SHOFI’IY, to‘liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris ibn Abbos ash-Shofi’iy (767-820) - imom, shofi’iylik mazhabining asoschisi, sayyidlardan. 2 yoshida onasi Makkai Mukarramaga olib kelgan va shu yerda Qur’oni karimni yod olgan. 10 yil arab olamida shirin tili va fasohati b-n mashhur bo‘lgan Huzayl qabilasida yashagan, natijada yirik arab tilshunosi, she’riyat bilimdoni bo‘lib yetishgan. Ko‘p yerlarga safar qilgan. Makka muftisi Muslim Xolid az-Zanjiy va Madinai munavvarada Imom Molik huzurlarida ta’lim olgan. Imomi A’zamning shogardi Muhammad ibn Hasan b-n Bag‘dodda yaqin muloqotda bo‘lib, unga shogard tushgan va shu yerda o‘z mazhabini tuzgan. Imom 111. mazhabi, asosan, Misrda, Hind okeani davlatlarida, ayrim orollarda tarqalgan.
Sh. bir qancha muddat goh Irokda, goh Hijozda istiqomat qilgan. 815 y. Qohirada muqim turib qolib, shu yerdagi "Amr ibn Os" jome’ masjidida fiqxdan dars bergan. Sh.ning "ar-Risola", "al-Umm" asarlari islom olamida mashhurdir va shofi’iy ulamolar uchun eng zarur manba bo‘lib xizmat qiladi. Sh. "Usul al-fiqh" ilmiga asos solgan. Boshqa faqihlar o‘zlariga manba deb hisoblagan "Istihson"ni qabul qilmagan, uni xato deb tushungan.
Bu zot haqida Imom Axmad ibn Hanbal shunday degan: "Siyoxdon ko‘targan har bir kishining zimmasida Shofi’iyning haqqi bor". Boshqa olimlar esa: "Muhaddislar g‘aflat uykusida edilar, Imom Shofi’iy ularni uyg‘otdilar", deyishgan.