig‘ida bizdan ham qashshoqroq xonadon yo‘qdur!» - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Borgil, buni oilangga yedirgil!»- deb marhamat qildilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abu Sa'id al-Xudriy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam odamlarga xitob qilib: «Darhaqiqat, Olloh taolo (bu) dunyodagi va o‘z huzuridagi bandalari orasidan bir bandani afzal ko‘rdi. Men (ham) Olloh taolo huzuridagi (ya'ni, Olloh taolo afzal ko‘rgan) o‘shal bandani afzal ko‘rdim», - dedilar. Shunda Abu Bakr yig‘lab yubordilar. Biz: «Nechun Abu Bakr Janob Rasululloh Olloh taolo afzal ko‘rgan bandani afzal kurganlari uchun yig‘layotirlar?» - deb taajjub qildik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abu Bakrni afzal ko‘rguvchi, Abu Bakr ersalar ul zotni barchamizdan ko‘ra yaxshiroq bilguvchi kishi erdilar. Shul boisdan ham Janob Rasululloh: «Mening uchun o‘zining suhbati va mol-dunyosi borasida eng ishonchli kishilardan biri Abu Bakrdurlar. Agar rabbimdan bo‘lak (yana) bir kishini (o‘zimga) do‘st tutadirgan bo‘lsam, Abu Bakrni do‘st tutgan bo‘lur erdim. Ammo, (musulmonlar uchun Olloh taolodan ortiqroq do‘st yo‘q bo‘lib, ular orasida) Islom birodarligi-yu muhabbati (mavjud bo‘lmog‘i kerak). Masjidda Abu Bakrning eshiklaridan bo‘lak birorta eshik qolmasin!» - dedilar, (ya'ni, har kim masjid hovlisiga o‘z hovlisidan eshik ochib olgan erdi, Janob Rasululloh ana o‘shal eshiklarni nazarda tutyaptilar)». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Sentyabr 2008, 07:33:36

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 2-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Allohumma ya musarrifal qulub sarrif qulubana ‘ala to'atika», deb aytardilar (Ma'nosi: Ey qalblarni burib qo‘yuvchi Allohim, qalbimizni toatingga burib qo‘ygin.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Imron ibn Husayn raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Sizlarning yaxshilaringiz mening zamondoshlarimdur, so‘ng ulardan keyingilar, so‘ng ulardan keyingilar» - deb marhamat qildilar. Keyin, Janob Rasululloh o‘z asrlaridan ikki yoki uch asr so‘ng dunyoga keladiganlar haqida zikr qildilarmi, yo‘qmi, buni aniq bilmayman, ul zot: «Sizlardan keyin shunday qavm dunyoga keladiki, ular xiyonat qilib, o‘zlariga nisbatan ishonchni yo‘qotadilar, va'da beradilar-u, vafo qilmaydilar, (dunyo lazzatlariga berilib ketganlaridan) semirib ketadilar» - deb aytdilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Uch kishi yo‘lda ketayotgan erdi, birdan yomg‘ir yog‘ib qolib, tog‘dagi bir g‘orga kirib berkinishdi. Shu payt, tog‘dan bir katta tosh (qoya) dumalab tushib, g‘orning og‘zini tusib qo‘ydi. Shunda ular bir-birlariga: «Olloh yo‘lida biror xayrli ish qilgan bo‘lsangizlar, o‘shani o‘rtaga qo‘yib parvardigorga iltijo qilingizlar, zora u g‘orning og‘zini ochsa!» - deyishdi. Ulardan biri: «Yo Olloh, mening keksayib qolgan ota-onam bor erdilar. O'zim ersam qo‘ychivonlik qilardim. Har kuni yaylovdan qaytgach, quylarni sog‘ib, sutini avval ota-onamga, so‘ng bolalarim va ahli ayolimga berardim. Bir kuni yaylovda kech qolib ketdim, kelsam, ular uxlab qolishibdi. Odatdagidek, quylarni sog‘ib, sutini ota-onamning huzurlariga olib bordim-u, ularni uyg‘otishga botinolmay turib qoldim. Bolalarim ersa (sut so‘rab) oyoqlarim ostida talpinib yig‘lashardi. Shu ahvolda tong ottirdik. Yo Olloh, agar bilsang, bu ishni seni yuz-xotir qilib qilgan erdim. Bizga g‘orning og‘zini bir oz ochgil, toki biz osmonni ko‘raylik!» - deb iltijo qildi. Shunda Olloh taolo g‘orning og‘zini bir oz ochdi. Keyin, ularning ikkinchisi: «Yo Olloh, agar bilsang, men amakimning qizlaridan birini erkaklar ayollarni yaxshi kurgandek qattiq sevardim. U (ya'ni, amakimning qizi menga): «Yuz dinor bermaguningcha maqsadga erisholmaysan», - dedi. Men yuz dinor topib uning oldiga bordim-da, o‘zimni oyoqlari orasiga olib erdim: «Ollohdan qyorqgil, muhrni halollab ochgil!» - dedi. Shunda men darhol o‘rnimdan turib, undan nari ketdim. Yo Olloh, agar bilsang, men bu ishni seni yuz-xotir qilib qilgan erdim. Bizga g‘orning og‘zini (kattaroq) ochgil!» - dedi. Olloh taolo g‘or og‘zining uchdan ikki qismini ochdi. So‘ng, ulardan uchinchisi: «Yo Olloh, agar bilsang, men bir kishini bir faraq (3 so') makkajo‘xoriga yollab erdim. Ish tugagach, haqini berdim, ammo u olmay ketib qoldi. Keyin, men o‘sha (bir faraq) makkajo‘xorini ekib, dehqonchilik qildim, hosilini sotib, puliga bir sigir va molga qarab turish uchun bir xizmatkor (qul) sotib oldim. Bir kuni o‘sha yollangan odam kelib, haqini mendan talab qildi. Men: «Bor, anavi sigir va uning boquvchisi senga!» - dedim. U menga: «Meni masxara qilayotirsanmi?» - dedi. Men: «Yo‘q, masxara qilmayotirman, o‘sha sigir va uning boquvchisi senga, ularni olib ketaver!» - dedim. Yo Olloh, agar bilsang, men bu ishni seni yuz-xotir qilib qilgan erdim. G'orning og‘zini butunlay ochgil!» - deb iltijo qildi. Shunda Olloh taolo g‘orniig ogzini butunlay ochdi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Hamza otalaridan naql qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Men uxlab yotganimda (ya'ni, tushimda) sut ichdim, hatto uning tirnoqlarim atroflaridan oqib chiqayotganini ko‘rdim. So‘ng, ortib qolganini Umar ibn al-Xattobga berdim», - dedilar. Shunda (sahobalar): «Buni nimaga yo‘ydingiz, yo Rasulalloh?» - deyishdi. Ul zot: «Ilmga», - dedilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Umar ibn Hattobning adolati.mp3 (29:09 minut, 20,1 Mb)

