Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155390 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 29 B


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:01:11

Bu suhbatimizda asosan ikki narsani eslatdik: birinchisi, Payg’ambarimizning hadisi shariflariga ahamiyat berib, qadr kechasini topishga harakat qiling. Ikkinchisi, Alloh sizga boylik bergan bo’lsa, ramazonda qurbonlik so’ying, yetti yuz savobdan bahramand bo’ling!

Davom etamiz:
«Alloh taolo ramazon oyida kunduzlari ro’za tutishni farz qildi. Kechalari turib namoz o’qishni tatavvu’ qildi». Tatavvu’ — farz bo’lmagan holda bajariladigan ixtiyoriy go’zal nafl amallardir. Biz kunduzlari ro’za tutamiz, ammo kechasi o’qiladigan tatavvu’ namozni o’qiyapmizmi? O’qiyapmiz, o’qidik, shu kungacha o’qib keldik... Xo’p, biz yana nima qildik? Xufton namozidan keyin tarovih namozini ado etdik. Bu — o’sha kechaning tatavvu’ qilingan namozi. U boshqa vaqtlarda o’qilmaydi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnati bo’lganligi uchun ham ishq bilan o’qiymiz.

Alhamdu lilloh, biz «Yangi jome» masjidi ichidan joy topolmadik, sunnatni tashqarida — hovlida o’qidik va keyin ichkariga kirdik. Insonlarga masjidlar sahnining yetishmasligi, jamoatning ko’chalarga qadar to’lib-toshishi bu islomning barakotini ko’rsatadi. Xudoga shukur, bu, yoshlarning islomiy go’zallikni tushunganligi va uning hayotiyligi uchun sevib, o’zlashtirganidan dalolat beradi. Minnatdorchilik bildirib, buning davomli bo’lishi va ziyodalashuvini xohlaymiz.

Yuqoridagi hadisi sharifda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Agar bir kishi ramazon oyida Allohga yaqinligini mustahkamlamoqchi bo’lib, biror ibodat yoki xayrli amalni bajarsa, go’yo ramazondan boshqa oyda bir farzni bajargandek bo’ladi. Va kimki, ramazonda bir farzni ado qilsa, go’yo ramazondan boshqa oyda yetmishta farzni ado qilgandek savobga ega bo’ladi», — deya marhamat qiladilar. Masalan, zakotni ramazonda berish kerak degan hech qanday majburiyat yo’q, ammo o’sha farz (zakot) ramazonda ado etilsa, ramazondan boshqa oyda ado etilgan yetmishta farz amalning savobiga teng bo’ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:02:20

Masalan, ramazon oyida umra ziyoratini ado etsa nima bo’ladi? Boshqa oyda borganga nisbatan ko’proq savobga erishadi. Aniqrog’i, ramazonda umra ibodatini ado etgan odam Haj qilgan bilan barobar bo’ladi. Bu haqda Payg’ambar alayhissalomning hadislari bor. Bu — ramazonning barakoti tufaylidir. Hadisi sharifdan tashqariga chiqmaganligim uchun ramazon bilan aloqador bo’lgan boshqa hadislarni hali gapirganimcha yo’q. Ramazon oyida Alloh taolo jannatni, osmonni, yerni va ma’naviy olamni yaxshilab tayyorlab qo’yadi. Mo’’minlarga jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi. Samo bezatiladi. Bu oyda Alloh taolo Jabroil alayhissalomga amr qiladi: «Borib, shaytonlarning boshliqlarini zanjirband qilib dengizga uloqtir!» Hadisi sharifda ma’lumot berilishicha, bu oyda shaytonlarning oyoq-qo’llari bog’lanadi, kuch-quvvati ta’sirsizlantiriladi, insonlarni yo’ldan ozdirish faoliyatlari kamaytiriladi. Bu — biz insonlar uchun Alloh tarafidan berilgan juda ham yaxshi bir fursatdir.

Osmonning bezatilishi, jannatning ziynatlanishi, uning eshiklari ochilishi kabi xushxabarlar ramazonning nechog’li ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatadi. Qarang, agar bu oyda biror yaxshilik qilinsa, bir farz bajarilsa, boshqa oyda qilingandan yetmish barobar ortiq savobga erishilar ekan. Muhtaram birodarlar! Bu degani qo’lingdan kelguncha, imkon qadar xayrli ish qilishga harakat qil, degani... Xayrli ish qilish bilan insonning g’ayrati ortadi, ma’naviy kamoloti oshadi... Shunday emasmi?..

