Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 104224 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 29 B



Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:25:43

Mas’ul muharrir: Shayx Muhammad Sodiq MUHAMMAD YUSUF

Muharrir: Shahobiddin ODILOV

Taqrizchi: Abdurrazzoq YUNUSOV

Noshir: Yusuf MAHMUDOV

Texnik muharrir: Ixtiyor SAID

Imom A’zam mazhabidagi atoqli alloma, Naqshbandiyya tariqatining murshidi komili, yurtimizda o’nlab asarlari tarjima bo’lgan professor, Shayx Mahmud As’ad Jo’shonning (1938-2001) ushbu kitobida ro’zaning farzligi, bu xususdagi fiqhiy ahkomlar, uning moddiy va ma’naviy foydalari, jamiyat hayotiga ijobiy ta’siri va taqvoning ahamiyati haqidagi bir qator muhim shar’iy masalalardan bahs yuritiladi. Shuningdek, asarda muborak uch oylar va muborak kechalar fazilati haqida ma’lumot va tavsiyalar berilgan.
Kitob sodda, xalqchil, suhbat uslubida tartib berilgan bo’lib, keng kitobxonlar ommasiga manzur bo’ladi, degan umiddamiz.

© Sayfiddin Sayfulloh

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:35:21

RAMAZON — RAHMAT OYI

Bizni inson qilib yaratgan va imon gavhariga musharraf etgan mehribon Alloh taologa behad hamdu sanolar bo’lsin!

Olamlarga rahmat bo’lib kelgan sevimli, mushfiq payg’ambarimiz hazrat Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga salotu salomlar yo’llaymiz.

Muborak ramazon oyining ro’zasi Islomning besh shartidan biri bo’lib, payg’ambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Qur’oni karimda: «Sizlarga ham sanoqli kunlarda ro’za tutish farz qilindi», «Sizlardan kim bu oyga hozir bo’lsa, ro’za tutsin» kabi xitoblar bilan ro’zaning farzligi sobit bo’lgan va fiqhiy asoslaridan bahs yuritilgan 1.

Hadisi qudsiylardan birida: «Ro’za men uchundir va uning mukofotini men beraman», — deyiladi va ro’zaning xos ibodat hamda ulug’ savobga ega ekanligiga ishora qilinadi.

Dinning ustini namoz bo’lsa, jamiyatniki — zakot, ruhniki esa ro’zadir. Ro’za ruh shifosidir.

Har bir ilohiy amrda o’ziga xos hikmat bor. Ro’zaning barcha xususiyati va hikmati yolg’iz Allohga ayon. Bir narsa aniqki, Ramazon - rahmat va mag’firat oyi, oylarning sultoni va eng ulug’idir. Ro’za jasadga ham, ruhga ham fayz bag’ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza etadi.

Boshqa oylarga nisbatan bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug’ ajru mukofotlarga sazovor bo’lish imkoniyatlari ko’proq. Qadr kechasinig ming oydan afzalligi, bu kechada qilingan ibodatning ajri ming oylik qilingan ibodatning savobidan ortiqligini bir tasavvur qilib ko’ring! Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo’ladi, inshoalloh! Hatto farishtalar ham bu oyda Allohning maxsus farmonini bajarish uchun yerga tushadilar...


1 Baqara surasi, 183-187-oyatlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:39:07

Qur’oni karim shu oyda nozil bo’ldi. Allohning Rasuli Islom diniga da’vatni shu oydan boshladi. Shu oydan boshlab Islom dini zafarga, kuch-quvvatga, nurga to’laverdi... Shuning uchun ham ramazon oyi va ramazon ro’zasi butun ummat tarafidan buyuk bir muhabbat va ayricha hurmat bilan e’zozlanadi.
Bu oyda yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak tuyg’u va mushtarak qarashlar bilan birlashadilar... Bir xil vaqtda ochiqadilar, chanqaydilar, jamoat bo’lib tartibli, e’tiqodli holatda Allohga taslim bo’ladilar, muhabbat namunasini ko’rsatadilar. Yaxshilik, xayru hasanot barchaga barobar ochiladi. Allohning afv va mag’firat xazinasidan har bir mo’min o’z ulush va nasibasini olishga harakat qiladi. Mo’min-musulmonlar ro’za davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar, Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o’ylay boshlaydilar...

