Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97178 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:27:18

Sabohiddin bosh irg‘ab, bu gaplarni tasdiqlagan bo‘lib, indamay borardi. «Bu odamlar tobelikni buncha yoqtirishmasa, — deb o‘ylardi u — biri o‘risga qayishaylik, deydi. Biri turklarga, yana biri inglislarga. Nahotki o‘zgalarga ko‘z tikmay, mustaqil harakat qila olmasak? Qori domlamning quloqlariga turklar azon aytishganmi, ikki gapning birida ularni alqaydilar. Buxoroga borajagimni bilib ham «Istambulda tahsil olsa durustmikin?» deb edilar. Otam kamxarj bo‘lmaganlarida bu kishining so‘zlariga kirib Istambulga jo‘natardilar. U holda men ham turkiy bayroqqa sajda qiladiganlardan bo‘larmidim? Ahli millatning aksari turk davlatiga najot ko‘zlarini tikyapti. Ular «biz bir xalqmiz», deyishadi. Lekin qonlari qonimizga qo‘shilarmikin? Ularning o‘zlari hozir jar yoqasida turishibdi. Bizga yordam berishga qurbilari yetmaydi-ku?» Sabohiddin shu tarzda qoriga fikran qarshilik bildirar, ammo bu gaplarni tiliga chiqarmoqqa botina olmasdi. Yana picha yo‘l yurishgach, Zayniddin qori afsus ohangida gap boshladi:
— Xoliqberdi amiralmuslimin, deb hisoblangani bilan do‘ppisi ancha tor. «Islom lashkari, amiralmuslimin...» nomi ulug‘u ammo quvvat yo‘q. Orada ittifoqlik yo‘q. Sen Chanoqqal’ada inglislarni, farangilarni ko‘rding, ularning harb ilmida ilg‘or ekanliklariga guvoh bo‘lding. Sho‘rolarning askari ham olmon bilan urushib obdon pishgan. Ularning «kazak» deganlari bor-ki, Xudoning bir balosidir. Sho‘rolarning aslahalari ham bekamu ko‘st. Xoliqberdining yigitlarichi? Miltiq otishni endi-endi o‘rganishyapti. Hozir uncha-buncha odamga so‘z bermayman, deguvchi Shermuhammad ham miltiq otishni Xoliqberdidan o‘rgangan. O‘rganish chog‘ida miltiq piltasidan uchqun sachrab, bir ko‘zni ko‘r qilib olib «Ko‘rshermat» degan nomni olvoldi. Shular jahon muhorabasini ko‘rgan askarlarga bas kela olisharmidi? Turklarning jang ko‘rgan zobitlari kelishsa edi, ishlar bo‘lakcha bo‘lardi.
— Ularning katta zobitlari orasida ham noittifoqlik mavjud, — dedi Sabohiddin.
— Ha, — Zayniddin qori xo‘rsindi, — bilaman. Hamma balo shu noittifoklikda, hamma sharaf esa millat birligida! Sharafga eltuvchi birlik yo‘q.
— Birlikning bo‘lish yoki bo‘lmasligi bandalardagi iymon quvvatiga bog‘liq. Iymon zaif yerda ittifoqlik ham, jihod ham yo‘q. Erkak kishiga gajak taqib, bazm qilish jihod emas.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:27:27

— Ha, balli, buni fahmlab yetibsan, — dedi Zayniddin qori kulimsirab. — Har qanday jang ham jihod bo‘lavermaydi, urushga kirgan hamma ham shahidlik martabasiga yetavermaydi. Qani, o‘rni kelib qoldi, — Zayniddin qori Sabohiddinga sinov nazari bilana qaradi: — Abu Muso roziyolloxu anxudan bu xususda rivoyat qilingan hadisi sharifni esla-chi, shoyad mas’ala oydinlashsa.
Sabohiddin bu sharafli hadisni bilsa ham, odob saqlab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-da, «o‘zingiz marhamat qila qoling», degan ma’noda yengil ta’zim etdi. Yigitning bu odobi qoriga ma’qul kelib, ko‘zlari kuldi.
— Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan so‘radilarkim, «Shijoat bilan urushga kirgan Odam Ollohning yo‘lida urushgan bo‘ladimi, tarafkashlik uchunmi yoki riyo uchunmi?» U zoti bobarakot javob qildilarkim, «Kim Ollohning so‘zi oliy bo‘lishi uchun urushga kirsa, Ollohning yo‘lida urushgan bo‘ladi». Shunga ko‘ra aytishimiz mumkinkim, bu ko‘rayotganimizni tarafkashlik urushi demoqlik durustdir. Hattoki riyo ham bor bunda. «O‘lsam shahid ketaman», deb yurganlar adashayotganlarini bilmaydilar. O‘lishdan oson ish yo‘q, ammo shahidlik martabasiga yetmoqlik juda-juda mushkul vazifa. Siz bilan biz buni bilamiz, biroq, boshqalarga ayta olmaymiz. Ularning shashtini qaytarmoqlik ham gunoh-da.
— Qori domla, inglislardan nari bo‘lmoqlikning imkoni yo‘qmi?
— Borlikka bor. Ammo qurol-aslahalar kimdan olinadi?
— Ulardan qo‘rqqulik.
Chanoqqal’adagi urush avj pallasiga ko‘tarilgan kunlari bir sayxonlik yaradorlarni davolash maydoniga aylantirilgan, unda musulmonlar bilan birga asir tushgan inglis, farangi yaradorlari ham anchagina edi. Harbiy kemadan tushib yopirilgan inglislar musulmonlarga qo‘shib o‘zlarining yaradorlarini ham qirib tashlashgan edi. Hozir Sabohiddin o‘sha voqeani eslab, ustoziga so‘zlab berdi. Zayniddin qori bu ayanchli hikoyani eshitdi-yu, javob qaytarmay afsus bilan bosh chayqab qo‘ya qoldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:27:35

Bitta dovon oshib o‘tib, Norxo‘janing qarorgohiga kirib kelishdi. Qo‘rboshi qorini quchoq ochib kutib oldi. Sog‘ingan odamini ko‘rib quvonganday anchagacha bag‘riga bosib turdi. Norxo‘janing orqasidan kelganlar ham quyuq salom-alik qilishdi. Sultonmurod esa qo‘rboshiga o‘xshab quchoqlashib omonlashdi. Chinor soyasiga dasturxon tuzalib, davra qurishdi. Ishoq buqoq bilan Asqar cho‘tir xizmatga chorlandi. Zayniddin qori Sabohiddin bilan ko‘z urishtirib oldi-yu, ularning chiqishiga monelik qilmadi.
Bazm qizigan mahalda Norxo‘ja Zayniddin qorini o‘toviga boshladi.
— Bazm yoshlarga yarashadi. Biz dunyoning ishlaridan gaplashaylik, — dedi u qori o‘tirgan yerga lo‘labolishini surib. — O‘zingizcha bir kelay ham demaysiz. Har holda bitta soyning suvini ichardik. Yaxshi hamki, to‘ram muruvvat qilib, sizni biz tomonga yuboribdilar... Yo, o‘zingizcha keldingizmi?
— Yo‘q, to‘ram yubordilar. — Zayniddin qori kulib qo‘ydi. — Siz ogoh bo‘lmagan sir bormi o‘zi bu dunyoda?
— Bor! — Norxo‘ja shunday deb yostiqni nari surdi-da, cho‘k tushdi. — To‘ramning harakatlariga aqlim yetmayapti. Sho‘rolarga qo‘shiladiganga o‘xshaydilarmi?
— Bu bir mish-mish...
— Yo‘q, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Eshitishimcha, Jamol o‘ris serqatnov bo‘lib qolibdi?
— Ha, tez-tez kelib turardi. Lekin qo‘shilish haqida gap bo‘lganini eshitganimcha yo‘q. Bu xususda Jamol o‘risning o‘zidan so‘ramadingizmi?
