Islom Ensiklopediyasi  ( 566842 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 B


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:53:17

HALOL ("erkin", "bog‘lanmagan", "tugunni yechish") - 1) Ruxsat berish; farz, mandub va muboh tushunchalariga kiruvchi ruxsat etilgan xatti-harakatlar; man etilgan xatti-harakatlar (harom)ning ziddi. H. haqidagi masalalarni fiqhning ahkom bo‘limi o‘rganadi. Shariatda esa, haromlik tuguni yechilgan, ya’ni haromlik sifati yo‘q narsaga, H. deb aytiladi. Chunki, harom narsaning man qilish tuguni bo‘ladi. H. narsada ana o‘sha tugun bo‘lmaydi, bo‘sh bo‘ladi. Hadisi sharifda, H. ochiq-oydindir, deyilgan. Avvalo, nima narsalar H. ekani ochiq-oydindir; suv, sut, meva suvlari kabi ichimliklar, non, meva, poliz ekinlari, Allohning ismi aytib so‘yilgan H. hayvonlar go‘shtlari kabi taomlar, ruxsat berilgan kiyimlar va nikohga olingan shaxslar kabilar H.dir.
Qolaversa, ushbu narsalarga ega bo‘lish ishonchli, shariatda ruxsat berilgan yo‘l b-n bo‘lishi kerak. H. kasb deganda, aynan shu ma’noda gap ketadi. Ya’ni, H. narsaga H. yo‘l b-n ega bo‘lish lozim. H. mehnat, meros, hadya, ikki taraf roziligi b-n bo‘lgan tijorat tufayli qo‘lga kirgan mulk H. bo‘ladi. Musulmon odam uchun H. narsani talab qilish, H.dan molu mulk topish farzdir. Musulmon inson o‘zi H. bo‘lgan narsani, shariatda H. qilingan yo‘l b-n topib foydalanishi kerak. Shariatda H. hisoblangan narsani harom deb e’tiqod qilgan odam kofir bo‘ladi. 2) Shar’iy nikoxdan o‘tishlari mumkin bo‘lgan ayol yoki erkak. 3) Haj ziyoratidan qaytib kelib, sochlarini oldirgan va kundalik kiyim-boshini kiyib, ruxsat etilgan barcha odatdagi ishlar va kasb-hunar b-n mashg‘ul bo‘lgan kishi holati.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:53:31

HAMADONIY Yusuf (1048, Hamadonning Buzanjird qishlog‘i - 1141, Afg‘onistonning Bomiyon sh.) - tasavvufning yirik namoyandasi, mashhur olim. Bag‘dodda Abu Ishoq Sheroziydan tahsil olgan. Isfahon, Samarqand, Buxoroda o‘z bilimini oshirgan. Tasavvufni Abu Ali Faryumodiy, Abdulloh Juvayniy va Hasan Simnoniydan o‘rgangan. Zamonasining yetuk allomalari Abdulqodir Giloniy (G’avsul-a’zam), Imom Razzoliy, shayx Hamiduddin Multoniy b-n muloqotda bo‘lgan. 30 marta haj ziyoratiga borgan. H. Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy va Abdulxoliq Rijduvoniyni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. U keyinchalik xojagon-naqshbandiya tariqatining bosh shiorlariga aylangan "xush dar dam", "nazar bar qadam", "safar dar vatan", "xilvat dar anjuman" qoidalarini ishlab chiqqan. Xalifalaridan 4 nafari: Xoja Abdulloh Barqiy (Barraqiy) Xorazmiy, Xoja Hasan Andoqiy Buxoriy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abdulxoliq G’ijduvoniy ustozidan so‘ng muridlarning tarbiyasi b-n shug‘ullanganlar. H. "Rutbat ul-hayot"("Hayot mezoni"), "Kashf", "Risola dar odobi tariqat", "Risola fi annal-kavna musaxxarun lil/inson", "Risola dar axloq va munojot" kabi asarlarni yozgan. "Hayot mezoni" risolasi o‘zbek tilida ham nashr qilingan (T., 2003).
Hirotdan Marvga qaytayotganda Bomiyon sh.da vafot etgan. Keyinchalik xoki muridlari tomonidan Marv sh.ga ko‘chirilib, qayta dafn etilgan. H. haqida Abdulxoliq Rijduvoniy, Farididdin Attor, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy o‘z asarlarida muhim ma’lumotlar keltirishgan.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:53:52

