QASOS (arab. birovning qilgan ishiga o‘xshash ish qilish. Birov yurib o‘tgan yo‘ldan izma-iz yurish) - qasddan odam o‘ldirganni ham, o‘zi qanday qilib o‘ldirgan bo‘lsa, shunday qilib o‘ldirish.
Q. olish islomdan oldingi johiliyat davrida ham bo‘lgan, ammo, ularda adolatsiz ravishda, tarafkashlik ruhida bo‘lgan. Misol uchun, "Ular bizdan 1 kishini o‘ldirsa, biz ulardan 10 tasini o‘ldirib Q. olamiz, ular bizning qulimizni o‘ldiribdi, biz ulardan hur kishini o‘ddirib Q. olamiz, ular bizdan ayol kishini o‘ldiribdi, biz ulardan erkak kishini o‘ldirib o‘ch olamiz", qabilida edi. Qur’onda Alloh taolo Q. olishda adolat bo‘lishini, haddan oshmaslikni uqtirib:
"Ey imon keltirganlar! Sizga o‘ldirilganlar uchun Q. farz qilindi: hurga-hur, qulga-qul, ayolga-ayol. Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa, bas, yaxshilik ila so‘ralsin va ado etish ham yaxshilikcha bo‘lsin. Bu Robbingazdan yengillik va rahmatdir. Undan keyin kim dushmanlik qilsa, unga alamli azob bor", degan (2:178).
Ya’ni, qasddan odam o‘ldirganlardan Q. olish farz qilindi.
Lekin oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘likning egalari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun puli olsa ham bo‘ladi. Bunda o‘lik egasi haqqini yaxshilik b-n so‘rashi lozim, aybdor taraf ham ularning haqqini yaxshilik b-n ado etishi zarur. Q. o‘rniga xun puli olishni joriy qilish ham Parvardigori Olam tomonidan berilgan yengillik va rahmlilikdir. Q. olishda kishilar uchun hayot bor ekan. Q. qalbdagi nafratni qondirish emas, balki oliy maqsad - hayot davomiyligi uchun. Q. olish yo‘lga qo‘yilsa, inson hayotini saklab qolishda katta ish qilingan bo‘ladi. Chunki, har bir odam boshqa birovni o‘dtsirsa, Q.iga o‘zining ham o‘ldirilishini biladi va hech qachon odam o‘ldirishga qo‘l urmaydi. Bir kishining hayotiga qasd qilish, umuman, hayotga qasd qilish b-n barobardir. Jinoyatchi bir kishining hayotiga qasd qilsa, umuman, hayotga qasd qilgan bo‘ladi. Shuning uchun buning jinoyati kuchli bo‘lib, Q. olinadi. Q. olish haqidagi hukmning o‘zi jinoyatchini hushiga keltirib qo‘yadi. Oz sonli qotillardan Q. olish, ko‘plab begunoh kishilarning hayotini saklab qoladi.