Kunduzgi reja qanday tuziladi? Inson bu rejani namozlarni jamoat bilan o’qiydigan shaklda tuzishi lozim. Bizning ba’zi birodarlarimiz bor edi. Do’konlarini ochib turardilar, namoz vaqti kirib qolsa, xaridori bo’lsa, hatto «Namozga boraman, yuring, birga boramiz! Keyin, agar kerak bo’lsa, keling!» — deb aytardi. Keyin do’konni yopib, namozga ketardi. Dunyoning ishi tugamaydi, ammo namozning vaqti o’tib ketadi. Bordi-yu o’tib ketsa, u vaqtdagi fazilatni qaytib topib bo’lmaydi.
Bizlarning asosiy va asl ishimiz — Allohning roziligi va savobli ishlar bo’lishi kerak. Binobarin, ishlarimizni to’xtatib, peshin namozini masjidga borib o’qishimiz lozim. Do’kondagi peshtaxtaning yonida yolg’iz o’qilgan namozdan ko’ra, masjidga borib jamoat bilan o’qilgan namozning savobi 27 marta ortiq bo’ladi. Agar jome’ masjidlarda, jum’a o’qiladigan masjidlarda o’qilsa, savobi 50 martagacha ortadi. Agar cho’pon tog’da, dehqon paykalda azon aytib, namoz o’qisa ham savobi 50 martaga ortadi. Chunki, u tog’u toshga «Allohu akbar», — deb nido etgan bo’ladi. Atrofida Allohning qanchadan-qancha maxluqlari borki, ular ham yig’iladilar, shuning uchun savobi 50 marta ko’p.
Shuningdek, mo’min kishi peshingacha ishlaydi va dam olib, namozini borib masjidda o’qiydi. Peshindan keyin ishini yana davom ettiradi va asrda mutlaqo masjidda bo’ladi.
Asr namozi muhim namoz bo’lganligi uchun Alloh taolo («val-asr»), — deb asr bilan qasam ichadi.