Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida o’nta sahoba, jumladan, «Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali jannatiydirlar», deb mujda berganlar. Masjidlarda, daftarlarga, dumaloq lavhalarga jannatiy bo’lgan kimsalarning ismlarini yozib, osib qo’yganlar. Demoqchimizki, hisob-kitobsiz jannatga kiradiganlarning boshida sahobalar, so’ng tobe’iynlar so’ng taba’a tobe’iylar so’ngra keyin keladiganlar turishadi.
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobalarining qanday yuksak darajada bo’lganligini bilamiz. Ya’ni sahobaning darajasiga birorta ham avliyo yetisha olmaydi. Ahli sunnat e’tiqodiga ko’ra, hatto, eng yuksak avliyoning darajasi sahobalarnikidan past turadi.
Chunki Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam buyuryaptilarki:
«Asrlarning eng xayrlisi, mening asrimdir, insonlari eng xayrlidir. Avval Payg’ambarimizni ko’rgan ashoblar, keyin ashobni ko’rgan tobeinlar, so’ng tabaa tobeinlar», ya’ni tobeinlarni ko’rganlar, — deb bu uch naslning juda ham muborak ekanligini bayon qilganlar. Ulardan keyin esa hazrat Payg’ambarimiz ummatlaridan yolg’onchilar va johillar chiqishidan xabar berganlar. Darhaqiqat, Rasulullohni ko’rishning o’zi kifoya. Suhbatlariga erishmoq, sahobasi bo’lish inson sharafliligini yuksaltirib yuboradi.