Muallif Mavzu: Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 62324 marta o'qilgan)

0 Foydalanuvchilar va 1 Mehmon ushbu mavzuni kuzatishmoqda.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Tohir Malik. Devona (qissa)
« : 01 Oktyabr 2006, 07:30:57 »
Devona (qissa). Tohir Malik



Muallif: Tohir Malik
Hajmi: 519 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish
« So'nggi tahrir: 18 Yanvar 2012, 10:30:08 muallifi AbdulAziz »

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #1 : 01 Oktyabr 2006, 07:31:08 »


DEVONA

— Buvajon, mushuk nimadan tarqalgan?
— Mushukmi? Mushuk — arslondan, bolam.
— It-chi?
— It — bo‘ridan.
— Odam-chi?
— ...


MUQADDIMA O‘RNIDA

... U xurjunini yelkasiga olib, uzoq yurdi. Ko‘chki bosgan yerga yetib kelgunicha oyoqlari qaqshab ketdi. U hali ko‘chki nima ekanini bilmasdi. Belga qadar qorga botgan kezlari iziga qaytganidan pushaymon bo‘lar, chiqib olganda esa: «Ota yurtdan uzilgandan ko‘ra muzlab o‘lganim afzal», deb qo‘yardi.
Oqshomga borib uning sillasi quridi, ochiqdi. Shunda ham to‘xtamadi. Faqat shom qorong‘usidagina tamaddi qilib olish maqsadida xurjunini yerga qo‘ydi. O‘tirib, nafasini rostladi. Keyin qo‘lini xurjunga tiqdi. Silliq, sovuq, yumaloq bir narsaga qo‘li tegdi. Seskandi. Xurjunning og‘zini ochib, ikki qo‘llab uni chiqardi. Chiqardi-yu, serrayib qotib qoldi. Nafasi ham, yurak urishi ham to‘xtadi. U xurjundan... akasining kallasini olgan edi!..
Tog‘lar ham qotib qoldi. Osmon ham. Dunyoning hayot tomirlaridan jon chiqib ketdi. Bir zum, faqat bir zum shunday bo‘ldi. U qo‘lidagi kallani tashlab yubordi. Akasining kesilgan boshi qorga cho‘kdi. Uning qalbidan otilgan faryod sukunatni qalqitib yubordi. Tog‘lar aks-sado berdi. Yo‘q, aks-sado emas bu. Tog‘lar ham faryod chekdi. Bu faryodni qorlar o‘ziga shima olmadi — osmon bag‘riga singdirdi.
« So'nggi tahrir: 01 Mart 2010, 08:46:48 muallifi AbdulAziz »

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #2 : 01 Oktyabr 2006, 07:31:15 »
Hozirgina oqligi bilan ko‘zni qamashtirayotgan qor bir nafasda qop-qora bo‘lib qoldi. Keyin asta qizardi. Cho‘qqilardan qip-qizil qon oqib kela boshladi. Issiq qon uni ham bag‘riga tortib, avval tovonini kuydirdi, keyin badaniga tarqaldi. So‘ng miyasi qiziy boshladi. Tomog‘i qurib, qonni simira ketdi. Simirgan sayin ichi kuyaverdi. Keyin qon qorga singib, atrof asta oqardi. Shunda u qorga botib turgan kallani avaylab qo‘liga oldi. Yumuq ko‘zlarni, o‘siq qoshlarni siladi. Silay turib vujudidan yana faryod otilib chiqdi.
Osmon qa’riga ikki kungacha faryod otilib turdi. Keyin bu ovoz boshqa yerlarga ko‘chdi.
U ozib-to‘zib ketdi. Borar joyini ham unutdi: telba bo‘lib qoldi. Kallani qo‘lidan qo‘ymay, tentirab yuraverdi. Bir yerda oyog‘i toyib, pastga qarab yumalaganida uni yo‘qotdi. Alam bilan nola chekdi. Oxiri bir yumaloq toshni kalla xayol qilib avaylab oldi. Qosh-ko‘zni izladi. Topolmay uvvos solib yig‘ladi. Lekin uni tashlab yubormadi. Ehtiyotlab ko‘tarib yuraverdi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, savdo vajidan Koshg‘arga borib-kelib yuruvchi o‘zbeklar uni ko‘rib qolib, xachirga mingashtirib oldilar. Charx urayotgan quzg‘unlar yemishlaridan mahrum bo‘ldilar. Ko‘chkini pastlab o‘tgan savdogarlar yig‘isidan bezor bo‘lib, uni yana tashlab ketdilar.
Quzg‘unlar yana yemish umidida uning ustida charx ura boshladilar...