HAMO’IL - tumorlar, munchoqlar. Sinonimlari xurz (ko‘pligi axroz), hamayya, hafiz, uza, ma’aza, nusxa, tilsam yoxud tilasm (yunonchadan) va b. Ilohiyotchilar doim H.dan foydalanishni qoralaganlar, lekin xalq orasida u keng tarqalgan; H.ni odatda darvish va duoxonlar tayyorlashgan. H. varaqacha yoki yozuvi, belgilari va suratlari bor bir necha varaqdan iborat bo‘lgan; H. sifatida tasodifan topib olingan (chig‘anoqlar, toshlar, suyaklar) yoki maxsus yasalgan, ba’zan qimmatbaho kichik narsalardan ham foydalanganlar; predmetlarning ko‘pincha yozuvlari va tasvirlari bo‘lgan. H.ni medalon, quticha, hamyonchaga solib olishgan yoxud teri, mato va b.dan tikilgan xaltachaga tikib olishgan va b.; ularning hajmi va shakli turlicha bo‘lgan. Tumor va munchoqlarga Allohning ismlari (99 ta go‘zal ism), farishtalarning ismlari (Mikoil, Jabroil, Azroil, Isrofil; juft va g‘aroyib eshitiladigan: Qaytar-Maytar, Tolix-Ilix, Kintosh-Yaqintosh, Xorut-Morut), "etti uxlovchi" va Kur’ondan oyatlar (ayniqsa 1 sura; 2:255/256; 9:129/130; 113 sura; 36-suradan parchalar), astrologik ramzlar (zodiak belgilari), sirli yozuvlar (xalqachalar, gajaklar, naqshlar, kichik "oy" va "toj" tasviri b-n birgalikdagi yahudiy va b. alifboning buzilgan harflari)ni yozishgan. O’rta asrlarda arab tilida tumorlar va munchoqlarning sehrli xususiyati, ularni yomon ko‘zdan asrashi, ilon, chayon chaqishidan, tabiiy ofatdan asrashi va b. haqida ko‘p asarlar yozilgan. Tumor va munchoqlarning kashf etilishi va tayyorlash usulini Odamato, Sulaymon podshoh, Balinas al-Hakim, Jirmis al-Musallis nomlari b-n bog‘laydilar (yana q. Sehr).

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:55:01

HANAFIYLIK - sunniylikdagi diniy-huquq mazhablaridan biri. Abu Hanifa asos solgan. Undan keyin H. mazhabi qoidalari Abu Yusuf Yoqub (795 y. v.e.), Muhammad ash-Shaybon (804 y. v.e.), Quduriy (1036 y. v.e.) va b. asarlarida ishlab chiqilgan. Bu mazhab tarafdorlari fiqhning to‘rt asosiy manbaini e’tirof etish (q. Usul al-fiqh) b-n birga boshqa oqimlar vakillariga nisbatan fiqh talablariga rioya etishning oqilona usullaridan kengroq foydalanadi. Bu mazhabning xususiyatlari quyidagilardan iborat: Qur’on huquq manbai sifatida hech so‘zsiz, to‘laligicha qabul qilinadi; sunna mustaqil manba sifatida qaraladi, biroq hadislar jiddiy tanlovdan o‘tgan bo‘lishi lozim; avval o‘tgan ulamolardan meros bo‘lib qolgan kelishilgan fikr (ijmo) faqat sahih hadis rivoyatchilaridan chiqqan takdirdagina hisobga olinadi. Lekin, yangi masalalar tadqiq qilinayotgan vaqtda boshqa har qanday obro‘li ulamolarning guruhining ijmosi qabul qilinadi va shu tariqa diniy ijmolar vujudga kelishi imkoni yaratiladi. Qiyos bo‘yicha hukm har qanday sahih manba asosida ham bo‘lishi mumkin. Agar qiyos bo‘yicha hukm zararli yoki mavhum natijaga olib kelsa, istihson bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
H. mazhabi oddiy huquq (urf)dan ham huquqning keng mustaqil yordamchi manbai sifatida foydalanishga imkon beradi, bu hol hayotiy ehtiyojlarni va mahalliy odatlarni hisobga olib hukuqiy qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bu mazhab qoidalari mo‘‘tadilligi, birmuncha yumshoqligi, qulayligi, xalqlarning mahalliy an’analarini e’tiborga olganligi sababli 11-a.dan boshlab shimol va sharqqa keng yoyilgan. Kichik Osiyo, Bolqon, Shim. Kavkaz, Qora dengaz, Volga bo‘ylari, O’rta Osiyo, Afgoniston, Hindiston va Xitoyning olis kengliklarigacha bo‘lgan hududlarga tarqalgan. Hoz. davrda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi H. mazhabida. 

