"Muborak Oy tuhfasi" dasturi  ( 74485 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 B


AbdulAziz  20 Sentyabr 2008, 01:19:11

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 20-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Abu Umomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda ko‘p duolar bilan iltijo qilardilar-u, biz undan birortasini yodlab qola olmas edik. Shunda men: «Ey Rasululloh, ko‘p duolar bilan iltijo qilasiz-u biz undan birortasini yodlamaymiz», desam, u zot: «Ana shu duolarning barchasini o‘zida jamlaganiga dalolat qilaymi? U «Allohumma inniy as'aluka min xoyri ma sa'alaka minhu nabiyyuka Muhammadun sollallohu alayhi vasallam va na'uzu bika min sharri masta'ozaka minhu nabiyyuka Muhammadun sollallohu alayhi vasallam va antal musta'onu va ‘alaykal balag‘u vala havla vala quvvata illa billah»dir, dedilar. (Ma'nosi: Allohim, nabiyying Muhammad alayhissalom so‘ragan narsalarning yaxshisini Sendan so‘rayman. Va nabiyying Muhammad alayhissalom panoh so‘ragan narsalarning yomonidan panoh so‘rayman. Va Sen yordam so‘raluvchi zotsan. Yetuklik Sengadir. Allohdan boshqa o‘zgartiruvchi va quvvat yo‘qdir.) Imom Termiziy rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abdulloh ibn Amr ibn Oss aytdilar: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Musulmonlarning qaysi biri yaxshiroq?» deb so‘raganida, u zot: «Musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘luvchi kishi yaxshiroqdir», dedilar». (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Jobir raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Nabiy sallallohu alayhi va sallam birlan birga safarda erdim. Tuyam juda imillab kelardi. Shu payt yonimdan Nabiy sallallohu alayhi va sallam utib qoldilar-da: «Bu kim?» - dedilar. Men: «Jobir ibn Abdullohman», - dedim. «Nega orqada qolding?» - dedilar. «Tuyam imillab qoldi», - dedim. «Tayog‘ing bormi?» - dedilar. Men: «Bor», - dedim. «Uni menga ber!» - dedilar. Men tayoqni bergandim, ul zot u birlan tuyani o‘rib: «Chu, jonivor!» - dedilar. Shunda tuyam ilgarilab ketib, qavmning oldiga o‘tib oldi. So‘ng, Janob Rasululloh: «Uni menga sot!» - dedilar. «U sizga, olaqoling, yo Rasulalloh!» - dedim. «Uni menga sot, to‘rt dinorga xarid qildim, ammo Madinagacha uni o‘zing minib borasan», - dedilar. Madinaga yaqinlashganimizda tuyamni tezlatdim. Shunda ul zot: «Namuncha shoshmasang!» - dedilar. «Yaqinda bir bevaga uylangandim», - dedim. «Sen birlan o‘ynab-kuladigan birorta yosh qiz yo‘qmidi?» - dedilar. «Otam vafot etganlaridan keyin, (to‘qqizta) singilga qarab turish mening zimmamga tushdi. Shuning uchun ularni yuvib-tarab, tarbiyalay oladirgan bevaga uylana qoldim», - dedim. Madinaga yetib kelganimizda Janob Rasululloh Bilol (raziyallohu anhu)ga: «Buning (tuyaning) haqini ortig‘i birlan to‘lagin!» - dedilar. Bilol menga turt dinor-u bir qiyrot berdilar. Janob Rasululloh ning o‘sha bir qiyrot siylovlarini umrbod cho‘ntagimda saqladim». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Baro raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga bir ipak hulla (ishton va kuylak) hadya qilishdi. Janob Rasulullohning sahobalari hullaning nafisligidan taajjub qilishib uni qo‘llari birlan ushlab ko‘rayotgan erdilar, ul zot ularga: «Buning nafisligidan taajjub qildingizlarmi? Sa'd ibn Muozning (jannatdagi) ro‘molchasi bundan yaxshiroqdur!» - dedilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Sentyabr 2008, 00:56:34

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 21-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Ibn Mas'uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Allohumma innaa nas'aluka mujibati rohmatika va ‘azoima mag‘firotika, vassalamata min kulli ismin val g‘oniymata min kulli birrin val favza biljannati van najota (bi'avnika) minannar» ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duolaridan edi. (Ma'nosi: Allohim, rahmatingga mustahiq bo‘ladigan narsani, mag‘firatingni vojib qiladigan narsani, har bir gunohdan salomat bo‘lishni va har bir yaxshilikda g‘animatni hamda jannat bilan zafar qozonishni va yordaming bilan do‘zaxdan najot topishni so‘rayman). Imom Hokim «Mustadrak»larida rivoyat qilganlar. Muslimning shartlariga binoan sahihdir.

