Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155415 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 29 B


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:28:05

«Agar Parvardigorining ochiq hujjat-alomatini ko’rmaganida...». Rivoyatga ko’ra, o’sha vaqtda Yusuf alayhissalom qarshilarida Yaqub alayhissalomni ko’rgan ekanlar. Yaqub alayhissalom barmoqlarini tishlab turgan holatda namoyon bo’libdi. Shunda Yusuf alayhissalom es-hushini yig’ib, o’zlarini qo’lga olibdilar. Albatta, buni ko’rganlaridan keyin nima dedilar:

«(Yusuf) dedi: «Parvardigorim, men uchun bular meni chorlayotgan narsadan ko’ra zindon yaxshiroqdir» — deb, qamoqqa kirishni afzal ko’rdi. Nima uchun shunday dedi? Chunki Allohning mukammal tanlangan, go’zal, asl va mukammal quli, ya’ni Payg’ambar o’g’li Payg’ambar bo’lganligi uchun ham shunday dedi.

Demak, bu hadisi qudsiyda Alloh taolo biz Odam farzandlaridan: «Biror gunohni qilishga niyat qilib, uni bajarish uchun oyog’ingizni bosayotgan vaqtda Allohning g’azabini eslab, o’zingizni orqaga tortingizmi? Shu gunohni qilmaslikka muvaffaq bo’ldingizmi?» — deb so’ramoqda. Bundan agar siz shunday qilsangiz, men sizdan rozi bo’laman, degan ma’no chiqmoqda.

Xudovandi karim Yusuf alayhissalomga lutf qilib, qamoqdan chiqardi va vazir qilib qo’ydi. Taqdirida bor ekan, Zulayxo volidaga uylantirdi, ammo halol yo’l bilan nikoh o’qildi. Gunoh bilan emas, savob yo’li bilan oila qurdilar. Mana sizga Allohdan qo’rqib, gunohdan voz kechishning ajru mukofoti.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:28:39

Hazrati Ali raziyallohu anhu bir kun xizmatchisi bilan Kufadagi bir masjidga ot yetaklab, namoz o’qigani keladilar. Shunda masjidning oldida bir kishini ko’rib qoladilar va unga «Iltimos, otimizning jilovidan ushlab tursangiz!» — deb otni topshirib, namoz o’qigani masjidga kirib ketadilar. Namozni o’qib chiqayotganlarida otni ushlab turganga beraman, deb hamyonlaridan besh dirham oladilar. Ammo tashqariga chiqib qarasalar, odam ham yo’q, ot ham yo’q. Atrofni qidirib otni topishibdi, ammo ot egarsiz. Haligi kishi egarni o’g’irlab, otni esa tashlab ketibdi. Hazrati Ali roziyallohu anhu xizmatchisiga besh dirham berib: «Borib bozordan egar olib kel!» — deb jo’natibdi.

Bir oz vaqt o’tgandan keyin xizmatchi bir egar bilan bozordan qaytibdi. Hazrat Ali ne ko’z bilan ko’rsinlarki, bu o’zlarining egarlari. Bir ozgina oldin buni bir kishi egarchiga sotib ketibdi, deb aytadi. Shunda Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Qanchaga sotibdi?» deb so’raydilar. Xizmatchi: «Besh dirhamga sotgan ekan». «Voy bu bizning egarimiz-ku!» deb taajjublangan edim. Sotuvchi: «Foydasi kerak emas, o’g’riga bergan miqdorimni bersang kifoya!» — dedi.

Bu besh dirham masalasini ko’rgan Hazrati Ali roziyallohu anhu to’plangan odamlarga qarab: «Ey, jamoat, qarang, bu yerda juda katta ibrat bor! Hozir men bu o’g’riga, o’z hamyonimdan besh dirham ajratib, ko’nglim rozi bo’lib, halol qilib bermoqchi edim. Sabr qilganda besh dirham olar edi. Ammo sabr qila olmadi, natijada nima oldi? Albatta, besh dirham oldi. Lekin halolidan emas, balki haromidan oldi. O’g’irlab sotib va qochib ketdi. Alloh uning taqdiriga bugun besh dirham topishni yozgan edi. Biroz sabr qilsa, halolidan nasib etardi. Ammo u haromga chopib ketdi.

