IBN ARABIY (Ibn al-Arabiy), Muhyi ad-din Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Hotamiy at-Toiy (1165-1240) - diniy faylasuf, "vahdati vujud" ta’limoti asoschisi, sufiylikning ko‘zga ko‘ringan vakili. "Ulug‘ shayx" (muallim), "Aflotun (Platon)ning o‘g‘li" nomlari b-n ulug‘langan. Andalusiya (Ispaniya)ning Mursiya sh.da tug‘ilgan va diniy bilim olgan. Dunyoqarashi sufiylar ta’sirida shakllanib, Andalusiya va Shim. Afrika bo‘ylab safarga chiqqan, mashhur olim va mutafakkirlar b-n muloqotda bo‘lgan. I. A. shuningdek, Sharkdagi yirik musulmon sufiy va ilohiyotchilari Xarroz, Hakim at-Termiziy, Xalloj, G’azoliy va b.ning asarlarini ham o‘rgangan. 1200 y.da haj ziyoratiga borib, umrining oxirigacha Sharkda qolgan. 1201 y.da Makkada yashagan, bu yerda mashhur she’riy to‘plami - "Tarjumon al-ashvoq" ("Ishqiy shavq tarjimoni")ni hamda sufiylikka oid risolalarini yozgan. Shu yerda ko‘p jildli "Futuhot al-makkiya" ("Makkaning fath etilishi") asari ustida ish boshlagan. Bu asarni "sufiylik qomusi" deb atashadi. I. A.ning eng mashhur risolasi "Fusul al-hikam" bo‘lib, unga 150 dan ortiq sharxlar yozilgan. Umuman I. A. ijodiy merosi 300 ga yaqin asarni tashkil etadi. Olim Damashq sh. yaqinidagi tog' yonbag‘riga dafn qilingan. Sulton Salim I buyrug‘i b-n 16-a. boshida uning qabri ustiga mahobatli maqbara qurilgan, bu maqbara hoz. ham mavjud. I. A. zamonasining barcha ilmiy oqimlaridan xabardor edi. U Ibn Rushd, Suhravardiy, ar-Roziy va b. b-n uchrashgan hamda yozishib turgan. Uning falsafiy dunyoqarashi panteistik xarakterda, hamma narsaning yagona asosi diniy substantsiya (ruh, ideya), deb hisoblaydi. Mashhur shaxslarga sajda qilishni inkor qilgan, turli dinlarning ahamiyati barobar deb hisoblagan. Sufiy sifatida Xudoni oliy, mutlaq haqiqat holda anglash va unga ko‘ngilni poklash orqali erishishni tan olgan. I. A. o‘rta asrlar musulmon olamida eng ziddiyatli shaxslardan biri. Uning qarashlarini Ibn Taymiya, Taftazoniy singari ilohiyotchilar, shuningdek, arab tarixchisi Ibn Xaldun keskin tanqid qilgan. Boshqa ko‘pgina musulmon ulamolari esa, uni himoya etgan.