EHROM (arab. - chegaralanish, ibodat holatiga o‘tish) - 1) musulmonlarning katta va kichik haj qilish (haj va umra) vaqtidagi alohida kiyimi. E. - hajni dili b-n niyat qilish, haromdan muhofazalanish degani, ehromdagi kishi "muhrim" deb ataladi. Muhrim odobdan tashqari so‘z so‘zlash, xotini b-n yaqinlik qilish, gunoh ishlarga qo‘l urish, bir-biri b-n qichqirishib g‘ijillashishdan saklanishi lozim. Muhrim kishi quruq yerlardagi hayvonni o‘ldirmaydi, tikilgan libos kiymaydi, oyog‘iga mahsi, etik, paypoq kiymaydi, yuzini, boshini biror narsa bilan to‘smaydi, xushbo‘y narsa surtmaydi, tirnoq, soch, mo‘ylarini olmaydi. Agar bu qoidalardan birortasini buzsa, hayvon so‘yib yoki sadaqa qilib kafforat to‘laydi. 2) E. holatiga kirganlar tanaga o‘raydigan mato. E. 2 bo‘lak (izor va rido) bo‘lib, biri b-n chap yelkani, 2-si b-n beldan pastni o‘raladi. Hojilar haj kunlarida muqaddas joy (Makkadagi Ka’ba)ga kirish uchun E.ga o‘raladi. E. haj ibodatini ko‘rsatilgan tartibda mukammal bajargandan so‘ng yechiladi.