Umar ibn Hattobning nafs tarbiyasi.mp3 (03:22 minut, 1,54 Mb)

Umar ibn Hattobning o'limi.mp3 (13:04 minut, 5,98 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Sentyabr 2008, 10:23:29

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 3-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh nomi bilan mashaqqatli balodan, baxtsizlikning eng past darajasidan, qazo (qadar)ning yomonidan va dushmanning ichqoraligidan panoh tilanglar», deb aytdilar, ya'ni «A'uvzu billahi min jahdil balo va darakish shaqoi va suv'il qazo va shamotatil a'doi», deb duo qilinglar, dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Allohning shunday bandalari borki, Qiyomat kuni ular minbarda o‘tiradilar. Ularning liboslari nur, yuzlari yorug‘ bo‘ladi. Ular payg‘ambarlar ham, shahidlar ham emas, lekin payg‘ambarlar ham, shahidlar ham ularga havas bilan qaraydilar». Shunda sahobalar: «Ular kimlar, yo Rasululloh?» deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: «Ular Alloh uchun bir-birlarini yaxshi ko‘rganlar, Alloh uchun bir-birlarini ziyorat qilganlar va Alloh uchun bir-birlari bilan o‘tirganlardir», dedilar. (sahih, Tabaroniy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Banu Isroilga mansub bir yahudiy ikkinchi bir yahudiydan qarz so‘radi. Shunda qarz berguvchi: «Menga ishonchli guvohlar keltir!» - dedi. Qarz olguvchi: «Ollohning guvohligi kifoya» - deb aytdi. Qarz berguvchi: «Unday bo‘lsa, menga kafil keltir!» - dedi. Qarz olguvchi: «Ollohning kafilligi kifoya», - dedi. Qarz berguvchi: «Rost gapni aytding», - dedi-da, unga muayyan muddatga qarz berdi. Keyin, qarz olgan odam kemaga ultirib ravona bo‘ldi-da, mo‘ljallagan ishlarini ado etgach, qarz bergan odamga olgan qarzini vaqtida olib borib berish uchun kema axtara boshladi, ammo birorta ham kema topa olmadi. Noiloj, u bir yog‘ochni oldi-da, ichini uyib, kavagiga ming dinor va qarz bergan kishiga yozgan xatini tiqib qo‘ydi. So‘ng, kavak og‘zini berkitib, yog‘ochni dengiz sohiliga olib keldi-da: «Yo parvardigoro, mening bir odamdan ming dinor qarz olganimni va u guvoh keltirmog‘imni talab qilganda «Ollohning guvohligi kifoya» deganimni, so‘ng u sening guvohligingta rozi bo‘lib, kafil keltirmog‘imni talab qilganda «Ollohning kafilligi kifoya» deganimni va u sening kafilligingga rozi bo‘lganini bilursan. Keyin, men uning haqini vaqtida olib borib berish uchun kema topishga ko‘p harakat qildim, ammo topolmadim. Endi, bu omonatni senga ishonib topshirurman» - deb yog‘ochni dengizga tashladi, yog‘och dengizda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. So‘ng, u o‘z yurtiga boradirgan kema axtara boshladi. Unga qarz bergan boyagi kishi xususiga kelsak, u: «Shoyad qarz olgan kishi biror kemada pulimni olib kelib qolgan bo‘lsa, borib qaray-chi!» - dedi-da, uyidan chiqib sohilga bordi. Shunda uning ko‘zi suvda qalqib turgan bir yog‘ochga tushib, «O'tinga yarab qolar» degan o‘y birlan uni uyiga olib ketdi. Uyiga borgach, yog‘ochni arralab erdi, ichidan pul va bir xat chiqdi. Shu asnoda qarz olgan kishi yetib kelib, ung‘a ming dinor uzatdi-da: «Olloh taolo haqi, qarzimni vaqtida olib kelib berish uchun tinmay kema axtardim, ammo hozir men kelgan kemadan ilgariroq yo‘lga chiqadirgan kema topolmadim» - deb uzr aytdi. Qarz bergan kishi unga: «Menga biror narsa jo‘natib erdingmi?» - dedi. Qarz olgan kishi: «Senga hozir aytdim-ku, axir, bundan ilgariroq yetib kelish uchun kema topolmadim, deb!» - dedi. Shunda qarz bergan kishi unga: «Darhaqiqat, Olloh taolo yog‘och ichida yuborgan narsangni sening nomingdan menga yetkazdi», - dedi. So‘ng qarz olgan kishi o‘zi birlan olib kelgan ming dinorni qaytarib olib ketdi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kimki «Ruma» qudug‘ini qazisa (sotib olsa), unga jannat nasib bo‘lgusidur» - deb aytganlarida o‘shal quduqni Hazrat Usmon qaziganlar (sotib olganlar). Shuningdek, Janob Rasululloh: «Kimki Usra (g‘azotiga) qo‘shin tayyorlasa, unga jannat nasib bo‘lg‘usidir» - deb aytganlarida ham (o‘shal g‘azotga) Hazrat Usmon qo‘shin tayyorlaganlar. (Sahih, Buxoriy rivoyati)


