Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 112899 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 29 B


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:41:24

Demak, yaxshi-solih qul Allohni ko’rib turgandek ibodat qiladi. Bir kishi unga qarab tursa, u o’tirishi, turishi, gapirishi va bajaradigan ishiga diqqat bilan e’tibor qiladi. Alloh ham bizni ko’rib turgani uchun, biz qulligimizni shunga ko’ra bajarishimiz lozim.

— Xo’sh, qanday qilib solih banda maqomiga erishish mumkin?
— Taqvo bilan, o’zini haromdan saqlashlik bilan, ya’ni, gunoh qilmaylik, xato qilmaylik, toki bizni do’zaxga tushirmasin... Bilmay qilgan xatolarimiz uchun bizni jazolab, jannatga kirishdan mahrum qilmasin deb, aql yurgizib ehtiyotkorlik bilan harakat qilamiz.

Hazrati Umar ajoyib bir inson edilar... Har xil savollar bilan u kishiga murojaat etishar edi. Rivoyatlardan birini sizga aytib beraman, keyin mavzumizni davom ettiramiz: Abdulloh ibn Abbos yosh bola, ammo ko’p bilimdon edi... Hazrati Umar xalifa bo’lganlaridan keyin uni doimo o’zlari bilan birga suhbat va majlislarga olib boradigan bo’ldilar. Buni ko’rgan Qurayshning keksa sahobalari bir-birlaridan: «Bu bolani nega safimizga qo’shyapmiz? Bizning ham bu boladek farzandlarimiz bor, nega endi xalifa Umar uni bizning davramizga qo’shmoqda?» — deb so’ragan ekanlar.

Hazrati Umar — ashobning eng martabasi yuksaklaridan edilar. Ibni Abbosni chaqirtirdilar.

Yosh sahoba bola, roziallohu anhu, uni ham, otalarini ham Alloh lutf etsin, roziligiga vasila etsin, bizlarga ham Payg’ambarimiz alayhissalomning shafoatlarini nasib aylasin... Chaqirtirib, o’tqazdilar. Yoshi katta sahobalarni ham chaqirdilar va «Nasr» surasini tushuntirib berishni so’radilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:41:54

Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.

«(Ey Muhammad), qachon Allohning yordami va g’alaba kelsa va odamlar to’p-to’p bo’lishib Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko’rsangiz, darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U zotni har qanday «sherik»lardan) poklang va U zotdan mag’firat so’rang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi bo’lgan zotdir».

Shunda keksa sahobiy aytibdilar: «Ey, amiral mo’’minin! Alloh bu sura bilan insonlarni dinga, Islomga da’vat qilib, musulmon bo’lib, guruh-guruh Islomga kirganlarini ko’rib (Fasabbih bihamdi rabbik) «Rabbingga hamd aytib, Rabbingni ulug’lagin! (vastag’firhu) Undan mag’firat so’ragin!» — demoqda. (innahu’ ka’na tavva’ba’). U qullarining tavbasini qabul qiluvchidir! Qullariga tavajjuh qiluvchidir. Ya’ni, fath kelishi bilan, Allohning yordami kelishi bilan, Alloh Payg’ambarimizga «hamd aytgin, istig’for aytgin», deb amr qilmoqda» — deya tushuntirdilar.
Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu Abdulloh ibni Abbos roziyallohu anhuga yuzlanib:
«Sen nima deysan? Sen ham shunday deysanmi?» — dedilar.
«Yo’q».
«Xo’sh, nima deysan, bu sura haqida?»
«Bu surada Alloh taolo Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotlarining yaqinlashganidan xabar bermoqda» - deb aytdilar.