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #3 : 01 Oktyabr 2006, 07:31:26 »
ELCHILAR

Nog‘oralar chalindi. Jarchilar jar solib, buxoroliklarni baland minora atrofiga to‘pladilar. Saroy va din, tijorat va irodat ahli odatlarini qilib, minoraga yaqinroq yerdan joy oldilar. Yuzu ko‘zlarida hadik zohir bo‘lgan ahli ano bilan ahli niyoz esa panaroqda turishni afzal ko‘rdilar.
Jarchilar Buxoro saltanatida «shakkok» paydo bo‘lgani, Vobkent minorasi sirtida tik yurgani, amir hukmi bilan bugun uning ulkan minoraga ro‘para qilinajagini kallai saharlab fuqaroga ma’lum etdilar.
To‘planganlar bu gaplarga bir ishonib-bir ishonmay, gangib, ora-sira bahslashib, «shakkok»ning olib kelinishini kutar edilar:
— Minora sirtidan yurgani yolg‘on bo‘lsa-chi?
— Boshi ketadi.
— Rost bo‘lsa-chi?
— Bari bir boshi ketadi.
Minoraga yaqin turganlar ham bo‘lajak voqeani o‘ylashar, ammo chetdagilarga o‘xshab, fikrlarini tilga uzatmas edilar:
«... Agar-chi, «shakkok» chindan ham minora sirtida tik yura olsa, u odam emas, iblis bo‘ladi. Iblis fuqaro orasiga aylandimi, imon ketadi. Imon ketsa, davlat tayanchidan ayriladi. Farg‘ona muzofoti qaqshab, Buxorodagi yirtiq choponlar g‘imirlab turganda bu nimasi edi? Xudo bu ofatni ularga ne uchun ravo ko‘rdi? Qaysi gunohlari uchun jazolamoqchi? Iblis shu qadar qudratga ega ekan, ularning jonini sug‘urib olishi ham mumkin-ku? ... Atrofda sipohilar muncha kam?...»
Ana shu sarosima bilan orqaga qaraganda tislanishga joy yo‘qligini ko‘rgach, noiloj yurak yutib, joylarida qotib qolaverdilar.
Nihoyat, oyoq-qo‘llariga kishan urilgan «shakkok»ni olib keldilar. Baland bo‘yli, yelkalari keng, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgan sarpoychan bu odam aravadan bamaylixotir tushib, minora tomon yurdi. Buni ko‘rib, olomon bir guvrandi.
Amir farmoni o‘qildi.
Maydonga sirli sukunat cho‘kdi.
«Shakkok» kulimsirab turaverdi.
Olomon hayratda...