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:55:40

HANBALIYLIK - sunniylikdagi diniy-huquq mazhablaridan biri. Ahmad ibn Hanbal asos solgan. H. hukuq tizimi o‘ta torligi, har qanday ko‘rinishdagi "yangilik"ka, diniy masalalarda erkin fikr yuritishga qarshiligi, shariat ahkomlariga rioya etishda qat’iy turishligi b-n ajralib turadi. H. tarafdorlari Kur’on va hadislarni erkin talqin etish yo‘lidagi har qanday urinishlarni qoralaganlar. Shuning uchun ham bu mazhab keng tarqalmagan. Faqat 9-a.ning 2-yarmida   arab   xalifaligida mu’taziliylarning va ilohiyot sohasidagi hurfikrlilikning ta’qib ostiga olinishi tufayli H. ta’siri birmuncha kengaygan va 12-a.da mustaqil mazhabga aylangan. 10-a.da Eronda, 11-a.dan 15-a.gacha Suriya va Falastinda H. izdoshlari ko‘p bo‘lgan. Undan keyingi asrlarda H. tarafdorlari yana kamayib ketgan. Hozirda H. Saudiya Arabistonida rasman e’tirof etilgan, boshqa mamlakatlarda kam uchraydi.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:55:59

HANIF (arab. - chinakam e’tiqod qiluvchi, taqvodor) - haqqa moyil yakkaxudolikka e’tiqod qiluvchi taqvodor odam. Musulmonlar rivoyatiga ko‘ra, islomgacha Arabistonda qabila xudolariga sig‘inishni rad etgan, zohid, yakkaxudoga astoydil ishongan, lekin xristianlikka ham, yahudiylikka ham qo‘shilmagan va Ibrohim (as) dinlarida bo‘lgan odamlarni H. deb atashardi. Kur’onda Ibrohim (as) ham H. deb nomlangan, uning chinakam yakkaxudolikka asoslangan dinini Muhammad (sav) tiklagan, deb hisoblanadi. 8-9-a.lardan boshlab H. ko‘pincha "musulmon", islom esa, haniflik dini ma’nosida ishlatilgan. Sufiylar ham o‘zlarini H. deb atashardi.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:56:16

