Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 69460 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:34:16

Yana cho‘chib uyg‘ondi. Yana a’zoyi badani zirqiradi. Boshqaruv xonasiga chiqdi. Kutilmaganda ekran yorishib, Fid ko‘rindi. Hamisha jiddiy boquvchi botiq ko‘zlar, o‘siq qosh, bir tekis oqargan soch, pastki labining o‘ng tomoni sal tortilib turibdi. Ovozi o‘sha-o‘sha dag‘al:
— Sen yanglishding, Rhaq. Endi hukmni o‘zing chiqarganing ma’qul.
— Hukm? Nima uchun?
— Yangi tartiblar bexato ishlashni talab etadi.
— Bunday tartiblarni faqat johillargina joriy qiladi!
— Zukkolarning izmi hamisha johillar qo‘lida bo‘lib kelgan.
— Yanglishyapsan! Donishmandlar hech qachon johillar qarshisida tiz cho‘kmaganlar.
— Ammo ular bilan doimiy kurash olib borishga majbur bo‘lganlar. Vaqt va quvvatni behuda sarf etish zukko uchun og‘ir azob ekanini unutyapsan.
— Maqsadingni anglamayapman?
— Hukm chiqarishing kerak.
— Qanday hukm?
— Sen o‘z-o‘zini o‘ldirish masalasiga qanday qaraysan?
— Bunday ahmoqona o‘y sira xayolimga kelmagan.
— O‘ylab ko‘r...
— Esingni yig‘, Fid!
— O‘ylab ko‘r... Eng to‘g‘ri yo‘l — shu...
Rhaq o‘rnidan turib ketdi. Ko‘zlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Rhaq bema’ni xayollarni miyasidan quvib chiqarish uchun diqqatini bir yerga to‘plashga urindi. O‘zini o‘zi chalg‘itdi. So‘ng yana uyqu kamerasiga kirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:34:26

Endi avvalgidan ham kamroq uxladi. Nazarida Fid tepasida turganday tuyuldi. Ko‘zini keskin ochib atrofiga alangladi. O‘rnidan turdi. Lukn yotgan kameraga qaradi; hamrohi uyquda. Keyin boshqaruv xonasiga kirib ekranga tikildi. «Fid boshqa ko‘rinmaydi, avvalgisi gallyutsinatsiya edi. O‘zimni o‘nglab oldim. Bo‘sh kelish yo‘q...» deya o‘ziga dalda berdi. Har qanday sharoitda o‘zini qo‘lga ola biladigan Rhaq Yerga qilinajak safar oldidagi tayyorgarlik davrida ham sinov kamerasida ko‘p marta yakka o‘zi yashagan, sun’iy gallyutsinatsiyalarning barchasiga bardosh bera olgan edi. Ana shu sinovni inobatga olib uzoq muddatli uchishga chidayman, deb o‘ylardi. Ammo u eng muhim bir narsani — Yerda o‘tgan umrini, hissiyotlar oqimidagi o‘zgarishlarni hisobga olmayotgan edi. Garchi ikki sayyora o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun asosiy omil hisoblangan suv, havo, tuproq tarkibi bir xil bo‘lsa-da, u Yer sayyorasida o‘zini kutilmaganda o‘zgacharoq his etdi. Rhaq bu xira yulduzda molekulyar komplekslarning vujudga kelishi uchun zarur bo‘lgan organik birikmalar mavjudligini, bu moddalarning erishiga mos suyuqlik ham borligini yaxshi bilardi. Ammo ilmiy kuzatish va tadqiqotlarga bo‘ysunmaydigan talay omillarni keyinroq payqadi. Faqat payqab qolmay, ularni alohida mehr bilan ardoqlay boshladi. Odamlarning o‘zaro munosabatidan kelib chiqadigan bu omillar uning ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatgan, shu sababli hududsiz fazosarobining domidan qutula olmayotgan edi.
U qorayib turgan ekranga qarab o‘zini g‘olib seza boshladi. Rhaq gallyutsinatsiyani chekintirganiga amin edi. Hatto g‘oliblik nashidasi qo‘ng‘ir yuzida ham sezildi. O‘zini chalg‘itish uchun kundaliklarini varaqlayman deb kursiga endi o‘tirganida, ekran yana yorishdi-yu, Fidning sovuq, qahrli yuzi ko‘rindi. Rhaqning badani jimirladi.
— Kutmovdingmi? — dedi Fid kiprik qoqmay.
— Kutgan edim. Lekin istamagandim.
— Istak bilan majburiyat boshqa-boshqa narsa. Tangda istak degan tushunchaga barham berilganini unutdingmi?
— Aksincha, afsus bilan esladim.
— Rhaq! Sen Tangga qaytyapsan. Undan qochayotganing yo‘q. Yurtingdagi tartiblarni afsus bilan eslash huquqidan mahrum ekaningni unutma.
— Haqqim yo‘qligini yaxshi bilaman. Ammo nachora, afsus bilan eslaydigan tartiblar ko‘pligini Yerda aniq sezdim.
— Bizdagi tartiblar osmondan olingan emas. Ming yillarni oralab o‘tib, pishib-etilgan. Unga shak keltirma.
— Biz ming yillar davomida gangib yurgan ekanmiz.
— Rhaq, tilingni tiy! Senga nimamiz yoqmay qoldi, ayt, balki yanglishayotgandirsan?
— Qani endi yanglishayotgan bo‘lsam. Bu qadar yonmas edim.
— Ayt.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:34:34