Sahih hadisi shariflar

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta xislat borki, ular kimda bo‘lsa, iymon lazzatini topibdi: 1. Biror kishini faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rsa. 2. Alloh va Uning rasuli boshqa narsalardan sevimli bo‘lsa. 3. Alloh uni kufrdan qutqarganidan keyin yana kofirlikka qaytmog‘idan ko‘ra olovga tashlanishni afzalroq deb bilsa», dedilar. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga Ramazon zakotini (fitri ro‘zani) qo‘riqlab turish vakolatini berdilar. Shunda bir odam kelib, zakotga berilgan xurmolardan hovuchlab ola boshladi. Men uni ushlab olib: «Seni hozir Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borurman!» - dedim. U: «Men muhtojman, bola-chaqam ko‘p, juda zoriqib qoldim», - dedi. Keyin, men uni qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam menga: «Ey Abu Hurayra, kecha siz qo‘lga tushirgan odam ne qildi?» - dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, u juda muhtoj ekanligi va bola-chaqasining ko‘pligidan shikoyat qildi. Shul bois rahmim kelib, uni qo‘yib yubordim», - dedim. Janob Rasululloh: «Ammo, u sizga yolg‘on gapirgan, bugun yana qaytib kelur»,- dedilar. Keyin, men: «Janob Rasululloh «Qaytib kelur» dedilarmi, demak, albatta qaytib kelur» - deb uni; poyladim. O'shal kuni u yana kelib, xurmodan hovuchlab ola boshladi. Men uni yana ushlab oldim-da: «Hozir seni Janob rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga olib borurman!» - dedim. U yana: «Muhtojman, bola-chaqam ko‘p, endi kelmayman, meni qo‘yib yubor!» - dedi. Shunda men rahmim kelib, uni yana qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yana: «Ey Abu Hurayra, asiringiz ne qildi?» - dedilar. Men: «U bola-chaqasi ko‘pligidan, muhtoj ekanligidan shikoyat qilib, endi qaytib kelmasligini aytib erdi, rahmim kelib, yana quyib yubordim», - dedim. Janob Rasululloh: «U sizni aldagan, u yana qaytib kelur», - dedilar. So‘ng, men uni uchinchi marta poylab turdim. U yana kelib, xurmodan hovuchlab ola boshlagan erdi, men uni ushlab oldim-da: «Hozir seni Janob Rasulullohning huzurlariga olib borurman, uch safardan beri meni aldab «Endi qaytib kelmayman» deysan-u, yana qaytib kelasan!» - dedim. Shunda u menga: «Meni qo‘yib yubor, (buning evaziga) men senga shunday so‘zlarni o‘rgatayinki, Olloh ul (so‘zlarni aytganing) tufayli senga naf' yetkazur», - dedi. Men: «Ul (so‘zlar) qanday so‘zlar erkan?» - dedim. U: «Agar o‘rningga yetsang, «Oyat ul-Kursiy»ni oxiriga qadar qiroat qilgil, shunda Ollohning huzuridan (bir) himoyachi (kelib) seni (tuni birlan) muhofaza qilur, hattoki ertalab uyg‘onguningga qadar shayton ham senga yaqin kela olmas», - dedi. So‘ng men uni qo‘yib yubordim. Ertalab Janob Rasululloh menga: «Asiringiz kecha ne qildi?» - dedilar. Men: «Yo Rasulalloh, u menga shunday so‘zlarni o‘rgatmog‘ini ta'kidladiki, agar ul so‘zlarni aytsam, Olloh taolo menga naf' yetkazar erkan, so‘ng men uni qo‘yib yubordim», - dedim. Janob Rasululloh: «Ul (so‘zlar) qanday so‘zlar erkan?» - dedilar. Men: «Ul menga: «Agar o‘rningga yetsang, «Oyat ul-Kursiy»ni oxiriga qadar qiroat qilgil, shunda Ollohning huzuridan (bir) himoyati (kelib) seni (tuni birlan) muhofaza qilur, hattoki ertalab uyg‘onguningga qadar shayton ham senga yaqin kela olmas» - deb aytdi», - dedim. (Sahobalar xayrli narsalarni o‘rganmoqqa ana shunday ishtiyoqmand erdilar). Janob Rasululloh: «Ammo, U yolg‘onchi bul safar sizga rost aytibdi. Ey Abu Hurayra, uch kechadan beri yolg‘on so‘zlayotgan kishining aslida kim ekanligini bilursizmi?» - dedilar. Men: «Yo‘q», - dedim. Janob Rasululloh: «U shayton erdi», - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Qur'onni to‘rt kishi- Ibn Mas'ud, Abu Huzayfaning mavlosi Solim, Ubay va Muoz ibn Jabaldan o‘rganingizlar!» - deb marhamat qildilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Muoz ibn Jabal.mp3 (13:56 minut, 6,37 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  22 Sentyabr 2008, 01:21:23

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 22-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Jobir ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib, «Voy gunohlarim, voy gunohlarim», deb ikki yoki uch marta aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Allohumma mag‘firatuka avsa'u min zunubiy va rohmatuka arja ‘indiy min ‘amaliy», deb ayt», dedilar. U bu duoni o‘qidi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam takrorla, dedilar. Bas, u takrorladi. So‘ngra yana takrorla, dedilar. Bas u yana takrorladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tur, batahqiq mag‘firat qilinding», dedilar. (Ma'nosi: Allohim, mag‘firating gunohimdan kengroqdir. Rahmating huzurimdagi amalimdan umidliroqdir.) Imom Hokim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Iymon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysiz. Bir-biringizni yaxshi ko‘rmaguningizcha (komil) iymonli bo‘lmaysiz. Agar bajarsangiz, bir-biringizni yaxshi ko‘rishingizga sabab bo‘ladigan narsaga dalolat qilaymi? Oralaringizda salomni tarqating», deb aytdilar. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Anas ibn Malik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abu Talha madinalik ansorlarning eng badavlati hisoblanardi. Uning eng yaxshi ko‘rgan boyligi (mol-mulki) Bayruho bog‘i erdi. Bu bog‘ masjidning ro‘parasida bo‘lib, Janob Rasululloh u yerga kirib, uning (shirin) suvidan ichib turardilar. «(Ey musulmonlar), o‘zingiz yaxshi kurgan narsalaringizdan xayru ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilik kamolotiga erisha olmassizlar» degan oyat nozil bo‘lganda, Abu Talha Janob Rasulullohning huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo o‘z Kitobida: «(Ey musulmonlar), o‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan xayru ehson qilmaguningizcha hargiz yaxshilik kamolotiga erisha olmassizlar» deydi. Mening eng sevimli mulkim Bayruhodur. U Olloh taolo yo‘lida sadaqa bulsin! Buning uchun men Olloh taoloning dargohida ajr olmoq umididaman. Yo Rasulalloh, uni Olloh taolo o‘zingizga amr qilgan narsaga sarf qilingiz!» - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Voh-voh! Naqadar xayriyatovar bu bog‘ing! Naqadar xayriyatovar bu bog‘ing! Men uning xususida ne deganingni eshitdim. Uni qarindoshlaringga bo‘lib berganing maqul», - dedilar. Abu Talha: «Aytganingizdek qilgum, yo Rasulalloh!»- dedi-da, uni eng yaqin qarindoshlari va amakivachchalariga bo‘lib berdi». (sahih, Buxoriy rivoyati).   

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Anas raziyallohu anhu: «Qur'onni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning davrlarida barchalari ansorlardan bo‘lmish to‘rt kishi    - Ubay, Muoz ibn Jabal, Abu Zayd va Zayd ibn Sobit jam' qildilar» - dedilar. Shunda Anasga: «Abu Zayd kim?» - doyishdi, Anas: «Amakilarimdan biri (ya'ni Avs)», - dedilar». (Ayrim ulamolar: «Mazkur hadisda Janob Rasulullohning davrlarida Qur'onni yod olganlar yuqoridagi to‘rt kishi ekanligi yoki Qur'onni faqat ansoriy qabilaga mansub bo‘lganlar jam' qilganligi nazarda tutilgan bo‘lsa kerak», - deyishadi). (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Zayd ibn Sobit.mp3 (08:46 minut, 4,01 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  23 Sentyabr 2008, 05:56:40

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 23-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu onamizga «Allohumma inniy as'aluka minal xoyri kullihi ‘ojilihi va ojilihi ma ‘alimtu minhu vama lam a'lam va a'uzu bika minashsharri kullihi ‘ojilihi va ojilihi ma ‘alimtu minhu vama lam a'lam va as'alukal jannata vama qarraba ilayha min qovlin av ‘amalin va a'uzu bika minan nari vama qarroba ilayha min qovlin av ‘amalin va as'aluka xoyro ma sa'alaka bihi ‘abduka va rasuluka Muhammad sollallohu alayhi vasallam va a'uzu bika min sharri masta'ozaka minhu ‘abduka va rasuluka Muhammad sollallohu alayhi vasallam va as'aluka ma qozayta liy min amrin an taj'ala ‘oqibatahu roshada», deb aytdilar. (Allohim, Sendan yaxshiliklarning barchasini-bu dunyodagisiyu oxiratdagisini, bilganim-u bilmaganimni so‘rayman. Va Sening noming ila yomonliklarning barchasidan-bu dunyodagisiyu oxiratdagisidan, bilganim-u bilmaganimdan panoh tilayman. Va Sendan jannatni hamda unga yaqinlashtiruvchi so‘z yoki amalni so‘rayman. Va Sening noming ila do‘zaxdan va unga yaqinlashtiruvchi so‘z yoki amaldan panoh tilayman. Quling va rasuling Muhammad alayhissalom so‘raganlarining yaxshisini Sendan so‘rayman. Quling va rasuling Muhammad alayhissalom panoh tilaganlarining yomonidan Sening noming ila panoh tilayman. Va biror ishni taqdir qilsang, oqibatini to‘g‘ri qilishingni so‘rayman.) Imom Ahmad ibn Hanbal «Musnad»larida, Ibn Moja «Sunan»larida rivoyat qilganlar.

