Shuning uchun ham Allohdan ofiyat istaymiz. Alloh dunyoda ham, oxiratda ham ofiyat bersin hammamizga! Hamma kunlaringiz xush bo’lsin, hamma ishlaringiz rost kelsin! Agarda shunday bo’lmasa-chi? Sabr qilish kerak! Hamma vaqt ham yoz bo’lavermaydi, ba’zan qor ham yog’adi. Hamma vaqt ham to’qchilik bo’lavermaydi, ba’zan yo’qchilik ham bo’ladi. Hamma vaqt ham salomatlik bo’lavermaydi, ba’zan kasallik ham bo’ladi. Sabr qiling!
Yaxshi musulmon sabr qiladi, ovozini chiqarmaydi, g’iq etmaydi. Allohdan kelganini biladi, sabr qiladi. Sabr qilib savob topadi. Inson ikkita narsadan savob topadi:
1. Musibat kelsa, sabr qiladi, savob topadi.
2. Ne’mat kelsa, shukr qiladi, savob topadi.
Bir shukrdan savob topadi, bir sabrdan. Agar ne’mat kelsa-yu, shukr qilmasa, savob topmaydi, gunohga botadi. Imtihon kelgan vaqtda sabr qilmasa, ham kelgan narsaning achchig’ini totadi va sabr qilmaganligi sababli savobni ham qochiradi, gunohga ham botib qolishi mumkin.
Bir xotin sochlarini yulib-yumdalab, baqirib-chaqirib yig’layotgan ekan. Buni ko’rgan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam uning yoniga borib, «Ey xotin, sabrli bo’l! Allohning taqdiri, nima ham qilardik! Boshingga nima kelgan bo’lsa, kelgandir, sabrli bo’l!» – deb buyuribdilar.