Shubhasiz, ro’za islomning boshqa ahkomlari va ibodatlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Xatmi Qur’on, tarovih va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ularda mehr-oqibat, dinu diyonat tuyg’ularini junbushga keltiradi.

Ammo hayf va yoziqlar bo’lsin ul kishigakim, shu ulug’ oyni pisand qilmasdan, ro’za tutmasdan muborak ramazon oyining savobi, fayzu barakotidan mahrum qoladi!

Ushbu kitob muallif tomonidan tadqiqot sifatida yozilmagan. U turli joylarda, turli vaqtlarda ma’ruza qilingan suhbatlardan tarkib topgan. Shuning uchun ham ba’zi o’rinlarda takroriy fikrlar uchraydi. Qolaversa, kitobxonlarga ilohiy amr va farmonni takrorlab, uqtirib turish foydadan xoli emas.
Alloh barchamizni ro’za ibodatini mukammal va ixlos bilan ado etadigan taqvodor va solih bandalaridan aylasin. Omin! Valhamdu lillahi rabbil olamin.

Sayfiddin Sayfulloh,
Filologiya fanlari nomzodi, Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofotining sohibi

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:43:00

Muxlis Namangoniy*

ASSALOM, MOHI MUBORAK!

Assalom, ey mohi oliy qadru qiymat, assalom,
Assalom, ey manbai judu2  karomat, assalom,
Assalom, ey boisi xayru saxovat, assalom,
Assalom, ey mohi pur lutfu latofat, assalom,
Bizni shod etting kelib, ey mohi bahjat3, assalom!

Intizor erduk yo’lingda, ey mahi rahmatnamo,
Xush kelibsan, xoki poying diydam uzra to’tiyo,
Sen erursan kulli ummatga merosi Mustafo,
Hurmatingdin osiylarni mag’firat aylar Xudo,
Sen kelib, olamni qilding g’arqi rahmat, assalom!

El ichinda garchi mahsan, martabang kundin ziyod,
Kelganingda kull4  maloiklar qilurlar xayrbod,
Yilda bir olam eliga ko’b yetar sandin murod,
Necha mufsidlar boshidin aylading daf’i fasod,
Yer yuzin pok aylading, bo’lgil salomat, assalom!

Kelganingdin shukri lillah, shod bo’ldi xosu om,
Masjid ichra bo’ldi mo’’minlar hama sohib qiyom,
Ham xuzu’u5  ham xushu’u6, ham qilib xatmi kalom,
Ne’mati bisyorni iysor7  etarlar vaqti shom,
Qaysi mahda bor muncha xayru barkat8   assalom!

Ahmadi mursal ayog’in bo’sa qilg’on mohsan,
Nav arusi shab, falakda sohibi xirgohsan,
Odatulloh bu erurki, gah to’la, gah ko’tohsan,
Ramzi «Van shaqqal qamar»ning9  sirridin ogohsan,
Tozadan har shab kiyib egnida xil’at, assalom!