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #4 : 01 Oktyabr 2006, 07:33:17 »
Mullavachchalar davrasidagi qoruvli yigit «shakkok»ni ko‘rdi-yu, tili kalimaga kelmay qoldi. Buxoroliklar orasida «Tabib afandi» degan nom bilan ma’lum bo‘lgan odam ko‘zida esa nechundir g‘azab uchqunlanadi.
«Shakkok» odamlar orasidan uni izlab topgach, yana kulimsiradi. Kishanlar yechilishini ham kutmay minora sirtiga oyoq qo‘ydi. Qaddi bir oz qiyalanib turdi-da, keyin rostlandi. Kishanlarni sharaqlatgancha, tik yurib ketdi.
Chetroqda turganlar kalima keltirib, vahimaga tushib, qocha boshladilar.
«Shakkok» minoraning narigi tomonidan yurib tushganida maydonda qo‘rquvdan titrayotgan besh-o‘n sipohidan bo‘lak hech kim qolmagan edi. «Shakkok» bir nojo‘ya harakat qilsa, ular ham qochib qolishga tayyor edilar. Ammo uning harakatida tajovuz sezilmadi. Kulimsiraganicha aravaga chiqib o‘tirdi. Sipohiylar nima qilarlarini bilmay, yana zindon sari yurdilar.
Ertasi kuni Buxoro xalqini tashvishli xabar uyg‘otdi: minora sirtida tik yurgan «shakkok» qanotli maxluqqa minib, uchib ketibdi! Soqchilarning barchasi uning o‘rnida — zindonda uxlab qolishganmish...
Tahlikada qolgan shaharda Olloh yo‘liga qurbonliqlar ataldi. Odamlarning halovati yo‘qoldi. Barcha qiyomatning haq ekaniga ishonib turgan kezda, kunchiqar tomonda kuchli guldirak tovushi eshitildi. Keyin falak qarsillab, ikkiga ajralib ketganday bo‘ldi. Odamlar rozi-rizolik tilashib, qiyomatni kuta boshladilar. Ammo vahimali guldirak uzoqlasha borib, zamin ham, samo ham jimib qoldi.
Sarosima bilan kutilgan qiyomat sodir bo‘lmadi.
Xuddi shu onda Yer kurrasi atrofida yo‘ldosh kabi aylanayotgan yassi kema sayyoradan uzoqlashib, Somon yo‘li tomon uchdi.
Kemaning uchburchak shaklidagi asosiy xonasida Buxoro xalqini sarosimaga solgan «shakkok» — Tang sayyorasining elchisi Lukn boshini egib o‘tirardi. Undan ikki qadam narida turgan safar rahbari — yerliklarga «Tabib afandi» sifatida tanilgan Rhaq ham jim edi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #5 : 01 Oktyabr 2006, 07:33:29 »
... Lukn qilgan ishidan vaqti chog‘ bo‘lib, amir zindonida xotirjam yotar edi. Istasa, shu onning o‘zida zindondan chiqishi, arkka kirishi, hammayoqning to‘s-to‘polonini chiqarishi mumkin edi. Uni Rhakdan bo‘lak hech kim ushlab qololmasdi. Darvoqe, Rhaq... Lukn
Tabib afandi libosidagi o‘zining hamrohini ko‘z oldiga keltirganda yuzida g‘olib kishining mamnun va mag‘rur kulgisi paydo bo‘ldi. Ha, Rhaq — yerlik odamlar ongiga yuksak baho berib yurgan donishmand bugun beadad sarosimaga tushdi. Luknning minora sirtida yurishiyoq odamlarning aqlini oldi. «Ular qumliklar panasidagi fazo kemasini ko‘rishsa bormi, eslari og‘ib qolishi tayin. Bu odamlar taraqqiyot yo‘liga chiqa olmaydilar. Rhaq endi bunga ishongan bo‘lishi kerak». Yerliklar «Osmon» deb atovchi bu qora bo‘shliqda Tang degan sayyora borligini rad qilib bo‘lmaganidek Luknning nazarida bu fikrini inkor etish mumkin emas. Uning uchun yerlik odamlarning sarosimaga tushishlaridan ko‘ra, hamrohi ko‘zidagi tashvishni ko‘rish muhim edi. Lukn bu tashvishni ko‘rdi! Bu tashvish pardasi ortida mag‘lub odamning nigohi yashirin deb o‘ylagan. Lukn bahslarning o‘z foydasiga hal bo‘lganiga, Tang sayyorasiga — ona yurtiga o‘zining mutlaq tasdiqlangan fikri bilan qaytajagiga amin edi.
Ana shu ishonch uning vujudiga rohat baxsh etdi. Butun charchoqlari hovur kabi ko‘tarilganday bo‘ldi. Zindonga yaqinlashishga yuragi dov bermayotgan soqchilarga qarab, kulimsirab qo‘ydi-da, g‘adir-budir toshlar ustiga uzala tushdi. Shu ko‘yi ko‘zi ilindi.
Zindonda mamnun yotgan Lukn yanglishgan, hamrohi ko‘zidagi tashvishni to‘g‘ri uqmagan edi. Rhaq esa, aksincha, uning mamnunligi boisini yaxshi anglab, qaytish tadorigini tezlashtirdi. Tunda zindonga yaqinlashib, hali ham tili kalimaga kelmayotgan, na amirga bo‘ysunib «shakkok»ni qo‘riqlashni, na qochib qolishni bilmay kalovlanib turgan soqchilarga biotok oqimini yo‘llab, uxlatdi. Soqchilar yaqinlashayotgan qora sharpani ko‘rishdi-yu, ammo uxlab qolganlarini o‘zlari ham sezishmadi. Ertalab oqshomda o‘zlarini «shakkok» zindonida ko‘rib, «jonlarini omon saqlab qolgan Ollohga» ming karra shukr qilib, «osmondan qanotli odamsimon maxluqot tushib, og‘zidan o‘t purkagani, ana shu otash zabtida uxlab qolishgani, keyin «shakkok» qanotli maxluq yelkasiga minib uchib ketgani»ni biri olib-biri qo‘yib aytib berdi. «Uxlab qolgan bo‘lsalaring, «shakkok»ning uchib ketganini qanday ko‘rdilaring?» deguvchi zot topilmadi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #6 : 01 Oktyabr 2006, 07:33:37 »
Rhaq zindonda yotgan Luknga biotok oqimini yo‘llab, uni yanada qattiqroq uxlatdi. So‘nggi ishlarga xalaqit berishi mumkin bo‘lgani sababli uni Yer doirasidan uzoqlashgunlaricha uyg‘otmadi.
Lukn qop-qorong‘i bo‘shliqda uchib ketayotgan kemada uyg‘onib, avvaliga gangib qoldi. So‘ng yerlik odam qiyofasidan chiqib, asl shakliga kirgan — bo‘yi ikki baravar uzayib, qo‘li kichraygan, burni o‘rnida tangadek teshik qolgan, og‘zining kattaligi o‘zgarmagan, ammo sochi chin rangini olib, yam-yashil bo‘lgan safar rahbariga ko‘zi tushib, hammasini fahmladi. Rhaqga g‘azab bilan tikildi...
Yer tomon uchayotganlarida ularning zimmalariga faqat bir vazifa — sayyorada istiqomat qiluvchi jonzotlarning taraqqiyot darajasini o‘rganishgina yuklangan edi. Yer hayotiga aralashish qat’iyan man etilgani uchun ham ular odam qiyofasiga kirib olgandilar. Yerga qilingan avvalgi ikki safar mashq tarzida bo‘lgan, bularniki esa dastlabki jiddiy tadqiqot sanalardi. Mana shu tadqiqot samarasi ko‘p narsalarni, xususan, Yer sayyorasining taqdirini hal qilishi mumkin edi.
«Mo‘ljaldagi ishlar risoladagiday davom etib, tadqiqotlar nihoyasiga yetay deb qolgan edi. So‘nggi xulosalarga kelganda Luknning asabi chidash bermadimikin?