Sahih hadisi shariflar

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi: «Ey Allohning rasuli, Alloh huzuridagi eng ulkan gunoh qaysi?» deganida, u zot: «Seni yaratgan Allohga (biror narsani) teng qilib, unga duo etmog‘ing», dedilar. U kishi: «So‘ngra qaysisi?» deganida, u zot: «Bolalaringni sen bilan birga taom yeyishidan qo‘rqib o‘ldirib yuborishing», dedilar. «So‘ngra qaysisi?» deganida, u zot: «Qo‘shningning xotini bilan zino qilishing», dedilar. Shundan so‘ng Alloh uning tasdig‘iga oyat nozil qildi: «Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar. Va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa, uqubatga duchor bo‘lur» (Furqon surasi, 68-oyat). (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Bir kuni Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (sahobalar birlan) gaplashib o‘ltirgan erdilar, huzurlarida bir badaviy ham bor erdi. Shunda Janob Rasululloh: «Jannat ahlidan bo‘lmish bir kishi (jannatda) dehqonchilik qilishga Olloh taolodan ruxsat so‘radi. Olloh taolo unga: «Ko‘ngling tusagan narsa (noz-ne'mat)lar ichra emasmisan?!» - dedi. Boyagi kishi: «Bu yerda hamma narsa muhayyo bo‘lsa-da, men dehqonchilik qilmoqchiman»,- dedi. Keyin, u don eqdi, ekkan donlari tezda unib chiqib, mo‘l hosil berdi. Keyin, u urib olib, tog‘lar kabi baland-baland xirmonlar uydi. Shunda Olloh taolo boyagi kishiga: «Ey Odam bolasi, bu ham senga kam, chunki seni hech narsa to‘ydira olmas!» - deb aytdi», - dedilar. Shunda huzurlaridagi badaviy: «Yo Rasulalloh, o‘shal odam yo qurayshiy yoxud ansoriy bo‘lsa kerak, chunki qurayshiy va ansoriylar dehqondurlar, biz badaviylar ersak, dehqon ermasmiz», - dedi. Uning bul gapidan Janob Rasulullox kulib yubordilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).        

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Uhud voqeasi kuni odamlar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni tashlab qochib, Abu Talhagina (teridan qilingan) qalqonlari birlan ul zotni himoya qilib qoldilar. Abu Talha kamonni nihoyatda qattiq tortib otguvchi mergan kishi erdilar, o‘shal kuni ikki yoki uch kamonni sindirib qo‘ydilar. Shunda bir kishi o‘q to‘la sadoq birlan Abu Talhaning yonlaridan o‘tib, ketayotgan erdi, Janob Rasululloh unga: «Sadog‘ingdagi o‘qlarni Abu Talhaga tashlab ket!» - dedilar. So‘ng, ul zot qadlarini rostlab, dushmanlar tomonga qaradilar, dushmanlar ersa tinmay o‘q uzib turishar erdi. Abu Talha: «Yo Rasulalloh, ota-onam sizga fido bo‘lsinlar, qaddingizni ko‘tarmangiz, tag‘in dushmanlar otayotgan o‘qlardan birortasi sizga tegib ketmasin, (iloho), sizning ko‘ksingizga (otilgan o‘q) mening ko‘ksimga (qadalsin!)» - dsdilar. Keyin, men Oisha binti Abu Bakr birlan (Abu Talhaning xotinlari) Ummu Sulaymni ko‘rdim, ikkalalari ko‘ylaklari etagini (bir oz) shimarib olishgan bo‘lib, ularning to‘piqlariga ko‘zim tushdi, (bu «Hijob» oyati nozil bo‘lmasidan ilgari bulgan erdi). Ikkalalari og‘ir meshlarni orqalagan holda qoqilib-suqilib (yarador) musulmonlarning oldiga borishar va ularning og‘izlariga suv quyishar erdi. Keyin, ortlariga qaytishib, meshlarni suvga to‘ldirishar, so‘ng yana (yarador) musulmonlarning oldiga kelishib, ularning og‘izlariga suv quyishar erdi. (O'shal kuni, ya'ni Alloh taolo musulmonlarni xotirjam qilish va ularning dillaridan shayton vasvasasini ketkazish uchun orom uyqusini nozil qilgan Uhud voqeasi kuni) Abu Talhaning qo‘llaridan qilichlari ikki yoki uch marta tushib ketdi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Abu Talha al-Ansoriy.mp3 (08:17 minut, 3,80 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  24 Sentyabr 2008, 04:41:23

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 24-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilib «Robbi a'inniy vala tu'in ‘alayya vansurniy vala tansur ‘alayya, vamkurliy vala tamkur ‘alayya va yassir hudaya vansurniy ‘ala man bag‘o ‘alayya robbij'alniy laka shakiron, laka zakiron laka rohiban laka mitvo'an ilayka mujiyban av muniyban taqobbal tavbatiy vag‘sil havbatiy vaajib da'vatiy va sabbit hujjatiy vahdi qolbiy va saddid lisoniy vaslul saxiymata qolbiy», deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, mening foydamga yordam berib, zararimga bermagin. Mening foydamga nusrat berib, zararimga nusrat bermagin. Mening foydamga makr qilib, zararimga makr qilmagin. Va hidoyatda yurishimni yengil qil hamda menga tajovuz qiladigan kimsalar zarariga menga g‘alaba ato et. Rabbim, meni Senga shukr qiluvchi, Seni zikr qiluvchi, Sendan qo‘rquvchi, Senga itoat etuvchi, Seni (chaqirig‘ingga) ijobat qiluvchi yoki Senga tavba qiluvchilardan et, tavbamni qabul ayla, gunohimni yuv, duoimni ijobat qil, hujjatimni sobit qil, qalbimni hidoyat et, tilimni mustahkam et va qalbimdan ginani sug‘urib ol.) Abu Dovud , Termiziy va Ibn Mojalar rivoyati

Sahih hadisi shariflar

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha gapirib berdilar: «Jabroil alayhissalom huzurimga kelib xursandlik xabarini bergan holda: «Ummatingizdan qaysi bir kishi Allohga biror narsani sherik qilmay vafot etsa, jannatga tushadi», deganlarida, men: «Agar zino va o‘g‘rilik qilsa hammi?» desam, Jaroil alayhissalom: «Agar zino va o‘g‘rilik qilsa ham», dedilar». (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Sa'd ibn Abu Vaqqos rivoyat qiladilar: «Umar raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga kirmoqqa ruxsat so‘radilar. Shunda ichkarida bir guruh Quraysh ayollari bor bo‘lib, ular payg‘ambarimizning ovozlarini bosib ketgudek baland ovoz birlan ul zotga savollar berishar erdi. Hazrat Umar izn so‘raganlarida ayollar o‘rinlaridan turib, hijoblarini (yuzlariga) tushirib olishdi. Janob Rasululloh Hazrat Umarga izn bera turib kulib qo‘ydilar. Hazrat Umar: «Yo Rasulalloh, Olloh taolo sizni hamisha kuldirsin!» - dedilar. Janob Rasululloh: «Huzurimdagi anavi xotinlarning qilgan ishlaridan taajjublandim, sening ovozingni eshitiboq hijoblarini tushirib olishdi», - dedilar. Hazrat Umar: «Yo Rasulalloh, axir ular eng avvalo (barchadan ko‘ra) sizdan hayiqmoqlari lozim ermasmi?!» - dedilar. So‘ng, ayollarga qarata: Ey o‘ziga-o‘zi dushman bo‘lgan ayollar! Mendan hayiqasizlar-u, Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan hayiqmaysizlarmi?!» - deb aytdilar. Ayollar: «Ha, shundoq, chunki siz Janob Rasulullohga nisbatan to‘ng va qo‘polroqsiz!» - deyishdi. Shunda Janob Rasululloh: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zot haqi, (ey Umar), basharti shayton yo‘lingda duch kelsa, (dag‘alligingdan) bo‘lak yo‘ldan ketgan bo‘lur erdi!» - dedilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Sa'd ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning (jannati ekanligi bashorat qilingan o‘n kishi olamdan o‘ggach), Abdulloh ibn Salomdan bo‘lak hozir yer yuzida yurguvchi biror kishiga jannati ekanligini aytganlarini eshitmaganman. Olloh taolo uning xususida «...Banu Isroildan bo‘lgan bir guvoh ham guvohlik berib...» degan oyati karimasini nozil qilgan («Ahqof» surasi, 10-oyat)». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Abdulloh ibn Salom.mp3 (09:30 minut, 4,35 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  25 Sentyabr 2008, 04:43:38

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 25-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Sa'd ibn Abu Vaqqosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Katta baliqning qornida Rabbilariga iltijo qilgan Zinnunning (Yunus alayhissalom) duolari «La ilaha illa anta subhanaka inniy kuntu minaz zolimiyn», edi. Biror musulmon kishi mana shu kalimalar ila duo qilsa, ijobat etiladi», dedilar. (Ma'nosi: Sendan boshqa iloh yo‘q. Seni poklab yod eturman. Albatta men zolimlardan bo‘ldim.) Termiziy rivoyati.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo: «Agar bandam biror yaxshilikni qasd etsa-yu, unga amal qilmasa, bir yaxshilik yozaman. Agar unga amal qilsa, o‘n barobardan yetti yuz barobargacha yozaman. Bordiyu, biror yomonlikni qasd qilib, unga amal qilmasa, unga (hech narsa) yozmayman. Agar amal qilsa, bir yomonlik yozaman», deb aytdi». (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Odamlar: «Abu Hurayra Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning hadislarini ko‘p aytur, muhojir va ansorlar ersa ul zotning hadislarini Abu Hurayrachalik ko‘p bilmaslar», - deyishur. (Buning boisi) - muhojir birodarlarim bozorlarda bor-baraka qilish birlan band bo‘lishgan kezlarda men qornim to‘yishi birlan kifoyalanib Janob Rasulullohning xizmatlarini qilib yurdim, ular bo‘lmagan joylarda bo‘ldim, ular eshitmagan narsalarni eshitib, yod oldim. Shuningdek, ansoriy birodarlarim o‘z mol-mulklari (va ekin ekish) ishlari birlan band erdilar. Men ersam, bir miskin sifat odam bo‘lib, ular eshitmagan narsalarni eshitib, yod oldim. Janob Rasululloh bir kuni: «Kimki ushbu hadisimni tugatgunimcha kiyimini yerga yoyib o‘ltirib, hadisimni tugatganimdan keyin, uni yig‘ib olib bag‘riga bossa, mendan eshitganlarini yoddan chiqarmaydigan bo‘lur», - dedilar. Shunda men chakmonimni yerga yoyib qo‘ydim, hadis tugagach, uni olib bag‘rimga bosdim. Shu-shu Janob Rasulullohdan nimaiki eshitsam, yodimda qoladigan bo‘ldi». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Ali raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: «(Dunyo ahli) ayollarining (o‘z zamonasidagi) yaxshisi Maryam binti Imrondur, (mening ummatim) ayollarining yaxshisi ersa (mo‘minlar onasi) Xadichadur» - deb aytganlarini eshitdim». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Hadicha binti Xuvaylid.mp3 (10:26 minut, 4,77 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  26 Sentyabr 2008, 00:17:11

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 26-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Dovudning duolari «Allohumma inniy as'aluka hubbaka va hubba man yuhibbuka val ‘amalallaziy yuballig‘uniy hubbaka. Allohumma ij'al hubbaka ahabba ilayya min nafsiy va ahliy va minal ma'il baridi», edi», deb aytdilar. (Ma'nosi: Allohim, Sening muhabbatingni va Seni yaxshi ko‘rgan kishining muhabbatini hamda Sening muhabbatingga yetkazadigan amalni Sendan so‘rayman. Allohim, muhabbatingni nafsimdan, ahlimdan va sovuq suvdan ham menga mahbubroq qilgin.) Termiziy rivoyati.