*Muxlis Namangoniyning tug’ilgan yili va vafoti haqida aniq ma’lumot yo’q. Namanganda tavallud topgan, Buxoroda tahsil olgan. Amir Nasrulloh davrida Labi Hovuz devonbegi maydonida va’z aytgan. «Tuhfatul obidin» («Obidlar tuhfasi») muallifi Obid Namangoniy Muxlis Namangoniy xususida Qori Isomiddin Voizdan eshitganlarini shunday yozadi: «Nomini Mulla Muhammadyor debdir. Kichikroq bir devoni bor bo’lib, adabiy qoidalardan yiroq muxammaslari qasida shaklida xotima bo’lib ketadir. So’fiyona she’rlari ko’pdir. Buxoro shahrini ko’p madh etadir» (Po’lat Qayumov. «Tazkirai Qayumiy», 3-jild, 614-bet). Mazkur muxammas ham «Tuhfat ul-obidin» kitobidan olindi (Toshkent, 1915, 90-91 betlar).
2 Jud — in’om, ehson, saxiylik.
3 Bahjat — shodlik, xursandchilik, zavqu shavq.
4 Kull — barcha, jumla.
5 Xuzu’ — kamtarlik, o’zini xor tutish.
6 Xushu’ — xokisorlik, o’zni past tutib yolvorish.
7 Iysor — ehson, bag’ishlash.
8 Barkat — barakat, baraka.
9 «Van shaqqal qamar» - Muhammad alayhissalomning oyni ikkiga bo’lgan mo’’jizalariga ishora (Qur’on, 84:1)

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:49:18

Ro’zi avval qurbi pokingni azim etmish G’afur,
Bobi do’zax bastadur10, ul kun ochiq bobi surur,
G’arqi nurdur, balki fayzing birla amvoti qubur11,
Kim sani izzat qilur, izzat topar yavmi nushur12,
Bu masaldir: «Yaxshidin yetgay sharofat», assalom!

Ey, sanga behad erur ikromu fayzu xosiyat,
Avvaling rahmat erur beshak, miyoning mag’firat,
Oxiring ozodi do’zax, farzi avvaldur niyat,
Qaysiga hosil o’libdi muncha qurbu makramat,
Maqdaming ko’z uzra ey mohi saodat, assalom!

Bordur sakkiz eshik jannatga doim barqaror,
Biridur Rayyonu yoqutdin shu’oi beshumor13,
Kim hadis aydi bu darga Ahmadi Rafraf suvor,
Bul erur mahshar kuni maxsus bobi14  ro’zador,
Ey mahi xayriyati ro’zi qiyomat, assalom!

Ey bahaqqi hurmati mohi siyomi purfutuh15,
Tavbamizni aylagil maqbul monandi Nasuh,
Ey, xususan, jismdin bir kun judo bo’lg’anda ruh,
Qilmag’il g’arqi g’azab ul kun misoli qavmi Nuh,
Go’r ichinda aylagil lutfu inoyat, assalom!

Yo rasulalloh, erursan hashrda16  sohib rivoj,
Masnading17  taxti shafoat, nurdin boshingda toj,
Shiri18  shafqat birla ummat dardiga qilsang iloj,
Chashmi «Mozog’ al-basar»ni19  jonibi Muxlisga och,
Qilmag’il rad, man desam, vaqti shafoat, assalom!


10 Basta — yopiq.
11 Amvoti qubur - qabrdagi o’liklar, qabr ahli.
12 Yavmi nushur — tirilish kuni, qiyomat.
13 Shu’oi beshumor — had-hisobsiz nurlar, shu’lalar.
14 Bob — eshik.
15 Mohi siyomi purfutuh — juda barakali, fayzli ro’za oyi.
16 Hashr — to’planish, tirilish, barcha tiriladigan va to’planadigan joy.
17 Masnad — suyanchiq, taxt, yuksak o’rin.
18 Shir — sut.
19 «Mozog’ al-basar» — Me’roj kechasi faqat Haqning oyat va alomatlariga nazar solgan va o’ngga ham, so’lga ham og’magan Hazrat Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak ko’zlariga ishora (Qur’on, «Van-najm» surasi, 17—18-oyatlar).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:53:24

Ramazonning fazilati

Alhamdu lilla’hi rabbil a’lami’n. Hamdan kasiran tayyiban muba’rakan fi’h. Kama’ yanbag’i’ lijala’li vajhihi’ va liazimi sulta’nih. Vassala’tu vassala’mu ala’ sayyidina’ Muhammadin va ala’ a’lihi va sahbihi va man tabiahu bi ihsa’nin ajma’i’n20 .