Chunki bu yerdagi fath so’zidan maqsad — Makka fathi. Makka fath qilindi. Quraysh kofirlari zulm qilib, kuchaygan davrda musulmonlar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan birga Madinaga hijrat qilganlar. Badr, Uhud, Xandaq janglari sodir bo’ldi. Undan keyin Makka ham fath qilindi. Fathdan so’ng Arabiston yarim orolida Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga qarshi birorta kofir qavm qolmagan edi. Insonlar guruh-guruh bo’lib islomga kira boshladilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:42:20

Hazrati Umar ham: «Men ham bundan boshqasini bilmayman, bu suraning ma’nosi shundan iboratdir. Asl ma’nosi shu: «Ey, Rasulim, sening vazifang tugamoqda, topshirig’ingni bajarib bo’lding. Rabbinga hamdu sanolar aytib, Uning mag’firatini so’ra, safar yaqin!» deb aytdilar.

Qarang, o’zi yosh bola bo’lishiga qaramay, bir suraning mohiyatini chuqur anglab yetgan. Shu iqtidori bilan mavqei boshqalarga nisbatan baland.

Hazrati Umar roziyallohu anhu esa Jabroil alayhissalom hadisini rivoyat qilgan kishi... Ya’ni insonlar, Alloh taolo ularni ko’rib turgandek ibodat qiladilar. Qanday ibodat qiladi?.. Taqvo bilan, taqvoga asoslangan bir ruhiy holat bilan ibodat qiladilar. Agar bir xato qilib qo’ysa, Alloh uni ko’rib turganini va jazolashini anglab, bordi-yu yaxshi amal bajarsa, uning mukofotiga sazovor bo’lishini o’ylab, shunga muvofiq harakat qiladi. Bu ham ehson maqomi bo’lib, ibodatni ehson yo’li bilan go’zal tarzda bajarish va Qur’oni karimda tavsiya qilingan taqvo ahli bo’lishdir. Ya’ni qul Allohdan qo’rqib, jazoga uchrashdan, do’zaxga tushib qolishdan saqlanishi, jannatga erishishni qo’ldan boy bermasligi, qiladigan ishini o’ylab qilishi lozim.

Hazrati Umar hamma narsaga qiziquvchan va ashyoning asl ma’nosini idrok eta bilgan kishi edilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan so’radilar: «Alloh taolo Qur’oni karimda taqvoni ko’p amr qilgan. Taqvo o’zi nima?» Qur’oni karimni jamlagan, uni juda ham yaxshi bilgan olim sahobalardan biri bo’lgan Ubay ibni Ka’b roziyallohu anhu juda ham mazmundor javob beradilar: «Ey Umar, sen tikanli dalada yurganmican?»
«Yurganman!»
«Qanday qilib yurding?»
«Etaklarimni yig’ib oldim». (Arablar uzun ko’ylak kiyadilar...)
«Nega bunday qilding?».
«Tikanlar etaklarimni yirtmasligi va oyog’imga tikanlar kirmasligi uchun. Oyog’imga tikan kirsa, qonatadi va og’ritadi».
«Taqvo ham shunday!» - deb javob berdilar Ubay ibni Ka’b roziyallohu anhu.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:42:46

Qarang, qanday javob bermoqda? Tamsil yo’li bilan, ya’ni o’xshatish bilan, esda qoladigan bir misol bilan tushuntirmoqda.

Demak, taqvo tikanli bir dalada ko’ylagini yirtmasin deb, etagini yig’ib, oyog’iga tikan kirib qonatmasligi uchun ehtiyot bo’lib yurishga o’xshar ekan. Shunday ekan, bir musulmon ham hayoti davomida tikanli bir yerda yurayotgandek yashaydi. Tikan deganda nima nazarda tutilgan?.. Haromlar, gunohlar. Haromga yaqinlashgan inson, undan aziyat chekadi... Harom ishni qilsang, ma’naviyatingni yaralaysan, usti boshing ham ifloslanadi. Shuning uchun gunoh tikanlarini bosmasliging kerak! Gunoh tikanlariga ko’ylagingni ilintirmasliging lozim! Diqqat bilan yurishing darkor! Ehtiyot bo’lib yursang, harom ishni ham qilmaysan. Hushyor bo’lsang gunohkor bo’lmaysan.