— Jamol o‘risdan biladiganimni bilib oldim. Omma to‘ram qo‘shilguday bo‘lsa omon qolmaydi. Shuni yetkazib qo‘ying.
— Mening gap tashish hunarim yo‘q.
— Qo‘ying bu gaplarni, qori! Nima uchun bu yerga ivirsib kelib qolganingizni bilaman. Sizga dangal bir gapni aytaymi: uyingizda tek o‘tiring. Bu g‘alvalarga aralashmang. Siz urush tugagandan keyin kerak bo‘lasiz. Shuning uchun... men sizni uylantirib, O‘shga qaytarib yuboraman.
— Uylantirib?
— Ha. Xotiningizni egam chaqirganiga salkam ikki yil bo‘lyaptimi?
— Bo‘ydoqlarga rahm qilaman, desangiz, o‘zingizda kammi?
— Kim?
— Sultonmurod-chi?
— E, qo‘ying uni qori, siydigining ko‘pigi yo‘q odamga qiz xayf!
— Menga qaysi qizni ravo ko‘ryapsiz?
— Begona emas. Novqatlik Jalol oshnangizning qizini.
— Eshon, esingizni yedingizmi?
— Yo‘q, desangiz... uni beklarimga topshiraman.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:27:46

Bu gapni eshitib, Zayniddin qori o‘rnidan turib ketayozdi.
— Yo‘q, yo‘q, asti unday qila ko‘rmang, gunohga botmang, — dedi shoshilib.
— Demak, kelishdik-a?
— Men o‘ylab ko‘ray.
— O‘ylaydigan zamon emas. Ertaga to‘y.
Norxo‘ja gap tamom, deganday o‘rnidan turib ketdi. Zayniddin qori holsizlanib qaddini ko‘tardi-da, xayrlashib, tashqariga chiqdi.
Sabohiddin singlisini imom panohiga olganini eshitganda, «Bir balo bor», deb qo‘ygan edi. Bu tong uning ko‘rgan tushini eshitib, o‘yi to‘g‘ri ekaniga ishonch hosil qildi. Ammo oraga qorining aralashganiga lol qoldi. Nonushtadan so‘ng ularni qo‘rboshi chaqirtirdi. Norxo‘ja gapni uzoqdan boshlab, endi muddaoga ko‘chay deb turganda tashqaridan so‘kingan ovozlar eshitildi. Ahmad dev kirib ta’zim qildi:
— Begim, ot o‘g‘risini tutib keltirdik.
— Qani?
Kaltakdan yuzlari momataloq bo‘lib ketgan bir kishini olib kirdilar.
— Qaerda tutdilaring?
— O‘zimizning ichimizda ekan, begim. Otlarni o‘g‘irlab, G‘ani qirg‘izga bo‘yatib yana qayta o‘zimizga olib kelib mukofot olar ekan.
— Laqillatarkan-da? G‘anini topib keltir.
— U ham shu yerda. — Ahmad dev chiqib, keksa bir kishini boshlab kirdi.
— Otlarni kishi bilmas qilib bo‘yab berarmiding?— deb so‘radi Norxo‘ja.
— Shunday, — dedi u.
— Qani o‘zini ham bir bizga bo‘yab ber-chi?
— Bo‘yamayman, eshonim, bu odam, jonivor emas.
— Bo‘lmasa o‘zingni bo‘yaymiz.
— Xudodan qo‘rqaman, eshonim, azobiga chidamay o‘lib qoladi.
— O‘lsa, gunohi bizga, bo‘ya!
— Yo‘q, bo‘yolmayman.
— Dev! So‘rab ko‘r-chi, ularning orasida bo‘yashni biladigani bormikin? Topilsa ikkovini ham bo‘yat. Tirik qolsa haydab yubor.
— Topilmasa-chi?
