Mahmud As'ad Jo'shon. Ramazon va taqvo  ( 155360 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 29 B


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:28:11

TAQVO AHLI BO‘LING

A’u’zu billa’hi minash shaytonir raji’m.
Bismilla’hir rahma’nir rahi’m.

Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go’zal va muborak (barakotli) hamd bo’lsin. Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo’lsa, shunday hamdu sanolar bo’lsin! Va Sayyidimiz – Muhammad alayhissalomga va uning ahli xonadoniga va ashoblariga va Unga sidqidildan tobe’ bo’lgan barcha izdoshlariga salotu salomlar bo’lsin!

Alloh taolo Qur’oni karimda buyuradi:
«Ey mo’’minlar, Allohdan qo’rqinglar va (har bir) jon erta (Qiyomat kuni) uchun nimani (ya’ni qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarasin. Allohdan qo’rqinglar! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir».

Kishi ertaga, oxirat uchun nima taqdim etganiga, oxirat uchun nima yuborganiga hozirdan qarasin, diqqatli bo’lsin! Oxirat uchun nima ishlar yuborayotganini kuzatsin, nazorat qilsin!.. Diqqat qilsin... (Vattaqulloh) Allohdan qo’rqing! (Innalloha xabirun bima ta’malu’n). Alloh jalla jaloluhu siz qilayotgan hamma amallaringizdan xabardor, hammasini ko’rmoqda, eshitmoqda, bilmoqda».

Darhaqiqat, inson oxirat uchun nima hozirlamoqda? Dunyoda qilgan barcha yaxshi va yomon amallari oxiratdagi hayotini belgilaydi. Iftorlik bergan bo’lsa, sadaqa, zakot bergan, masjid qurgan, ro’za tutgan, namoz o’qigan, umraga borgan, haj qilgan, jihod qilgan, g’ayrat qilgan, ibodat qilgan bo’lsa, bularning savobi qaerga ketadi? Oxiratga ketadi. Inson dunyodalik vaqtidayoq qilgan amallarini oxiratga yuboradi. Aksincha, gunoh ishlar qilgan bo’lsa, aroq ichgan, qimor o’ynagan, zulm, haqsizlik, zino, nomussizlik qilgan bo’lsa, xullas, Alloh sevmaydigan nimaiki ishlarni qilgan bo’lsa, ular ham hammasi oxiratga ketadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:33:35

Shuning uchun ham Alloh taolo: «Inson bu dunyoda qilgan zarra qadar yaxshiligining mukofotini oxiratda oladi; zarra qadar qilgan yomonligi ham hisobga tortiladi, oxiratda jazosini oladi. Oxiratga nima bilan borayotganiga inson farzandi bu dunyoda e’tibor bersin!» — demoqda. Bu bilan nima demoqchi? «Ey qullarim, ogoh bo’ling! Oxiratga yaxshi narsalarni yuboring! Oxiratda yuzingizni kuldiradigan, Alloh taolo devonida sizga qalqon bo’ladigan, sizni ne’matlarga erishtiruvchi amallarni yuboring! Yaxshi amallar qiling!» — deya buyurmoqda.

 Allohdan qo’rqinglar, Alloh qilayotgan ishlarimizdan xabardor! Batahqiq xabardor, o’z haqqi bilan xabardor! Bunda nima demoqchi: «Alloh barcha qilayotgan amallaringizni bilib turadi. Unga zid bir ishni qilmang!» — yashirin qilsangiz ham, aslida yashirin ham qilolmaysiz. Tanho qilsangiz ham aslida tanholikda ham hech narsa qila olmaysiz. Chunki:

«Sizlar qaerda bo’lsangizlar U sizlar bilan birgadir!» Ham Alloh yoningizda, ham Allohning maloikalari yoningizda... Ikki yelkangizdadir...

«...yozib turguvchi ulug’ (farishta)lar bordir. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar».