— Fid, sen mening qancha bolam borligini bilasanmi?.. Yo‘q. Boshqalarnikini ham bilmaysan. Men ham shunday — xabarsizman. Chunki biz faqat xizmat yuzasidan aloqa qilamiz. Bizga faqat bir narsa — yuksalish uchun ishlash, ishlash uchun yuksalish kerak. Burch, sadoqat, mehr degan tushunchalar taraqqiyot yo‘lidagi g‘ov... Fid, sen sevib uylanganmisan? O‘ylamay qo‘ya qol. Hammamiz kompyuterning ma’lumotlariga qarab uylanganmiz. Nazarimizda sevgimiz aldamchi, kompyuter esa aldamaydi. Biz yuksalish uchun ishlashimiz, ishlash uchun yuksalishimiz kerak. Fid, sayyoramiz xavf ostida qolsa ahvolimiz nima kechadi, sen hech o‘ylaganmisan?
— O‘ylamay-chi? Biz bu xavfni lahzada bartaraf etamiz. Sen qudratimizga ham ishonmay qoldingmi?
— Ishonaman. Ammo fazoning qay bir nuqtasida bizdan o‘n karra qudratliroq ongli jonzot bo‘lsa-chi?
— Yo‘q, bu farazing noo‘rin. Eng oliy ong faqat Tangda mavjud. Biz tabiatni yenggan yagona oliy ong egalarimiz.
— Sen haqsan. Ammo xavf tug‘ilib qolsa, yengishga chog‘imiz kelmaydi. Bizning bir-birimizga qadrimiz yo‘q, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlamaymiz. Shuning uchun ham ojizmiz.
— Bekor aytibsan. Qadrimiz bor. Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz ham. Tang aholisi o‘rtasida eng yaxshi munosabat mavjud.
— Sen eng yaxshi deb atayotgan munosabat quruq, soxta.
— Hissiyotga berilish — tanglik ruhiyati uchun oshiqcha yuk, Rhaq.
— Men faqat ana shu yukni ko‘tarib yurishga mingdan-ming rozi edim.
— Rhaq, ruhing xastalanibdi. Tang tarixini kavlashtirib yurganingdayoq buni sezib edim.
— Fid, endi tarixni ochish vaqti yetdi.
— Yo‘q, aslo! Tang tarixini o‘rganish — taraqqiyot yo‘lidagi asosiy g‘ov. Tarix faqat maxsus guruh uchun ochiq. O‘tgan zamondagi xatolar tahlil qilib turilsa, bas. Boshqalar faqat yuksalishni o‘ylashi kerak. Orqada hech nima yo‘q!
— Fid, fikring o‘zgarib qolibdi. Sen Luknning gaplarini aytyapsan.
— Men o‘zimning gaplarimni aytyapman. Men — Luknman!