Hazrati Ali roziyallohu anhuning hamyoniga qaraydigan bo’lsak. Unda o’zgargan biror narsa yo’q. Besh darhamni ajratib, o’sha kishiga bermoqchi bo’ldilar, xolos. Niyatlariga ko’ra bu yerda u zot savob oldilar. Besh dirham esa cho’ntagidan chiqib, egarchining qo’liga borib tushadi. Egarchi ham hech narsa yo’qotmadi. Egarchi birovdan besh dirhamga sotib oldi va boshqa birovga yana besh dirhamga sotdi. Ammo bu yerda odamlar bajargan ishlariga ko’ra yo savob olmoqdalar, yo gunohga botmoqdalar. Taqdir o’zgarmayapti, ammo niyatiga ko’ra inson yo gunoh, yo savob olmoqda, ya’ni yo jannatiy yoki do’zaxiy bo’lmoqda.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:29:05

Yusuf alayhissalom sabr qildilar, gunohga yaqinlashmadilar, qamoqni afzal ko’rdilar, natijada Alloh unga halol nikohni nasib etdi. Biz bu rivoyatlarni nimaga keltirdik? Inson o’zini harom ish qarshisida qanday tutishi lozimligini uqtirdik, xolos. Zero, inson farzandining hayotida har xil vaziyatlar bo’ladi. Ba’zi narsalarni o’zi ham, nafsi ham xohlaydi. Uzatsa qo’li yetadi, uzib oladi, ammo «Yo’q, olmasligim lozim, bu olma harom!» — deb uni uzmaydi. Boshqa yerdan birortasi bir lagan olma olib keladi. Agar uning nasibasida olma yeyish bo’lsa, u o’zgarmaydi, faqatgina inson harom qarshisida turganda o’zini tutishi lozim! Shunday qilsa, albatta, Alloh u qulini sevadi.

Bu yerda Alloh yaxshi ko’rgan, unga ma’qul bo’lgan amallar haqida suhbatlashyapmiz. O’zimizni tutamiz, haromga ko’z tashlamaymiz. O’zimizni tutamiz, haromga quloq bermaymiz. O’zimizni tutamiz, haromga ko’maklashmaymiz. O’zimizni tutamiz, harom joyga qadam tashlamaymiz. Qur’oni karimda bildirilgan, ta’kidlangan taqvoning ahamiyati va mohiyatini yaxshilab        o’ylab, tushunib unga amal qilishga bor kuch va imkoniyatimiz bilan jiddu jahd qilaylik. Gunohning oqibati - jahannamni ko’z oldimizga keltiraylik.

Demak, inson biror gunoh ishni qilmoqchi bo’lganda, uni qilmay, niyatidan qaytsa, bu uning taqvodorligidan nishona. Bu yerda Alloh taolo shuni so’ramoqda: «Biror gunoh ishga ro’para kelganda meni eslab, g’azabimni o’ylab o’zingni orqaga tortdingmi?» Demak, biz ro’za tutib, haromdan chekinishni o’rganamiz. Ramazonda olganimiz iroda tarbiyasini har kunimizga tadbiq qilamiz. Haromga qo’l uzatmaymiz, unga qaramaymiz, uni gapirmaymiz, uni yemaymiz, haromga qadam ham tashlamaymiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:29:47

«Men sizga amr qilgan farzlarimni buyurgan shaklda o’rniga keltirib qo’ydingizmi? Zakot berish kerak bo’lsa, berdingizmi? Namoz o’qidingizmi?»

Masalan, Alloh taolo (aqi’mus solah) deydi: ya’ni, «Namozni to’g’ri-durust iqoma qiling!» — deydi. (Sallus solah!) «Namoz o’qing!» — demayapti, «Namozni qoidasiga ko’ra iqoma, barpo qiling?» demoqda. Ya’ni, chiroyli o’qing, ma’nosida kelmoqda. (Va la taznu’). «Zino qilmang!» — demayapti. (Va la’ taqrabuz zina’). «Zinoga yaqinlashmang!» — demoqda. Mo’’min zinoning yaqiniga ham bormaydi. Zinoga yaqinlashtiruvchi ishlarni ham qilmaydi, u haqda gapirmaydi, unga qaramaydi. Zinodan saqlangan kishi uyatli, or-nomusli va e’tiqodi sog’lom bo’ladi. Bularning hammasi Alloh taoloning marhamati bilan, yordami bilan bo’ladi.