Bu farishtalar bajaradigan ishlaringizni yozib turadilar. Insonning shunday bir amal daftari borki, unga farishtalar insonning yaxshilik va yomonliklarini yozadilar. Insonning yonidan ayrilmaydigan, a’zolariga, butun vujudiga vazifador farishtalar bor. Uni yomonliklardan saqlaydigan, amallarini yozadigan farishtalar bor... Yerga, osmonga, bulutlarga, yomg’irga, shamolga, quyoshga hukm qiluvchi farishtalar bor... Demak, insonning atrofi farishtalarga to’la ekan. Bo’sh joyning o’zi yo’q! Inson yolg’izman deb o’ylab, tanholikda qilgan ishlarini atrofdagi mavjudotlar ko’rib turadi. Ularning hammasini esa Alloh ko’rib-kuzatib turibdi. Shuning uchun inson, uni Alloh ko’rib turganligini bilib, oxiratga nima yuborayotganligini idrok aylab, diqqat-la harakat qilish kerak.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:34:53

Shu bois Alloh taolo:
«Allohdan qo’rqinglar» — demoqda.

Yana boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Ey mo’’minlar, Allohdan haq-rost qo’rqish bilan qo’rqinglar va faqatgina musulmon bo’lgan hollaringda dunyodan o’tinglar!»

Hazrati Ali: «Ey Rabbim! Sen men xohlaganimdek Parvardigorsan, senga hamd bo’lsin! Meni ham O’zing xohlaganing kabi qul qilgin», — deb aytganlar. Alloh xohlaganday qul bo’lish qanday bo’ladi? Bunday qul taqvo ahli bo’lishi kerak... Taqvodor qul bo’lgandan keyin Alloh xohlaganidek qul bo’ladi. Bunday zotlarni atrofimizda uchratishimiz mumkin. Hech kimni ranjitmaydi, qo’lida tasbeh, tilida zikru duo, fe’li go’zal, zarif, shirin so’z, yaxshilikni sevadigan, farishtadek... Bunday insonlar haqida so’z ketganda: «Bu odam taqvodordir» — deymiz. Xo’sh, taqvo nima degani o’zi?

Taqvo, bu arabchada saqlanmoq, qo’rqmoq degan ma’noni bildiradi. Arabchadagi buning asosi «voqaya»dir. Voqaya qilish — degani bu biror narsadan asranmoq, saqlanmoq degani. Taqvo bu — insonning o’zini harom ishlardan saqlashi va qo’riqlashi. Nimadan asraydi? O’zini Allohning g’azabidan asraydi. Chunki Alloh taolo — kuch-qudrat sohibi. U oxiratda insonlarning qilgan amallariga yarasha javobini beradi.

Din so’zi bu yerda, javob-badal ma’nosida kelmoqda. «Alloh insonga amalining mukofotini, javobini beradigan kun sohibi». Kim nima ish qilgan bo’lsa, javobini u kunda ko’radi. Badalini ko’rish, qilgan ishiga evazini topadigan kun...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:35:42

U kunning egasi bo’lganligi uchun Alloh yaxshilarni mukofotlab, yomonlarni jazolaguvchi zot hisoblanadi. Biz nima qilishimiz lozim? Allohning azobidan saqlanishimiz lozim!.. Chunki Alloh yomonlarni jahannamda azoblab, yoqadi. Ko’zlar ko’rmagan, aqllar bovar qilmagan qo’rqinchli azobga giriftor qiladi. Shuning uchun ham Uning azobidan saqlanish kerak.

Hozir ramazon oyidamiz, suhbatimiz ham ramazon haqida. Alloh taolo farz qilgani uchun ramazon oyi ro’zasini tutamiz. Qaysi oyati karima bilan Alloh ro’zani bizga farz qildi?

«Ey mo’’minlar! Taqvoli kishilar bo’lishingiz uchun sizlardan ilgari o’tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro’za tutish farz qilindi».