HARAM (arab. - sahn, chegara) - 1) musulmonlarda muqaddas deb hisoblanadigan, qon to‘kish, qurol olib yurish taqiqlanadigan joy, hudud. Makkai mukarrama sh. atrofida belgilangan maxsus chegara ila o‘ralgan, shahar va uning atrofidagi ma’lum joylarni o‘z ichiga olgan mintaqa. Bu hudud Payg‘ambar (sav)dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Alloh taolo osmonlaru yerni yaratgan kunida harom qilingan. U Allohning hurmati ila qiyomat kunigacha haromdir; daraxti kesilmaydi, o‘simliga yulinmaydi, hayvonlari ovlanmaydi va urush qilib bo‘lmaydi. Bu hukm johiliyat vaqtida ham joriy qilinar edi. Bir-birlari doimo urush qilib yuradigan arab qabilalari ham H. hududida o‘z dushmanlarini ko‘rib qolsa, unga tegmasdi. H.da nafaqat odamga, balki hayvonot va nabobot olamiga, hech bir narsaga ozor berilmaydi. Olimlar, jinoyat qilgan odam qochib H.ga kirib olsa, unga ozor berilmaydi, ammo unga joy, taom berilmasdan, muomala qilinmasdan, H.dan qaytib chiqishga majbur etiladi va chiqqandan so‘ng ushlab jazosi beriladi, deyishgan.
H. chegarasida ov qilishga qat’iy hech kimga izn yo‘q. Alloh taolo O’zining muqadtsas shahri Makkai mukarrama atrofidaga ma’lum hududni odamlar, hayvonlar, o‘simliklarga hech ozor yetkazilmaydigan mintaqaga aylantirgan. Hoz. kunda H. chegarasidan musulmon bo‘lmaganlar kirmasligi yozib qo‘yilgan va taftish ham bor. Makka va Madinadagi muqaddas joylar (q. Harom masjidi), Quddus ziyoratgohi (q. Aqso masjidi) va b. o‘z H.iga ega. 2) Boy musulmon xonadonining ayollar yashaydigan ichki qismi. 3) Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Arab mamlakatlari hamda O’rta Osiyoda hukmdorlar saroylarida xotin va kanizaklar yashaydigan qismi. 20-a.ning 20-y.laridan boshlab musulmon mamlakatlarining aksariyatida kup xotinlilikning man etilishi, iqtisodiyot va madaniyat taraqqiyoti, demokratik harakatlar, xotin-qizlar harakatining o‘sishi natijasida H.lar deyarli barham topgan.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:56:38

HAROM (arab. - man qilingan, taqiklangan) - shariatda hech qanday shubhasiz, ochiq-oydin ravishda man qilingan narsa. Araq, najosat tushgan suv kabi ichimliklar, cho‘chqa go‘shti, Allohning ismi aytilmay so‘yilgan hayvonlar go‘shti, erkak kishilarga ipak kiyimlar va nikohida bo‘lmagan shaxs ila jinsiy aloqada bo‘lish kabilar H.dir.
Shu b-n birga o‘zi halol bo‘lgan narsalarga shariatda man qilingan H. yo‘l b-n ega bo‘lsa, ular ham H.ga aylanib qoladi. Misol uchun, zulm, o‘grilik, riboxo‘rlik, aldamchilik, poraxo‘rlik yo‘li b-n topilgan har bir narsa, o‘zi qancha pok bo‘lsa ham, topuvchiga H.dir. Shuning uchun ham ulamolar mutlaq H.ni - o‘zida H.lik sifati bor yoki man qilingan yo‘l b-n topilgan narsadir deb ta’rif qiladilar. Musulmon inson uchun H.dan hazar qilish farzdir.
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni H. - botil yo‘l b-n birovning molini yeyishdan qat’iy ravishda qaytargan.
Bir luqma H. taom yegan odamning necha kunlab duosi qabul bo‘lmasligi ta’kidlangan. Musulmon inson H. yo‘l b-n molu dunyo kasb qilishdan, xuddi cho‘chqaning go‘shtini yeyishdan hazar qilgandek, hazar qilish kerak. H. yo‘l b-n molu dunyo topgan odam ikki dunyoda sharmanda bo‘ladi. Bu dunyoda azob-ukubat, turli balo-ofatlarga yo‘liqib, u dunyoda jahannam ichida turib, qorniga olovni taom o‘rniga yeydi. Shariatda H. hisoblangan narsani halol deb e’tiqod qilgan odam kofir bo‘ladi. H.ga ota-onaga oq bo‘lish, zinokorlik, ribo (sudxo‘rlik), sehrgar va folbinlarga ishonish, o‘g‘rilik, qaroqchilik, poraxo‘rlik, josuslik, chaqimchilik, yolg‘onchilik, qotillik, nohaq qon to‘kish, xiyonatkorlik, o‘likka dod-voy solib yig‘lash, savdo-sotikda g‘irromlik, g‘iybat, tuhmat kabilar H. amallardir. Yeyiladigan narsalardan to‘ng‘iz, vahshiy hayvonlar, o‘zicha o‘lgan halol hayvonlar, so‘yilganda oqqan qon, "bismilloh" aytmay so‘yilgan halol hayvon go‘shtlari, dinsiz (majusiy)lar so‘ygan hayvon go‘shtlari, mast qiluvchi ichimlik va giyoxlarning hammasi islom shariatida H. qilingan. Bulardan tashqari erkaklarga tilla narsa taqish, ipak kiyim kiyish, ayollarga erkakcha kiyinish, tilla-kumush idishda ovqatlanish, avrat joylarini ochib yurish kabilar ham H. amallardan sanaladi. Foydalanishi H. etilgan va istifoda qilgan kishiga faqat zarar beradigan o‘simliklarni ekish ham, parvarish qilish ham islomda H. hisoblangan. Mas., nasha, qoradori, afyun singarilar. Tamaki ham shular toifasiga kiradi. Bir narsaning H. ekani shubhasiz, ochiq dalillar b-n ma’lum bo‘lsa, uni ekish va yetishtirish ham H.dir. Agarda u narsa makruh bo‘lsa, uni ekish va yetishtirish ham makruh sanaladi. Musulmon kishi g‘ayrimusulmonga sotish niyatida H. narsani ekishi (u narsadan o‘zi foydalanmasa ham) halol bo‘lmaydi. Chunki, musulmon hech qachon H.ga qo‘l urmasliga, H-Dan istifoda etmasligi, undan uzoq turishi kerak. Shunga ko‘ra, mas., nasroniylarga sotish uchun cho‘chqa boqish ham musulmonga joiz emas. Bu xususda islomning hatto araq tayyorlanishi aniq ma’lum bo‘lgan joyga uning xomashyosini (uzum yo bug‘doyni) sotishni ham H. qilganini e’tiborga olsak, masala yanada oydinlashadi.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:56:50

