ISMOILIYLAR - shialik ichida vujudga kelgan asosiy firqalardan birining tarafdorlari. I. harakati 8-a. o‘rtalarida boshlangan. 10-11-a.larda Yaqin va O’rta Sharkda keng tarqalgan, imom Ja’far as-Sodiq (q. Ja’fariylar) vorisi masalasi yuzasidan shialar o‘rtasida kelib chiqqan ixtilof b-n bog‘liq. I. turli davrlarda, turli mamlakatlarda har xil nom b-n atalgan: botiniylar, sab’iylar, ta’limiylar, mulhidlar va h.k. I. shakllanishi Arab xalifaligida ziddiyat va xalq qo‘zg‘olonlarining kuchayishi oqibatida ro‘y bergan. Shialikning ba’zi tarafdorlari abbosiylar b-n hamjihat bo‘lib, boshqa bir guruh shialar esa, abbosiylarga qarshi kurashni davom ettirishda Ja’far as-Sodiqning to‘ng‘ich o‘g‘li Ismoilni yettinchi imom deb tan olib, uning atrofiga jipslashdi. Ammo, Imom Ja’far maishatga berilgan Ismoil o‘rniga kichik o‘g‘li Muso al-Kozimni voris etib tayinladi. Bundan norozi bo‘lgan Ismoil tarafdorlari uning vafotidan (762) keyin o‘g‘li Muhammad ibn Ismoilni imom deb tanidi, shu tariqa imomlikni Ismoil avlodida sakdab qolish tarafdorlari o‘zlarini Ismoiliylar deb atay boshladi. Muhammad ibn Ismoil vafot etgach, uning tarafdorlari o‘rtasida kelishmovchilik chikdi. Ba’zilar uni oxirgi - yettinchi imom deb bilib maxdiy sifatida qayta tiriladi, deb ishondi. 9-a. 2-yarmidan bu ta’limot tarafdorlarini qaramatiylar deb atay boshladilar. Ta’qibotlardan Suriya, Xuroson va boshqa mamlakatlarga qochgan ikkinchi guruh botiniy (mahfiy) imomlar nomini oldi. Ularning faol da’vatlari tufayli Shim. Afrikada Fotimiylar halifaligiga asos solindi. 10-a. oxirida Mag‘rib, Misr, Suriya, Falastin, Hijozda I. hokimiyati o‘rnatildi. 11-a. oxirlarida I. o‘rtasida taxt vorisligi xususida nifoq chiqib, ular nizoriylar b-n musta’liylarga bo‘linib ketdi. Nizoriylar Fotimiylar xalifaligiga kirmaydigan sharqiy islom mamlakatlari (Eron, Suriya va b.)da ustun edi. Musta’liylar esa, Misr va g‘arbiy islom mamlakatlarida hukmronlik qildi. Hindiston (Bombay)dagi hoz. I. jamoalari musta’liylarning ma’naviy vorislaridir. 11-a. oxirlarida Suriya, Livan, Iroq va Eronning tog‘li joylarida harakat qiluvchi nizoriylar ta’qibotlardan qochib, asta-sekin Hindistonga ko‘cha boshladi. 19-a.ning 1-yarmidan nizoriylarning ma’naviy rahbari Og‘axon unvoni b-n yuritiladi. Nizoriylarning Hindiston va Keniyadagi qarorgohlaridan turli mamlakatlarga nizoriylar ta’limotining targ‘ibotchilari yuboriladi. 17-a. boshlarida musta’liylarning ham diniy markazlari Hindiston (Gujarot)ga ko‘chdi. Hindistonga borib o‘rnashgan musta’liylar dovudiylar deb, Yamanda qolganlari esa sulaymoniylar deb atala boshladi, ular o‘rtasida hech qanday aqidaviy tafovut yo‘q.
Umuman, I. ta’limotiga kelganda, u ikkiga: zohiriy (tashqi) - ochiq va botiniy (ichki) -maxfiy ta’limotlarga bo‘linadi. Zohiriy ta’limot shialarning umumiy ta’limotidan kam farq qiladi, u firqaning maxfiy ta’limotidan bexabar bo‘lgan oddiy I. ommasiga mo‘ljallangan. Botiniy ta’limotni movarounnahrlik an-Nasafiy (942 y. v.e.) asoslab berdi. Unga ko‘ra, mutlaq xudo o‘zidan quyi bo‘lgan 7 ta pog‘onani ajratadi (emanatsiya), ya’ni: mutlaq xudo, olamiy aql, olamiy jon, birlamchi materiya, fazo, vaqt va komil inson (ya’ni payg‘ambar). Kamolotga erishgan inson (al-inson al-komil), I. ta’limoti bo‘yicha, o‘zvda "olamiy akd"ni aks ettirgan notiq (gapiruvchi) bo‘lib, u payg‘ambar maqomida bo‘ladi va vahiyni insonlarga yetkazib beradi, o‘zida "olamiy jon"ni aks ettirgan somit (jim turuvchi) esa, oyatlardagi botiniy mazmunni tushuntirib beradi. I. tasavvurida insoniyat tarixi Odamatodan Qoimgacha bo‘lgan "buyuk davr"dir. U 7 "fitra"dan iboratki, ularning har biriga muayyan notiq (payg‘ambar) to‘g‘ri keladi: Odam (as), Nuh (as), Ibrohim (as), Muso (as), Iso (as), Muhammad (sav). Har bir payg‘ambar davrining yettinchi imomi keyingi payg‘ambar (notiq)ga aylanadi. Demak, Ismoilning o‘g‘li Muhammad - yettinchi imom, u Qoim qiyofasida yettinchi payg‘ambar bo‘lib kelishi va "qiyomat qoim" gacha hukm surishi kerak. I. ta’limoti, xususan, qarmatiylar mafkurasi islom dinining o‘ta so‘l maslaga bo‘lgan. O’rta asr tafakkurining yirik namoyandalari Rudakiy, Ibn Sino, Abu-l-Alo al-Ma’arriy va b.ga qarmatiylar mafkurasi ta’sir ko‘rsatgan. Mashhur shoir va mutafakkir Nosir Xisrav esa, I.ning yirik namoyandalaridan biri edi. Hoz. davrda nizoriylar Suriya, Eron, Afg‘oniston shimoli, Tog‘li Badaxshonda, musta’liylar Yaman, Hindiston, Pokiston, Misrda, druzlar Suriya va Livanda bor.