Usmon ibn Affonning o'gitlari.mp3 (02:44 minut, 1,25 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  04 Sentyabr 2008, 13:46:08

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 4-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma inniy a'uvzu bika minal ‘ajzi val kasali val jubni val harami val buxli va a'uvzu bika min ‘azobil qabri vaa'uvzu bika min fitnatil mahya val mamoti», boshqa rivoyatda «Va zila'iddayni va g‘alabatir rijal», deb aytardilar (ma'nosi: Allohim, Sening noming bilan ojizlikdan, dangasalikdan, ko‘rqoqlikdan, munkillab qariya bo‘lishdan, baxillikdan, qabr azobidan, tirik va o‘liklar fitnasidan hamda qarz yukidan va kishilarning g‘olib kelishidan panoh tilayman). Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Molik Horis ibn Osim al-Ash'ariy (r.a) rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: - Tahorat-pokizalik iymonning yarmidir. «Al-hamdu lillah» mezonni to‘ldiradi. «Subhanalloh va al-hamdu lillah» osmonlaru yer oralig‘ini to‘ldirishadi - yoki to‘ldiradi. Namoz nurdir. Sadaqa- zakot (iymonning sahihligiga) dilil-burhondir. Sabr ziyodir! Qur'on sizning foydangizga yoxud zararingizga ishlaydigan hujjatdir. Hamma tong sahardan harakat qilib o‘zini (Allohga yoki shaytonga) sotadi. Pirovardida nafsini (dunyo xorligi-yu Oxirat azobidan) xalos qiladi yoki (gunoh-ma'siyatlarga botib,) uni halok etadi. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Bir odam yo‘lda ketayotib chanqab qoldi-da, bir quduqni uchratib, uning ichiga tushib suv ichdi. So‘ng, quduqdan chiqib, bir itning tashnalikdan harsillab tuproq namini yalayotganini ko‘rdi. Shunda u o‘ziga-o‘zi: «Bu it ham men kabi chanqab qolibdi» - deb quduqqa qayta tushdi va mahsisini suvga to‘ldirdi-da, quduqdan chiqib itga ichirdi. Olloh taolo bul amali solihi uchun uning gunohlarini kechirdi», - dedilar. Shunda sahobalar: «Yo Rasulalloh, hayvonlarga suv ichirsak ham, bizga savob tegurmi?» - deyishdi. Janob Rasululloh: «(Biz sug‘oradirgan) har bir jonzotda biz uchun savob (ajr) mavjuddur», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Hazrat Aliga: «Sen mendan va men sendandurman», - deganlar.