 (Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go’zal va muborak (barakotli) hamd bo’lsin! Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo’lsa, shunday hamdu sanolar bo’lsin! Va Sayyidimiz — Muhammad alayhissalomga va uning ahli xonadoniga va ashoblariga va Unga sidqidildan tobe’ bo’lgan barcha izdoshlariga salotu salomlar bo’lsin!)21 .

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu aziz va muhtaram musulmon birodarlar!
Alloh taolo barchamizdan rozi bo’lsin... Bu go’zal, xayru barakotli, fayzu karamli oyning rahmatidan, ne’matlaridan, o’zining sevikli bandalariga taqdim etgan ikromlaridan bizning ham bahramand bo’lishimizni Parvardigor hammamizga nasibu muyassar aylasin!

Aziz va muhtaram qardoshlar! Yaxshi bilasiz Salmoni Forsiy roziyallohu anhu Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning eng sevgan sahobalaridan edilar. Hazrat Rasul alayhis-salom u muborak zot haqida: «Salmon bizdandir, ahli baytimizdandir», — deganlar. Salmoni Forsiy roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar:

Ya’ni, «Sha’bonning oxirgi kunida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga shunday xutba o’qidilar: «Ey insonlar! Ulug’ va muborak bir oyning soyasi ustingizga tushdi. (Chunki bu kun sha’bonning oxirgi kuni, hali ramazon oyi kirmaganligi uchun shunday dedilar). «Shunday bir oyki, unda ming oydan afzal bir kecha bor...»


20 Yonida apostrof belgisi (’) qo’yilgan mad harflari (cho’ziq unlilar) qoidasiga muvofiq cho’zib o’qiladi.
 21 Keyingi maqolalarda keltirilgan hamd, sano va salavotlar faqat tarjimada beriladi (Tarjimon).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:58:01

Ming oydan yaxshi bo’lgan bu kecha — qadr kechasidir. Qadr kechasi ramazon oyida mavjud bo’lib, qaysi kundaligi yashirilgan, sir tutilgan. Sevimli Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Ramazonning oxirgi o’n kunidagi toq kunlardan izlang», — deb aytgan bo’lsalar-da, aniq qaysi kunligi maxsus ma’lum qilinmagan. Ba’zan ramazonning boshlanishi biror kunga siljib qolishi mumkin. Shuning uchun Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam muborak qadr kechasini topib, undan foydalanish uchun, ramazonning oxirgi o’n kunini uylariga bormasdan, masjidda toat-ibodat bilan e’tikofda o’tkazardilar. Aziz payg’ambarimizning bu sunnatlariga jiddiy ravishda amal qilishimiz lozim.

Aziz va muhtaram birodarlarim! Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Allohning rasuli, habibi — eng yaxshi ko’rgan bandasi, sayyidul avvalin val oxirin, ya’ni o’tgan va keladigan barcha insonlarning eng ulug’i va mukammali, sarvari anbiyo — Payg’ambarlarning eng yuksak martabalisi, maqomi Mahmudning sohibi... Har holati, butun umri, har soniyasi go’zal... Xulq-atvori, har so’zi va har holi go’zal bir insondir. Shunday bo’lsa-da, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Uch oylar kelishi bilan ibodatga yanada ko’proq berilardilar. Har lahzalarining o’zi ibodat bo’lishiga qaramay, yanada go’zalroq ibodat qilishga kirishib ketardilar. Albatta, bu bizlar uchun bir ibratdir...