Rhaq shularni xayoldan o‘tkazib, hamrohiga norozi qiyofada boqdi:
— Kameraga kirib chiq, — dedi u bosiqroq gapirishga tirishib.
Lukn istamaygina o‘rnidan turdi. Rhaqning norozi nigohi uning izlariga qadaldi.
Dastlabki kuzatuvlardan so‘ng, Yerdagi (u paytda sayyoraning nomi Yer deb atalishini bilishmasdi) taraqqiyot darajasining Tangga nisbatan ancha orqada ekani taxmin etilgan edi. Rhaq sayyora sathiga tushgan kunlari buni darrov fahmladi. Biroq, uning o‘tkir zehni Tangda mahv etilgan narsalarni ham ilg‘adi. Odamlarning o‘zaro samimiyati, mehri, muhabbati, olijanobligi, do‘stligi, ayni choqda, munofiqligi, adovati, qahri, makri, pastkashligi, bir-biriga yovligi uning uchun yangilik edi. Yerliklar hayoti uning fikrini shu nomutanosibliklari, shu murakkabligi bilan band qildi. Yer hayoti Luknning ham e’tiborini tortgan bo‘lsa-da, u masalaga o‘zgacha yondashgan, ko‘rganlarini o‘zgacha tahlil etgan edi. Hamrohining ayri qarashlarini ancha ilgari sezgan, biroq jiddiy e’tibor bermagan Rhaq minora voqeasidan ikki kun avval bo‘lgan bahsda Luknning fikrlari faqat noto‘g‘rigina emas, balki zararli ekanini anglagan edi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #7 : 01 Oktyabr 2006, 07:33:45 »
Yer hisobi bilan salkam bir yil davom etgan kuzatuvdan so‘ng, Lukn «Odamzot taraqqiyoti tanazzulga yuz tutgan», degan qarorga kelibdi. «O‘zini «inson» deb atovchi bu jonzotlar bir-birlarini yeb bitiradilar. Yerda hayot tugaydi. Tafakkur darajalari o‘sishdan to‘xtagan...» Rhaq bu aqlni hazm qila olmas, ayni vaqtda, hamrohini fikridan qaytarish qo‘lidan kelmas ham edi. Lukn Buxoro xalqini sarosimaga solish bilan o‘z haqiqatini isbotlamoqchi bo‘ldi. Bu uning qabihligi emas, balki kaltabinligi oqibati edi.
Lukn gen kamerasida asl qiyofasiga kirib qaytdi. Rhaq bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqeadan so‘z ochmadi. Kema Quyosh majumuasi sarhadiga yaqinlashib qolgan edi. Ikkovi ham uyqu kamerasiga kirishdan oldin so‘nggi tayyorgarlikni ko‘rishdi. Qurilmalarning ishlashini sinchiklab kuzatgach, uchish ixtiyorini avtomat-navigatorga topshirib, bir-birlariga bosh irg‘ab qo‘yishdi-da, o‘z bo‘lmalariga kirishdi.
Lukn zindonda uxlab qolganidan so‘ng qanday voqealar sodir bo‘lganini endi fahm etgan edi. «Rhaq makkorlik qildi, — deb o‘ylardi u. — Men bahsdagi fikrimni amalda isbotlamoqchi edim. U ishimga nima uchun aralashdi? Bahsda mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqdimi? Axir uning bahsda yengilishi mag‘lubiyat emas, aksincha, safarimizning yaxshi natija bilan tugashini belgilovchi omil edi-ku? Yerliklarni himoya qilishi tushunarsiz bir hol. Ming afsuski, safarga men emas, u rahbar. Bo‘lmasa jazosini olar edi».
Lukn uyqu kamerasiga kirgach, darhol orom topdi. Rhaq esa kameraga kirishga oshiqmadi. U Luknning norozilik bildirishini kutgan, shunga yarasha javob tayyorlab, bahsga shay turgan edi. Hamrohining indamagani uni ajablantirdi. «Bu tangliklarga xos hissizligimi yo fursat kelishini kutmoqchimi? Balki nohaqligiga amin bo‘lgandir? Yo‘g‘-e!» Rhaq «Lukn o‘libtirilibdi» degan gapga ishonishi mumkin edi, ammo uning fikridan qaytishiga sira ishona olmasdi. Fikrini o‘zgartiradigan jonzotda boshqalar qismatiga nisbatan achinish, boshqalarni tushunishga nitilish, boshqalar baxtidan lazzatlanish hissi bo‘lishi kerak. Luknda bunday his yo‘q! Demak, fikrida qat’iy turadi. Asosiy bahs Tangda boshlanadi. Donishmandlar ikkiga bo‘linishlari mumkin. Bahsda qay bir tomon g‘olib keladi — bu noaniq.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #8 : 01 Oktyabr 2006, 07:33:56 »
Rhaq shaffof quvur shaklidagi uyqu kamerasiga kirib ko‘k rangli simlarni bilagiga, sariq ranglisini engagiga tang‘iganidan so‘ng, belgilangan reja bo‘yicha yuzgacha sanamay uxlab qolishi kerak edi. Lekin uning a’zolari bu safar rejaga amal qilmadi. Keyingi kunlardagi voqealar Rhaqning asablarini qaqshatib yuborgan edi. Hozir, majburan uxlashi kerak bo‘lgan onda, yana o‘sha minora, g‘oliblikdan masrur turgan Lukn, zindonda yerparchin bo‘lib yotgan Salimxo‘ja, yonog‘idagi kulgichi o‘ziga yarashiqli durkun Nazira ko‘z oldidan bir-bir o‘taverdi...
Nazira? Voajab! Nazirani nechun esladi? Yerdan olib qaytayotgan behisob taassurotlari orasida nechun bu ma’sumaning nigohi bulut bag‘rini yorib chiqqan yashin singari xotiralarini to‘zitib yubordi? Nazira... Nazira... Dilbar qiz... Ammo uni hozir eslashi joiz emas. Yurtiga omon-eson yetib olishi uchun uxlashi zarur! Shuning uchun Yerdan olib ketayotgan xotiralarni, shular to‘dasida Naziraning uzorini ham quvishga harakat qildi. Cho‘g‘ kabi yilt etib ko‘z ochgan har qanday xotirani beayov o‘chiraverdi.
Shu zaylda uxlab qoldi.
... Rhaq qancha uxlaganini bilmaydi. Miyasidagi qaysi bir hujayra zaifgina bir titrab, uyg‘onib ketdi. Yonboshiga o‘girildi: Lukn xotirjam uxlayapti. Yurak urishini qayd etuvchi tasma uning g‘oyat osoyishtalik bilan orom olayotganini bildirib turibdi.
Rhaq hamrohining yuziga tikilib qoldi.
«Bir maqsad bilan yo‘lga chiqib, ikki xil fikrda qaytyapmiz. Yer tangliklar uchun yana muammoligicha qoladi. Agar Lukn fikrini isbotlay olsa, Yerning taqdiri o‘sha damning o‘zidayoq hal bo‘ladi: tafakkur darajasi o‘sishdan to‘xtagan sayyora Tang qaramog‘iga o‘tishi kerak! Yerliklar hamma narsadan — tildan, tarixdan, mehrdan, dildan... mahrum etiladilar. Qadam olishlari ham, so‘zlashlari ham Tang istagi bo‘yicha bo‘ladi. Yerning taraqqiyoti, o‘z ixtiyoriga zid ravishda, tangliklar tomonidan tezlashtiriladi. Oqibat esa...»
Bu fikrdan Rhaqning vujudi seskandi. «Yo‘q, — dedi u o‘ziga-o‘zi, — bunday bo‘lishi mumkin emas. Shubhasiz, Tangda Luknni qo‘llaydiganlar topiladi. Lekin bu masalada yakdillik bo‘lishiga ishonmayman!»