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:34:43

Rhaq seskanib, ko‘zini yumib ochdi. Darhaqiqat, ekrandan Fid emas, Lukn qarab turar edi. Rhaq jon holatda ekranni kaftlari bilan to‘sdi. Tasvir yo‘qoldi. U telba bir ahvolda o‘rnidan turib ko‘zlarini uqaladi. Ekran qorayib turibdi. Yana gallyutsinatsiyami? Nima bu, halokat belgisimi? U boshini changallab o‘tirdi. Keyin xayolini jamlamoq uchun ko‘zlarini yumib, stolni beixtiyor cherta boshladi. Nazarida qo‘li og‘irlashayotganday, harakat mushkullashganday tuyuldi. Ko‘zini ochib baqirib yuboray dedi: barmoqlari beshtadan bo‘lib qolibdi! Xuddi yerliklarnikiday — beshta! U ko‘zlarini mahkam yumib, keyin yana ochdi. Yo‘q. Barmoqlari beshta emas, tangliklarnikiday uchta. Demak, yana gallyutsinatsiya. Asablari pand beryapti. Qanday bo‘lmasin uxlashi kerak. Yo‘qsa, manziliga yetib borolmasligi mumkin.
Kema bir maromda uchib borar, Rhaqning asablari esa tobora izdan chiqar, noxush kechinmalar o‘tida qovurilardi. Keyingi kunlarda ko‘ziga faqat Fid — Yerda hayot borligini bashorat qilgan donishmand Fid ko‘rinadi. Qandaydir hukm chiqarishga, uni ijro etishga undaydi.
Rhaq Fid bilan ko‘p jihatdan hamfikr edi. U gallyutsinatsiya domidan ozod bo‘lgan kezlari xayoliy bahslarni eslab hayratlandi. Chunki Tangda Fid bilan biron-bir muammo ustida bunchalik qattiq tortishmagan edi.
Tang fazogirlari juda ko‘p yulduzlarga bordilar. Lekin hech birida ongli mavjudot uchratmadilar. Donishmandlar markazida endigina tahsilni tugatgan Fid kattaligi jihatidan ham, nuri jihatidan ham o‘zgalardan farq qiluvchi yulduz atrofida harakat qilayotgan nisbatan mayda va nursiz to‘qqiz yulduzni kuzata boshlaganida unga aytarli ahamiyat berishmadi. Bir tomonda o‘zini qoya deb his qiluvchi donishmandlarning taxmini isbotlanmay turganda, bu «go‘dak»ning farazlariga kim ham e’tibor qilardi? Fid maqsadga faqat iqtidor bilan emas, balki sabr-toqat bilan ham borilajagini yaxshi bilardi. U ultrabinafsha spektrometr yordamida yorqin yulduzga yaqinlik bo‘yicha uchinchi turuvchi, kattalikda esa beshinchi o‘rinda turuvchi xira yulduz atmosferasining kimyoviy tarkibini aniqlab, undagi vodorod va geliy miqdori Tangniki kabi ekanini aytganda ham, xira yulduz atmosferasida suv bug‘i mavjudligini spektroskopik tadqiqotlar isbot etgandan keyin ham shuhratga umid qilmadi. U o‘zini donishmand sanaydigan, aslida «nima uchun kunduzi yorug‘, tunda qorong‘i bo‘ladi» deb bosh qotirib yuradigan chala olimlar qatorida navbat kutishga majbur bo‘ldi. Bu uning izzat-nafsiga tegsa-da, sayyorada joriy bo‘lgan qonunga tik borolmasligini bilib, toqat qildi. Tangda uning kashfiyotidan hayratlanib, birinchi bo‘lib qutlagan kimsa Rhaq edi. U do‘stining taxminlariga ishonardi. Farazlarning isbot etilishi Rhaq uchun nur ustiga a’lo nur bo‘lgan edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:34:54