Rajab oyi kelishi bilan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam boshqa oylarga qaraganda yanada ko’proq ro’za tutardilar. Ramazondan ikki oy oldin keladigan rajab oyida rag’oib kechasi mavjud bo’lib, bu kechadan musulmonlar muborak bir oy kelganligini bilib, farqlab olar edilar. Bu kechada inson Allohning buyuk ne’mat va ikromlariga erishadi... Rajabning yigirma yettinchisida Xotamul anbiyo payg’ambarimiz me’rojga chiqqanlar22 . Boshqa hech bir basharga nasib bo’lmagan eng ulug’ ne’mat — Alloh taoloning Oliy dargohiga chiqish va Alloh taoloni ko’rish ne’mati Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga me’roj oyida nasib etgan23.


22 Bu borada boshqa xil qarashlar ham mavjud.
23 Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom ummatlariga: «Alloh diydorini o’lgandan keyin ko’rasizlar»,- deb bashorat berganlar. Bu hadis butun insoniyatga tegishli bo’lsa ham aksar ulamolarimiz Hazrat Payg’ambarimizning Me’roj kechasida Alloh diydorini hadsiz va kayfiyatsiz holda ko’rganliklari haqida ittifoq qilganlar. Ba’zilar Rasululloh Xudoni qalb ko’zi bilan ko’rgan deyishsa, ayrimlari ko’z bilan ko’rganliklarini aytishgan. Ayrim toifa olimlarning yozishlaricha, ham qalb ko’zi bilan, ham ko’z bilan ko’rishga muvaffaq bo’lganlar, ya’ni butun vujudlari ko’zga aylangan edi...

"œ...Va ham rivoyat qilur Oishai Siddiqa raziyallohu anhodinki aydilar: «Man za’ama anna Muhammadan alayhissalotu vassalamu rao rabbahu biayni ra’sihi faqad a’zamal fir’yata». Ya’ni, har kimarsa za’m bila (tasdiqlab) aytsaki, albatta, onhazrat alayhissalotu vassalom Parvardigorini bosh ko’zlari ila ko’rgondurlar. Bas, ul kimsa ulug’ yalg’onni paydo etibdur. Ko’z ila ko’rmadilar, balki muborak badanlarini farqi saridin to qadamlarig’acha har zarrasi ko’z bo’lg’on erdilar. Hamai a’zolari ila mushohada qildilar. (Qarang: Shayx Akbarobodiy. «Nodirul Me’roji turkiy». Toshkent: «Aziya» nashriyoti. 1329 hijriy-qamariy,  289- 292 betlar)
Alisher Navoiy «Lison ut-tayr»da Rasuli akramning «Mahbubi haqiqiy vaslig’a» yetganligini quyidagi baytlar orqali ta’riflagan:
Ham ko’rub jonon jamolin ko’z bila,
Vaslidin ham bahra topib so’z bila,
Aylabon idrok to’qson ming kalom,
Lek asnosida yuz ming ehtirom.
Osi(y) ummatning gunohin istabon,
Borcha ahvolin tabohin istabon.
Har ne istab Hayyi Mutlaqdin topib,
Haq tilab, Haqdin tilab, Haqdin topib.

(Alisher Navoiy. «Lison ut-tayr». Toshkent, 1991, 26-bet) (Tarjimon izohi).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 07:59:33

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam rajabdan keyingi sha’bon oyida ham ibodatlarini, ro’zani davom ettirar edilar.

Sha’bonning o’rtasida baroat kechasi bor. Bizlar u kechani ham o’tkazdik va mana ramazonga ham yetdik.

Salmoni Forsiy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifni sharhlashda davom etaman:
Dastlab, bu oyning barakotli, fayzli, muazzam bir oy ekanligini muborak so’zlari bilan bayon qildilar. Bizga eng birinchi aytganlari, bu — ichida ming oydan ham afzalroq bir kechasi bor bo’lgan oy, deganlaridir... Qadr kechasi Ramazonning ichida bo’lgani uchun ham bu oyning hamma kechalarini qadr kechasi deb bilishimiz kerak. Zotan, buyuklarimiz: «Har kechani qadr bil, har kishini Xizr bil!» — deb bejiz aytmaganlar. Faqir ekan, qiyofasi g’arib ekan, kambag’al ekan, soch-soqoli o’sgan ekan deya, qarshingdagi insonni xor ko’rma, balki u Xizr bo’lishi mumkin. Kechalarni g’aflatda o’tkazma, balki u qadr kechasidir. Demak, bobokalonlarimiz har kechani qadr kechasi bilib, uni savobli ishlar bilan o’tkazishni, Ramazonda axloqimizni tuzatib, zikru ibodatlar qilishni va ko’p savoblarga noil bo’lishni tavsiya qilganlar.