Hazrat Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam  Alidan rozi bo‘lib bu dunyodan ko‘z yumdilar», - deydilar. (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Ali ibn Abu Tolib va Handaq g'azoti.mp3 (07:38 minut, 3,47 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Sentyabr 2008, 07:29:40

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 5-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Menga bir duo o‘rgatingki, u bilan namozimda iltijo qilayin», deganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma inniy zolamtu nafsiy zulman kasiyron vala yag‘firuz zunuba illa anta fag‘firliy mag‘firatan min ‘indika, varhamniy innaka antal g‘ofurur rohiym», deb ayt, dedilar (ma'nosi: Allohim, men nafsimga ko‘p zulm qildim. Gunohlarni Sendan boshqasi kechira olmaydi. Uzingning huzuringdan bo‘lgan mag‘firat ila meni kechirgin. Va menga rahm qilgin, albatta Sen kechirguvchi, rahmli Zotsan). Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abdurrahmon ibn Abu Bakra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uch bor: «Eng katta gunohi azimlar xususida sizlarga xabar qilayinmi?» - dedilar. Sahobalar: «Ha, yo Rasulalloh!» - deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Ollohga shirk keltirmoqlik, ota-onaga itoatsizlik...» - dedilar-da, yonboshlab yetgan erdilar, o‘ltirib oldilar. So‘ng: «Yolg‘on gap ham (eng katta gunohi azimlardan) emasmi?!» - deb takror-takror aytaverdilarki, hatto biz: «Qaniydi, bas qilsalar!» - dedik». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Banu Isroil qavmidan Jurayj ismli bir odam o‘z hujrasida ibodat qilib turgan erdi, onasi kelib uni chaqirdi. Shunda u onasining ovozini eshitgan bo‘lsa ham, ibodatini buzib, javob bergisi kelmadi. Onasi uni ikkinchi marta chaqirdi. Bu safar ham u javob bermadi. Onasi uchinchi bor chaqirdi, u yana javob bermadi. Onasi uning qoshiga kelib: «Ilohi, Jurayj fohisha xotinlar yuzini ko‘rmay, o‘lmasin!» - deb qarg‘adi. Bir kuni Jurayj o‘z hujrasida erdi, bir xotin kelib uni o‘ziga rom qilishga urindi, ammo u ko‘nmadi. Keyin, o‘sha ayol bir cho‘pon birlan aloqa qilib, undan farzand orttirdi-da: «Bu bola Jurayjdan» - deb gap tarqatdi. Natijada odamlar kelib, Jurayjning hujrasini buzib tashlashdi, o‘zini urib, haqorat qilishdi. So‘ng, Jurayj tahorat olib, ibodat qildi-da, ayolning bolasi oldiga borib: «Ey bola, sening otang kim?» - deb erdi, bola: «Mening otam cho‘pon», - dedi. Boyagi odamlar (xijolat bo‘lib) Jurayjga: «Hujrangni tilladan qayta qurib berurmiz», - deyishdi. Ammo, Jurayj: «O'zi xom g‘ishtdan (kesakdan) qurilgan erdi, sizlar ham xom g‘ishtdan qurib beringizlar!» - dedi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ja'far ibn Abu Tolibga: «Sening (qiyofang va xulqing) mening qiyofam va xulqimga uxshaydi» - deb marhamat qilganlar.

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Miskinlarga eng ko‘p xayr-ehson qilguvchi odam Ja'far ibn Abu Tolib erdilar. Ul kishi doimo bizga muruvvat ko‘rsatib, uylarida bor narsa birlan qornimni to‘yg‘azar erdilar, hattoki ichida hech vaqo yo‘q yog‘ idishlarini olib chiqsalar ham, biz uni yalab tozalab qo‘yar erdik». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Ja'far ibn Abu Tolib.mp3 (19:02 minut, 8,71 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  06 Sentyabr 2008, 07:44:04

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 6-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Abu Muso al-Ash'ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu duo bilan iltijo qilardilar: «Allohumma ig‘firliy xatiy'atiy va jahliy va isrofiy fiy amriy vama anta a'lamu bihi minniy, Allohumma ig‘fir liy jaddiy va hazliy va xatoiy va ‘amdiy va kullu zalika ‘indiy, Allohumma ig‘firliy ma qoddamtu vama axxartu vama asrartu vama a'lantu vama anta a'lamu bihi minniy, antal muqaddimu va antal muaxxiru va anta ‘ala kulli shay'in qodir». (Ma'nosi: Allohim, xatolarimni, johilligimni, ishdagi isroflarimni kechirgin. Sen uni mendan ko‘ra biluvchiroqsan. Allohim, jiddiyligimni, hazilimni, xatoimni, qasdimni va mening huzurimdagi barchasini kechirgin. Allohim, oldingi qilgan gunohlarimni, keyingilarini, yashirin qilganlarimni, ochiqcha qilganlarimni kechirgin. Sen uni mendan ko‘ra biluvchiroqsan. Sen avvalgi-yu oxirgisan. Sen har bir narsaga qodirsan.) Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Agar odamlar azon birlan (namozxonlarning) birinchi safida qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, (masjidga azonga qadar yetib kelib, birinchi safdan joy olish uchun) o‘rtalarida qur'a tashlashdan bo‘lak iloj topolmay, qur'a tashlagan bo‘lur erdilar! Agar odamlar takbirda qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, unga (barvaqtroq yetib kelish uchun) kim o‘zarga musobaqalashgan bo‘lur erdilar! Agar odamlar xufton va bomdodda qanchalar xayru barakot borligini bilganlarida erdi, ularga emaklab bo‘lsa ham, kelur erdilar!» - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «(Bir kuni) Sulaymon ibn Dovud alayhissalom: «Men bul kecha albatta yuzta (yoxud to‘qsonta) xotinni ziyorat qilurman, ularning barchasi menga Olloh taoloning yo‘lida jihod qilguvchi bittadan chavandoz tug‘ib berur!» - dedilar. Shunda ul kishining do‘stlari (ya'ni, Jabroil alayhissalom): «Inshoolloh, deb aytingiz!» - dedilar. Ammo, ul kishi (o‘zlarining ezgu orzu-xayollari bilan band ekanliklari boisidan Jabroil alayhissalomning suzlarini eshitmay qolib), «Inshoolloh» demadilar. Pirovardida, ul xotinlarning faqat bittasigina homilador bo‘lib, u ham oyog‘i noqis bola tug‘di. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot haqi, agar «Inshoolloh» deganlarida (ul ayollar bittadan o‘g‘il tug‘ib bergan va) ularning barchasi Olloh taolo yo‘lida ot minib jihod qilgan bo‘lur erdilar!». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Fotima jannat ahli ayollarining sayyidasidur» - deb marhamat qilganlar.

Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam vafot etgan bemorliklari vaqtida qizlari Fotimani duo qilib, unga bir sir aytib erdilar, yig‘lab yubordi, keyin uni yana duo qilib, yana bir sir aytib erdilar, kulib yubordi. Men Fotimadan buning boisini so‘rasam, u: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ana shu bemorliklari vaqtida vafot etajaklarini qulog‘imga aytib erdilar, yig‘lab yubordim. Keyin, ul zot yana qulog‘imga: «Sen xotin, bola-chaqalarim ichida birinchi bo‘lib menga ergashursan»-deb erdilar, kulib yubordim», - dedi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Fotima binti Muhammad.mp3 (08:41 minut, 3,98 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2008, 12:21:26

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 7-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolarida «Allohumma inniy a'uzu bika min sharri ma ‘amiltu va min sharri ma lam a'mal», deb aytardilar (Ma'nosi: Allohim, men Sendan amal qilgan va amal qilmagan narsalarimning yomonidan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Yetti halokatli (gunohi azimlar)dan o‘zingizni olib qochingizlar!» - dedilar. (Sahobalar): «Yo Rasulalloh, ular qaysi (gunohi azimlar?)» - deyishdi. Janob Rasululloh: «Olloh taologa shirk keltirmoq, sihr qilmoq, Olloh taolo (o‘ldirmoqni harom) qilgan jonni nohaq o‘ldirmoq, poraxo‘rlik qilmoq, yetimlar molini yemoq, qo‘shin yurish qilgan kuni jangdan qochmoq va buzuqlik (ne ekanligi)dan bexabar, pokdomon mo‘minalarni badnom kilib qo‘ymoqdur», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Payg‘ambarlardan biri (ya'ni, Yo‘sha' ibn Nun) g‘azotga chiqmoqchi bo‘ldilar. Shunda ul kishi o‘z qavmlariga: «Ayolning farjiga yetishib (ya'ni, yaqindagina bir ayolga uylanib), uning huzuriga kirmoq orzusida turgan, hali uni jimo' qilib ulgurmagan biror kishi mening ortimdan (g‘azotga) ergashmasin! Uylar qo‘rib, hanuz tomlarini yopa olmagan (kishilardan) birortasi ham (mening ortimdan g‘azotga) ergashmasin! (Shuningdek, bo‘g‘oz) qo‘y yoki (bo‘g‘oz) tuyalar sotib olib, ularning bolalamog‘ini kutayotgan biror kishi ham (mening ortimdan g‘azotga) ergashmasin!» - deb amr qildilar. (Chunki, bunday kishilarning xayollari doimo xotinlari, uylari va mol-hollarida bo‘lib, g‘azotdan chalg‘ir erdilar). So‘ng, ul kishi (bir qancha yahudiy qabilalari birlan birga) g‘azotga yo‘l olib, asr namozi vaqtida yoki taxminan shu vaqtlarda bir qishloqqa (ya'ni, Ariyhoga) yaqinlashdilar. (Shu kuni jum'a kuni bo‘lib, ikki o‘rtada qattiq jang boshlandi. Ammo, Yo‘sha' alayhissalom Quyosh botishiga va yahudiylar uchun urush man' qilingan shanba tunining kirishiga oz vaqt qolganidan xavotir olib), Quyoshga: «Sen (botishga) buyurilgansan, men ersam (sen botguncha urush qilishga) buyurilganman»,- (dedilar. So‘ng, Olloh taologa): «Yo parvardigoro, (ularni mag‘lub etgunimizga qadar) Quyoshni (botishdan) to‘xtatib turgil!» - deb iltijo qildilar. (Shunda Olloh taolo) Quyoshni (botishdan) to‘xtatib, Yo‘sha' alayhissalomga zafar ato etdi. So‘ng, ul kishi (barcha) o‘ljalarni (bir yerga) to‘plab erdilar, (Olloh taolo ul o‘ljalarni yondirib yubormoq uchun o‘tni yubordi), lekin o‘t kelib o‘ljalarni yendirmadi. (Ya'ni, Yo‘sha' alayhissalomning qavmlariga o‘lja olmoq harom qilingan bo‘lib, ular har jangdan so‘ng o‘ljalarni bir yerga . tuplashar erdi. Keyin, Olloh taolo utni yuborib, o‘t ul o‘ljalarni yendirar erdi. Ammo, bu safar o‘t o‘ljalarni yondirmadi, chunki ular o‘ljalardan o‘g‘irlab, yashirib qo‘yishgan erdi). Yo‘sha' alayhissalom (qavmga): «Oralaringizda xiyonat sodir bo‘ldi, shul bois har bir qabiladan bir kishi menga (qo‘l berib) bay'at qilsin (qasam ichsin!)» - dedilar. Ular Yo‘sha' alayhissalomga (qo‘l berib) bay'at qilishayotganda bir kishining quli ul kishining qo‘llariga yopishib qoldi. Shunda Yo‘sha' alayhissalom (o‘shal kishiga): «Xiyonat sizlarning orangizda sodir bo‘lgandur, endi sening qabilang menga bay'at qilsin!» - dedilar. O'shal qabila ahli (birma-bir) bay'at qilganda ulardan ikki yoki uch kishining quli Yo‘sha' alayhissalomning qo‘llariga yopishib qoldi. Shunda Yo‘sha' alayhissalom (ularga): «Xiyonat sizlarning orangizda sodir bo‘lgandur» - deb erdilar, ular sigir kallasidek keladirgan bir oltinni olib kelib, (o‘ljalarga qo‘shib) qo‘yishdi. Shundan so‘nggina, o‘t o‘ljalarni yondirdi. Keyin, Olloh taolo (ilgarigi payg‘ambarlarning qavmlaridan birortasiga halol qilmagan) o‘ljalarni bizga halol qildi, u bizning zaif va bechorahol ekanligimizni ko‘rib, (bizga rahm aylab) o‘ljalarni bizga halol qildi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Har bir payg‘ambarning o‘z havoriysi (yordamchisi) bo‘lgan, mening havoriyim ersa Zubayr ibn al-Avvomdur» - deb marhamat qildilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Sentyabr 2008, 05:59:23