— Unda terisini shil. G‘anining qo‘llarini chopib tashla.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:29:05

Aybdorlar olib chiqib ketilgach, Norxo‘ja gapini kelgan joyidan davom ettirdi. «Bir g‘alati tush ko‘rganini» ayta boshlagach, Sabohiddin muddaoni angladi. Shunday bo‘lsa-da, qo‘rboshining so‘zini bo‘lmay, oxiriga qadar tingladi.
— Zamon og‘ir, qiz bola nozik chinni bo‘ladi. Darz ketishi hech gap emas. Mana shularni mulohaza qila turib singlingizni qoriga nikohlab qo‘ysammikin, degan xayolga keldim. Ertamatan qori bilan maslahat qildim. U kishi rozi, qori otangiz bilan qiyomatli oshna edi. Kecha uzringizni qabul qilib, akangizni qo‘yib yubordim. Bugun siz so‘zimizni yerda qoldirmassiz? — Norxo‘ja gapini tamom qildi. Sabohiddindan javob kutib, unga tikildi. — Picha o‘ylang. Sizni shoshirayotganim yo‘q.
— O‘ylaganim bilan o‘yim nihoyasiga yetmaydi, taqsir. Avvalambor, xohishingizni singlimga yetkazishim kerak. So‘ng onam bilan akam bu gaplardan bexabarlar. Dadam rahmatlidan so‘ng, bu nikohga rozilikni faqat akam bera oladilar. Ustiga-ustak biz azadormiz...
— Gap bunday, mulla Sabohiddin: singlingiz hali g‘o‘r. Nima yaxshi, nima yomon fahmiga bormaydi. Undan rizolik olish ortiqcha. Onangiz uchun esa bari bir. Ona farzandi qaerda tinib-tinchib ketsa, shunga shukr qiladi. Akangiz imonini sotib, oqpadar bo‘lgan. Endi oila boshlig‘i huquqidan mahrum. Qizning butkul ixtiyori sizning qo‘lingizda.
— Agar qiz norizo bo‘lsa, nikohning kuchi qirqiladi.
— Mulla! — Norxo‘janing ovozi birdaniga tahdidli tus oldi. — Farosatingiz haqida ko‘p yaxshi gaplar eshitganman. Bu gaplarni tasdiq qilarsiz, degan umiddaman. Boring, nikohga tayyorlaning. Kechqurun to‘y.
— Bir ozgina fursat bering, taqsir.
— Fursat — g‘animat. Ertangi nikoh bugun o‘qilsa, osmon uzilib yerga tushmaydi. Manavini olib qo‘ying, uyingizga qaytganda onangizga berasiz, — Norxo‘ja shunday deb tilla tangalar solingan xaltachani uzatdi.
Ta’zim bilan chiqdilar. Sabohiddin Sultonmurod yuziga qaramadi. Nazarida hamma ish shu odamning rejasi bilan bo‘lgan edi. Sabohiddinning butun vujudi nafratga to‘lgan edi. «Ustozi»ga gapirishni ham istamadi. Zayniddin qori qo‘ngan o‘tovga qarab yurdi. Qori uni noxush kutib oldi:
— Hamma gapdan xabar topgan ko‘rinasan? — dedi ostonada serrayib qolgan Sabohiddinga — Qani, ichkari kir. Ostonada gaplashishning xosiyati yo‘q.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:29:15

Qori shunday deb uni ichkari chorladi-da, kecha bo‘lgan gapni so‘zma-so‘z aytdi.
— Kecha: «Norxo‘ja meni bir bahona bilan izimga qaytaradi», degandim. Gapim to‘g‘ri chiqdi. Lekin bu qadar tez harakat qilar, deb o‘ylamagan edim. Rizolik berishdan bo‘lak ilojimiz yo‘q. Ko‘p qayg‘urma. Sen o‘g‘lim, Mashhura esa qizim. Uni ona sutiday pokiza holicha uyingga olib borib topshiraman. O‘sha yerdayoq taloq xatini qo‘liga berib, tengi chiqsa to‘yiga bosh bo‘laman. Ko‘nglingni xotirjam qil. Xo‘p desang, Mashhura bilan buvingni O‘shga olib ketaman. Sen hozir chiqib, bor gapni Mashhuraga tushuntir. Uning ham ko‘ngli cho‘kmasin.