Miskin-bechoralarga, faqirlarga mollaringizdan berdingizmi? Xayru hasanot qildingizmi?

Zakot bu fazilat bo’libgina qolmay, majburiyat ham. Zakot, bu faqirning boy ustidagi haqqi.

«Ular topgan mol-mulklarida so’raguvchi va (mol-davlatdan) mahrum kishilar uchun ma’lum haq (ya’ni zakot) bo’lgan zotlardir». Boshqa kimsaning haqqi. Kimning haqqi bu? (Lissoili val mahrum) ...faqir va nochorlarning haqqi bor». U mol uniki emas-ku, haqni haq sohibiga bermoqda. Chunki bu uning haqqi. Erkakmisan, mardmisan zakotdan ko’proq beraver! Saxiylikning o’lchovi 2,5% emasku?

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:30:26

Hazrati Abu Bakr Siddiq qancha berdi? 2,5% berdimi? Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xohishlari bilan hammasini berdi. Buni ko’rgan sarvari olam so’radilar: «Ey Abu Bakr! Ahli oilangga, bolalaringa nima qoldirding?»
«Alloh va Rasulini qoldirdim!» — dedi.
Nega? Chunki ul zot siddiqiyat maqomida edilar. Bu maqomning martabasi shunday. Sidq bilan berdi va berganda ham hammasini berdi. Nima uchun? Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham yo’qlikdan, mahrumiyatdan hech ham tashvishlanmas edilar. Ul zot ham Payg’ambarning xos ummati bo’lgani uchun kambag’al bo’lib qolishdan cho’chimadi.
Menda yaxshi taassurot qoldirgan bir voqeani sizga aytib bermoqchiman.
Bir badaviy Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni ziyorat qilgani kelibdi. U bir qishloqdan, qabiladan, cho’ldan kelgan odam. Juda ham chiroyli qo’ylarni o’tlatib yurganlarini ko’ribdi va:
«Yo Rasululloh! Bular qanday chiroyli qo’ylar-a!» — debdi.
«Senga juda yoqdimi?» — deb so’rabdilar Rasululloh sallallohu alayhi vasallam.
«Juda ham chiroyli ekan! Juda yoqdi, yo Rasululloh!»
«Unday bo’lsa, ol hammasini» — deb aytgan ekanlar.
Biz nima qilamiz? Biz bir donasini so’yamiz yoki beramiz, yoki «Shu sonini kesib, unga berib yuboring!» deymiz. Ko’pincha, kallani pishirish uyda xotinlarga mushkulligi uchun: «Boshini, shu narsalarini berib yuboring!» deymiz. Ammo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nima demoqdalar:
«Ol hammasini!»
«Hammasinimi, yo Rasululloh?»
«Ha, hammasini!»
Hammasini olibdi, jimgina ularni olib, kechga yaqin qabilasiga kirib boribdi.
«Allohu Akbar! Bu nima? Sen ertalab bir o’zing chiqib ketganding. Nima, talonchilik qildingmi yoki o’g’irlik qildingmi?» — deb taajjublanib so’rabdilar. Shunda u:
«Muhammad berdi. Faqirlikdan qo’rqmaydigan Muhammad berdi», — deb aytibdi.
Bizning esa faqirlikdan qo’rqqanimizdan qo’llarimiz titraydi: «Hoy, hoy, bola-chaqangga nima qoladi?» — deymiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:31:16

Payg’ambarimiz faqirlikdan qo’rqmasdan butun borini beribdilar. Odamlar hayron qolishibdi, hammalari maftun bo’lib, musulmonchilikni qabul qilibdilar. Bir poda qo’y yaxshimi yoki bir guruh musulmonlar yaxshimi? Shu qadar musulmonga ega bo’ldilar. Qo’yni berdilar, musulmonni — mo’minni oldilar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam. Bu bilan zarar ish qilmadilar? Yanada ko’proq foyda ko’rdilar, chunki xolis musulmonlar ko’paydi.