Sahih hadisi shariflar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir payg‘ambarning (ijobat etilishi aniq bo‘lgan) duosi bor. Men esa, inshaalloh, o‘sha duoim qiyomat kuni ummatimga shafoat bo‘lishi uchun yashirib qo‘yishni xohladim», dedilar. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu rivoyat qiladilar. «Men Hazrat Umar raziyallohu anhudan Olloh taoloning «(Ek Oisha va Hafsa), agar Ollohga tavba qilsangizlar, dillaringiz moyil bo‘libdur...» degan oyati karimasi haqida so‘ramoqchi bo‘lib yurardim-u, lekin qulay fursat topolmasdim. Bir yil Hazrat Umar haj qildilar, men ham ul kishi birlan birga hajga bordim. Hajdan qaytayotib ul kishi yo‘lda hojat uchun chetga chiqdilar. Men ham idishda suv olib, chetga chiqib turdim. Ul kishi qaytgach, qo‘llariga suv quyib berdim. Tahorat olganlaridan so‘ng: «Yo mo‘minlar amiri, Olloh taolo Janob Rasulullohning ikki xotinlari to‘g‘risida «Agar Ollohga tavba qilsangizlar, dillaringiz moyil bo‘libdur» degan oyatini nozil etgan, o‘sha ayollar kim o‘zi?» - deb so‘radim. Shunda Hazrat Umar: «Vo ajabo! Shuni ham bilmaysanmi, ey Ibn Abbos? Ular Oisha birlan Hafsa edi-da», - dedilar. So‘ng, Hazrat Umar so‘zlarida davom etib bunday dedilar: «Men va ansoriy bir qo‘shnim Baniy Umayya ibn Zayd qavmida erdik. Ular Madinada katta e'tiborga ega bo‘lgan qavm erdi. Ikkimiz Janob Rasulullohning huzurlariga navbatma-navbat borib-kelib turardik. Bir kun u, bir kun men borardim. Men borib kelsam, o‘sha kuni sodir bo‘lgan (yuz bergan) voqea, xabar va boshqa narsalardan uni voqif etardim. U borib kelganda ham, xuddi shunday qilardi. Biz qurayshiylar ayollarimizdan ustun turardik. Ansorlarda ersa, buning aksi bo‘lib, ayollar erlaridan ustun erdi. Keyin, bizning ayollarimiz ulardan «o‘rnak» ola boshlashdi. Bir kuni xotinimga baqirgan erdim, u ham menga baqirib javob berdi. Men: «Gap qaytarma!» - dedim. U: «Nega endi gap qaytarmas erkanman, xudo haqi, Janob Rasulullohning ayollari ham ul zotga gap qaytarishadi. Mana shu bugun ulardan biri Janob Rasulullohni kun bo‘yi ranjitdi», - dedi. Men bundan qattiq xavotirlanib: «Ulardan qay biri shu ishni qilgan bo‘lsa, oqibati yaxshi bo‘lmas!»- dedim-da, kiyinib qizim Hafsaning uyiga bordim, so‘ng unga: «Ey Hafsa, birortangiz Janob Rasulullohni bugun kun bo‘yi ranjitdingizmi?» - dedim. Qizim: «Ha», - dedi. Men: «Umidlarim puchga chiqdi. Sen mening ishonchimni oqlay olmading, baxtingni boy berding. Olloh taolo Janob Rasulullohning g‘azablari tufayli (sizlarga) g‘azab qilsa, omon qolmassizlar, halok bo‘lursizlar. Janob Rasulullohga zinhor gap qaytarma, arazlama, nimaiki xayolingga kelsa, mendan so‘ra, qo‘shningning gaplariga aldanma, garchi u Janob Rasulullohga mahbubroq va sendan kura chiroyliroq Oisha bo‘lsa ham!» - dedim. (sahih, Muslim rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan holda Zayd, Ja'far va Ibn Ravohaning (g‘azotda) shahid bulajaklarini oldindan odamlarga e'lon qila turib: «Bayroqni Zayd qo‘liga olib erdi, shahid bo‘ldi, keyin uni Ja'far qo‘liga olib erdi, shahid buldi, so‘ng uni Ibn Ravoha qo‘liga olib erdi, u ham shahid bo‘ldi. Nihoyat, bayroqni Olloh taoloning qilichlaridan biri (ya'ni, Xolid ibn Valid) qo‘liga olib erdi, parvardigor musulmonlarga g‘alaba ato etdi», - dedilar». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Qayd etilgan


AbdulAziz  27 Sentyabr 2008, 05:00:40

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 27-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma ‘ofiniy fiy jasadiy va ‘ofiniy fiy basoriy vaj'alhul vorisa minniy. La ilaha illa antal haliymul karim. Subhanallohi robbil ‘arshil ‘azim. Valhamdu lillahi robbil ‘olamiyn», deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, jasadimni ofiyatda qil. Ko‘zimni ofiyatda qilib, uni mendan merosxo‘r et (ya'ni, o‘lgunimcha omonda qil). Halim va Karim sifatli zotdan boshqa iloh yo‘q. Ulug‘ arsh Rabbisi bo‘lgan Allohni poklab yod eturman. Olamlar Rabbisi Allohga hamd bo‘lsin.) Termiziy rivoyati.

Sahih hadisi shariflar

Rasululloh sallolohu alayhi va sallam aytdilar: "Menga do'zax ko'rsatildi, qarasam, undagi odamlarning ko'pi inkor qiluvchi xotinlar ekan". Sahobalar: "Ollohni inkor qilganmi?", - deb so'radilar. "Erning yaxshiligini inkor qilganlar, erning qadriga yetmaganlar. Agar ularning bittasiga bir umr yaxshilik qilsang-u, keyin sendan bir kichik yomonlik ko'rsa: "Sendan nima ko'rdim, hech yaxshilik ko'rmadim", - deb aytadir", - deb javob berdilar. (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (xolalari) Ummu Haro binti Milhonning huzurlariga kirib turar erdilar. Ul muhtarama Uboda ibn as-Somitning xotinlari erdilar. (Odatdagidek), kunlardan bir kuni Janob Rasululloh o‘shal xolalarining uylariga kirib erdilar, mehmon qildilar. So‘ng, ul muhtarama Janob Rasulullohning boshlarini (biti yo‘qmikan, deb) qaray boshlagan erdilar, ul zot uxlab qoldilar. Keyin, Janob Rasululloh yuzlarida tabassum birla uyg‘ondilar. Shunda Ummu Milhon: «Yo Rasulalloh, nechun kulayotirsiz?» - dedilar. Ul zot: «Tushimda menga Olloh taolo yo‘lida g‘azot qilgani ketayotgan bir guruh ummatlarim namoyon qilindi. Ular podshohlar yanglig‘ taxtda o‘ltirgan holda dengiz bo‘ylab kemada suzib ketishayotgan ermishlar», - dedilar. Ummu Milhon: «Yo Rasulalloh, Olloh taologa duo qilingiz, meni ham o‘shalar toifasidan qilsin!» - dedilar. Janob Rasululloh xolalarini shunday deb duo qildilar-da, muborak boshlarini yana yostiqqa qo‘yib, (uxlab qoldilar). Keyin, yana tabassum birla uyg‘ondilar. Ummu Milhon (yana taajjub qilib): «Yo Rasulalloh, nechun kulayotirsiz?» - dedilar. Janob Rasululloh: «Tushimda menga Olloh taolo yo‘lida g‘azot qilgani kstayotgan bir guruh ummatlarim namoyon qilindi» - deb ilgarigidsk javob qildilar. («Ammo, bu safar ul zot: «Ular quruqliqtsa tuyalarga minib ketishayotgan ermishlar» - deb aytganlar», - deyishadi ayrim muhaddislar). Ummu Milhon yana: «Yo Rasulalloh, Olloh taologa duo qilingiz, meni ham o‘shalar toifasidan qilsin!» - dedilar. Janob Rasululloh: «Siz avvalgilar (ya'ni, kemada ketayotganlar) toifasidansiz», - dedilar. Keyin, Ummu Milhon Muoviya ibn Abu Sufyon (g‘azot qilgan) zamonda, (Hazrat Usmonning xalifalik davrlarida boshqa mujohidlar qatori erlari Uboda ibn as-Somit birlan birga) kemaga o‘ltirib, (g‘azot qilgani Rumga yo‘l oldilar). (Ammo), kemadan quruqlikka tushgach, (yo‘lda ketaturib) tuyalaridan qulab, halok bo‘ldilar». (sahih, Muslim rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Hakim ibn Hizom raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Men Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan (Baytulmoldagi, ya'ni davlat xazinasidagi narsalardan) bermoqlarini so‘radim, ul zot berdilar. Keyin, yana so‘radim, yana berdilar. So‘ng, yana so‘rab erdim, ul zot menga: «Ey Hakim, bu mol-dunyo degan narsa (shul qadar fusunkorki), totli mevalar (yanglig‘ baloi nafsni qo‘zg‘ar). Kimki undan (ya'ni, mol-dunyodan baloi) nafsining so‘ziga kirmay, (o‘ziga yetarlicha) olsa, (Olloh taolo tomonidan) unga barakot ato etilgaydur va kimki undan (ya'ni, mol-dunyodan baloi) nafsining so‘ziga kirib, (ortiqcha) olsa, (Olloh taolo tomonidan) unga barakot ato etilmagaydur. (Ochko‘zlik birlan ortiqcha mol-dunyo olguvchi) shaxs yeb tuymas mechkay kabi bo‘lib, yuksak (ya'ni, ehson qilguvchi) qul, tuban (ya'ni, tilamchi) qo‘ldan afzaldur!» - dedilar. Shunda men: «Yo Rasulalloh, sizni haq (din) birla yuborgan zot haqi, endi dunyodan ko‘z yumgunimga qadar ham hech kimdan biror narsa so‘ramasman!» - dedim». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Hakim ibn Hazom.mp3 (08:18 minut, 3,80 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  28 Sentyabr 2008, 00:03:03