Birinchi fazogirlar Yerga safar qilib qaytishganda ularning quvonchi cheksiz edi. Fazogirlar ikkinchi uchishga tayyorlanayotgan vaqtlarida Rhaq uchinchi — eng muhim safarga o‘zi borajagini hali bilmasdi. Mana uchinchi tadqiqot ham tugayapti. Endi to‘rtinchisiga kim borarkin?
Bu savol yerda ekanidayoq Rhaqning ko‘ngliga g‘ulg‘ula solgan, dilida: «Imkon bo‘lsa yana o‘zim kelardim», degan umid ham uyg‘ongan edi. Ko‘nglini bezovta qilayotgan xayoliy bahs-munozaralardan keyin Rhaqning Yerga yana qaytish haqidagi ilinji barbod bo‘la bordi.
... Bu safar ham cho‘chib uyg‘ondi. Yana Fid bilan ro‘baro‘ bo‘lishini eslab yuragi orqasiga tortib ketdi. Bir nuqtaga tikilib xayolini to‘pladi. Boshqaruv xonasiga ham, Lukn yotgan kameraga ham qaramay, Yerdan olib ketilayotgan «o‘ljalar» turuvchi bo‘lmaga kirdi. Kaftdek ekran burchagidagi qo‘ng‘ir murvatni buradi. Ekranda Yer tasviri ko‘rindi; daraxtlar gullagan, pag‘a-pag‘a oq bulutli osmon yer bilan qo‘shilib ketganday— osmon aksi yerga tushyaptimi, yo aksinchami, bilib bo‘lmaydi. Ariqlarda suvlar to‘lib, xas-xashaklarni surib oqadi...
Rhaq bu tasvirga qarab yengil tortdi. «Bu xonaga avvalroq kirsam bo‘lmas ekanmi», deb o‘ylab yumshoq o‘rindiqqa o‘rnashib o‘tirdi. Shu payt orqa tomondan bir ovoz keldi. Rhaq cho‘chimadi. Aksincha, ovozni qayta kutdi. Ovoz yana eshitildi. Rhaq o‘rtandi: u Naziraning beozor kulgisini eshitgan edi. U orqasiga o‘girilishdan cho‘chidi — qarasa, Nazira hurkib uchib ketadiganday edi. Qiz ro‘parasiga kelmasa ham mayli, faqat kulgisi eshitilib tursa bas. Xuddi shu kulgi uning nazarida kemadagi noxush narsalarning barchasini quvib chiqaradi.
Nazira... Nazira... Nimaga kulmayapti. Nimaga jimib qoldi? Tabib afandiga — Rhaqqa aytadigan gapi yo‘qmi? Xayrlashmay ketgan «beoqibat» Tabib afandidan xafami? Shuning uchun ham yolg‘izlik to‘rlarida bo‘g‘ilayotgan Rhaq huzuriga kechikib keldimi? Nazira... Nimaga jimib qoldi?
Rhaq chiday olmadi. Orqasiga o‘girildi: nigohi qora qutilarga urildi. — Nazira yo‘q! Fid adoqsiz bahslari bilan uning yurak-bag‘rini qon qilib yubordi. Xotirasida qizning tiklanishi balki shu yaralarga malham qo‘yarmidi? Rhaqni ruhiy halokatdan asrab qolarmidi?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:35:14

Ekrandagi tasvir so‘ndi. Rhaq uni qaytadan qo‘ydi. So‘ng qora qutilardan birini ochib, qo‘liga ilingan kitobni oldi: Hofiz Sheroziy. Naziraning akasi To‘xtamurod xo‘b ta’rifini keltirgan edi. Shoirning bir bayti Rhaqqa ajabtovur tuyulib, yodlab olgan edi:

Agar on turki sheroziy ba dast orad dili mo ro,
Ba holi hinduyash baxsham Samarqandu Buxoro ro.


Kitobni qo‘liga olib varaqladi-yu, shu baytni eslab kulimsirab qo‘ydi. «Yerliklarning muhabbatidan aql lol qoladi, — deb o‘yladi u. — Bitta hol uchun ikki shahar bermoqchi. Surishtirishsa oshiqning ikki tangasi yo‘qdir. Lekin ixtiyorida ikki shahar emas, ikki dunyo bo‘lsa ham go‘zalning bir xoliga almashtirib tashlashi tayin. Yerliklarning muhabbati shunaqa— oshiq odam esini yo‘qotib qo‘yadi...» Rhaqga bu narsa avval erish tuyulgan, yerliklarga xos keraksiz his degan xulosaga kelgan edi. Keyin, chuqurroq o‘ylab ko‘rib, odamlarni bir-biriga xuddi shunday muhabbat bog‘lab turganiga ishondi.
Kimdir qo‘shni bo‘lmada turib, pichirlab she’r o‘qiganday bo‘ldi. Rhaq sergaklandi. Kimdir xo‘rsindi. Yana she’r o‘qidi — Nazira! Ha, Rhaq uning ovozini ilk marta shu zaylda eshitgan edi.
... Devor ortida bir qiz ovozini ko‘tarmay g‘azal o‘qirdi. Rhaq quvurga tiqilib, suv yo‘lini to‘sib qo‘ygan xashaklarni olib tashlash uchun devor tomon yaqinlashganda, qiz bolaning ovozini eshitib, to‘xtadi. Ishqiy g‘azalni tinglab, qizning yoshini chamaladi: o‘n olti-o‘n yettida bo‘lsa kerak. Rhaq devor yaqinida ko‘p turmadi. Suv yo‘lini ochib, hujrasiga qaytdi.
Hozir ham Nazira qo‘shni bo‘lmada turib g‘azal o‘qiyotganga o‘xshadi. Rhaq quloq tutdi: g‘azalning so‘zlarini anglamadi.
Ovoz tindi. Rhaqning xotirasidagi qiz qayoqqadir yo‘qoldi.
Rhaq uni qaytarish istagida shosha-pisha qutini titdi — qiz sevgan kitobni axtardi. Topdi. O‘sha zahoti qizning ovozi keldi, hatto ekranda o‘zi ham ko‘rindi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:35:30

