ATTOR Alouddin, Xoja Alouddin Attor, Muhammad ibn Muhammad al-Buxoriy (? -1399) - mashhur mutasavvif, shayx. Baxouddin Naqshbandning xalifasi va kuyovi. A. madrasani tugatmasdanoq Naqshband sulukiga kirgan, bir umr piri yonida bo‘lgan. Buxoroda vafot etgan. Naqshbandning boshqa bir xalifasi - Xoja Muhammad Porso A. iltimosi b-n "Risolai qudsiya" ("Xoja Bahouddinning qudsiy kalimalari") kitobini bitgan va unda A. tilidan o‘z piri haqidagi o‘nlab rivoyat va xotiralarini keltirgan. Ularda Naqshbandning tarjimai holi, hayot tarzi, odatlariga oid qimmatli ma’lumotlar, hikmatli so‘zlar bayon etilgan. Ular keyinchalik Naqshband hayoti va tariqati haqidagi ko‘pgina risolapar, jumladan, ular ichida eng e’tiborlisi - Muhammad Boqir ibn Muhammad Alining "Maqomoti Xoja Naqshband" ("Bahouddin Naqshband", T., 1993) asari uchun muhim manba bo‘lgan. ATTOR Farididdin, Muhammad ibn Abubakr ibn Ibrohim (1148/51-1220) - fors-tojik mutafakkiri, mutasavvif shoir. Nishopur yaqinidagi Xadkana (Kadkon) qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasining izidan borib, dorishunoslik va tabiblik qilgan. Hajga borgan, Misr, Iroq, Shom safarida bo‘lgan, atokli sufiylar b-n uchrashib, din va tasavvuf arboblarining hayoti hamda faoliyatini o‘rgangan. Zamonasining tariqat peshvolaridan biri bo‘lib, "Farididdin" ("dinda yagona") va shayx unvonlarini olgan. Mo‘g‘ullarning Eronga birinchi bosqini paytida dushman qo‘lida halok bo‘lgan. Nishopurda dafn etilgan. "Ilohiynoma", "Musibatnoma", "Mazhar ul-ajoyib", "Asrornoma", "Haydarnoma", "Javhar uz-zot", "Hayloj", "Muxtornoma", "Xusravnoma", "Sharx ul-qalb", "Bulbulnoma", "Me’rojnoma" kabi asarlarida ilohiy ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etgan. Haq va haqiqat sirlarini kashf qilishga uringan. Asosiy asarlaridan biri "Mantiq ut-tayr" ("Qushlar mantig‘i") dostoni (1175) sufiylikning eng yirik adabiy yodgorligi hisoblanadi. 'Tazkirat ul-avliyo" asari islom olamida mashhur. Unda o‘nlab aziz-avliyolarning hikmatli so‘zlari, ibratli hayoti, karomatlari bayon etilgan. A. she’rlarida darvishlik axloqi to‘g‘risidagi g‘oyalarni mujassamlantirgan. A. asarlarida shialik g‘oyalari va qoidalari mutlaqo uchramaydi, sunniylikka mo‘‘tadil munosabatda bo‘linadi. Mustaqillik yillarida O’zbekistonda "Mantiq ut-tayr" va "Ilohiynoma"dan ayrim parchalar ("Ilohiynoma", Toshkent, 1994) hamda "Tazkirat ul-avliyo" ("Avliyolar kitobi", Toshkent, 1997) asari o‘zbek tilida nashr etildi.