«Ramazon — sabr oyi». Alloh taolo ramazon oyida ba’zi halol narsalarni ta’qiqlagan: «(Ramazonda) suv ichmang, kunduzi ovqatlanmang va hokazo». Xo’p bo’ladi, deymiz-da, buyruqni bajaramiz. Tashna qolsak ham suv ichmaymiz. Hozir, qish kunida kun qisqa bo’lgani uchun ro’za tutish osonroq. Ammo yozda kunlar uzayadi. Buning ustiga o’rim-yig’im mavsumi, shunga qaramay, bobolarimiz suvsizlikdan og’izlari qurisa ham, lablari yorilib ketsa ham ro’za tutishni davom ettirganlar. Sabr qilganlar. Chunki bu — sabr oyidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:02:57

Hammamizga ma’lumki, yer — sharsimon. Fasllar ham turlichadir. Masalan, bir oy oldin Avstraliyada edik. Bu yerda qish, Avstraliyada esa yoz... Bu yerda siz ro’zani qisqa tutasiz, chunki kunduzlari qisqa. Ammo Avstraliyadagi birodarlarimiz uzun tutardilar, chunki yoz kunlari uzun bo’ladi, dunyoning har bir yeri vaqt jihatidan bir-biridan farq qiladi.

Demak, ramazonda ozmi-ko’pmi sabr imtihonini topshiramiz. Tongdan shomga qadar sabr qilsak qanday baxt!.. Sabr qilamiz: suv ichmaymiz, ovqat yemaymiz, ammo men bu yerda sabr deganda ko’proq jahl va g’azabdan tiyilishga urg’u bermoqchiman: bolalaringiz, xotiningiz, hamsoyangizga qizishmaysiz, yumshoq muomalada bo’lasiz, halim va salim bo’lasiz! Shuningdek, haromga qaramaysiz, tilingizni tiyasiz, ko’zingizni saqlaysiz! Bularning hammasi sabr bilan bog’liq ezgu ishlardir.

«Sabrning savobi, mukofoti — jannatdir». Inson sabr etish uchun qiynaladi, tishini-tishiga qo’yadi, ranj chekadi, ammo sabr qilganligi uchun jannatga sazovor bo’ladi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o’zlarining bu so’zlari bilan sabr qilganlar jannatga erishajagidan xushxabar bermoqdalar.

Bu oy shahrul muvosodir. Ya’ni boshqalarga moddiy jihatdan yordamlashish, yedirish-ichirish oyidir. Ko’magimiz tufayli o’zgalar ham ne’matlar bilan ta’minlanadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:04:00

«Bu oyda Alloh mo’’minning rizqini ko’paytiradi». Haqiqatan ham xuddi shunday. Uyingizdagi umumiy ovqatlanish rejasi jadvalini chizib ko’ring. O’n bir oy ichidagi yeyish-ichish ozuqalari bilan ramazon oyi dasturxoningizdagi holatni taqqoslab ko’ring. Ramazon oyiga kelganda jadval darhol o’zgaradi. Nega bunday? Chunki, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlar: «Ramazon kelishi bilan mo’’minning rizqi ortadi, dasturxon fayzu barakaga to’ladi».

Alloma ustozimiz Muhammad Zohid Qo’tqu hazratlari «Rizq — bu inson tomog’idan o’tgan luqmadir, kissasidagi narsa emas», — degan so’zni ko’p aytardilar. Ya’ni insonning tomog’idan o’tgani uning rizqi hisoblanadi.

O’zimiz guvoh bo’lib turibmizki, ramazonda mo’’minlarning rizqi ortmoqda. Har xil oziq-ovqatlar, sharbatlar dasturxonni bezamoqda. Ularni sanab ulgurmaymiz. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: «Mo’’minning rizqi orttiriladi», — deb aytganlar.

Yuqoridagi hadisda ta’kidlanishicha, «Agar kishi bu oyda biror ro’zadorga iftorlik bersa, bu gunohlarining mag’firat qilinishiga sabab bo’ladi». Qarang, bu yerda masalaning boshqa tomoni ham bor ekan... Demak, dasturxonimizni, ko’nglimizni, dilimizni ochiq qilib, «Marhamat, biznikida iftorlik qiling», — deb saxovat ko’rsatishimiz kerak.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:04:27

(Va itqa raqabatihi’ minan-na’r). «Va u kishining bo’yni jahannamdan ozod qilingan bo’ladi. (Va ka’na lahu misli ajrihi’). «Va u kishiga, ya’ni iftorlik bergan kishiga, ro’zador qancha savobga ega bo’lgan bo’lsa, shuncha miqdorda ajr-savob beriladi» (min g’ayri an yanqusa min ajrihi’ shay’un). «Ya’ni ro’zadorning savobidan hech bir narsa kamaytirilmasdan, xuddi o’shancha miqdordagi savob iftorlik bergan kishiga ham beriladi».

Bu ham juda ahamiyatli ish, unga jiddiy e’tibor berish lozim. Chunki, bir ro’zadorga iftorlik berish bilan siz ham uning topgan savobiga teng sherik bo’lib, savob topasiz.