— Ammo, insonlar bu gunohlarni bilmaganliklaridan qilmoqdalarmi?

Ichkilik, qimor, yolg’on, foizning (sudxo’rlikning) gunohligini hamma biladi. Bilmasdan qiladiganlari juda ham oz. Alloh harom qilganligini bilgan hamda tushungan holda yana nimaga bu gunoh ishlarni qilmoqdalar? Chunki nafsga hokim bo’lolmaganliklaridan o’zlarini tutolmaydilar. «O’zimni tutolmadim, nafsimga hokim bo’lolmadim, kechirasiz!», — deydilar. Yoki «Shaytonga ergashdim, nafsga bo’ysundim», — deb uzrxohlik qilishadi.

Demak, nafsga ergashmaslik uchun musulmon ramazonda bir oy ta’lim oladi. Qanday ta’lim oladi? Suv ichmaslik, ovqat yemaslik, xotiniga yaqinlashmaslik orqali bilim va malakasini oshiradi. Ya’ni Alloh imtihon qilish va tarbiyalash uchun inson farzandining ichiga eng jozibali, eng kuchli orzularni qo’ygandirki, bularni bajarmang, qani bir ko’raylik-chi nima bo’ladi demoqda. Ularni qilmaslik bilan inson taqvoni, ehtiyotkorlikni o’rganadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:43:29

Endi quyidagi oyati karimaning ma’nosi anglashilayotgandir?

«...Sizlardan ilgari o’tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham ma’lum kunlarda ro’za tutish farz qilindi». Chunki, ularning ham ishlari xuddi shunday... Uning ham nafsi bor, agar nafsiga hokim bo’lsa, yaxshi inson bo’ladi. «Shoyad saqlana oladigan, saqlanishni bajara oladigan, nafsiga hokim bo’la oladigan insonlar bo’lsangiz...»

Shuni unutmaylikki, aziz birodarlarim, ro’za faqat shakliy ibodat emas... Balki, ro’zadan asl maqsad ruhiyatni poklash, taqvoni kuchaytirishdir.

Misrlik bir imom domladan:
«Misrliklar Qur’oni karimni juda ham chiroyli o’qiydilar, bizga biror oyat o’qib bermaysizmi!» — deb iltimos qildik.
«O’qiyman, lekin bir shartim bor. Marhamat qilib, Qur’oni karimni quloqlaringiz bilan emas, balki qalblaringiz bilan tinglang!» dedi u.

Chunki ko’p insonlar quloq bilan eshitadilar, ammo qalb quloqlari eshitmay qoladi. Bolaga otasi nasihat qilganida u eshitmaydimi? Eshitadi. Unday bo’lsa, nega yana yomonlik qildi?.. Demak, to’la qabul qila olmagan. Biz buni bir qulog’idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketdi, deymiz. Aslida u qabul qila olmadi, eshita olmadi. Demak, anglay olmadi, eshitganni esa amalga oshirish lozim! Eshitganini qalbiga joylashtirishi lozim! Ibrat nazari bilan ko’rishi lozim, ko’rganini esa qalbga naqsh qilishi lozim!

Shu sababdan ham imom domla «Men Qur’on o’qiyman, ammo, iltimos, meni quloqlaringiz bilan emas, qalbingiz bilan eshiting!» deb bejiz aytmagan. Xuddi shuningdek, muhtaram birodarlarim, siz ham ro’zani shakliy tutmang, och qoldim, suvsadim deb o’ylamang! Ro’zaning ma’nosiga yetishga, uning ma’naviy tarbiyasini olishga harakat qiling!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:44:01

Ro’za sizu bizni irodasi kuchli taqvodor inson holiga keltiradigan ish-harakatdir. Ta’bir joiz bo’lsa, ro’za asrlar bo’yi davom etib kelgan ilohiy zamonaviy ish- faoliyat deyish mumkin...

