Bir necha kundan beri hayolimni Shaytonning jannatdan tushirilish qissasi tark etmayapti. Chunki bu yerda menga katta ta'sir qilgan bir hikmat bor ekan. Avvallari bunga hech e'tibor bermagandim...
Va batahqiq biz sizlarni yaratdik, keyin sizlarga suvrat berdik. So'ngra esa, farishtalarga: "Odamga sajda qiling", dedik. Bas ular sajda qildilar. Magar Iblis sajda qiluvchilardan bo'lmadi.
U zot: "Senga amr etganimda sajda qilishingdan nima to'sdi?" dedi. U: "Men undan yaxshiman, meni o'tdan yaratding va uni loydan yaratding", dedi.
U zot: "Bas, undan (jannatdan) tush! Sen uchun unda mutakabbirlik qilib yurish yo'q. Bas, chiq! Albatta, sen horu zor bo'lguvchilardansan", dedi.
U: "Menga ular qayta tiriladigan kungacha muhlat ber", dedi.
U zot: "Albatta, sen muhlat berilganlardansan", dedi. (A'rof surasi, 11-15 oyatlar ma'nolar tarjimasi)
Bu yerda shu kunlarda menga eng katta ta'sir qilayotgan narsa shuki, e'tibor bersangiz, Iblis Allohga isyon qilyapti. Allohhning g'azabiga sabab bo'ladigan ishni qildi. Yana ortidan Allohdan hojatini so'rab: "Menga ular qayta tiriladigan kungacha muhlat ber" deb turibdi. Bu qanaqasi ahir? O'zining mutakabbir va isyonkorliging yetmaganidek, yana hojatini so'rashi nimasi?! Lekin Alloh shunday holatda ham uning so'raganini berdi va "Albatta, sen muhlat berilganlardansan", dedi.
Bizchi? O'zimizni nimaga Allohdan bunchalik uzoq tutamiz? Allohga duo qilib Undan hojatlarimizni so'rashdan bizni nima to'sadi? yoki biz o'zimizning Alloh huzuridagi darajamizni Iblisnikidan ham pastroq deb o'ylaymizmi?
Alloh bizlarni O'zining yerdagi halifasi deb atagan emasmidi? O'lim kelguniga qadar tavba qilsak uni qabul qilishga va'da bergan-ku ahir!
Hulosa shuki, hech qachon "Men bir gunohkor banda bo'lsam, duo qilganim bilan Alloh ijobat qilarmidi" degan hayolga borib, duo qilishdan to'htab qolmaylik. Iblisni-ki so'ragan hojatini bergan Zot biznikini javobsiz qoldirmaydi inshaAlloh. Zotan Allohning o'zi "Va Robbingiz "Menga duo qilinglar, sizga ijobat qilaman", dedi" (G'ofir surasi, 60-oyat ma'nolar tarjimasi). Albatta Alloh o'ziga horlik bilan cho'zilgan qo'llarimizni quruq qaytarishdan yuqorida turadi. Aslo gunohlarimizning kechirishini, hamda hojatlarimizni so'rashdan uyalmaylik, noumid bo'lmaylik azizlar!