HAYDARIYA (haydariy) - o‘rta asrlarda va yangi davrda Eron va unga qo‘shni mamlakatlarda mavjud bo‘lgan sufiylik va shialikka mansub uch guruhning umumiy nomi. 1. 12-a.ning oxirida Xurosonda paydo bo‘lgan va asoschisi - shayx Qutbiddin Haydar Zavo’iy (1221 y. v.e., Zavoda dafn etilgan, u Turbati Haydariy deb ataladi) nomini qabul qilgan ancha nufuzli sufiylik guruhi (toifa, guruh, jamoa). An’anaga ko‘ra, u o‘rta osiyolik turkiy qavmlardan chiqqan va Ahmad Yassaviyning izdoshi bo‘lgan. U o‘z tarafdorlaridan riyozat chekib, uzoq vaqt uzlatda bo‘lishni talab qilgan; aynan u amaliyotga qo‘l va oyoqlarga temir bilaguzuk, bo‘yinga marjon shoda, qulokdar va qo‘l barmoqlariga joriy etgan. Dastlabiga H. Suriya, Kichik Osiyo va Hindistonda tez tarqalgan, lekin kundalik turmushdagi ko‘rsatmalar og‘irlik qilgani bois, uning ommaviyligi susaygan, a’zolarining soni keskin qisqargan, jamoalar yoki tarqab ketgan yoxud shu viloyatlarda faoliyat yurgizgan qapandariyaga qo‘shilib ketgan.
2. Boshqa bir nomi - mirhaydariy. Shialik (imomiylik)dagi tariqat. 14-a. oxiri - 15-a. boshida Eronda vujudga kelgan va butun mamlakatga keng tarqalgan. Asoschisi - Sulton Mir Haydar Tuniy (1427 y. Tabrizda v.e.). U o‘z shajarasini imom Muso al-Kozimga bog‘lagan. H.lar bayram kunlari maxsus kiyim kiyganlar: besh qavat qilib o‘ralgan salla, yelkalarida qo‘yning xom terisi; o‘ng qo‘lda - hassa-tayoq, chap qo‘lda - cho‘pon burg‘usi. Ular dastlabki uch xalifa va payg‘ambar (as)ning sahobalarini ochiq ravishda haqorat qilganlar. Ularga qarshi sunniylarning ne’matullohiylar tariqati a’zolari kurashganlar, ayniqsa, shia bayramlari vaqtida qattiq to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Faqat 20-a. 20-30-y.laridagana Eronda bunga chek qo‘yilgan.
3. "O’ta" shialar jamoasi (g‘ulot); 15-a.ning 60-y.larida Anadolu, Suriya va Ozarbayjonda ko‘chmanchilik qilgan turkman qabilalari orasida paydo bo‘lgan. Ular o‘zlarini Haydar ibn Junayd - safaviylikdagi beshinchi piri murshidning izdoshlari deb hisoblashgan. Haydar ibn Junayd tariqatga 1464-1488 ylarda boshchilik qilgan va o‘z tarafdorlari orasida maxsus bosh kiyimi (toj) kiyishni joriy qilgan. U qizil rangli kigizdan qilingan uzun quloqchin bo‘lib, atrofiga salla, 12 qavat qilib o‘ralgan yoki shu rangda tikilgan 12 og‘dan mato bog‘langan. Shundan uning tarafdorlarining nomi - qizilboshlar olingan.
H. Alini iloh yoki ilohiy haqiqat (haqq) deb, shayx Haydar (keyinchalik uning o‘g‘li Ismoil I) - Alining mujassamoti deb hisoblaydilar. Ular ruhlarning ko‘chishiga (tanosux) qattiq ishonib, ularning murshidi gunohlarni kechirish qudratiga ega, Qur’on yaratilgan va Muhammad (sav) vafotlaridan keyin u umaviylar davrida butunlay soxtalashtirilgan, shuning uchun ilohiy vahiylar Qur’onda emas, balki Ismoil I ning "Devoni Xitoiy" ("She’rlar to‘plami")da namoyon etilgan, deb hisoblaydilar. Ismoil I davrida (1502-1524) H. tarafdorlari qisman qirg‘in qilingan, bir qismi Kichik Osiyoga ketib, bektoshiylar tariqati ta’limotiga ta’sir ko‘rsatgan.