QAZO VA QADAR - islomda mo‘min-musulmonlar e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan masalalardan biri. Ulamolar "qazo" va "qadar"ni quyidagacha ta’riflaydilar: "Qazo - Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qandoq bo‘lishini azaldan bilishidur". "Qadar - o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir". Axli sunna val jamoa mazhabiga binoan balog‘atga yetgan musulmonga Alloh taolo bandalarning hamma ishini, maxluqotlarga bog‘liq narsalarni avvaldan bilishiga imon keltirishi vojib bo‘ladi. Q. va Q. Allohga imon keltirish asosidagi islom aqidalaridan biri hisoblanadi. Ana o‘sha sifatlarning biri - Alloh ilmi, u ilmning chegarasizligi, Alloh irodasining shomilligi va qudratining komilligidir. Alloh taolo hamma narsani biladi. Uyasi ichida g‘imirlayotgan chumolining harakatini-yu, o‘z falakida harakat qilayotgan sayyoralarni ham biladi. U zotning ilmidan hech narsa goyib bo‘lmaydi. Dunyodagi har bir zarrani ham va uning harakatini ham bilib turadi. Shuningdek, Alloh taolo qiyomatgacha nima bo‘lishini biladi. Agar ularni bilmasa, U zotning sifati kamoliyasiga nuqson yetgan bo‘ladi. Ana o‘sha ilohiy ilm, "qazoi-qadar" deb ataladi. Bunda johil kishilar o‘ylaganidek, Alloh tomonidan bandani majbur qilish yo‘q, balki, Alloh taolo tomonidan banda nima qilishini oldindan bilish bor. Chunki, Allohning ilmi chegara bilmasdir.
O’tgan ulamolardan al-Xatgobiy kuyidagilarni aytadi: "Ko‘pchilik odamlar Q. va Q.ni Alloh taolo tomonidan O’zi takdir qilib qo‘ygan ishlarga bandani qahr ila majbur qilish, deb hisoblaydilar. Q. va Q.ning ma’nosi, bandalarning kelajakda bo‘ladigan ishlarini Alloh tomonidan muqaddam bilib turilishidir". Shu yerda "Ilmga bog‘liq bo‘lsa - tushunarli, ammo hamma narsa Allohning irodasi b-n, Uning xal qilishi b-n bo‘ladi-ku? U holda bandaga nima qoladi? - degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolning javobi 2 qismga bo‘linadi:
1-qism - dunyodagi insonning daxli yo‘q narsalar. Dunyoda bir xil ishlar borki, ular faqat Alloh taoloning irodasi va kudrati b-n bo‘ladi. Bu ishlarga insonning hech qanday daxli yo‘q. Misol uchun, inson aklining o‘tkir yoki o‘tmas, gavdasining turlicha, mijozining har xil bo‘lishi, chiroyli yoki xunukligi, tug‘ilish vaqti va joyi, ota-onaning kim bo‘lishi, o‘zining erkak yoki ayolligi, nasldan-naslga o‘tadigan ba’zi sifatlari hamda shunga o‘xshash bir qancha ishlari borki, ularga insonning hech qanday daxli yo‘q. Inson bu narsalardan mas’ul ham emas. Misol uchun, uni hech kim, nima uchun qomating uzun yoki qisqa bo‘lib qolgan, deb so‘roq-savol qilmaydi. Shuningdek, nima uchun falon kuni tug‘ilding, falon kuni o‘lding, ham demaydi. Bularning hammasi Allohdan. Bu turdagi qadarga imon keltirish har bir musulmonga vojib.
2-qism - inson tomonidan sodir etilgan ish va amallarga bog‘liqtsir. Bularda insonning daxli bor, u bu ishlarda o‘z mayli, akdi, xohishi, ixtiyori va harakati b-n ishtirok etadi. Masalaning nozik joyi shu yerda. Xuddi shu turdagi ishlarni qandoq baholash kerak? Qadimdan bu savolga turli javoblar berilgan. Yunon faylasuflari orasida ham bu haqda ko‘p ixtiloflar bo‘lgan.
Keyinchalik musulmonlar ichida ham bu hakda turli fikrlarni aytganlar bo‘lgan. Mu’taziliylar, "inson o‘z amalini o‘zi hal qiladi, bunga Alloh aralashmaydi", deganlar. Bu esa, Allohning barkamollik sifatlariga nuqson bo‘lib tushadi. Agar mu’taziliylar aytgan gap to‘g‘ri deyilsa, dunyoda Allohning irodasidan, qudratidan, Uning xoliqpigidan tashqari narsalar ham bor bo‘lib qoladi. U holda Alloh taoloning irodasi shomil, qudrati cheksiz, xoliqligi yagona bo‘lmaydi. Jabariylar esa aksincha, inson bu dunyoda dengizga tashlangan cho‘pdek gap, deydilar. Ularning fikricha, inson hech bir narsani o‘z ixtiyori b-n qilmaydi, balki, hamma narsani Allohning majburlashi ila amalga oshiradi. Agar jabariylar gaplari to‘g‘ri, deyilsa, Alloh taoloning adolat sifatiga putur yetadi.U zot taolo odil emas, jabr qiluvchi bo‘lib qoladi. Chunki, bandani Allohning O’zi har narsaga majbur qilib, keyin so‘roq-savol qilib, "nima uchun bu ishni qilding", deya jazolashi jabrdir.