Ey imon keltirgan — ya’ni bizlarga xitob kelmoqda — Allohga ishondik, Rasulullohga ishondik, Qur’onga ishondik degan, «amantu»ni (imonni mufassal) aytgan, ey musulmon qullar! (Kutiba alaykumus siyamu). Ro’za sizlarning zimmangizga farz qilindi. (Kama kutiba alallaziyna min qoblikum). Sizdan oldingilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro’za farz qilindi (la’allakum tattaqun). Shoyad taqvo ahli — yaxshi bir musulmon bo’lsangiz».

Bu oyati karimadan ro’za tutishga qudrati yetgan har bir mo’’minga ro’za tutish farz ekanligini bilib olamiz. Farzligini tushunyapmiz: chunki (kutiba) «Bo’yningizga yozildi» — demoqda. Bu bir...

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:36:40

Ikkinchisi: «Sizdan oldingi ummatlarga yozilgani kabi, sizga ham yozildi» — deb buyurmoqda. Ma’lum bo’ladiki, ro’za tutish bu faqatgina bizga farz bo’lmagan, bizdan oldingi ummatlarga ham amr qilingan ekan.

Uchinchidan: «Toki taqvo ahli — yaxshi bir musulmon bo’lsangiz». Demak, ro’za tutgan odam taqvoga erishishi lozim! Taqvo ahlidan bo’lgan yaxshi bir musulmon bo’lish kerak!..

Alloh ta’olo yuqoridagi  oyati karimalarida bizni taqvo ahli bo’lishga chaqirib «Taqvo ahli bo’ling!» deb, uning yo’li qanday bo’lishini ham ko’rsatib qo’yibdi. Ha, taqvodor bir qul bo’lamiz, yomon ishlardan saqlanamiz, odobli, tarbiyali, muborak, komil bir musulmon bo’lamiz, ammo bunga qanday qilib erishish mumkin?

Uning yo’li va chorasi ro’za tutmoq. «Oldingi ummatlarga farz qilinganidek, sizga ham farz qilindi, toki  siz ham taqvo ahlidek  taqvodor inson bo’lsangiz». Demak, asl musulmon bo’lishning, Alloh taolo sevgan bir taqvodor mo’’min bo’lishning yo’li ro’za tutmoqdir. Bu oyati karima, taqvo sifatiga erishmog’imiz uchun, bizga ro’za yordamchi bo’la olishini ochiq ko’rsatib turibdi.

Aziz va muhtaram birodarlarim! O’zingiz yaxshi bilasiz, inson farzandining bir tanasi bor... Tanamizda esa, ikki qo’limiz, ikki oyog’imiz, boshimiz, ko’zimiz, qulog’imiz bor. Bundan tashqari, ruhimiz ya’ni jonimiz ham bor... Ruh tirikligida bu qosh, bu ko’z, ya’ni bu badanning qiymati bo’ladi, ammo ruh jasadni tark etishi bilan badan hech narsaga yaramay qoladi. Bir oz avval gaplashayotgan bir odam vafot etsa, ruhi chiqib ketsa, endi gapirmaydi, qimirlayotgan bo’lsa, endi qimirlamay qoladi. Ruh ketishi bilan bu jasadning qiymati qolmaydi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:37:08

Oyati karimalardan yana shuni bilamizki, inson farzandining nafs degan bir borlig’i bor. Bu nafsning vazifalari nimalardan iborat?

Inson nafsi vujud bilan bog’liq ishlarni bajarish uchun yaratilgan... Ya’ni, badanning jilovidan tortib turish, uni boshqarish uchun yaratilgan. Demak, u badanning rahbari. Nafs nima ish qiladi?.. Masalan, och qolgan vaqtda: «Bor, tez ovqat yegin! Ochlikdan darmonim qolmadi. Oyoqlarim tolib ketdi, ko’zlarim suzilib ketdi. Tez bir narsa yegin!» — deya ovqat talab qiladi. Agar suvsab qolsa: «Og’izlarim quridi, lablarim qaqrab ketdi, ozgina suv top, to’yib-to’yib, mazza qilib ichay!» — deb suvga bo’lgan ehtiyojini bildiradi.