«Siz Zebuniso begimning g‘azallarini yaxshi ko‘rasizmi? Akamga Hofiz Sheroziy bilan Fuzuliy bo‘lsa, bas. Shoiralarga hushlari yo‘q. Eshiting-a:

Kiprigi — xanjar, karashma — tig‘, ko‘z tashlash — yashin,
Gar shahid bo‘lmoqchi ersang, karbalo bu yerdadir...


Bu baytlarga hazrat Navoiy ham ofarin aytgan bo‘lar edilar. Akam: «Yaxshi bayt aytish faqat erkaklarga xos», deydilar. Nodirabegimni ham nazarga ilmaydilar. Siz dono odamsiz, akamga ayting: bu qadar bemehr bo‘lmasinlar...»
Boshqaruv xonasida chaqiruv signallari yangrab, ekrandagi tasvirni ham, Rhaqning xayollarini ham to‘zitib yubordi. Rhaq shoshib o‘rnidan turdi.
Kema Tangga yaqinlasha boshlagan edi. Dam o‘tmay Lukn ham uyg‘ondi.
Qolgan kunlar Rhaq uchun azob bo‘ldi. Lukn bilan deyarli gaplashmaydi. Gallyutsinatsiyadan qutuldi. Naziraning ovozi ham eshitilmaydi. Yuragi toshib ketaveradi. Asablari qaqshaydi. Xuddi jon tomiri uzilib ketadiganday xavotirga tushadigan bo‘lib qoldi.
Rhaq kemaning Tang sahniga ohista qo‘nishini ham sarob deb o‘ylab, uzoq vaqt joyidan jilmay o‘tirdi. Yon-atrofidagi tasvir o‘zgarmagach, tushi emas, o‘ngi ekaniga ishonch hosil qilib o‘rnidan turdi. Biroq yura olmadi. Oyoqlari zilday og‘ir edi. U muvozanatini yo‘qotib kursi suyanchig‘ini ushladi-da, joyiga qaytib o‘tirdi. Asboblarning g‘uvillashi tingach, qulog‘i shang‘illadi. Ko‘zlarini yumdi. Tangga yeta olmay yo jinni bo‘laman, yo o‘laman, degan o‘y uni iskanjaga olib, ko‘p qiynagan edi. Nihoyat, Tangga yetib keldi. Es-hushi joyida. Salomatligi ham yomon emasga o‘xshaydi. U baxtli tasodif bilan omon qoldimi? Yo‘q odamning sharpasi qanchalar azobga soldi? Fid-chi? Yaxshi hamki Naziraning xotirasi dalda berdi. Yo‘qsa...
«Hozir mutaxassislar kema eshigini ochadilar. Ular orasida Fid ham bormikin? Xayoliy bahslarimizni eshitib nima derkin?»