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 28-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma ihdiniy va saddidniy» («Allohim, meni hidoyat qil va sobitqadamlikda qil»), deb ayt, dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Rasululloh sallolohu alayhi va sallam aytganlar: "Din o'ng'aydir, hech kim uni qiyinlashtirib yubormag'ay, mobodo, qiyinlashtirib yuborsa, din uni yengib qo'yg'usidir (ya'ni, amali solihlarni haddan ziyod zimmasiga olishi natijasida ularni eplay olmay, hammasini tark etishiga sabab bo'lg'usidir). Demak, amali solihlarni o'rtacha bajaringiz, ibodatlarni mukammal ado etishga qodir bo'lmasangiz, shunga yaqinroq qilingiz. Amali solihlardan tegadigan savobdan seviningiz. Bu dunyodan oxiratga qilinadigan umr safarida erta tongdan, kechki paytdan va kechaning ba'zi bir qismidan unumli foydalaningiz!". (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

Sahl ibn Sa'd as-So'idiy raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «(G'azotlardan birida) Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hamda (Xaybar) mushriklari o‘zaro to‘qnashib, jang qilishdi. (O'shal kungi jang tugab), Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (va sahobalar) hamda boshqalar (ya'ni, Xaybar mushriklari) o‘z qarorgohlariga qaytayotganda musulmonlardan (Quzmon ismli) bir kishi o‘z sheriklaridan keyinda qolgan mushriklar guruhini va yolg‘iz ketayotgan mushriklarni quvib borib, qilichi birlan chopib tashladi. Shunda (musulmonlardan biri): «Yo Rasulalloh, bugun birortamiz falonchi (ya'ni, Quzmon) topgan savobchalik savob topmadik», - dedi. Janob Rasululloh: «Ammo, u o‘zi jahannam ahlidandur» - deb javob qildilar. Musulmonlar: «(Agar Quzmondek bir shijoatli kishi jahannam ahlidan bo‘lsa, ul holda qaysi birimiz jannatimiz?» - deyishdi). Shunda ulardan biri: «Men uning do‘sti bo‘laman», - dedi-da, (ertasiga) Quzmon birlan birga jangga kirdi, u qaerda to‘xtasa, to‘xtadi, yugursa, yugurdi, (xullas, undan ajralmay, yonma-yon jang qildi). Bir vaqt Quzmon og‘ir jarohatlanib, o‘z o‘limini tezlashtirdi, ya'ni qilichining dastasini yerga, uchini ersa ko‘kragining o‘rtasiga qo‘ydi-da, og‘irligini tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirdi. (Boyagi u birlan yonma-yon jang qilgan) kishi (darhol) Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga kelib: «Sizning Olloh taoloning Rasuli ekanligingizga guvohlik keltirurman!» - dedi. Janob Rasululloh: «Ne hodisa ruy berdi?» - dedilar. Boyagi kishi: «Hali siz Quzmonni jahannam ahlidan, deb erdingiz, bu odamlarga og‘ir botib erdi. Shunda men (ularga): «Mana men uning xususida sizlarga xabar keltiraman» - deb uning ortidan borib, (u birlan yonma-yon jang qildim). So‘ng, u qattiq yaralanib, o‘z o‘limini tezlashtirdi - qilichining dastasini yerga, uchini ko‘kragining o‘rtasiga qo‘ydi-da, og‘irligini tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirdi», - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Bir kishi odamlar ko‘ziga jannat ahlining ishini qilgandek bo‘lib ko‘rinadi-yu, ammo o‘zi jahannam ahlidan bo‘ladi va bir kishi odamlar ko‘ziga jahannam ahlining ishini qilgandek bo‘lib ko‘rinadi-yu, ammo o‘zi jannat ahlidan bo‘ladi» - deb marhamat qildilar». (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bir guruh) otliqlarni Najd tarafga yubordilar. Ular Banu Hanifa qabilasiga mansub bo‘lmish Sumoma ibn Usol ismli bir kishini (asir qilib) olib kelishdi-da, masjid ustunlaridan biriga bog‘lab qo‘yishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam uning qoshiga chiqib: «Ey Sumoma, (meni o‘zingga nisbatan) qanday (chora ko‘radi, deb) o‘ylayotirsan?» - dedilar. Sumoma: «Ey Muhammad, (siz albatta) xayrli (chora ko‘rursiz), deb o‘ylayotirman, (chunki siz zulm qilguvchilardan emas, balki yaxshilik, olijanoblik qilguvchilardansiz!). Agar meni o‘ldirsangiz, birovning qonini to‘kkan (o‘ldirilishi haqlig‘ bo‘lgan) bir kishini o‘ldirgan bo‘lursiz. Basharti, (menga) yaxshilik qilsangiz, (yaxshilik qilgan odamdan) minnatdor bo‘lguvchi, (yaxshilikka yaxshilik qaytarguvchi) bir kishiga yaxshilik qilgan bo‘lursiz. Mobodo, (mendan) mol-dunyo talabida bo‘lsangiz, istaganingizcha so‘rangiz!» - dedi. So‘ng, Janob Rasululloh uni ertasiga qadar (u holiga) tashlab quydilar. Ertasiga ersa undan yana: «Ey Sumoma, (meni o‘zingga nisbatan) qanday (chora ko‘radi, deb) o‘ylayotirsan?» - dedilar. Sumoma: «O'sha (kecha) sizga aytgan gaplar agar (menga) yaxshilik qilsangiz, (yaxshilik qilgan odamdan minnatdor bulguvchi, (yaxshilikka yaxshilik qaytarguvchi) bir kishiga yaxshilik qilgan bo‘lursiz», - dedi. Keyin, Janob Rasululoh uni (yana) ertasiga qadar (o‘z holiga) tashlab qo‘ydilar Ertasiga ersa undan yana: «Ey Sumoma, (meni o‘zingga nisbatan qanday (chora ko‘radi, deb) o‘ylayotirsan?» - dedilar. Sumoma «O'sha ilgari sizga aytgan gapim», - dedi. Shunda Janob Rasululloh: «Sumomani quyib yuboringizlar!» - dedilar. Sumoma qo‘yib yuborishgach, masjid yaqinidagi xurmozorga kirib tahorat oddi-da, so‘ng masjidga kirib: «Ashhadu an lo iloha illalloh va ashhadu anna Muhammadan rasululloh! Ey Muhammad, Olloh taolo haqi, Yer yuzida mening uchun sizning yuzingizdan ortiqroq yoqimsiz yuz yo‘q erdi, mana endi sizning yuzingiz mening uchun eng mahbub yuz bo‘lib qoldi! Olloh taolo haqi, mening uchun sizning diningizdan ortiqroq yoqimsiz din yo‘q erdi, mana endi sizning diningiz mening uchun eng mahbub din bo‘lib qoldi! Olloh taolo haqi, mening uchun sizning yurtingizdan ortiqroq yoqimsiz yurt yo‘q erdi, mana endi sizning yurtingiz mening uchun eng mahbub yurt bo‘lib qoldi! Otliqlaringiz meni umra qilmoqchi bo‘lib turganimda asir olishib erdi, ne deysiz, (endi ne qilayin?)» - dedi. Shunda Janob Rasululloh uning (musulmon bo‘lib, bu dunyo va oxirat xayriyatiga erishganini hamda bunga qadar qilgan og‘ir gunohlaridan pok bo‘lganini aytib), xushnud qildilar-da, umra qilmoqni buyurdilar. Sumoma Makkaga kelganida unga bir kishi: «O'z diningdan qaytib, boshqa dinga kirdingmi?» - dedi. Sumoma: «Olloh taolo haqi, unday emas! Ammo, men Muhammad sallallohu alayhi va sallam birlan (dindosh) musulmon bo‘ldim. (Ya'ni, bul javob hakimona javob bo‘lib, Sumoma: «Men dindan chiqqanim yo‘q, chunki butlarga ibodat qilmoqlik din bo‘lmay, men mana endigina dinga kirib, Janob Rasulullohga dindosh musulmon bo‘ldim» - deb aytmoqchilar). Olloh taolo haqi, (endi na sizlarning diningizga murojaat qilurman va na sizlarga yordam ko‘rsaturman!). Bundan buyon (Yamomadagi qabilam sizlarga yuborib turgan ozuqalarni yubortirmasman), Janob Rasulullohning iznlarisiz Yamomadan sizlarga bir dona ham bug‘doy kelmas!» - dedi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Sumoma ibn Usol.mp3 (10:25 minut, 4,77 Mb)