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #9 : 01 Oktyabr 2006, 07:34:09 »
Rhaq avtomat-navigatorning ishini tekshirib ko‘rgach, yana uyqu kamerasiga kirdi.
Bu safar ham ko‘p uxlamadi. Kimdir turtib uyg‘otgandek bo‘ldi. Oyoq-qo‘llari nima uchundir og‘ir, a’zoyi badani zirqiraydi. U boshini qo‘llari orasiga olib uzoq o‘tirdi. Eshik ochilib, kimningdir yuzi ko‘rindi. Rhaq uning kimligini ilg‘ay olmadi. Eshik qanday tez ochilgan bo‘lsa, yana shunday tezlikda yopildi. Rhaq o‘rnidan turib tor dahlizga chiqdi. Hech kim yo‘q. U beixtiyor iziga qaytib Lukn yotgan kameraga qaradi. Lukn yo‘q! Rhaq hayratdan dong qotdi. Shu payt orqasida sharpa sezildi. U shaxt bilan o‘girildi. Kimdir boshqaruv xonasiga o‘tdi. Rhaq tez-tez yurib, kemaning asosiy boshqaruv xonasiga kirdi. Hech kim ko‘rinmaydi. Asboblar bir me’yorda guvillayapti. Kema go‘yo qorong‘i bo‘shliqda muallaq turganday. Kimdir uning yelkasiga qo‘l tashladi. Bo‘yniga kimningdir iliq nafasi urildi. Rhaq gangib qoldi. Atrofida hech kim yo‘q. U yana shoshib iziga qaytdi: Lukn joyida uxlab yotibdi. Rhaq yana sharpa sezdi. Boshqaruv xonasiga kirdi. Luknning kamerasiga qaytdi...
«Nima bu? Gallyutsinatsiyami? Asablarim qaqshab, o‘zimni eplayolmay qoldimmi? Yana kimdir yurganday bo‘lyapti. Sharpa. Yo‘q odamning sharpasi. Yo‘q odam... Nimaga cho‘chiyapman? Yo‘q odam qo‘rqinchlimi? Yovuzdan ham battarroq. Yovuz bilan ro‘para bo‘lsang, o‘ldirib qutulasan. Yo‘q odamdan-chi? Urib bo‘lmasa, chopib bo‘lmasa. Qanday qutulish mumkin? Yo‘q odam xayolimda-ku! Qaerdan keldi? Nima uchun xayolimdan joy berdim? Hali yo‘lning yarmi bosib o‘tilmadi. Kemada yolg‘iz o‘zim bedorman. Boshqa hech kim yo‘q. Sharpa ham yo‘q. Lukn uxlayapti. Bir o‘zim bedorman. Bir o‘zim...»
Rhaq shu zaylda o‘zini o‘zi ishontira boshladi. Sharpa har qancha xayolini chalg‘itsa ham e’tibor bermadi. Asablari bir oz osoyish topgach, uyqu kamerasiga kirdi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #10 : 01 Oktyabr 2006, 07:34:16 »
Yana cho‘chib uyg‘ondi. Yana a’zoyi badani zirqiradi. Boshqaruv xonasiga chiqdi. Kutilmaganda ekran yorishib, Fid ko‘rindi. Hamisha jiddiy boquvchi botiq ko‘zlar, o‘siq qosh, bir tekis oqargan soch, pastki labining o‘ng tomoni sal tortilib turibdi. Ovozi o‘sha-o‘sha dag‘al:
— Sen yanglishding, Rhaq. Endi hukmni o‘zing chiqarganing ma’qul.
— Hukm? Nima uchun?
— Yangi tartiblar bexato ishlashni talab etadi.
— Bunday tartiblarni faqat johillargina joriy qiladi!
— Zukkolarning izmi hamisha johillar qo‘lida bo‘lib kelgan.
— Yanglishyapsan! Donishmandlar hech qachon johillar qarshisida tiz cho‘kmaganlar.
— Ammo ular bilan doimiy kurash olib borishga majbur bo‘lganlar. Vaqt va quvvatni behuda sarf etish zukko uchun og‘ir azob ekanini unutyapsan.
— Maqsadingni anglamayapman?
— Hukm chiqarishing kerak.
— Qanday hukm?
— Sen o‘z-o‘zini o‘ldirish masalasiga qanday qaraysan?
— Bunday ahmoqona o‘y sira xayolimga kelmagan.
— O‘ylab ko‘r...
— Esingni yig‘, Fid!
— O‘ylab ko‘r... Eng to‘g‘ri yo‘l — shu...
Rhaq o‘rnidan turib ketdi. Ko‘zlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Rhaq bema’ni xayollarni miyasidan quvib chiqarish uchun diqqatini bir yerga to‘plashga urindi. O‘zini o‘zi chalg‘itdi. So‘ng yana uyqu kamerasiga kirdi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #11 : 01 Oktyabr 2006, 07:34:26 »
Endi avvalgidan ham kamroq uxladi. Nazarida Fid tepasida turganday tuyuldi. Ko‘zini keskin ochib atrofiga alangladi. O‘rnidan turdi. Lukn yotgan kameraga qaradi; hamrohi uyquda. Keyin boshqaruv xonasiga kirib ekranga tikildi. «Fid boshqa ko‘rinmaydi, avvalgisi gallyutsinatsiya edi. O‘zimni o‘nglab oldim. Bo‘sh kelish yo‘q...» deya o‘ziga dalda berdi. Har qanday sharoitda o‘zini qo‘lga ola biladigan Rhaq Yerga qilinajak safar oldidagi tayyorgarlik davrida ham sinov kamerasida ko‘p marta yakka o‘zi yashagan, sun’iy gallyutsinatsiyalarning barchasiga bardosh bera olgan edi. Ana shu sinovni inobatga olib uzoq muddatli uchishga chidayman, deb o‘ylardi. Ammo u eng muhim bir narsani — Yerda o‘tgan umrini, hissiyotlar oqimidagi o‘zgarishlarni hisobga olmayotgan edi. Garchi ikki sayyora o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun asosiy omil hisoblangan suv, havo, tuproq tarkibi bir xil bo‘lsa-da, u Yer sayyorasida o‘zini kutilmaganda o‘zgacharoq his etdi. Rhaq bu xira yulduzda molekulyar komplekslarning vujudga kelishi uchun zarur bo‘lgan organik birikmalar mavjudligini, bu moddalarning erishiga mos suyuqlik ham borligini yaxshi bilardi. Ammo ilmiy kuzatish va tadqiqotlarga bo‘ysunmaydigan talay omillarni keyinroq payqadi. Faqat payqab qolmay, ularni alohida mehr bilan ardoqlay boshladi. Odamlarning o‘zaro munosabatidan kelib chiqadigan bu omillar uning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatgan, shu sababli hududsiz fazosarobining domidan qutula olmayotgan edi.
U qorayib turgan ekranga qarab o‘zini g‘olib seza boshladi. Rhaq gallyutsinatsiyani chekintirganiga amin edi. Hatto g‘oliblik nashidasi qo‘ng‘ir yuzida ham sezildi. O‘zini chalg‘itish uchun kundaliklarini varaqlayman deb kursiga endi o‘tirganida, ekran yana yorishdi-yu, Fidning sovuq, qahrli yuzi ko‘rindi. Rhaqning badani jimirladi.
— Kutmovdingmi? — dedi Fid kiprik qoqmay.
— Kutgan edim. Lekin istamagandim.
— Istak bilan majburiyat boshqa-boshqa narsa. Tangda istak degan tushunchaga barham berilganini unutdingmi?
— Aksincha, afsus bilan esladim.
— Rhaq! Sen Tangga qaytyapsan. Undan qochayotganing yo‘q. Yurtingdagi tartiblarni afsus bilan eslash huquqidan mahrum ekaningni unutma.
— Haqqim yo‘qligini yaxshi bilaman. Ammo nachora, afsus bilan eslaydigan tartiblar ko‘pligini Yerda aniq sezdim.
— Bizdagi tartiblar osmondan olingan emas. Ming yillarni oralab o‘tib, pishib-etilgan. Unga shak keltirma.
— Biz ming yillar davomida gangib yurgan ekanmiz.
— Rhaq, tilingni tiy! Senga nimamiz yoqmay qoldi, ayt, balki yanglishayotgandirsan?
— Qani endi yanglishayotgan bo‘lsam. Bu qadar yonmas edim.
— Ayt.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #12 : 01 Oktyabr 2006, 07:34:34 »
— Fid, sen mening qancha bolam borligini bilasanmi?.. Yo‘q. Boshqalarnikini ham bilmaysan. Men ham shunday — xabarsizman. Chunki biz faqat xizmat yuzasidan aloqa qilamiz. Bizga faqat bir narsa — yuksalish uchun ishlash, ishlash uchun yuksalish kerak. Burch, sadoqat, mehr degan tushunchalar taraqqiyot yo‘lidagi g‘ov... Fid, sen sevib uylanganmisan? O‘ylamay qo‘ya qol. Hammamiz kompyuterning ma’lumotlariga qarab uylanganmiz. Nazarimizda sevgimiz aldamchi, kompyuter esa aldamaydi. Biz yuksalish uchun ishlashimiz, ishlash uchun yuksalishimiz kerak. Fid, sayyoramiz xavf ostida qolsa ahvolimiz nima kechadi, sen hech o‘ylaganmisan?
— O‘ylamay-chi? Biz bu xavfni lahzada bartaraf etamiz. Sen qudratimizga ham ishonmay qoldingmi?
— Ishonaman. Ammo fazoning qay bir nuqtasida bizdan o‘n karra qudratliroq ongli jonzot bo‘lsa-chi?
— Yo‘q, bu farazing noo‘rin. Eng oliy ong faqat Tangda mavjud. Biz tabiatni yenggan yagona oliy ong egalarimiz.
— Sen haqsan. Ammo xavf tug‘ilib qolsa, yengishga chog‘imiz kelmaydi. Bizning bir-birimizga qadrimiz yo‘q, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlamaymiz. Shuning uchun ham ojizmiz.
— Bekor aytibsan. Qadrimiz bor. Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz ham. Tang aholisi o‘rtasida eng yaxshi munosabat mavjud.
— Sen eng yaxshi deb atayotgan munosabat quruq, soxta.
— Hissiyotga berilish — tanglik ruhiyati uchun oshiqcha yuk, Rhaq.
— Men faqat ana shu yukni ko‘tarib yurishga mingdan-ming rozi edim.
— Rhaq, ruhing xastalanibdi. Tang tarixini kavlashtirib yurganingdayoq buni sezib edim.
— Fid, endi tarixni ochish vaqti yetdi.
— Yo‘q, aslo! Tang tarixini o‘rganish — taraqqiyot yo‘lidagi asosiy g‘ov. Tarix faqat maxsus guruh uchun ochiq. O‘tgan zamondagi xatolar tahlil qilib turilsa, bas. Boshqalar faqat yuksalishni o‘ylashi kerak. Orqada hech nima yo‘q!
— Fid, fikring o‘zgarib qolibdi. Sen Luknning gaplarini aytyapsan.
— Men o‘zimning gaplarimni aytyapman. Men — Luknman!