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:35:46

TOR DUNYO

Rhaqning asablaridagi salbiy o‘zgarish qayd etilgach, uning donishmandlarga hisob berishi kechiktirildi. Shifoxonada yotib davolanishi zarur ekanligi haqidagi gapni eshitib, u e’tiroz bildirdi. Chunki Luknning ma’lumotlariga qarshi kurashni kechiktirib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Ayni choqda, donishmandlar hukmining mutlaq ekanini unutgan ekan — noiloj shifoxonaga bordi. Bordi-yu, battar siqildi. Garchi gallyutsinatsiya endi ta’qib etmasa ham, xayoliy bahslarga chek qo‘ya olmadi. Yuragi qon bo‘lib ketdi. Ko‘ngli kengliklarni qo‘msadi. Kenglik... Qaerda bor? Yerda mavjud edi...
Tangda ikki kishiga mo‘ljallangan uchuvchi yassi uchoqlar ixtiro qilingach, ko‘chalarga ehtiyoj qolmagan, natijada, bir-biridan o‘zishga bahs boylaganday ko‘kka bo‘y cho‘zgan oynaband binolar orasi so‘nggi imkonga qadar toraytirilgan edi. Rhaq Yerda yurganda ana shu uchoqlarni ko‘p o‘yladi. Ba’zan bu yassi uchoqlar osomonni xuddi za’faron bulut kabi to‘sib olar, ana shunda bino poyida turgan kishi o‘zini o‘raga qamalib qolganday his etardi. Tangda yassi uchoq bilan bino tomiga qo‘nib, ichkariga yuqoridan tushishga ko‘nikkan Rhaq Yerdagi bir qavatli sodda binolarni ko‘rib, dastlab ajablangan edi. Endi bilsa, o‘sha binolar kenglikka erk berib turarkan. Tangda esa... bu eskirgan ibora. Tangliklar bir-biriga yelka tiraguday bo‘lib turgan baland uylarga ko‘nikib qolishgan. Tor dunyoga ko‘z o‘rgangan. Biroq ko‘ngil ko‘nikolmaydi.
Hozir hamma uyquda. Rhaq esa mijja qoqmaydi. U bir necha kundan beri bedor. Hech kim bilan gaplashmaydi. Hech kimga dardini aytolmaydi.
Rhaq navbatchilarni uyg‘otib yubormay deb, oyoq uchida yurganicha dahlizga, undan hovliga, undan tor ko‘chaga chiqdi. Havo dim. To‘g‘riga ketaverdi. Qaerga borayotganini o‘zi ham bilmaydi. Ko‘ngli faqat bir narsani — kenglikni qo‘msaydi. Tangda bunday joy yo‘qligini bilsa-da, qalbidagi yashirin ilinjga ishonib boradi. Xayoli jilovsiz. E’tiqod, niyat, ezgulik qora tamg‘a ostida. Bosh ko‘tarishga ojiz. Surur esa Tangni allaqachon tark etgan... Chunki kimdir, qachondir «bu hissiyotlar taraqqiyotga halal beradi», deb barchani ishontirgan, oqibatda sayyoradagi kattayu kichik faqat taraqqiyotni o‘ylab yashashga ko‘nika borgan va bu qonun tusiga kirib qolgan edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:35:54

Tongotarda Rhaq mo‘’jaz bog‘ ro‘parasidan chiqdi. Aslida bu bog‘ emas, qachonlardir savlat to‘kib turgan o‘rmonning omon qolgan bir bo‘lagi. Tabiatni yenggan tangliklar marhamat tariqasida, to‘g‘rirog‘i, yovvoyi tabiatdan yodgorlik sifatida har o‘rmondan mana shunday bo‘laklar qoldirgan edilar.
Rhaq kenglikni shu yerdan istab topmoqchimi?
Dunyo tor. Bir qarich ham bo‘sh yer yo‘q. «Qaerdadir ko‘ngilga taskin bera oluvchi, xuddi Yerdagiga o‘xshagan kenglik bo‘lishi kerak, — deb o‘ylardi u. — Poyoni yo‘q ufqqa tutashib ketuvchi kengliksiz yashash mumkin emas... Alahsirayapmanmi?.. Tentakman... Bedorlik kuchini ko‘rsatyapti. Sarobni orzu qilyapman...»
Rutubat bosib turgan binolar orasida yurib, toliqdi. Tang quyoshi — Zauraning sarg‘ish nurlarida jilvalanuvchi shisha binolar, uning nazarida, kenglikning sarhadi. Ro‘parasidagi bog‘ — o‘rmonning omon qolgan bo‘lagi ham chegara. Kenglik har tomondan o‘rab olingan. Siqiqda qolgan. Ko‘ngil shu chegarani yorib o‘tishni istaydi.
Rhaq daraxtzorga kirdi. Avval qurib-qaqshab yotgan so‘qmoqdan, so‘ng maysa qoplagan zahkash yerdan yurib ketdi.
Sokinlik. Go‘yo shaharning asabni egovlovchi shovqini ham jilvagar baland binolar oralab shu daraxtzor tomonga oqadi-yu, dastlabki maysalarga duch kelgach, zax yerga singib ketadi. Hatto qushlarning chug‘uri ham eshitilmaydi. Darvoqe, qushlar... Ularning nomlari ham, suratlari ham tarix sanalib, Tangning yosh avlodlaridan sir saqlanadi. Himoyasiz qushlar Tang havosidagi keskin o‘zgarishning dastlabki qurbonlari bo‘lishdi. Lekin hech kim bunga e’tibor bermadi. Hatto kislorod miqdorining kamayishi ham tangliklarni tashvishga solmadi. Ham yassilik, ham tikkalik bo‘ylab yura olishga qodir, faqat yuksalish uchun ishlayotgan, ishlash uchun yuksalayotgan bu oliy ong egalari uchun sun’iy kislorod kashf etish qiyin ekanmi? Havo— sun’iy, ozuqa — sun’iy. Faqat a’zolar, yurak rosmana. Biroq, ularning ishlashi ham g‘ayritabiiy.
Rhaq to‘xtab, atrofiga ziyraklik bilan boqdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:36:02