Hadisi sharif davomida yana bir mujda kelmoqda:

Bilasizki, sahobai kiromlar juda og’ir ahvolda yashaganlar. Shu bois: «Ey, Rasululloh! Biz iftorlik beradigan, dasturxon bezatadigan holatda emasmiz! «Uyida yeydigan-ichadigan ortiqcha narsasi bo’lmagan kishilar nima qilishadi!», — deb so’raganlarida, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

«Bir kishi biror ro’zadorga bir dona xurmo yoki bir qultum suv yoxud ozgina sut bergan bo’lsa, Alloh u kishini savob bilan siylaydi». Ya’ni u kishi boy bo’lmasa ham ro’zadorga biror narsa berib, u qilgan amallar savobicha ajrga noil bo’ladi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:04:49

Shuning uchun boriga qanoat qilib, saxovat qo’llarini ochib iftorlik berishga shoshiling! Hattoki, agar kishi cho’ntagida bir dona xurmo olib yursa ham ko’p foyda qilishi mumkin. Yo’lda ketishda inson har xil sabablarga ko’ra iftorlikka yetolmasligi mumkin. Shu vaqtda u xurmoni in’om qiladi.

Biz kecha yo’lda edik. Izmirga kiraverishda iftor vaqti bo’lib qoldi. Men o’z oilamga qarab: «Qani og’iz ochishga biror narsa bo’lsa bering, savobga ega bo’ling!» — dedim. Ular orqadan ba’zi yeguliklar jo’natdilar. Hadisi sharifdagi va’daga ko’ra bu bilan ular bizning savobimiz qadar savobga ega bo’ldilar.
 
Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ramazon oyining fazilatlarini madh etishda davom etmoqdalar: «Bu shunday oyki, uning boshi rahmatdir». Ya’ni, inson bu oyda Xudoning rahmatiga doxil bo’ladi. Inshoalloh, biz ushbu oyda Allohning rahmatiga sazovor bo’lib turibmiz, alhamdu lilloh...

(Va avsatuhu mag’firatun). Ramazonning «o’rtasida esa, qulning gunohlari mag’firat etiladi». Gunohkormiz, aybdormiz, yuzimiz qora, kechmishimiz qorong’u... Qusurimiz ko’p bo’lsa-da, ramazonning yarmiga yetganimizda tutgan ro’zalarimiz evaziga Alloh gunohlarimizni kechiradi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:05:20

(Va a’xiruhu itqun minan-na’r). «Ramazonning oxiri esa bu oyni ro’za tutib o’tkazgan qullari uchun jahannamdan ozod bo’lishdir». «Ey qulim, sen ro’za tutding, men esa seni afv qildim, mag’firat ayladim, jahannam azobidan ozodsan!» — deya marhamat qiladi Alloh taolo.
Alloh bizni ham jahannamdan ozod bo’lgan o’sha baxtiyor qullaridan qilsin!

Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar: «Kim quliga bu oyda yuklaydigan ishini ozgina yengillatsa, (qullarning ba’zilari musulmon bo’lardi) Alloh u qulning sohibini mag’firat etib, jahannamdan ozod qiladi».

Va yana, «Ramazon oyida to’rt ishni ko’p bajaring». Bu to’rt ishning ikkitasi bilan Rabbingizning roziligini topasiz, qolgan ikkitasi ham siz voz kecha olmaydigan, o’zingiz muhtoj bo’lgan va qo’lga kiritishingiz lozim bo’lgan ishlardir» — dedilar.

Bu ishlar nima ekan? Rabbingiz rozi bo’ladigan, Uni rozi qiladigan bu ikkita ishning birinchisi: «Ashhadu an la ilaha illalloh» — deyish. Bu juda ham muhim so’z! «Men shahodat beramanki, Alloh taoloning sherigi, naziri yo’q, faqat Alloh bor». Ikkinchisi esa istig’for aytishlik. Demak, ramazon oyida «Ashhadu alla’ ila’ha illalloh» bilan «Astag’firulloh»ni ko’p aytamiz. «Astag’firulloh al-azi’m va atu’bu ilayh» deyishimiz ham mumkin.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:05:58

Men avval ham maqolalarimda: «Ramazon — tasavvuf oyi», — deganman. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tasavvufni qanday tushuntirayotganliklarini ko’rib turibmiz. Ramazonda ko’proq «La’ ila’ha illalloh», «Astag’firulloh» — deysiz. Bu bilan "œRabbingizni rozi qilasiz", deb buyurmoqdalar. Qarang, Rabbimiz naqadar lutfkorki, biz «La’ ila’ha illalloh» deymiz, u rozi bo’ladi, «Astag’firulloh», «Meni kechir, ey Rabbim!» — deymiz, Rabbimiz yana rozi bo’ladi. Naqadar go’zal dinimiz bor bizning, alhamdu lilloh.