Qayd etilgan


AbdulAziz  29 Sentyabr 2008, 00:42:14

Bismillahir rohmanir rohim.

Assalamu alaykum wa rahmatullohi wa barakatuhu!

Bugun ramazonning 29-kuni. Allohim, tutayotgan roza'laringiz, qilayotgan hayrli amallaringizni dargohida qabul qilsin!

Rasululloh SAVning duolari

Ziyod ibn Iloqa amakilari Qutba ibn Molikdan (r.a.) qilgan rivoyatlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohumma inniy a'uzu bika min munkarotil axloqi val a'moli val'ahva», deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, xulqlarning, amallarning, xohish-istaklarning bema'nisidan Sening noming ila panoh tilayman.) Imom Termiziy rivoyatlari.

Sahih hadisi shariflar

Rasululloh bunday deganlar: "Halol bilan harom bir narsadir. Ammo ikkalasini bir-biridan farqlashda noaniqliklar mavjud. Odamlarning ko'pi ularni bilmaslar(halol yo harom ekanini). Shuning uchun kimki shubhali narsalardan o'zini tigaydir, dinini kamchiliklardan, obro'yini ta'nadan saqlag'aydir va kimki shubhali narsalardan tiyilmaydir, u birovning ekini chekkasida qo'y boqayotgan cho'ponga o'xshaydir. Uning qo'ylarni ekinga tushirish ehtimoli bordir. Ogoh bo'lingizkim, har bir podshohning o'z chegarasi bordur. Ollohning yerdagi chegarasi harom qilingan narsalardir. Kishi badanida bir parcha go'sht bor, agar u tuzalsa, a'zolarinig barchasi tuzalgaydir, agar u buzilsa, a'zolarining barchasi buzilgaydir. U qalbdir!" (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahih hikoyatlar

«Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni (Banu Zariyq qabilasiga mansub Labiyd ibn al-A'sam ismli bir kohin) sehrlab qo‘ydi. Shunda ul zot ayollariga yaqinlashmoqchi bo‘lardilar-u, ammo yaqinlasha olmasdilar. (Bu holat bir yil davom etdi). Bir kuni (mening huzurimda ekanliklarida men birlan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga) Olloh taologa takror-takror duo aytib iltijo qildilar, so‘ng menga bunday dedilar: «(Ey Oisha), nihoyat Olloh taolo shifo so‘rab qilgan iltijomga ijobat qilganligidan xabardor qilindim: ikki kishi (Hazrat Jabroil va Mikoil) kelishib, birlari (Hazrat Jabroil) bosh tomonimga va ikkinchilari (Mikoil) oyoq tomonimga o‘ltirishdi. Keyin, ulardan birlari ikkinchilariga: «Bul kishining qanday dardlari bor?» - deb aytdilar. Ikkinchilari: «Sehrlab qo‘yilganlar» - deb javob qildilar. «Kim sehrlab quygan?» - dedilar birinchilari. «Labiyd ibn al-A'sam», - dedilar ikkinchilari. «Nima birlan sehrlagan?» - dedilar birinchilari. «Taroq, soch tolalari va xurmo tugunchasi po‘stlog‘i birlan», - dedilar ikkinchilari. «O'shal narsalar qaerda?» - dedilar birinchilari. «(Madinadagi) Zarvon qudug‘ida», - dedilar ikkinchilari». So‘ng, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam (bir necha sahobalari birlan) o‘shal quduqqa bordilar. Ul yerdan qaytgach, Oishaga: «(Borib qarasam), quduq atrofidagi xurmolar mevalari (sehr kuchidan) shaytonlar boshi yanglig‘ badnamo bo‘lib qolibdi», - dedilar. Shunda Oisha onamiz: «Sehrgarni fosh qilmoq va undan ehtiyot bo‘lmoq lozimligini odamlarga aytdingizmi?» - dedilar. Janob Rasululloh: «Yo‘q, bunday qilmadim, chunki Olloh taolo menga shifo ato etdi. Odamlarga zarari tegmasin, deb o‘shal quduqni ko‘mib tashladim», - dedilar. (sahih, Buxoriy rivoyati).