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 8-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Quyidagilar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolaridan edi: «Allohumma inniy a'uzu bika min zavoli ni'matika va tahavvuli ‘ofiyatika va faj'ati niqmatika va jamiy'i suxtika». (Ma'nosi: Allohim, bergan ne'mating zavol bo‘lishidan, bergan ofiyating o‘zgarib ketishdan, to‘satdan keluvchi o‘chingdan va jamiki g‘azabingdan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Odamlarning (o‘zaro qilgan) har bir salom-aligi uchun savob yozilur, Quyosh chiqadirgan har bir kunda (ya'ni, bu dunyoda) odamlar o‘rtasida qilingan adolat uchun savob yozilur!» - deb marhamat qildilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «Payg‘ambarlardan biri (dam olmoq bo‘lib) bir daraxt ostiga kelib o‘ltirdilar. Bir mahal bir chumoli ul kishini chaqib olib erdi, kiyimlarini yechib ichidan chumolini olib tashlashni hamda uning iniga o‘t qo‘yishni amr qildilar. Shunda Olloh taolo ul kishiga vahiy yuborib: «Sizni bitta chumoli chaqmaganmidi?! (Nega endi bitta chumolini deb, butun chumolilar iniga o‘t quydingiz?!) - dedi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Hazrat Umar: «Rasululloh sallallohu alayhi va saldam vafot qilayotib undan (Talha ibn Ubaydullohdan) rozi ekanliklarini aytganlar», - deydilar.

Qays ibn Abu Hozim: «Men Talhaning Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni (jangda) pana qilib turgan qo‘llarini ko‘rdim, o‘shal qullari (o‘q tegaverganidan) shol bo‘lib qolibdi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Talha ibn Ubaydulloh.mp3 (11:23 minut, 5,21 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  09 Sentyabr 2008, 06:03:28

