BUDDIZM (Budda nomidan olingan), B u d d a v i y l i k - jahonda eng keng tarqalgan dinlardan biri (xristianlik va islom dini b-n birga). Mil. av. 6-5-a.larda Hindistonda paydo bo‘lgan. Markaziy Osiyo, Jan.-sharqiy Osiyo mamlakatlarida va Uzoq Sharqda tarqalgan. Hoz. kunda B. Shri-Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kambodja, Vetnam, Tibet, Butan va Yaponiya kabi davlatlarning asosiy dinidir. B. muayyan tarixiy davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya va Indoneziyada, deyarli butun Osiyo xalqlari, ya’ni jahonning salkam 2/3 qismi aholisi ma’naviy qadriyatlariga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Rivoyatlarga ko‘ra, B. ga Siddhartha Gautama (Budda) asos solgan. B. da 2 asosiy yo‘nalish mavjud: xinayana va maxayana. Keyingisi juda ko‘p sekta va oqimlarga bo‘linadi. Boshqa dinlardan farkli ravishda B.da hech bir o‘zgarmas narsa yo‘q hatto xudo ham o‘zgaruvchan, deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud bo‘lib, ularning har biri yo‘qolib, keyingisiga o‘rin beradi. B. ta’limotiga ko‘ra, inson doimo azob-uqubatga mahkum va bunga uning o‘zi sabab bo‘ladi. Zero u, garchand befoyda bo‘lsa-da, o‘z hayoti va farovon turmushini saqlab qolishga harakat qiladi. Azob-uqubatdan qutulish uchun ko‘ngil xush ko‘rgan barcha narsalardan o‘zini tiyishi darkor. Muntazam ravishda yolg‘ondan, o‘g‘rilikdan, boshqaga zarar yetkazishdan, zinodan o‘zini tiyish hamda meditatsiya (ongai oliy haqiqatga yetishishga qaratish) "bodxi", ya’ni "xotirjamlik"ka va oxir-oqibatda nirvanaga (azob-uqubatning tugashiga) olib keladi. Nirvanaga yetishish uchun talab qilinadigan axloqiy barkamollik bir emas, bir necha hayotni taqozo etishi mumkin. B. zaminida 3 narsa - Budda, Dxarma va Sangxaga e’tiqod yotadi. Budda (Siddhartha Gautama) oliy haqiqatga yetishishning yorqin timsoli. Dxarma - Gautama qoldirgan ta’limot. Bu ta’limotning eng qisqa bayoni "to‘rt oliy haqiqat"dan iborat: 1) azob-uqubat mavjud; 2) azob-uqubatning sababi (istak) mavjud; 3) azob-uqubatning tugashi (nirvana) mavjud; 4) azob-uqubatning tugashiga olib keluvchi sakkiz bosqichli yo‘l mavjud. Sangxa - Budda asos solgan va hozirgacha faoliyat ko‘rsatib kelayotgan rohiblar jamoasi. Tor ma’noda bu - o‘tgan asrlarda "oliy haqiqat"ga yetishgan ko‘plab avliyolardir. Sangxa jamoasiga qabul etilgan shaxs quyidagi 10 farzni ado etishga qasamyod qiladi: 1) hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2) yolg‘on so‘zlamaslik; 3) o‘g‘rilik qilmaslik; 4) jinsiy aloqaga kirmaslik; 5) mast qiluvchi ichimlik ichmaslik; 6) kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik; 7) uch kiyimdan ortiq hech narsa b-n tanani bezamaslik;
ommaviy ko‘ngil-xushliklarda ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9) baland va yumshoq o‘rinda yotmaslik; 10) pul ishlatmaslik. Rohiblar jamoasi asosan txeravada B.ga xosdir. Maxayanada "haqiqat yo‘li" har kim uchun ochiq: rohiblarga ham, dunyoviy kishilar (ya’ni oddiy qavm)ga ham; Buddaga e’tiqod qilinsa, bas. Kenfoq qaraganda, Sangxa -muqaddaslik va qudrat xazinasi. Qisqasi, B. - Buddaga ergashib, Dxarma talablarini bajarish va Sangxa jamoasining a’zosi bo‘lib qolishdir.
B. tarixi 2500 y.dan ortiq davrni o‘z ichiga oladi. Unga dastlab braxmanizm va jaynizmning ta’siri kuchli bo‘lgan. Imperator Ashoka (mil. av. 3-a.) davrida B. kuchli mustaqil din sifatida shakllandi. 9-a. muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatgan B. Hindistonda inqirozga yuz tuta boshladi va pirovardida bu yerda uning o‘rnini hinduizm to‘liq egalladi. Ammo B. Shri-Lanka, Jan.-sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo orqali Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetga yoyilib ulgurgan edi. Shri-Lanka va Jan.-sharqiy Osiyoning materik qismida txeravada B. (qad. an’analarga sodiqlik), Xitoy, Koreya, Yaponiya va Tibetda esa, maxayana (yangicha yondashuvlar) tarqaldi. 15-a.da Osiyo qit’asida paydo bo‘lgan yevropaliklar B. b-n tanishdilar. Ularning ba’zilari B.ga kirgach, Angliya, Germaniya, AQShda o‘z jamoalarini tashkil etdilar. Xitoylik va yaponiyalik muhojirlar bu e’tiqodni Gavayya orollari va AQShning g‘arbiy sohillariga olib keldilar. Hoz. paytda AQShga ko‘plab yapon va tibet rohiblari hamda olimlarining kirib kelishi natijasida mamlakat bo‘ylab yirik B. jamoalari tashkil topdi. B. ning bir necha xalqaro tashkilotlari ham mavjud.
B.da kundalik, davriy, maxsus va bayram marosimlari ado etiladi. Monastir, butxona va xonadonlarda ertalabki va kechki ibodatlar uyushtiriladi. Odatda 12—13 yoshli o‘spirin 20 yoshgacha, ya’ni balog‘atga yetgunga qadar monastirda rohiblikni o‘taydi, lekin taxm. ularning uchdan bir qismi umrbod shu maqomda qoladi. Oddiy qavm yoki dunyoviy kishilarning eng asosiy kundalik vazifasi - rohiblarni ovqat b-n ta’minlashdir. Bu b-n ular xayrli xizmat qilgan bo‘ladilar. 20-a.da jahon bo‘ylab dunyoviy kishilarni ushbu dinga jalb etish odat tusiga kirdi. Hatto Hindistonning o‘zida ham B. dunyoviy shakdtsa qayta tiklanmoqda. Yaponiyada dunyoviy kishilar "sinsyuko" (yangi dinlar) deb atalgan oqimlarni (Rossiyada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan "Aum sinrikyo" shulardan) tashkil etmokdalar. Amerikadagi "yangi buddizm" jamoalari, asosan, dunyoviy kishilardan tarkib topgan.
O’zbekistonda bitta B. jamoasi rasmiy ravishda faoliyat ko‘rsatadi.