Agar vujudni ko’proq ishlatib qo’ysa: «Uh, ko’p charchadim. Agar shunday ketaversa, ehtiyoj ortib boradi, vujud esa kasalga chalinadi. Biroz dam ol!.. Uxlash kerak!» - deb vujuddagi ehtiyojlarni talab qiladi.

Nafsning istaklarini shahavoti nafsoniya deb aytamiz. Shahavot - xohishlar, orzular degani. Nafs ichkaridan xohishlar hosil qiladi va aytadi: «Voy, och qoldim, voy, suvsadim! Voy, dam olishni xohlayman, uxlamoqchiman!..» va hokazo shunga o’xshash orzular.

To’g’ri, bu istaklar tabiiy ehtiyojdir. Parvardigorimiz hech bir narsani o’rinsiz yaratmagan. Parvardigorimiz bularning vujudda bo’lishini xohlab yaratgan ekan, hikmatdan xoli emas, albatta, bir ma’noga ega... Rabbimizning hikmatsiz biror ishi yo’q.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:38:09

Inson o’z-o’zini nazorat qilmog’i lozim! Inson vujudining nazoratchisi bu - nafs. Insonga vujudining ehtiyojini bildirish jihatidan u lozimdir. Ammo bu nafsni o’z holiga tashlab qo’yilsa, haddidan oshib ketadi. Ya’ni shahavoti nafsoniya - nafs orzularining chegarasi bo’lmaydi, davom etib ketaveradi. Chegaradan chiqib ketganidan keyin insonni gunohlarga boshlaydi. Masalan, o’g’irlik qildiradi, birovning nomusiga ko’z olaytiradi, tanballikka da’vat etadi, ko’p uxlashga giriftor qiladi, boshqalar ishlasin, men tekinga yashayman, deb vasvasaga soladi va shunga o’xshash boshqa gunoh ishlarga chorlaydi.

Nafsning ushbu holatiga nafsi ammora deb ataladi. U shunday nafski, insonlarni yomonlikka amr qiladi... Inson nafsi tarbiyalanmadimi, u albatta, razolatga boshlaydi, jaholatga buyuradi. Yusuf surasida:

«Chunki nafs — agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa — albatta barcha yomonliklarga buyurguvchidir», degan oyat bor.

Nafsning haddan oshib ketayotgan orzularini to’xtatish lozim! Kim to’xtatadi? Bolani otasi to’xtatadi: «Futbol o’ynama! Kinoga borma! O’tir, darsingni qil! Tur, uxlama!.. Uy vazifasini bajar, keyin tashqariga chiqib o’yna!» va shunga o’xshash. Kimdir uni boshqarib turadi.

Xo’p, bola ulg’ayib kuchli-quvvatli yigit bo’ldi, o’z-o’ziga buyruq beradigan bo’lib qolgan bo’lsa, uni kim idora etadi?.. U insonning nafsini kim boshqaradi, tarbiya qiladi? Insonning nafsi tarbiyaga muhtoj! Agar nafs tarbiya qilinsa, inson najot topadi. Qaysi dalilga ko’ra, qaysi hujjatga ko’ra qutuladi? Alloh taolo bunga javoban Qur’oni karimda shunday buyuradi:

«Darhaqiqat uni (ya’ni o’z nafsini — jonini imon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi. Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko’mib xorlagan kimsa nomurod bo’ldi». Nafsini tarbiyalab poklagan, isloh qilgan qutuladi. «Nafsini tarbiya qilmagan, ezgulikdan mahrum qoladi, zalolatga ketadi, pushaymon yeydi, dunyoyu oxirati kuyadi». Shu uchun ham nafs tarbiyasi, bu mo’’min kishi ahamiyat beradigan eng muhim ishdir. Chunki, tasavvuf bu - tarbiyalangan nafs ustiga qurilgan bino. Insonning nafsi tarbiyalangan bo’lishi lozim!.. Boshliqning, xo’jayinning, xotinning, erkakning, har bir kishining nafsi tarbiyalanishi lozim!.. Nafsi tarbiyalangan odam komil inson bo’ladi. Yusuf Hamadoniy, Abdulqodir G’ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Ashraf o’g’li Rumiy, Ibrohim Haqqi Arzirumiy, Bahovaddin Naqshband, Ibrohim Adham kabi nafsini tarbiyalagan komil insonlar bo’lishgan. Hammalaridan Alloh rozi bo’lsin! Bularning barchasi tarixda nomi qolgan sevimli buyuk insonlardir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:39:30