Yigirmanchi asr insoni qidirib topolmagan iroda tarbiyasini ro’yobga chiqaruvchi ishdir. Lekin, afsuski, ba’zilar kechgacha ro’zasini tutishiga qaramay, iftorlikda birinchi bo’lib og’zini ochadi va shosha-pisha og’ziga sigaret oladi. Bu qanaqasi bo’ldi endi? Saqlansang-chi, chidasang-chi? Kuni bilan ro’za tutib chidadi, ammo shomga kelib ahdiga vafo qilmadi. Ro’za ta’lim-tarbiyasini davom ettirolmadi.

Demak, ro’za tarbiyasi orqali taqvoga ega bo’lasiz, yomon ishlardan saqlanishni o’rganasiz. Biror ishni harom yoki makruh deyilgan bo’lsa, gunoh ish bo’lsa, endi uni iftorlikdan keyin ham bajarmaysiz. Ramazondan keyin ham unga yaqinlashmaysiz.

Sizga achchiq va juda ham muhim bo’lgan bir haqiqatni aytish bilan so’zimni tugatmoqchiman: Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Ramazon — ibodatlarimiz qabul bo’lganligining alomati». Biz tarovih namozlari o’qidik, ajabo, u qabul bo’ldimikan? Ro’zalar tutdik, ajabo, u qabul bo’ldimikan? Kechalari tahajjud o’qidik, har xil yaxshiliklar qildik, sadaqalar ulashdik, iftorlar berdik, ajabo, bu qilgan xayrli ishlarimiz dargohi ilohiyda maqbul bo’ldimikan? Qabul bo’lishining alomati ramazondan keyin inson holining ijobiy tomonga o’zgarib davom etishidir!» — deb aytganlar.

Ramazondan keyin ham fe’lini tuzatmasa, ramazon ta’sir qilmagan bo’lsa, undan keyin yana eski yomon holatlarini davom ettiraversa, demakki, Alloh uning ramazonda qilgan ibodatlarini qabul qilmagan, ro’zaning ta’siridan bahramand bo’lmagan degan ma’no kelib chiqadi. Shuning uchun ham holatni o’zgartirishga harakat qiling! Ro’za tutishdan maqsad irodani mustahkamlash, o’ziga hokim bo’lish. Haromlardan, gunohlardan saqlanish, nafsi xohlasa ham unga yo’l bermasdan, bir quvvatga ega bo’lish va taqvo sohibi bo’lish. Shuning uchun ham bu asosiy vazifani hech unutmangiz! Iftordan keyin ham, ramazondan keyin ham unutmangiz! Doimo taqvo ahli bo’lib yashang! Chunki Alloh taolo jannatga muttaqiy qullarini kiritadi:

«Jannat va undagi ne’matlar taqvodorlar uchun tayyorlab qo’yilgan...». Ya’ni, agar siz ramazonda taqvoning haqiqiy ma’nosini tushunib, uni o’rganib, taqvodor, muttaqiy bir qul bo’lsangiz, jannat sizniki bo’ladi!»

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:44:55

Demak, insonlarni jannatga kiritadigan narsa — bu taqvo va go’zal axloq. Taqvoni esa ramazonda o’rganasiz. Ro’za tutib, nafsingizni yengishni o’rganib, taqvo ahlidan bo’lasiz. Aksariyat insonlar taqvolari bilan jannatga kiradilar.

