Buning chorasi nima? Shayton o’z hokimiyatini qurolmasin deb azon aytiladi, iqomat keltiriladi. Namoz shuning uchun foydali, jamoat shuning uchun zarur. Biror yerda azon aytilmasa, iqomat keltirilmasa, shayton u yerga hokim bo’ladi.
Go’la tog’lari etagida joylashgan bir o’rtog’imizning qishlog’iga bordik. Soatga qaradik: azon o’qishmadi. «Nimaga?» — dedik. Imom nafaqaga chiqibdi, yangi imom kelmabdi, qishloqda azon aytilmayapti. Ahvolingiz yomon bo’ladi, dedim! Qishloqda masjid bor, minora bor, jamoat bor, lekin namoz o’qilmayapti. Hamma uyida o’qimoqda. Nima, birorta azon aytadigan inson yo’qmi? Chiroyli bo’lishi shart emas, axir go’zallik musobaqasi bo’lmayapti-ku?! Chiq, ovozing boricha o’qi, ixlos bilan «Allohu Akbar» degin — tovushingni to’rt tomon eshitadi.
Uy egasiga: «O’zing azon aytasan, o’zing imomlik qilasan va shu qishloqni azonsiz tashlab qo’ymaysan. Qani, masjidga ketdik!» — dedim. Masjidga bordik, u minoraga chiqib, azon aytdi. Jamoat bo’lib namoz o’qidik, keyinroq eshitdikki, ayollar: «Xudoga shukur, qishlog’imizda azon aytildi», — deb yig’lagan ekanlar.
Ikkinchisi: kechasi uyquga yotayotib yangi tahorat olib, ikki yoki to’rt rakat namoz o’qib, tahorat bilan uxlashlik ham kechaning ihyosidir. Nega? Chunki Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida aytadilarki: «Bunday qulning ichki kuylagi bilan terisi orasida bir farishta bo’ladi, yo Rabbi! Bu quling toza yotdi, tahoratli yotdi, sen uni mag’firat qil! — deb duo qiladi». Bilmagan bilmas, ko’rmagan ko’rmas, ko’rgan gapirmoqda, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytmoqdalar.