JUMA (arab. - jam bo‘lish) - musulmonlar solnomasida oltinchi kun nomi. Islom dinida "sayyid ul-ayyom" - kunlarning ulug‘i sifatida e’zozlanadi. J. kuni peshin namozi o‘rniga J. namozi o‘qiladi. Imom-xatiblar namoz oldidan yarim soat chamasida mav’iza (diniy va’z) o‘qiydilar. So‘ng ikki bor azon aytilib, katta jamoat b-n namoz ado etiladi. Musulmon mamlakatlarida J. kunini dam olish kuni deb belgilaganlar. Mufassir ulamolarning rivoyatlariga ko‘ra, Alloh taolo yahudlarga shanba kunida boshqa ishlarga mashgul bo‘lmay, faqat ibodat ila shug‘ullanishni buyurgan. Nasorolar esa, yakshanba (voskresene) kunini faqat ibodat uchun belgilab olganlar. J. kunini islomdan oldin arablar "aruba" deb ataganlar. Birinchi bo‘lib, bu kunni J. deb atagan kishi Ka’b ibn Luay. Buning sababi, Madinaga payg‘ambar (as) kelishlaridan oldin, ansorlar (madinaliklar) "yahudlar va nasorolar 7 kunda bir bor to‘planib ibodat qiladilar. Kelinglar, biz ham bir kun to‘planib Allohga shukur va zikr aylaylik, yahudlar shanbani, nasorolar yakshanbani ixtiyor qilishgan, biz "aruba" kunini olaylik", deb aytishdi. As’ad ibn Zaroraning uyida to‘planib, 2 rakaat namoz o‘qib, zikr aytganlar. Shu kuni to‘planganliklari sababli, J. deb ataganlar. Islomda birinchi J. shu kuni bo‘lgan. Bu voqea "Jumua" surasi nozil bo‘lmasdan oldin bo‘lgan, Ammo haftada bir kun dam olish bo‘lsa, bundan taxm. 150-170 y. ilgari, ko‘pchilik kishilar ishlaydigan korxonalar paydo bo‘lganda, soatbay ish kunlari joriy qilinganda, haftada bir kun dam olish kunini nasorolar - ruslar o‘zlarining ibodat uchun ajratilgan kunini tiklashgan. Keyinchalik musulmonlar ham dam olish kunini J. deb belgilaganlar.