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #13 : 01 Oktyabr 2006, 07:34:43 »
Rhaq seskanib, ko‘zini yumib ochdi. Darhaqiqat, ekrandan Fid emas, Lukn qarab turar edi. Rhaq jon holatda ekranni kaftlari bilan to‘sdi. Tasvir yo‘qoldi. U telba bir ahvolda o‘rnidan turib ko‘zlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Nima bu, halokat belgisimi? U boshini changallab o‘tirdi. Keyin xayolini jamlamoq uchun ko‘zlarini yumib, stolni beixtiyor cherta boshladi. Nazarida qo‘li og‘irlashayotganday, harakat mushkullashganday tuyuldi. Ko‘zini ochib baqirib yuboray dedi: barmoqlari beshtadan bo‘lib qolibdi! Xuddi yerliklarnikiday — beshta! U ko‘zlarini mahkam yumib, keyin yana ochdi. Yo‘q. Barmoqlari beshta emas, tangliklarnikiday uchta. Demak, yana gallyutsinatsiya. Asablari pand beryapti. Qanday bo‘lmasin uxlashi kerak. Yo‘qsa, manziliga yetib borolmasligi mumkin.
Kema bir maromda uchib borar, Rhaqning asablari esa tobora izdan chiqar, noxush kechinmalar o‘tida qovurilardi. Keyingi kunlarda ko‘ziga faqat Fid — Yerda hayot borligini bashorat qilgan donishmand Fid ko‘rinadi. Qandaydir hukm chiqarishga, uni ijro etishga undaydi.
Rhaq Fid bilan ko‘p jihatdan hamfikr edi. U gallyutsinatsiya domidan ozod bo‘lgan kezlari xayoliy bahslarni eslab hayratlandi. Chunki Tangda Fid bilan biron-bir muammo ustida bunchalik qattiq tortishmagan edi.
Tang fazogirlari juda ko‘p yulduzlarga bordilar. Lekin hech birida ongli mavjudot uchratmadilar. Donishmandlar markazida endigina tahsilni tugatgan Fid kattaligi jihatidan ham, nuri jihatidan ham o‘zgalardan farq qiluvchi yulduz atrofida harakat qilayotgan nisbatan mayda va nursiz to‘qqiz yulduzni kuzata boshlaganida unga aytarli ahamiyat berishmadi. Bir tomonda o‘zini qoya deb his qiluvchi donishmandlarning taxmini isbotlanmay turganda, bu «go‘dak»ning farazlariga kim ham e’tibor qilardi? Fid maqsadga faqat iqtidor bilan emas, balki sabr-toqat bilan ham borilajagini yaxshi bilardi. U ultrabinafsha spektrometr yordamida yorqin yulduzga yaqinlik bo‘yicha uchinchi turuvchi, kattalikda esa beshinchi o‘rinda turuvchi xira yulduz atmosferasining kimyoviy tarkibini aniqlab, undagi vodorod va geliy miqdori Tangniki kabi ekanini aytganda ham, xira yulduz atmosferasida suv bug‘i mavjudligini spektroskopik tadqiqotlar isbot etgandan keyin ham shuhratga umid qilmadi. U o‘zini donishmand sanaydigan, aslida «nima uchun kunduzi yorug‘, tunda qorong‘i bo‘ladi» deb bosh qotirib yuradigan chala olimlar qatorida navbat kutishga majbur bo‘ldi. Bu uning izzat-nafsiga tegsa-da, sayyorada joriy bo‘lgan qonunga tik borolmasligini bilib, toqat qildi. Tangda uning kashfiyotidan hayratlanib, birinchi bo‘lib qutlagan kimsa Rhaq edi. U do‘stining taxminlariga ishonardi. Farazlarning isbot etilishi Rhaq uchun nur ustiga a’lo nur bo‘lgan edi.