HAROM MASJIDI (arab. - muqaddas masjid) - Makkadagi Ka’ba ibodatxonasi va u b-n bog‘liq bo‘lgan majmua. Kur’onda shu nom b-n tilga olingan. Bu majmua qadimdan mavjud bo‘lgan, arablarda islomgacha ham sig‘iniladigan muqaddas joylardan biri hisoblangan. Yunon tarixchisi Ptolemey asarlarida 2-a.da Makka va undagi ibodatxonaning mavjudliga qayd qilingan. 630 y. musulmonlar Makkani fath qilishgach, H.m. islom dinining markazi, eng muqaddas ibodatxona deb tanilgan. H.m. majmuasining markazida Ka’ba va hovlisida Zamzam bulog‘i, ikki tepalik (Safo va Marva) bor. Tepaliklar tim b-n tutashtirilgan. Masjid 1570 y.da majmua bo‘lib shakllangan. H.m. musulmonlar haj qiladigan muqaddas joy hisoblanadi. U g‘ayrimuslimlar uchun yopikdir. Oxirgi ta’mirlash ishlaridan so‘ng H.m. maydoni kengayib, 328 ming kv.m.ni tashkil etadi. Bu esa, bir vaqtning o‘zida 730 ming, haj va umra paytlarida esa, 1 mln. namozxonni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Haj marosimining boshlanishi va tugallanishida albatta H.m.ga kelib, Ka’ba tavof qilinadi.

Qayd etilgan


Shahina  14 Oktyabr 2006, 07:57:12

HASAN ibn Ali (625-669) - Ali ibn Abu Tolib(kv)ning (Fotimadan tug‘ilgan) o‘g‘li, Muhammad(sav)ning nabirasi, ikkinchi shia imomi. 661 y.da Ali o‘ldirilgandan keyin uning tarafdorlari H.ni Irokda xalifa deb e’lon qilgan va Muoviya hokimiyatiga qarshi kurashni yangitdan boshlashga da’vat etgan Lekin, H. (ra) Muoviya b-n muzokaralar olib borib, u b-n kelishgan, o‘ziga in’om etilgan katta mablag‘ hisobiga hokimiyatga da’vo qilishdan voz kechib, Madinaga ko‘chib ketgan va u yerda vafot etgan (shialik rivoyatlar bo‘yicha zaharlab o‘ldirilgan).

Qayd etilgan