RIDDA (arab. - orqaga qaytish, chekinish) -musulmon bo‘lib yurgan odamning o‘z ixtiyori b-n islomdan qaytishi. Islom tarixida birinchi R. - ba’zi arab qabilalari orasida yuz bergan. Ular Muhammad (sav) vafotlaridan so‘ng islomdan chiqqanlar. R. 632 y. bevosita Abu Bakr Siddiq xalifa sifatida davlat boshqaruviga o‘tirgach boshlandi va 1,5 yilcha davom etdi. Bu harakatga rahbarlik qilgan ba’zi shaxslar o‘zlarini payg‘ambar deb e’lon qilganlari bois, islomda ular "mutanabbiylar", ya’ni "soxta payg‘ambarlar' nomini oldi. Markaziy Arabistonda Asd G’atfon, Tayy qabilalariga Tulayha, Sharqiy Arabistonda Hanifa qabilasiga — Musaylima, Tamim qabilasiga - Sajjoh ismli ayol va nihoyat, Yamanda Mazhij qabilasiga Abhala yetakchilik qildi. Ular Abu Bakr davrida zakot berishdan bosh tortdi. Xalifa Abu Bakr bu harakatni R. hisobladi. R. urushlarida ayniqsa, sarkarda Xolid ibn Valid katta shuhrat qozondi. R.ni bartaraf etishda erishilgan g‘alabalar ilk musulmon davlatiga butun Arabiston bo‘ylab to‘liq hukmronlikni o‘rnatishga, keyinchalik yarim oroldan tashqariga yurishlarni boshlashga imkon yaratib berdi.