Ya’ni berishdan qo’rqmay berar edilar. Abu Bakr Siddiq ham bermoqchi bo’lganlarida qo’rqmasdan hammasini berar edilar.

«Miskinlarga mollaringizdan berdingizmi?» Beramiz. Nima uchun beramiz? Chunki ularning haqlari bor. Bizning mollarimizda ularning ham haqlari bor. Uni bergan vaqtimizda molimiz ma’nan tozalanadi,poklanadi. Shuning uchun ham arabchada zakotning ma’nosi tozalash degani. Zakot berishing bilan moling poklanadi. Zakot bu — insonning Allohga itoatkorligini ko’rsatadigan belgi. Baxil bilan saxiy musulmonning farqi zakot berishda bilinadi. Zakot bergan insonni baxil deb aytolmaysan. Ammo zakot bu — saxiylikning eng quyi qismi, eng yuqori cho’qqisi bu siddiqiyatdir. Nimang bo’lsa, Alloh yo’lida hammasini berasan. Hatto jonlarini ham berganlar. Bir usmonli shoiri shunday deydi:

Jonni jonon so’rabdi, bermaslik bo’lmas, ey dil,
Har ne qilganim bilan u na meningdir, na sening!..


Jonni jonon xohlaganidan keyin bermasdan iloji yo’q? Axir, bu meniki ham, seniki ham emas, Unikidir! Shundoq deb, jonini beribdi...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:33:48

Demak, infoq-ehson qilganlardan Alloh mamnun bo’lar ekan.Shuning uchun ham Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida  Ramazon «shahrul muvosot», ya’ni «... mol bilan, infoq-ehson bilan o’zgalarga yaxshilik qilish oyi»,  degan edilar.

Ramazonda bilasiz, Qur’oni karim o’qiladi, tarovih namozlari ado etiladi, ro’za tutiladi. Yana nima qilinadi? Xazinalar eshigi ochilib, faqirlarga ham ulush beriladi. Ularni sevintiriladi. Shunda Alloh rozi bo’ladi. Nega? Chunki, ko’ngil olish — Ka’ba qurishdek savob. Qalbni buzish — Ka’bani buzishdek gunoh.

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ka’baning oldiga borib:

«Qanday chiroylisan, qanday muboraksan, ey Ka’ba! Naqadar muhtaramsan, lekin Allohga qasam bo’lsinki, mo’’min qulning qalbi Alloh nazdida sendan ko’ra qiymatliroqdir», — deydilar.

Mo’min qulning qalbi Ka’badan ko’ra hurmatliroq. Namozxon, niyozmand bir faqirga biror narsa berib ko’nglini olsangiz, qanchalik savob topgan bo’lasiz!

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:35:44

Istanbulda sodir bo’lgan bir voqeani aytib berdilar. Juda ham qiziq, aqlim lol qoldi. Qurbon bayrami kuni namozdan chiqishlari bilan bir boy kishi u yerdagi bir oq soqolli, o’rtacha bo’yli, jamoatning faqir kishilaridan birini qo’ltig’idan tutib masjid atrofidagi bir qo’y podasining oldiga olib boribdi va:
«Shu qo’ylarning orasidan eng chiroylisini, eng semizini tanlagin! Qaysi birining go’shti shirin va yaxshi bo’lishini sen yaxshi bilasan. Eng chiroylisini topgin!» — debdi.
Faqir eng katta, eng semiz qo’yni tanlab:
«Taqsir shunisini oling, shunisi eng yaxshisi!» — debdi.
«Xo’p bo’ladi! Chetga tortgin uni!» — deb buyuribdi.
Qo’yning haqini beribdilar. Keyin:
«Buni uyingga olib bor! Bolalaring bilan mazza qilib yegin!» — deb faqirga ehson qilib yuboribdi.
U bechora, boy qo’yni o’ziga tanlayapti, deb o’yladi. Holbuki, u faqirga bermoqchi edi. Agar qo’yni unga berishini bilganida edi uyalardi, kichigini tanlar edi. «Shunisi yetadi taqsir, shart emas!» — deb aytardi. Boy kishi o’ziga oladi deb, eng kattasini, eng semizini, ikki barobar qimmatini tanladi. Boy esa qo’yning pulini to’lagach, «Buni uyingga olib bor! Men bu qo’yni sen uchun oldim!» — dedi.
Bu juda ham hayratlanarli, shu bilan birga ibratli bir holdir. Qarang, men uni tanimayman, lekin eshitganimdan keyin duo qilyapman. Jo’mardlikni qilgan odam allaqachon o’lib ketdi, ammo ramazon oyida Ispartada uning haqqiga duo qilmoqdalar. Inson o’ladi, lekin orqasida qilgan yaxshi amali, ehtiromga sazovor nomi qoladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:36:40