Jannatga kirishning ikkinchi sababi nima edi: «husnul xulq». Go’zal axloq ham taqvodan hosil bo’ladi. Agar insonning irodasi kuchli bo’lsa, nafsini tarbiya qilolgan bo’lsa, xulqi ham go’zal bo’ladi. Sabr qiladi, marhamatli bo’ladi, jo’mard, yordamsevar bo’ladi. Birovga hasad qilmaydi, zulm yetkazmaydi, yomonlik qilmaydi. Bunday axloqi hamidaga erishish uchun esa bir oy katta bir muddat, oz vaqt emas. Har yili takror kelib turadigan oy. Har yili inson bu tarbiyani yangidan ko’radi. Ya’ni, bu bir oylik tarbiya vujudimizga, ruhimizga bir yillik ozuqa bo’ladi. Demak, taqvoni yaxshi anglab, chuqur o’rganib, ruhimiz va vujudimizga singdirishimiz lozim! Ramazon oyida irodamizni astoydil mustahkamlab, Allohning muttaqiy qullari orasidan joy olaylik! Chunki Alloh muttaqiy bandalarini sevadi, ularga husni xotima — so’nggi nafasda imon bilan jon berishni nasib etadi, ularni jannatiga kiritib, abadiy ne’matlaridan ehson qiladi.

Alloh taolo hammamizning ro’zalarimizni haqiqiy ma’nodagi ro’za o’laroq qabul qilsin, taqlidiy ro’zalardan o’zi saqlasin. Shaklan ro’za tutib, aslida ro’zaning ma’no-mohiyatini tushunmagan g’ofil insonlardan qilmasin. Irodamizga kuch-quvvat ato aylasin. Ko’nglimizdagi g’uborlarni ketkazsin. Ko’zlarimizni to’sib turgan botin pardalarini ochib, Janobi Haq rozi bo’lgan haq yo’lda yurishni, Uning yo’lini sevishni va Alloh taoloning diydorini ko’rishni nasib aylasin. Bundan keyingi umrimizda Allohning sevgan qullaridek, taqvo ahlidan bo’lgan qullaridek, isloh topgan qullaridek sirotal mustaqimga - to’g’ri, haq yo’lga noil bo’lishni nasib etsin.

Bihurmati asrori suratil fotiha.

3 fevral 1995/ 3 Ramazon 1415

Qayd etilgan


Naqshbandiy  29 Sentyabr 2006, 07:19:14

RO‘ZADORNING MUKOFOTI

A’u’zu billa’hi minash shaytonir raji’m.
Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.

Alloh taologa hamdu sanolar bo’lsin!
Rasuli Muhammad Mustafo alayhi afzalus-salovot va akmalut-tahhiyyot vat-taslimot hazratlariga Parvardigorimizning o’zi ehtiromlarimizni yetkazsin. Shafoatlariga hammamizni noil qilsin.

Hadisi shariflarda bayon etilishiga ko’ra ramazon oyining boshi – rahmat, o’rtasi – mag’firat. Namoz o’qib, ro’za tutgan kishining mukofotlari ko’payadi va mag’firatga erishadi. Oxiri esa najot – jahannamdan ozod bo’lishdir. Musulmonning gunohlari sababli do’zaxga tushish ehtimolining yo’q bo’lishidir. Ya’ni jahannam tahlikasini o’zidan uzoqlashtiradi va:

«Bas, kim do’zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt saodatga) erishgay». Bu go’zal oy uch muborak oyning oxiri, hosilot zamoni va haqiqatdan ham o’n bir oyning sultonidir.
Ibn Abbos roziyallohu anhu faqih bir sahoba bo’lib, «Abodilai arbaa»da kelgan to’rt Abdullohdan biri. Undan: «Oylarning eng xayrlisi qaysi biri?» deya so’raganlarida, U kishi: «Oylarning eng xayrlisi bu – ramazon oyi» – deb javob bergan ekanlar.

Abu Zarr G’iforiydan roziyallohu anhu shunday rivoyat qilinadi:

Ramazon oyining hiloli ko’ringan vaqt Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar insonlar ramazon oyidagi mukofotlar, savoblar, ne’matlar va rahmatlarni bilsalar edi, ramazonning yil bo’yi davom etishini xohlagan bo’lardilar».