Bu ikki kalimani mazmuniga yetib takrorlash so’fiylikning bosh talablaridandir.
Allohning o’zidan panoh so’raladigan ikki narsa: «Allohdan jannatini istashingiz, jahannamdan Allohga sig’inishingizdir». Ha, demak: «Yo Rabbi! Bizni jannatingga doxil ayla! Ey Rabbi! Bizni jahannamdan saqlagin!» — deb aytamiz.

«At-targ’ib vat-tarhib» kitobida shunday hadis kelgan:
Ya’ni, «Kim bu oyda bir ro’zadorni serob qilsa, Alloh unga Kavsarimdan bir sharbat in’om qiladi, ichgan kishining chanqog’i bosiladiki, boshqa aslo tashna bo’lmaydi».

Bu bilan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ro’zadorni ikrom etgan kishini Alloh taolo ham havzi Kavsardan ikrom etishining xabarini berdilar.

Bu hadisi  sharif  bizni hushyorlikka chaqirib, quyidagi amallarini bajarishga da’vat qiladi: qadr kechasini topishga harakat qilamiz. Buning uchun ramazonning oxirgi o’n kunida e’tikofga kiramiz. Ramazon bayramida, agar boyligimiz yetsa, birorta qurbonlik so’yamiz. Bu oyning sabr oyi ekanligi uchun sabr qilamiz va sabrning muqobili jannat ekanligini mushohada etamiz. Bu oyda bajarilgan biror xayrli amal, boshqa oyda qilingan yetmish xayrga tengligini unutmaymiz va savobli ishlarni qilishga shoshilamiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:06:19

Bu oyda rizq ko’payadi. Shuning uchun «alhamdu lilloh», deymiz. Bu oy moddiy jihatdan faqirlarni qo’llash oyi bo’lganligidan, ularga moddiy yordam beramiz. Xoh pul bilan, xoh kiyadigan yoki yegulik narsalar ikrom qilish orqali yordamlashamiz. Hamma bayramni nishonlaydi, ramazon oyi mobaynida bir yaxshilab dam olamiz.

Ro’zadorlarning bir-birini iftor qilishi ulug’ savobdir. Kimki, ro’zadorga iftorlik bersa gunohlari mag’firat qilinadi, jahannamdan ozod bo’ladi va iftorlik bergan kishi o’sha ro’zadorning savobidek ajr oladi. Buning uchun nima qilamiz? Oqshomlari dasturxonimizni yozamiz — musofirlarni, ro’zadorlarni iftorlik ziyofatiga taklif qilamiz. Agar bunga imkonimiz bo’lmasa, bir qultum suv, bir dona xurmo yoki biroz sog’ilgan sut ikrom qilinsa, u ro’zani ochishga sabab bo’lsa, shu bilan ham xuddi o’sha savobni olish mumkin.

Bu oyda «La ila’ha illalloh»ni, «Astag’firulloh»ni ko’p takrorlaymiz, Allohdan jannatni istaymiz va jahannamdan Allohga sig’inamiz. Allohga ko’proq yolvorib so’raymiz: «Bizni afv et... bizni jahannamga tashlama, ey Alloh! Bizni jahannamdan ozod qil!» — deymiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  27 Sentyabr 2006, 08:06:59

Alloh taolo bizni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarda xabar bergan barcha yaxshiliklarga muvaffaq aylasin! Qanchadan-qancha muborak ramazon oylariga Allohning suyukli qullaridek yetishishni, Alloh yaxshi ko’rgan shaklda bu oylarni ihyo etib, yashab, ibodat bilan bezab, bu oylarning fayzu barakotidan, savoblaridan, ilohiy ne’matlaridan foydalanishni Alloh hammamizga nasib etsin...

Umrimizni Alloh rizoligi ichida kechirib, sevgan qullaridek bo’lib, qalbimiz nurlanib, ichimiz ishqulloh-muhabbatullohga to’lib, umrimizni Allohning rizoligida o’tkazishimizni Alloh o’zi barchamizga nasib etsin.

Bu dunyodan husnu xotima ila vidolashib oxiratga borishni, huzuriga o’zi sevgan, rozi bo’lgan, yuzi yorug’ va nurli qullardek borishimizni nasib aylasin. Rabbimiz jannati bilan, jamoli bilan barchamizni musharraf aylasin. Sharafli Payg’ambarimiz Muhammad Mustafoga qo’shni qilsin! Uning havzi Kavsaridan to’yib-to’yib ichishimizni Rabbimiz barchamizga nasib etsin!..

Assalomu alaykum va rahmatullohu va barakotuh!

2 fevral 1995 / 2 Ramazon 1415

Qayd etilgan