Behzodbek:
Assalamu alaykum, yangi yil haqida yozmoqchi edim. Bu gaplarim aksariyatimizda norozilik uyg'otsa ham, buni mening nohaqligimdan emas, balki bizlarning bu illatga qanchalik botib ketganimizni anglatadigan o'lchovlar deb qarashingizni istardim.
Yangi yilni nishonlash xristianlarning "Rojdestvo" bayramidan kelib chiqqan odat hisoblanadi. Uni nishonlash ulamolarning ittifoqi bilan Islom shariatida taqiqlangan. Lekin bu narsa xalqimizda shunchalik urfga aylanib ketganki, uni hatto 5 vaqt namoz o'qiydigan, o'zini komil musulmonman, deb hisoblaydigan yurtdoshlarimiz ham ko'r-ko'rona nishonlaydilar. Zohiran, bayram tadbirlarida noshar'iy ishlar ko'rinmasada (lekin aksariyat tadbirlarda noshar'iy ishlar qiliniadi),uning taqiqlanishi boisini anglolmay qosir aqlimiz bilan shubhaga bormaylik. Dinimiz, shariatimiz qiyomatgacha boqiy deb iymon keltirdikmi, uning fatvolarini tom ma'noda qabul qilaylik. Zero, Qur'oni Karimda Islomni to'liq qabul qiling, bir amalini olib, boshqasini tark qiluvchilardan bo'lmang, degan ma'noda oyati karima bor.
Biz komil musulmonmiz, 5 vaqt namoz o'qiymiz, lekin qilayotgan amallarimiz hammasi shar'iy to'g'rimi? Bu haqda qachon o'ylaymiz? Kundalik hayotimizda nafaqat yangi yil, balki boshqa amallarda ham juda ko'p noshar'iy ishlarga bilib-bilmay qo'l uramiz. Bularni bartaraf etish uchun komil faqih bo'lish shart emas. Alloh bergan aqlimizni, farosatimizni umumiy o'lchov o'laroq bilib qilayotgan amallarimizga boqishimiz kerak. Zero abadiyat oldida zarraning milliarddan biri ham bo'lmagan bu foniy dunyoda qilgan ishlarimiz ana o'sha abadiyatga yo'llanma tayyorlashini unutmayliki. Bu abadiyat esa yo azob, yo rohat bo'lishi mumkin...
To'liqroq va aniq hujjatlar uchun islomiy saytlaga murojaat qiling. Zero, men ham fikrlarimni shunday manbalardan olgan xulosalarimga ko'ra beryapman.