HUJVIRIY, Abu-l-Hasan Ali ibn Usmon al-Raznaviy al-Jullabiy (? - 1072-1076/77 y.lar oralig‘i) - fors tilida sufiylikka doir birinchi asar muallifi. Unda sufiylik tarixi va mohiyati, sufiylar dunyoqarashi va amaliyoti sistematik tarzda bayon etilgan. Hujvir (G’aznadagi mahalla)da taqvodor oilada tug‘ilgan. Hanafiy mazhabiga e’tiqod qiluvchi sunniy H.. al-Junayd (910 y. v.e.) sufiylik maktabining izchil tarafdori bo‘lgan. Hayotining ko‘p qismini safarda o‘tkazib, Farg‘onadan Huzistongacha, Hindistondan Suriyagacha bo‘lgan mamlakatlarni kezgan. Hayotining so‘nggi damlari Lohurda kechgan, bu yerda u bizgacha.etib kelgan yagona (10 tadan) asari - "Kashf al-mahjub li-abror al-qulub"ni yozgan. Asar 2 qismdan iborat. Birinchi - kirish qismi 14 bobdan tashkil topib, unda sufiylikdagi ixtiyoriy qashshoqlik va ruhiy poklik masalalari tahlil etilgan, 74 sufiy-shayxlar tarjimai holi keltirilgan, 2 asosiy oqim (g‘arbiy va sharqiy) borligi qayd etilgan, shuningdek, sufiylikdagi 12 "maktab" yoki mazhab ta’limotlari taxdil qilinib, shundan "10 tasi ma’qul topilib, 2 tasi esa, rad etilgan". Ikkinchi qism, asosan, javoblardan iborat bo‘lib, "Kashf al-hijob" deb nomlangan 11 qismdan iborat. Unda falsafiy qoidalar, sufiylikdagi ta’limotlar va amaliyot, ularni shariat normalariga mos kelishi, sufiylar orasida qabul qilingan texnik terminlar va b. ko‘rilgan. Asar keyingi davrda sufiylikka doir fors tilida yozilgan adabiyotlarga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.