Sahobalar hayotidan sahih rivoyatlar

Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘n kishilik bir guruhni Osim ibn Sobit al-Ansoriy boshchiligida (mushriklar tomon) ayg‘oqchilikka yubordilar. Ular Usfon va Makka oralig‘idagi Hada degan yerga yetishganda Huzayl qabilasining Banu Lihyon deb atashadirgan bir qavmi ular xususida xabar topib, tezlikda ikki yuzga yaqin kamonchilarni ularni izlashga jo‘natdi. Mushrik kamonchilar musulmonlarni izlay-izlay, nihoyat ular Madinadan safar uchun g‘amlab olib, yo‘l-yo‘lakay yeb tashlagan xurmo danaklarini topib olishdi-da: «Bu danaklar Yasrib (ya'ni, Madina) xurmosi danaklaridur» - deya ularni ta'qib qilishga tushishdi. Osim va ul kishining hamrohlari mushriklarni ko‘rishlari hamonoq bir (toshloq) tepa ustiga chiqib olishdi. Mushriklar ularga: «Pastga tushingizlar, qo‘lni-qo‘lga berib (do‘stlashaylik), birortangizni o‘ldirmaymiz, deb va'da berurmiz!» - deyishdi. Shunda musulmon jashchilar guruhining amiri Osim ibn Sobit: «Ammo men, Olloh taolo haqi, (kechagina kofirlikdan qaytib, musulmon bo‘lib), bugun bir kofirdan panoh so‘rab pastga tushmasman! Yo parvardigoro, o‘z Rasulingni bizniig holimizdan xabardor qilgil!» - dedilar. Shundan so‘ng, mushriklar kamonlardan o‘q uzishib, Osim birlan yana olti kishini o‘ldirishdi. Omon qolgan uch kishi - Xubayb al-Ansoriy, Ibn Dasina va (ismi noma'lum) yana bir kishi ersa mushriklarning so‘ziga ishonib pastga tushishdi. Mushriklar ular yaqin kelgach, kamonlari torini yechib, (qo‘l-oyoqlarini) bog‘lashdi. Shunda boyagi (ismi noma'lum) uchinchi kishi: «Bu xiyonatning boshidur, Olloh taolo haqi, sizlarga (taslim bo‘lib) hamrohlik qilmayman, sheriklarim(ning o‘lsalar ham taslim bo‘lmaganlari mening uchun) bir ibratdur!» - dedilar. Shunda mushriklar ul kishini sudrab, o‘zlari birlan olib ketishga ko‘p urinishdi, ammo qattiq qarshilik qilganlaridan so‘ng, o‘ldirishdi. Keyin, ular Xubayb va Ibn Dasinani olib yo‘lga tushishdi-da, Makkaga borgach, ikkalalarini qul qilib sotishdi. Xubaybni Haras ibn Omir ibn Navfalning farzandlari sotib oldi. Xubayb Haras ibn Omirni Badr kuni o‘ldirgan erdilar. Shunday qilib, Xubayb ularning qo‘lida asir bo‘lib qoldilar.

Ubaydulloh ibn Iyozning menga aytganlariga ko‘ra, Harasning qizi ul kishiga bunday deb ma'lum qilibdi: «Barchamiz Xubaybni qatl qilmoqqa to‘planganimizda Xubayb tozalanmoq uchun mendan ustara so‘radilar, men ustara berdim. Shu asnoda men g‘aflatda qolib, o‘g‘ilcham ul kishining oldilariga borib qolibdi. Bir payt qarasam, u Xubaybning tizzalarida o‘ltiribdi, Xubaybning qo‘llarida ersa ustara. Men bu holatni ko‘rib, nihoyatda qo‘rqib ketdim. Xubayb qo‘rqqanimni yuzimdan anglab: «Uni o‘ldiradi, deb qo‘rqib ketdingmi? Men hech qachon bunday qilmasman!» - dedilar. Olloh taolo haqi, men Xubaybdan yaxshiroq asirni hech ko‘rgan emasman! Olloh taolo haqi, bir kuni men Xubaybning bir bosh uzum yeb xurganlarini ko‘rdim, vaholanki ul kishi kishanband holda bo‘lib, buning ustiga Makkada (shu vaqtda) uzum ham yo‘q erdi».

Harasning qizi: «Bu uzumni Olloh taoloning o‘zi Xubaybga rizq qilib yuborayotir» - deb aytar erdi.

Xubaybni qatl qilmoq uchun Haramdan tashqariga (olib), chiqishganda, Xubayb ularga: «Meni xoli qo‘yingizlar, ikki rak'at namoz o‘qib olayin!» - dedilar. Ular ul kishini xoli qoldirishib erdi, ikki rak'at namoz o‘qidilar. So‘ng: «Agar (o‘limdan) qo‘rqqanidan namoz o‘qiyotir, deb o‘ylamaganingizda, yana ko‘proq o‘qigan bo‘lur erdim, Yo parvardigoro, ularning barchasini hisobga olib qo‘ygaysan!» - dedilar-da, quyidagi she'rni o‘qidilar:

Musulmon holda o‘lsam, zarra parvoyimga kelmas,
Qaysi yon birla yiqilmog‘imni Olloh farqlamas.
Saxovat sohibi bo‘lmish o‘zi tanho ilohimga,
Qiyma-qiyma jismima bermoq savob hech gap emas!».


Keyin, Ibn al-Haras ul kishini qatl qildi. Shu kundan e'tiboran, tutqunlikda qatl qilinayotgan har bir musulmon uchun qatl oldidan ikki rak'at namoz o‘qimoqlik Xubaybdan odat bo‘lib qoldi. Olloh taolo Osim ibn Sobitning («Yo parvardigoro, o‘z Rasulingni bizning holimizdan xabardor qilgil!» degan) duolariga shahid bo‘lgan kunlariyoq ijobat qilib, (Janob Rasulullohga vahiy yubordi va) ul zot o‘z sahobalariga ular xususida xabar bera turib, ularning shahid bo‘lganlarini ma'lum qildilar. Quraysh mushriklarining ulug‘lari, odamlar Osimning o‘ldirilganlarini aytishganda, bunga ishonch hosil qilmoq uchun bir qancha mushrikni ul kishining biror a'zolarini kesib olib kelmoqqa yubordi. Osim Badr kuni ularning ulug‘laridan birini o‘ldirgan erdilar. Olloh taolo Osimning jasadlarini mushriklardan himoya qilmoq uchun tuman yanglig‘ behisob (qovoq) arilar to‘dasini yubordi, mushriklar ul kishining biror a'zolarini kesib ololmadi». (Sahih, Buxoriy rivoyati)

Qayd etilgan