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 9-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Zayd ibn Arqamdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma inniy a'uvzu bika minal ‘ajzi val kasali val jubni, val buxli val hammi va ‘azabil qobri, Allohumma ati nafsiy taqvoha va zakkiha anta xayru man zakkaha anta valiyyuho va mavlaha, Allohumma inniy a'uvzu bika min ‘ilmin la yanfa'u va min qolbin la yaxsha'u vamin nafsin la tashbau' va min da'vatin la yustajobu laha», deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, Sening noming ila ojizlikdan, dangasalikdan, qo‘rqoqlikdan, baxillikdan, g‘amdan, qabr azobidan panoh tilayman. Allohim, nafsimning taqvosini bergin va uni poklagin va Sen poklovchilarning yaxshisisan. Sen do‘sti va xojasisan. Allohim, Sening noming ila foyda bermaydigan ilmdan, qo‘rqmaydigan qalbdan, to‘ymaydigan nafsdan va ijobat qilinmaydigan duodan panoh tilayman.) Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Olloh taoloning to‘qson to‘qqizta, (ya'ni) bir kam yuzta ismi bor. Kimki ularni yodlab olsa, jannatga kirgay» - deb marhamat qildilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Sa'id ibn Jubayr Ibn Abbos raziyallohu anhudan naql qiladilar: «Ibrohim alayhissalom o‘zlari va oilalari o‘rtasidagi voqea sodir bo‘lganda Ismoil alayhissalom birlan Ismoil alayhissalomning onalari (Bibi Hojarni) olib (Shomdan Makka tomon) yo‘lga chiqdilar. Shunda ularning bir mesh suvdan bo‘lak yo‘l ozigi yo‘q erdi. Ismoil alayhissalomning onalari (Bibi Hojar) o‘shal meshdan yo‘l-yo‘lakay suv ichib borib erdilar, sutlari bolalariga mo‘l keldi. Ibrohim alayhissalom Makkaga yetib kelgach, ularni (Bibi Hojar va Ismoil alayhissalomni) bir katta daraxt ostida qoldirdilar-da, (darhol) oilalariga (Shomga) tomon yo‘lga tushdilar. Ismoil alayhissalomning onalari (Bibi Hojar) ul kishiga ergashib, Kado' degan yerga yetganlarida ortlaridan chaqirdilar-da: «Ey Ibrohim (alayhissalom), bizni kimga (ishonib) tashlab ketayotirsiz?» - dedilar. Ibrohim alayhissalom: «Olloh taologa», - dedilar. Bibi Hojar: «Menga Olloh (er bo‘lsa) bas!» - deb qaytib ketdilar. Keyin, ul muhtarama (anchagacha) meshdagi suvdan ichib yurdilar, sutlari bolalariga mo‘l kelib turdi. Meshdagi suv tamom bo‘lgach, (o‘zlariga o‘zlari): «Nariroqlarga borib qarayin-chi, zora biror odamni uchratsam!» - dedilar. So‘ng, yura-yura Safo tepaligiga yetib borib, unga ko‘tarildilar-da, tepadan turib atrofni kuzatdilar. Ammo biror kimsaga ko‘zlari tushmadi. Keyin, vodiyga (o‘g‘ilchalari qolgan yerga) qaytib borgach, sa'y qilib Marva tepaligiga keldilar. Bu harakatni shitob birla qildilar. So‘ng, (o‘zlariga o‘zlari): «Vodiyga qaytay-chi, unga (o‘g‘ilchamga) ne bo‘ldi ekan?» - deya vodiyga borib qarasalar, o‘g‘ilchalari o‘lim talvasasidagi odam singari holatda yotibdi. Uning bu ahvolini ko‘rgach, yuraklari bezovta bo‘lib: «(Yana) borib qarayin-chi, zora biror odamni uchratsam!» - deya (shitob birlan) Safoga bordilar-da, tepasidan turib atrofni rosa kuzatdilar, ammo biror odamni ko‘rmadilar. Shu tariqa (bu yerga) yetti marta kelib ketdilar. So‘ng, (Marva tepasidan atrofni kuzatib turib, hech kimni ko‘rmagach, o‘zlariga o‘zlari): «Borib qarayin-chi, o‘g‘ilchamga ne bo‘ldi ekan?» - deb ham erdilarki, bir ovoz quloqlariga chalindi. Shunda: «Parvardigoro, duo-yu iltijolarimga ijobat qilib, najot ber!» - deb erdilarki, Jabroil alayhissalom namoyon bo‘lib, tovonlari birlan yerni ezdilar. Shunda (erdan) suv otilib chiqdi. Ismoil alayhissalomning onalari (Bibi Hojar) bundan hayratlangancha suv atrofini kavlab hovuzcha qila boshladilar. Abulqosim (Rasululloh) sallallohu alayhi va sallam: «Agar unga tegmaganlarida oqar sup bo‘lgan bo‘lur erdi», - deydilar. So‘ng, Bibi Hojar o‘shal suvdan ichib yurib erdilar, bolalariga sutlari mo‘l keldi. Kunlardap bir kuni (Yamandan) yo‘lga chiqqan Jurhum mahallasi ahli (Bibi Hojar o‘g‘ilchalari birlan turgan) vodiy orqali o‘tib ketayotib (osmonda gir aylanib uchayotgan) bir qushni ko‘rib qolishdi-da, ko‘zlariga ishonmay: «Bu qush faqat suv ustidagina