— Ularda chapi ham o‘ngi ham shakllanmagan, deyavering, — Asqarali shunday deb qo‘l siltadi.
Rhaq Dilmurodning gapini eshitiboq, maqsadini aniqladi. Dilmurod odamlarning chap miya qobig‘iga «dominant», o‘ng qobig‘iga esa «subdominant» deb sifat berishiga qarshi edi. U isbotga kuchi yetmasa ham, o‘ng qobiq oddiy simmetriya emas, ya’nikim, asosiy hisoblanadigan qobiqqa butkul bo‘ysunmaydi, uning o‘ziga xos mustaqil yumushi bor, deb o‘ylardi. Professor Razzoqov Dilmurodning bu fikrini to‘la quvvatlamasa ham tajribalariga yordam berardi. Umuman, odamlarning xatti-harakati, xastalikka nisbatan chidami bilan qobiqlar haqidagi bu g‘oyaning nomutanosib ekani oydin bo‘lsa-da, ko‘pchilik bundan ko‘z yumar, ochiq fikrlashdan cho‘chirdi. Chunki, uzoq yillar mobaynida mutloq hokim bo‘lib kelgan g‘oyani noto‘g‘ri deyish, haqni isbot etish «Marksizmga zid fikrlovchi olim» tavqi la’nati ostida qamalish, hatto otilish uchun qadam qo‘yish demak edi. Holbuki, bu g‘oyaning o‘zgarishi ko‘p kasalliklarni davolashga yo‘l ochib berishi mumkin edi. Rhaq Dilmurodning xayolida yashirinib yotgan bu to‘g‘ri fikrni o‘qib, yana bir bor xursand bo‘ldi.
Olmazorni oralab o‘tib, kichik yalanglikka chiqishdi. O‘rtada pastak uy. Oldi ayvon, uyning chap biqinida qiyshiq tandir. Bahaybat o‘rik shoxlari yalanglikka ko‘lanka solib turibdi. O‘rikka bog‘langan eshak boshini eggancha qimir etmaydi. Ahyon-ahyonda dumi bilan xira pashshalarni haydaydi. Bu ham ta’sir etmagach, orqa oyoqlari bilan depsinadi. Atrofida o‘ralashib yurgan uch-to‘rt tovuq eshakning bu qilig‘iga parvo qilmaydi.
Ishoq ota ayvonda, eskirgan namat ustiga to‘shalgan ko‘rpada shiftga tikilgancha yotardi. Ko‘zlari botiq, yonoqlari turtib chiqqan. Mushtdek buqog‘i iyagiga tiralib turibdi. Et suyakka yopishgan, qimirlashga majoli yo‘q. Otani yelpib o‘tirgan kelini mehmonlarni ko‘rib, o‘rnidan turdi.
— Keldimi? — so‘radi ota zaif tovushda.
— Yo‘q... Asqarali tog‘a bilan mehmonlar kelishdi.
— Darrov dasturxonga qarang, qizim.
Asqarali do‘stining qo‘lini olib, hol so‘radi.
— E, so‘rama, u dunyoga bir borib, bir qaytib kelyapman, — dedi ota zaif ovozda.
— Shu yotishingda u dunyoga borib kelyapsanmi, a? — dedi Asqarali gapini hazilga burib, uning ko‘nglini ko‘tarish uchun. — Balosan, buqoq, balosan. Menga qara, u dunyoda kimlarni ko‘rding. Enangdi ko‘rmadingmi?
Ishoq ota do‘stining ko‘ngli uchun jilmayishga harakat qildi. So‘ng ixranib bo‘lsa-da, javob berdi:
— Yo‘q, seni enangdi ko‘rdim.