Shurayh hazratlari o’zlari qozi ekanlar. Bir kuni mahkamaga ikki kishi kirib kelibdi. Biri - musulmon, ikkinchisi - nasroniy edi. Shunda u kishining yuragi bir jiz etdi va «Inshoalloh, musulmon haqlidir» — dedilar. Ko’ngillari tarafkashlik qildi. Qarang, da’volarini aytish uchun da’vogarlar qozining huzuriga keldilar. Qozining ko’ngli esa musulmon kishiga mayl etdi. Musulmonni sevdi, chunki u dindoshi, yo’ldoshi, hamzikri edi.

Kelganlarning arzini eshitgach, baxtga qarshi, musulmon haqsiz, nasroniy haq bo’lib chiqdi.

Qozi Shurayh da’voni bitirdilar, ammo umrlarining oxirigacha iztirobda yashadilar: «Nega qalbim mendan adolat so’rab kelgan ikki kishining birinchisiga oldinroq mayl etdi?» - deb o’zlarini ayblab yurdilar. Qarang, insonning nafsi tarbiyalangandan keyin o’z-o’zini qanday jiddiy nazorat qiladi.

Demak, nafs tarbiyalanishi kerak! Nafsni tarbiya qilishning yo’llaridan biri bu — ro’za tutish. Shuning uchun ham Alloh taolo bir oz emas, balki bir oy davomida musulmonga mashq qildiradi, ko’nikma hosil qildiradi. Alloh taolo bir oy nafs orzularini to’xtatish va jilovlash mashqlarini bajartiradi.

Bizning nafsimiz nimani xohlaydi?.. Yeyish, ichish, uylanish, o’ynash kabi narsalarni xohlaydi. Ammo Ramazonda Alloh taolo nima demoqda: «Tongdan to shom namozigacha ovqat yemaysizlar!»
«Bu ovqatlarni yeyish harommi?» — Yo’q, halol.
«Ovqat halol bo’lsa ham shu vaqtdan shu vaqtgacha tanovul qilmaysan qulim!» - deb aytmoqda.
«Suv ham ichmaysiz!..»
«Suv harommi?..»
«Suv harom emas, ichkilik emas u, ammo shu vaqtdan shu vaqtgacha suv ichmaysizlar!» — deb buyurgan.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:40:19

Bu ikki narsa bizga juda ham lozim! Suv ham, ovqat ham juda lozim! Bu ikki zaruriy moddani Alloh taolo oldimizga surib, «Bu narsalarni yemaysiz!» - deb amr qilmoqda.

Nima qilamiz endi? Juda ham xohlab turibmiz. Qishni emas, yozni tasavvur qiling! Uzun, mashaqqatli yoz kunini ko’z oldingizga keltiring. Havoning issig’ligini o’ylang, Antaliya issig’ini eslang! Chanqagan joni suvni istab turibdi! Sovuq narsalarni ko’rishi bilan, ichimliklarni ko’rishi bilan yutinib qo’yadi, ichgisi keladi, joni xohlaydi, lekin...

Ma’lumki, do’xtirlar bolalarni epidemiya kasalligidan saqlash uchun emlaydilar. Shunda agar: «Nima uchun bolaga ozor berasiz?» desak, doktor quyidagicha javob beradi: «Uning vujudiga terlama kasalligining mikroblaridan biroz yuboraman. Vujud ularni o’ziga oladi, ularni yengadi, shunda bolaning bir oz issig’i chiqadi. Ammo shundan so’ng bu o’ldiruvchi kasallikka aslo chalinmaydi».

