Inson o’z-o’zini nazorat qilmog’i lozim! Inson vujudining nazoratchisi bu - nafs. Insonga vujudining ehtiyojini bildirish jihatidan u lozimdir. Ammo bu nafsni o’z holiga tashlab qo’yilsa, haddidan oshib ketadi. Ya’ni shahavoti nafsoniya - nafs orzularining chegarasi bo’lmaydi, davom etib ketaveradi. Chegaradan chiqib ketganidan keyin insonni gunohlarga boshlaydi. Masalan, o’g’irlik qildiradi, birovning nomusiga ko’z olaytiradi, tanballikka da’vat etadi, ko’p uxlashga giriftor qiladi, boshqalar ishlasin, men tekinga yashayman, deb vasvasaga soladi va shunga o’xshash boshqa gunoh ishlarga chorlaydi.
Nafsning ushbu holatiga nafsi ammora deb ataladi. U shunday nafski, insonlarni yomonlikka amr qiladi... Inson nafsi tarbiyalanmadimi, u albatta, razolatga boshlaydi, jaholatga buyuradi. Yusuf surasida:
«Chunki nafs — agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa — albatta barcha yomonliklarga buyurguvchidir», degan oyat bor.
Nafsning haddan oshib ketayotgan orzularini to’xtatish lozim! Kim to’xtatadi? Bolani otasi to’xtatadi: «Futbol o’ynama! Kinoga borma! O’tir, darsingni qil! Tur, uxlama!.. Uy vazifasini bajar, keyin tashqariga chiqib o’yna!» va shunga o’xshash. Kimdir uni boshqarib turadi.
Xo’p, bola ulg’ayib kuchli-quvvatli yigit bo’ldi, o’z-o’ziga buyruq beradigan bo’lib qolgan bo’lsa, uni kim idora etadi?.. U insonning nafsini kim boshqaradi, tarbiya qiladi? Insonning nafsi tarbiyaga muhtoj! Agar nafs tarbiya qilinsa, inson najot topadi. Qaysi dalilga ko’ra, qaysi hujjatga ko’ra qutuladi? Alloh taolo bunga javoban Qur’oni karimda shunday buyuradi:
«Darhaqiqat uni (ya’ni o’z nafsini — jonini imon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi. Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko’mib xorlagan kimsa nomurod bo’ldi». Nafsini tarbiyalab poklagan, isloh qilgan qutuladi. «Nafsini tarbiya qilmagan, ezgulikdan mahrum qoladi, zalolatga ketadi, pushaymon yeydi, dunyoyu oxirati kuyadi». Shu uchun ham nafs tarbiyasi, bu mo’’min kishi ahamiyat beradigan eng muhim ishdir. Chunki, tasavvuf bu - tarbiyalangan nafs ustiga qurilgan bino. Insonning nafsi tarbiyalangan bo’lishi lozim!.. Boshliqning, xo’jayinning, xotinning, erkakning, har bir kishining nafsi tarbiyalanishi lozim!.. Nafsi tarbiyalangan odam komil inson bo’ladi. Yusuf Hamadoniy, Abdulqodir G’ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Ashraf o’g’li Rumiy, Ibrohim Haqqi Arzirumiy, Bahovaddin Naqshband, Ibrohim Adham kabi nafsini tarbiyalagan komil insonlar bo’lishgan. Hammalaridan Alloh rozi bo’lsin! Bularning barchasi tarixda nomi qolgan sevimli buyuk insonlardir.