shoir

  • Moderator
  • Mega Member
  • *****
  • Rahmat
  • -aytdi: 2814
  • -oldi: 761
  • Xabarlar: 10773
  • Shoiru she'ru shuur
Re: Devona (qissa). Tohir Malik
« Javob #14 : 01 Oktyabr 2006, 07:34:54 »
Birinchi fazogirlar Yerga safar qilib qaytishganda ularning quvonchi cheksiz edi. Fazogirlar ikkinchi uchishga tayyorlanayotgan vaqtlarida Rhaq uchinchi — eng muhim safarga o‘zi borajagini hali bilmasdi. Mana uchinchi tadqiqot ham tugayapti. Endi to‘rtinchisiga kim borarkin?
Bu savol yerda ekanidayoq Rhaqning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan, dilida: «Imkon bo‘lsa yana o‘zim kelardim», degan umid ham uyg‘ongan edi. Ko‘nglini bezovta qilayotgan xayoliy bahs-munozaralardan keyin Rhaqning Yerga yana qaytish haqidagi ilinji barbod bo‘la bordi.
... Bu safar ham cho‘chib uyg‘ondi. Yana Fid bilan ro‘baro‘ bo‘lishini eslab yuragi orqasiga tortib ketdi. Bir nuqtaga tikilib xayolini to‘pladi. Boshqaruv xonasiga ham, Lukn yotgan kameraga ham qaramay, Yerdan olib ketilayotgan «o‘ljalar» turuvchi bo‘lmaga kirdi. Kaftdek ekran burchagidagi qo‘ng‘ir murvatni buradi. Ekranda Yer tasviri ko‘rindi; daraxtlar gullagan, pag‘a-pag‘a oq bulutli osmon yer bilan qo‘shilib ketganday— osmon aksi yerga tushyaptimi, yo aksinchami, bilib bo‘lmaydi. Ariqlarda suvlar to‘lib, xas-xashaklarni surib oqadi...
Rhaq bu tasvirga qarab yengil tortdi. «Bu xonaga avvalroq kirsam bo‘lmas ekanmi», deb o‘ylab yumshoq o‘rindiqqa o‘rnashib o‘tirdi. Shu payt orqa tomondan bir ovoz keldi. Rhaq cho‘chimadi. Aksincha, ovozni qayta kutdi. Ovoz yana eshitildi. Rhaq o‘rtandi: u Naziraning beozor kulgisini eshitgan edi. U orqasiga o‘girilishdan cho‘chidi — qarasa, Nazira hurkib uchib ketadiganday edi. Qiz ro‘parasiga kelmasa ham mayli, faqat kulgisi eshitilib tursa bas. Xuddi shu kulgi uning nazarida kemadagi noxush narsalarning barchasini quvib chiqaradi.
Nazira... Nazira... Nimaga kulmayapti. Nimaga jimib qoldi? Tabib afandiga — Rhaqqa aytadigan gapi yo‘qmi? Xayrlashmay ketgan «beoqibat» Tabib afandidan xafami? Shuning uchun ham yolg‘izlik to‘rlarida bo‘g‘ilayotgan Rhaq huzuriga kechikib keldimi? Nazira... Nimaga jimib qoldi?
Rhaq chiday olmadi. Orqasiga o‘girildi: nigohi qora qutilarga urildi. — Nazira yo‘q! Fid adoqsiz bahslari bilan uning yurak-bag‘rini qon qilib yubordi. Xotirasida qizning tiklanishi balki shu yaralarga malham qo‘yarmidi? Rhaqni ruhiy halokatdan asrab qolarmidi?

 

Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 276
Ko'rilgan: 90494
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:31:21
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Ov (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 107
Ko'rilgan: 39744
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:09:05
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Davron (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 64
Ko'rilgan: 26293
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:24:15
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Falak (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 131
Ko'rilgan: 40700
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:29:02
muallifi AbdulAziz
Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)

Muallif shoirBo'lim O'zbek nasri

Javoblar: 333
Ko'rilgan: 122971
So'nggi javob 21 Noyabr 2009, 11:04:35
muallifi AbdulAziz