Hammamiz bir oz ro’za tutamiz va kechalari ko’p rakaatlar namoz o’qiymiz. Buning mukofoti juda ham buyuk! Buning qiymatini bilganlar haqiqatda ham Payg’ambar alayhissalom aytganlaridek: «Qani endi yil davomi ramazon ro’zasi bo’lsa edi», – deb orzu qildilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  29 Sentyabr 2006, 07:21:49

Demakki, bu oyni qancha ehtirom qilsak, qancha sevsak va unda qancha g’ayrat qilsak, shuncha oz. Shunday go’zal bir oyga yetishib turibmizki, Allohga hamdu sanolar aytmaslikning iloji yo’q!

Bu hadisi shariflarni men Abdulqodir Giloniy hazratlarining «Gunyatut tolibin» nomli kitobidan o’qiyapman. Bu kitobni juda yaxshi ko’rib, doimo o’zim bilan olib yuraman. Chunki Abdulqodir Giloniy avliyoullohning eng buyuklaridan, qodiriya tariqatining piri, ulug’ olim, Payg’ambar alayhis-salomning sulolalaridan. Bu kitobda ro’za oyiga maxsus bob ajratilgan bo’lib, unda boshqa kitoblarda topish mumkin bo’lmagan ma’lumotlar mavjud.

Tabiiyki, biz bu kitobni o’qishimiz bilan ul zotga savob yoziladi. Chunki kitob sadaqai joriya. Agar inson kitob yozsa va birov undan foydalansa, kitob muallifiga savob yozilaveradi. Bir inson talaba yetishtirsa va u shogirdi Islom uchun, ilm-ma’rifat uchun xizmat qilsa, ustoziga ham savobi yetib turadi.

Ustozingiz sizga namozni o’rgatdi, alhamdu lilloh, birga namoz o’qidik. Bu namozdan hosil bo’lgan savob ustozingizga ham yetib boradi. Bundan tashqari sizni musulmon qilib yetishtirgan ota-onangizga ham savob yetadi. Hatto qabrda bo’lsalar ham savob yetib turaveradi.

Sizlarga bir xushxabar aytay, aziz birodarlarim. Jum’a kunlari marhumlarga bizning bu dunyoda qilgan ishlarimiz to’g’risida xabar beriladi: «Sening dunyodagi o’g’ling, qizing shunday ish qildi». Ular dunyodagi avlodlarining qilgan yaxshi amallaridan sevinar ekanlar, nurlari va xursandchiliklari yanada ziyodalashar ekan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  29 Sentyabr 2006, 07:26:15

Nur degani bu bir yorug’lik. Qarang, agar shu yerda nur bo’lmasa, ko’z-ko’zni ko’rmaydi. Nur borligi uchun ham uning go’zalligi tufayli mana, bemalol o’tiribmiz, men esa bu kitobni harflarini ko’rib turibman. Shu uchun ham nur bu yaxshilikdir. Qabrda ham, Sirotda ham nur lozim. Ibodatlarimiz Sirotda oldimizda nur sochib turadi.

«Ularning nurlari oldilarida va o’ng tomonlarida yurur».

Mo’’min kishining qilgan ibodatlari uni oldi va orqasidan nurdek oydinlashtiradi, uning foydasini ko’radilar. Ularning nurlari, xursandchiliklari ortar ekan. Qabrlarida mamnun va masrur bo’lar ekanlar. Ammo avlodlari yomonlik qilsalar, harom ishlar qilsalar, o’tganlar ruhi ko’p g’amgin bo’lar va bezovtalanar ekan. Sizga ham ma’lumki yomonlikning ikki turi mavjud:
1. Yomonlik qilish.
2. Yaxshilik qilmaslik.

Agar inson farzlarni bajarmasa, u o’ziga boshqa bir yomonlikni qilgan bo’ladi. Yomonlikning o’zini qilgan bo’lsa, bu boshqa bir yomonlikdir.

Qayd etilgan