Ushbu 2 mazhab ham bir yoqlamalikka o‘ta berilgan, keyin o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi. Musulmonchilikning sof aqidasi esa, Axli sunna val jamoa mazhabqda o‘z aksini topgan. Bu aqidaga binoan, insonning ixtiyoriy amallari, Alloh xalq qilgan narsalar jumlasidandir. Chunki, dunyoda Alloh xalq qilgan - yaratgan narsadan boshqa narsa bo‘lishi mumkin emas. Lekin bu inson o‘z ishini majbur bo‘lib qiladi degani emas. Chunki, inson bir ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, o‘sha ish 2 narsaga bog‘liq bo‘ladi: 1) uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar; 2) insonning o‘sha ishni amalga oshirish uchun yo‘nalishi. Inson ayni ushbu ikkinchi narsa, ya’ni ishni amalga oshirish uchun yo‘nalishi tufayli iroda va ixtiyor egasi hisoblanadi va ana shu irodasi, ixtiyori uchungina javobgar bo‘ladi. Tashqi omillarni yaratish va vujudga keltirishda uning daxli yo‘q.
"Qadar" so‘zi o‘lchov ma’nosini anglatadi. Islom aqidasida esa, Alloh taolo azalda o‘z ilmi va irodasi ila har bir narsani o‘lchovli qilib qo‘yganiga e’tiqod qilishni bildiradi. Ammo, ushbu oddiy tushunchaning buzib ko‘rsatilishi oqibatida, Q. va Q. aqidasiga turli noto‘g‘ri tushunchalar aralashib ketgan. Zamon o‘tishi b-n, turli omillar sababli islomiy tushunchalarga har xil buzuq fikrlar, bid’at-xurofotlar aralashib ketgan. O’sha islomiy tushunchalar ichida eng ko‘p buzilgani, hatto teskari ma’noga aylanib ketay degani, Q. va Q. tushunchasidir. Aslida esa, bu aqida juda sof va oson tushuniladi. Har bir narsa Alloh taoloning xohishi, ilmi, qazoi qadari ila joriy bo‘ladi. Allohning xohishi hamma xohishlardan g‘olib. Allohning irodasi hamma irodalarda aks etgandir. Allohning qazosi hamma hiylalardan g‘olib kelgandir. U zot xoxlagan narsasini qiladi. U zot zinhor zolim emasdir. Har bir yomonlik va zulmdan muqaddasdir. U zot qilgan ishidan so‘ralmas, ular so‘ralurlar. U zot har bir aybu nuqsondan pokdir.
Qazodan murod shar’iy qazosi emas, borliq qazosidir. Qazo, iroda, amr, izn, kitob, hukm, harom qilish va kalimotlarning har biri 2 qismdan iboratdir:
1) Kavniy; 2) Shar’iy. Bu 2 qism ham Qur’oni karimda zikr etilgandir. Allohning qazosini hech bir zot rad qila olmas. Allohning hukmini hech kim ortga sura olmas. Allohning amriga hech kim g‘olib kela olmas. Balki, U zotning O’zi g‘olibdir. U zot yakka-yu yagonadir, qahhordir. Xoxlaganicha xukm qiladir. Hamma o‘zi xalq qilingan narsaga muyassardir. Amallar - nihoyasiga qarab e’tiborlidir. Baxtiyor - Allohning qazosi ila baxtli bo‘lgandir. Baxtsiz - Allohning qazosi ila baxtsiz bo‘lgandir. Alloh har bir odamga O’zi azaldan o‘sha odam yaratilganidan keyin qilishini bilgan ish va amallarni oson qilib qo‘yadi. Amallarnin e’tibori oxiriga qarab bo‘ladi. Ya’ni hayotining oxirida ahli jannatlarnin amalini qilgan bo‘lsa, axli jannatlardan bo‘ladi. Agar axdi do‘zaxning amalini qilgin bo‘lsa, ahli do‘zaxdan bo‘ladi. Nekbaxtlik ham badbaxtlik ham Allohning inson bu dunyoga kelganidan so‘ng qiladigan amallarini bilishi asosida, "Allohning qazosi" b-n bo‘ladi. Qadar - yaxshilik va yomonlikni, musibat va rahmatni, xursandchilik va xafalikni, o‘lim va hayotni, kufr va imonni, boylik va kambag‘allikni, hidoyat va zalolatni hamda boshqa hamma narsalarni Alloh tomonidan tayin qilishdir. Bu taqdirning hikmatini Alloxdan boshqa hech kim bilmaydi. Qadarga imon keltirish - insonga keladigan borliqdagi mavjud yoki oxiratda bo‘ladigan har bir narsa Allohning takdiri, ilmi irodasi va belgilashi b-n bo‘lishiga imon keltirishdan iboratdir. Ahli sunna val jamoaning aqidasi, har bir narsa Allohning Q. va Q.i b-n bo‘lishidir. Alloh bandalar amallarini xalq qilishidir.