Bu suhbatimizda asosan ikki narsani eslatdik: birinchisi, Payg’ambarimizning hadisi shariflariga ahamiyat berib, qadr kechasini topishga harakat qiling. Ikkinchisi, Alloh sizga boylik bergan bo’lsa, ramazonda qurbonlik so’ying, yetti yuz savobdan bahramand bo’ling!
Davom etamiz:
«Alloh taolo ramazon oyida kunduzlari ro’za tutishni farz qildi. Kechalari turib namoz o’qishni tatavvu’ qildi». Tatavvu’ — farz bo’lmagan holda bajariladigan ixtiyoriy go’zal nafl amallardir. Biz kunduzlari ro’za tutamiz, ammo kechasi o’qiladigan tatavvu’ namozni o’qiyapmizmi? O’qiyapmiz, o’qidik, shu kungacha o’qib keldik... Xo’p, biz yana nima qildik? Xufton namozidan keyin tarovih namozini ado etdik. Bu — o’sha kechaning tatavvu’ qilingan namozi. U boshqa vaqtlarda o’qilmaydi. Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnati bo’lganligi uchun ham ishq bilan o’qiymiz.
Alhamdu lilloh, biz «Yangi jome» masjidi ichidan joy topolmadik, sunnatni tashqarida — hovlida o’qidik va keyin ichkariga kirdik. Insonlarga masjidlar sahnining yetishmasligi, jamoatning ko’chalarga qadar to’lib-toshishi bu islomning barakotini ko’rsatadi. Xudoga shukur, bu, yoshlarning islomiy go’zallikni tushunganligi va uning hayotiyligi uchun sevib, o’zlashtirganidan dalolat beradi. Minnatdorchilik bildirib, buning davomli bo’lishi va ziyodalashuvini xohlaymiz.
Yuqoridagi hadisi sharifda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Agar bir kishi ramazon oyida Allohga yaqinligini mustahkamlamoqchi bo’lib, biror ibodat yoki xayrli amalni bajarsa, go’yo ramazondan boshqa oyda bir farzni bajargandek bo’ladi. Va kimki, ramazonda bir farzni ado qilsa, go’yo ramazondan boshqa oyda yetmishta farzni ado qilgandek savobga ega bo’ladi», — deya marhamat qiladilar. Masalan, zakotni ramazonda berish kerak degan hech qanday majburiyat yo’q, ammo o’sha farz (zakot) ramazonda ado etilsa, ramazondan boshqa oyda ado etilgan yetmishta farz amalning savobiga teng bo’ladi.