uchib yurur», - deyishdi. Keyin, ular o‘shal tomonga bir necha kishini yuborishib erdi, suv borligini bilib qaytishdi-da, sheriklariga shul haqda xabar qilishdi. Keyin, hammalari Bibi Hojarning huzurlariga borishib: «Ey Ismoil (alayhissalom)ning onasi, bizning siz birlan bo‘lmog‘imizga (siz birlan birga turmog‘imizga) ijozat bergaymisiz?» - deyishdi, (ijozat berganlaridan so‘ng, ular o‘sha yerda yashab qolishdi. Yillar o‘tib) Bibi Hojarning o‘g‘illari voyaga yetdilar va Jurhum ahli ayollaridan biriga uylandilar. Kunlardan bir kuni Ibrohim alayhissalom Bibi Hojar birlan o‘g‘illari yodlariga tushib, Bibi Sorraga: «Men o‘zim tashlab kelgan Bibi Hojar birlan o‘g‘limning holidan xabar olmoqchiman» - deb yo‘lga chiqdilar. Yetib kelgach, salom berdilar-da: «Ismoil qaerda?» - deb ul kishining xotinlaridan so‘radilar. U: «Ov qilgani ketganlar», - dedi. Ibrohim alayhissalom: «Ering uyga qaytganda unga aytgilki, eshigining ostonasini o‘zgartirsin!» - deb tayinladilar. Keyin, Ismoil alayhissalom uylariga qaytgach, xotinlari boyagi gapni aytdi. Ismoil alayhissalom: «Huzuringga kelgan kishi mening otam bo‘ladilar, endi sen taloqsan, uyingga jo‘na!» - dedilar. (Birmuncha vaqt o‘ggach), Ibrohim alayhissalom ularni eslab, Bibi Sorraga: «Men o‘zim tashlab kelgan Bibi Hojar birlan o‘g‘limdan xabar olmoqchiman» - dedilar. Yetib kelgach, Ismoil alayhissalomning (keyingi xotinlariga): «Ismoil qaerda?» - dedilar. U: «Ov qilgani ketganlar. Uyga kiring, biror narsa yeb-ichib oling!» - dedi. Ibrohim alayhissalom: «Ne yeb-ichursizlar?» - dedilar. U: «Yeguligimiz go‘sht va ichimligimiz suv», - dedi. Ibrohim alayhissalom: «Yo parvardigor, ularning taomiga va ichimligiga baraka ato etgaysan!» - deb duo qildilar. Abulqosim (Rasululloh) sallallohu alayhi va sallam: «(Olloh taolo) Ibrohim alayhissalomning duolari tufayli (ularning go‘shtu suviga) baraka (ato etdi)», - dedilar. (Yana birmuncha vaqt o‘tgach), Ibrohim alayhissalom ular yodlariga tushib, Bibi Sorraga: «Men o‘zim tashlab kelgan Bibi Hojar birlan o‘g‘limdan xabar olmoqchiman - dedilar. Kelganlarida Ismoil alayhissalomni zamzam qudug‘ining ortida kamonlarining o‘qini tuzatib turgan holda uchratdilar-da: «Ey Ismoil, parvardigoring o‘ziga uy (Baytulloh) qurib bermog‘imni menga amr qildi», - dedilar. Ismoil alayhissalom: «Parvardigoringizga itoat etingiz!» - dedilar. Ibrohim alayhissalom: «Parvardigor bu ishda menga yordam bermog‘ingni buyurdi», - dedilar. Ismoil alayhissalom: «Demak, shunday (yoki aytganini) qilurman», - dedilar. Keyin, ikkalalari o‘rinlaridan turishdi, Ibrohim alayhissalom uy qurishni boshladilar, Ismoil alayhissalom ersalar tosh uzatib turdilar. Shunda ikkalalari nuqul: «Yo parvardigorimiz, bizdan (ushbu amalimizni) qabul aylagil, darhaqiqat sen (bizning duomizni) eshitguvchi, bilguvchisan!» - deyishar erdi. Shu tariqa bino baland ko‘tarilib, keksa Ibrohim alayhissalom (yuz yoshda erdilar) toshlarni yuqoriga ko‘tarishga zaiflik qilib qoldilar. Shunda ul kishi bir tosh ustiga chiqib oldilar, Ismoil alayhissalom (o‘ttiz yoshda erdilar) ersalar tosh uzatishda davom etdilar. Ikkalalari nuqul (yana): «Yo parvardigorimiz, bizdan (ushbu amalimizni) qabul aylagil, darhaqiqat sen (bizning duomizni) eshitguvchi, bilguvchisan!» - deyishar erdi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Sa'd ibn Abu Vaqqos (Sa'd ibn Molik) raziyallohu anhu: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud kuni menga: «Ota-onam sizga fido bo‘lsinlar!» - deb aytdilar», - deydilar.

Sa'd ibn Abu Vaqqos: «Men Olloh taolo yo‘lida birinchi bo‘lib o‘q otgan arabdurman. Biz (sahobalar) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam birlan birga g‘azot qilur erdik, daraxt barglaridan o‘zga yeguligimiz bo‘lmas erdi, hattoki ba'zi birimizning ichimiz tuya tezagi yoki qo‘y qumalog‘i kabi erdi. Keyin, Banu Asad menga: «Namozni yaxshi ado etmaysan, ilgarigi amali solihlaringni habata qilding!» - deb tanbeh bera boshladi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Sa'd ibn Abu Vaqqos.mp3 (30:13 minut, 13,8 Mb)

Qayd etilgan