O’tmishda biror shaharda bu kasallik tarqalsa, uning aholisini qirib tashlar edilar. Usmonlilar davrida chechak kasalligining davosini bilgan ekanlar. Uning oldini olish uchun mahalla ko’chalarida emlash ishlari olib borilgan. Shuning uchun ham bu kasallikning oldi olinib, hech qanday zarari yoyilmas ekan. Yevropada esa u zamonlarda bu kasallikka uchragan shahar aholisining yarmini, uchdan birini qirib tashlashar ekan. Ular uchun bu juda ham xavfli, davosiz bir kasallik hisoblangan.

Ramazonda esa o’ttiz kun biz o’zimizga juda ham lozim bo’lgan narsalarni bajarish bilan, halol bo’lgan ne’matlardan bir muddat o’zimizni tiyish orqali nafsimizga hokim bo’lishni o’rganamiz. Zamonaviy ta’bir bilan aytganda, universitet darslarini tushuna oladigan darajada irodamizni chiniqtirish sabog’idan ta’lim olamiz. Bu bilan biz o’zimizni tutishni, vujudimizni boshqarishni o’rganamiz va ruhan barkamol inson holiga kelamiz.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  28 Sentyabr 2006, 07:40:53

Bir kun Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning oldilariga oppoq kiyim kiygan nuroniy yuzli, ozoda bir kishi kirib keladi. Bu kishini sahobalar tanishmaydi... «Agar Madinadan kelganida edi bu kishini tanigan bo’lardik. Madinalik bo’lmasa, demak, uzoqdan kelgan bo’lsa kerak. Lekin uzoqdan kelgan bo’lsa, ustida, kiyimlarida biror safar nishonasi, chang-tuproq bo’ladi. Tuyaga minib-tushganida terlashi kerak». Bu kishining usti-boshida safar nishonasi yo’q edi.

U kishi to’g’ri kelib Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, tizzasini tizzalariga tekkizib, o’tirdi. Atrofidagilar bu holatni ko’rib hayron qoldilar, bu odamning kimligi hammani qiziqtirar edi. Shundan keyin u kishi Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga har xil savollar berdi, har savoliga javob olganidan so’ng «To’g’ri aytdingiz!» — deb tasdiqlab ham qo’yar edi. Buni ko’rgan sahobalar hayron qolishib, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga ham savol berib, ham to’g’riligini tasdiqlayotgan bu kishi kim ekan, deb turgan edilar. Mehmon eng oxirgi savolni so’radi:

«Ehson nadur, yo Rasululloh sallallohu alayhi vasallam?» — dedi. Ehson, bu Allohga bandalikni go’zal ado etishdir. Yuqorida ham bu haqda aytib o’tgandik. Alloh bizdan yaxshi qul bo’lishimizni xohlaydi. Haligi kishi xuddi shu narsani so’radi: «Ehson, ya’ni qullikni yaxshi ado etish qanday bo’ladi, ey Rasululloh?» Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday javob berdilar:

«Ehson bu — Allohga muhabbat bilan ibodat qilish. Uni ko’rib turgandek ibodat qilish. Agar sen Allohni ko’rmayotgan bo’lsang ham, u har yerda hoziru nozir bo’lib, seni ko’rib turibdi», — deb javob berdilar. U kishi «to’g’ri aytdingiz», deb tasdiqladi va yana bitta savol so’rab, uni ham tasdiqlagach, chiqib ketdi.
Shunda Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
«Bu kishining kimligini bilasizlarmi?».
«Yo’q, taniy olmadik, ey Rasululloh» — dedilar.
«Bu Jabroil alayhissalom. Sizga dinimizni o’rgatish uchun inson suratida kelib, mendan savol so’radi, men esa javob berdim» — deb aytdilar.
Hadisi Jabroil deb nomlangan bu voqea Hazrati Umar tomonidan rivoyat qilingan.

Qayd etilgan