Endi hayotingiz xronologiyasini bir ko’z oldingizga keltirib ko’ring-chi; Sizga yomonlik qilgan, yaxshilab jazolagan biror odamga yaxshilik qildingizmi? Demak, Alloh yomonlik qilganga yaxshilik qilganni sevadi. Shunday qilinsa, orada muhabbat paydo bo’ladi, yaralar bitadi. Agar shunday qilinmasa, qon da’vosi to’xtamaydi. Shu bois Alloh taolo:
«Yomonlik qilganga yaxshilik qilganingizda savob topardingiz, rizoligimga erishardingiz. Molingizdan berganingizda rizoligimni qozonar edingiz. Farzlarimni tutganingizda savobimga erishardingiz. Mening xotiram uchun g’azabimdan qo’rqib, bir gunohdan o’zingizni tortganingizda, roziligimga erishgan bo’lar edingiz», deb ogohlantirmoqda.
Bir hadisi qudsiy yodimga tushdi. Ertaga ro’zi mahsharda Alloh taolo bandasiga shunday der ekan:
«Bandam! Men kasal bo’ldim, meni ziyorat qilmading!»
«Subhanalloh! Ey Rabbim, sen olamlarning Rabbisisan, qanday qilib sen kasal bo’lasan? Bu nima degani?»
«Falonchi qulim kasal bo’lganda uni ziyorat qilganingda edi, Meni ziyorat qilgandek savob topar eding».
«Ey bandam! Men och qoldim, meni to’ydirmading!»
«Fasubhanalloh! Ey Rabbim, sen olamlarning Rabbisisan, sen och qolmaysan, sen bu sifatlardan poksan!»
Bu nima degani?
«Falonchi qulim och qolgan edi. Sen uni to’ydirganingda meni to’ydirgan bo’lar eding» — degan hadisi shariflar bor. Alloh taolo qullarining bir-birlariga mehru muruvvatli, marhamatli bo’lishlarini yaxshi ko’radi va rozi bo’ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  30 Sentyabr 2006, 07:38:29

«Sizga zulm qilganni hech kechirdingizmi?» Kechirimlilik insonga juda katta mukofotlar keltiradi. Bu fazilat ham oyati karimada madh qilinmoqda:

«G’azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir». Bu — taqvo ahlining sifati. Hozir biz ramazonda taqvoni o’rganyapmiz, bir oylik taqvo kursida ta’lim olyapmiz.

«Taqvoli kishilar bo’lishingiz uchun», deb buyurilmoqda. Xo’p, taqvo ahlining sifati nimalardan iborat ekan?

«(U taqvodor zotlar) yaxshi-yomon kunlarida infoq-ehson qiladigan, g’azablarini ichlariga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir», jo’marddir — faqirlar uchun omborining, qopining og’zini ochadi (val ka’zimi’nal g’ayz). «G’azabi kelsa, o’ziga hokim bo’lib, g’azabini yutadi (val a’fi’na anin-na’s). Insonlarni esa kechiradi». Mutasavvif Yunus Emro buni she’riy yo’lda chiroyli qilib bayon etgan:

Yaratilganni xush ko’r,
Yaratuvchi tufayli.


Insonlar xom sut emgan, vafosiz, qusurli, yaxshilikni unutuvchi bo’lsalar ham, ularni Alloh uchun yaxshi ko’rgin. Nima ham qilardik boshqa?

Qayd etilgan