OLTINXON TO’RA, Sayyid Mahmud Taroziy - ulamo, adib, tarjimon. To‘liq ismi Mahmud ibn Sayyid Nazir at-Taroziy (1894 y.da Avliyo ota (Turkiston) - 1991-92). Dastlabki ta’limni padari buzrukvoridan, so‘ngra Shayx ibn Kamol Nosirxon To‘ra Kosoniydan, davrining boshqa yetuk olimlaridan oldi. Arab, fors, turk tillarining barcha lahjalarini mukammal egalladi, mudarris bo‘lib yetishdi. Sho‘ro tuzumining ziyolilarga, ilm axllariga o‘tkazgan nohaq zug‘umi sababli mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi. 1932 y.dan Kobul sh.da istiqomat qila boshladi. Bir muddat Afg‘oniston maorif vazirligida maslahatchi lavozimiga tayinlandi. So‘ng Hindistonning Bombay sh.dagi masjidda imom-xatib bo‘lib xizmat qildi. Ikkinchi jahon urushi boshlangandan keyin Saudiya Arabistoniga ko‘chib borib, umrining oxirigacha (1991-92) Makka va Madina shaharlarida yashab ijod etdi. O.t. Ka’batulloh joylashgan Harami sharifda, Madinadagi Masjid an-nabaviyda mudarrislik qilib, Kur’on va hadislardan saboq berdi.
O.t. tafsir, hadis, fiqh, adabiyot va ilmning boshqa sohalariga oid asarlar muallifi va tarjimonidir. U Kur’oni karimni zamonaviy o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilib, tafsir yozdi. Bu kitob Hindiston, Pokiston va Saudiya Arabistonida qayta-qayta chop etilgan. Shuningdek, olim Qur’onning ayrim suralarini ham tarjima va tafsirlari b-n alohida holda nashr qildirgan. Imom an-Navaviyning Payg‘ambar hadislariga bag‘ishlangan "Riyoz us-solihiyn" nomli 4 jildli asarini, Imomi A’zamning "Fiqh al-akbar", "Nur ul-basar", "Aqoid islomiya", "Hizb al-A’zam" kabi kitoblarini arabchadan o‘zbek tiliga o‘girdi. O’zbek, arab, fors, urdu tillarida diniy ma’rifiy mazmunda risolalar, tasniflar, ruboiylar yozdi. O.t. tomonidan at-Termiziy qalamiga mansub "Kitob ash-shamoil an-Nabaviya" asarining o‘zbek tiliga qilingan tarjimasi so‘nggi yillarda Toshkentda arab va hozirgi o‘zbek imlosida qayta-qayta nashr etildi.