Alloh taolo: «Menga bandalarim duo qilsalar, duolarini ijobat etaman, ixlos bilan so’raganlarini beraman», — deb va’da bergan. Shuning uchun ham bu muborak oyda qalbdan, ich-ichdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini so’rab duo qilishimiz kerak. Inshoalloh, duolarimiz ijobat bo’ladi.
Hadisi shariflardan ma’lumki, bir kishi shahidlikni orzu qilib: «Yo Alloh! Sening yo’lingda shahid bo’lmoqchiman, Sen uchun jonimni berishga tayyorman!» — deydi. Ya’ni, vatani, dini uchun jonini berishni xohlaydi, ammo urush yo’q, balki shahid bo’lmas, balki issiq yotog’ida, to’shagida o’lar... Qaysi holda bo’lishidan qat’iy nazar, «jonu dildan shahid bo’lishlikni xohlagan biror kishi issiq yotog’ida, qulay bir shaklda o’lsa ham, Alloh taolo uni shahidlik martabasiga yetkazadi», — deb Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida marhamat qilganlar. Demak, niyat — hammasidan ham eng ahamiyatlisi ekan...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:00:24

Yana bir narsani aytib o’tish kerak. Yaxshi bilasizlar, qurbon bayramida qurbonlik so’yiladi, hammamiz so’yamiz. Boy-badavlat kishilar avvaldan semiz qo’chqorni tanlab, qurbonlik qilishga harakat qiladilar. Alloh dargohida qabul etsin... «Ushbu oy kelishi bilan qurbonlik so’yamiz, inshoalloh!» — deb oldindan niyat qilamiz. Yaxshi narsalarga oldindan niyat qilish doimiy odatimiz bo’lib qolsin. Qurbon bayramida hamma qurbonlik so’yadi, chunki bu vojib amal. Ammo ramazon bayramida qurbonlik so’yishning ham savobi, hikmati bor. Bu oyda qurbonlik so’yganga yetti yuz savob beriladi.

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yetti yuz savobga ega bo’lgan to’rt narsani sanab o’tganlar:
1. Insonning Alloh yo’lida haj, jihod, umra kabi amallar uchun xarajat qilishi;
2. Ota-onaning yeyishi, kiyishi, yo’l xarajatlari uchun xarajat qilish;
3. O’z oilasiga qilgan xarajatlari. Shubhasiz, Islom oila muhabbatiga yuksak ahamiyat beradi. Inson bola-chaqam yesin-ichsin deb, to’rva-xaltasini to’ldirib, uyiga olib boradi. Bolalarining qorni to’yadi. Hamsoyasining olmasiga qo’l urmaydi, birovning qo’lidagiga ko’z olaytirmaydi. Uyda hamma narsa bor, ko’zlari to’q bo’ladi. Uyga qilgan xarajatlar uchun yetti yuz savob berilishining hikmati ham shunda.

 Ramazon bayramida qurbonlik so’yish. Nega endi ramazon bayramida? Chunki, ramazon bir bayram. Qurbonlik so’ydingizmi, uyga fayz-barakot yog’iladi, mehr-muhabbat yanada ortadi. Mehmon-musofirlarning hurmatini joyiga qo’yish yanada osonroq bo’ladi. «Marhamat, o’tiring, ovqat yeng!» — deb iltifot ko’rsatiladi.

Qayd etilgan