Osudalik... Tangning bu bir parcha yerida osudalik hukmron. Kenglikning esa chor-atrofi siqib qo‘yilgan. Tabiat zamon hukmida. Daraxtlarning to‘rt quloch balandlikka qadar tik o‘sgan tanasi, keskin yoyilgan shoxlarida hayot nishonasi sezilmaydi — harakat yo‘q. Cho‘p ustiga omonat qo‘yilgan likopchani eslatuvchi bu daraxtlar shamolga qarshi kurashishni, egilib-bukilib qarshilik ko‘rsatishni, oqibatda esa g‘oliblik viqori bilan qad rostlab, savlat to‘kib turishni unutishgan. Rhaqning nazarida bular mo‘rtroq shishadan qilingan, chertib yuborsang, shoxu barglari duv to‘kiladiganday edi...
Daraxtzor oralashi bilan birdan dimog‘iga shifoxona hidi urildi. Daraxtzorda bunday bo‘y nima qilsin? Rhaq bu hidni xotirasida olib kelgan. Dam o‘tmay bu hid boshqa islar bilan qorishib ketdi. U holsizlanib, daraxtga suyandi. Barcha narsalarga qiziqishsiz, befarq qarovchi kimsalar barglar orasidan mo‘ralaganday bo‘lishdi. Ularning ko‘zlari bo‘m-bo‘sh kenglikka qadalgan... «Bo‘lmagan gap! Bo‘sh kenglik hech yerda yo‘q... Hatto xayol ham band. Tasavvur kenglikni unutgan. Nimani izlayapman? Kenglik — balki o‘lim chohidir? Shu choh kenglikka olib borar? Agar shunday bo‘lsa, harakatim besamar. Izlaganim sayin o‘lim mendan qochyapti. Nahot qolgan umrim bekinmachoq bilan o‘tsa? Yo Yerdan olgan taassurotlarim asta-sekin yuvilib ketarmikin? Men ham avvalgiday hissiz, berahm, bee’tibor bo‘lib qolarmikanman? Berahmlik... Ilgari bunday deb o‘ylamas edim. Avvallari jazoga tortilayotganlar qismatiga achinmasdim. Hatto... o‘g‘limga ham. U o‘rtoqlari bilan guruh tuzib, taraqqiyotni iziga qaytarishni xayol qilganda ko‘p jihatdan haq ekanini bilardim. Bila turib hayrixoh bo‘lolmadim. Muddaosiga yeta olmasligiga ko‘zim yetsa ham to‘xtatishga harakat qilmadim. Vaqtimni ayadimmi? Ha, men umrimning har bir nafasini taraqqiyot, faqat taraqqiyot uchun sarf qilishni o‘ylardim. Bolalarni bir so‘z bilan jazodan olib qolish imkoni bo‘la turib, nimaga qutqarmadim? Xudbin edimmi? Donishmand ikir-chikirlar bilan emas, ilm bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, degan «g‘oya»ga shunchalik qul ekanmanmi? Axir mening qismatim ham boshqalar uchun, hatto jazosini olgan o‘g‘lim uchun ikir-chikir masala bo‘lishi mumkin-ku? Nimaga buni fahmlamagan edim? Naqadar jaholat! Taraqqiyot va jaholat! Men o‘tgan yo‘limga nima uchun bu qadar kech razm soldim? Agar Yerga bormaganimda shu fikrlar xayolimga kelar edimi?..»

Qayd etilgan