Sabohiddin ma’qul ishorasini qilib, o‘rnidan turdi. Qorining gapidan keyin bag‘ridagi g‘ubor picha tarqagan bo‘lsa-da, dardi yengillashmadi. To‘y haqidagi gapni singlisiga qay holda yetkazishni bilmay garang edi.
U Mashhuraga ajratilgan o‘tovga kirib o‘tirdi, yonboshladi. Yana o‘tirdi. Mashhura akasidagi o‘zgarishni sezdi.
— Aka, sizga nima bo‘ldi? — dedi u hadik bilan.
— Hech narsa. — Sabohiddin shunday deb ko‘zini olib qochdi.
— Besaranjomga o‘xshaysiz?
— Sizga shunday tuyulgandir.
— Aka, bu yerda yana qancha turamiz? Siz meni olib ketgani kelmabmidingiz?
Sabohiddin javob bermadi. Nima desin? Ayni damlarda o‘z erkiga ega emasligini singlisiga qanday tushuntirsin? Mashhura undan javob kutyapti. Yolg‘on gapirishga majbur endi...
— Mashhuraxon, buvim sizga dadamning istaklari haqida hech so‘z ochgan edilarmi?
— Qanday istak?.. Yo‘-o‘q...
— Dadam sizni kuyovga uzatishga... hozirlik ko‘rib, so‘z ham berib qo‘ygan ekanlar.
— A?
— Men ham keyin bildim. Sizning bu yerga kelib qolishingiz dadam rahmatlining o‘sha so‘zlari bilan bog‘liq ekan. Rahmatli dadam qori domlamizga xo‘p, deb qo‘ygan ekanlar.
— Sizga kim aytdi buni? Dadam vasiyat ham qilolmay ketdilar-ku?
— Buvim aytdilar.
— Yolg‘on! Meni aldayapsiz! — Mashhura shunday deb yig‘lab yubordi.
— Ota so‘zi — amri vojib. Dadam rahmatli go‘rlarida tinch yotsinlar, desak...
— Jon akajon, unday demang! Aldayapman, deng, akajon, aldayapman, deng...
— Bu Ollohning inoyati, taqdirga tan berish kerak. Peshonaga shunday yozilgach, kimga dodimizni aytamiz. Osmon yiroq...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:29:27

— Nahot peshonam shunchalik sho‘r bo‘lsa?! Uyimizga g‘amdan bo‘lak narsa kirmas ekan-da?!
— Tavba, deng, noshukur bo‘lmang? Dadam rahmatli sizga yaxshilikni ravo ko‘rganlar. Odamlar qizini ikki-uch xotin ustiga beryapti. Qori domlamiz, Xudoga shukr qiling, so‘qqaboshlar. Kundoshlar zahridan ozor chekmaysiz.
— Uyga ketaylik. Bu gaplarni buvimning o‘zlaridan eshitay. Siz aldayapsiz!
— Uyga Xudo xohlasa, to‘ydan so‘ng boramiz.
— A? Nimaga?
— To‘yni shu yerda qilamiz.
— Men qochib ketaman!
— To‘y shu oqshom bo‘ladi...
Sabohiddin yolg‘on-yashiq so‘zlar bilan singlisini ovutmoqchi bo‘lar, ammo shu topda qizga qo‘shilib o‘zining ham yig‘lagisi kelardi.
Tashqarida ayol kishining qisqa-qisqa yo‘talgani eshitildi. Keyin quloqqa tanish ovoz keldi.
— Mullaka, sizni yo‘qlashyapti. Biz kelin- poshshaning pardoz-andozini boshlashimiz kerak ekan.
Sabohiddin Sojidaning ovozini tanib, g‘ijindi. Noiloj turdi. Mashhura uvvos solib akasining bo‘yniga osildi. Yalinib-yolbordi. Sabohiddin qult etib yutinib, singlisining qo‘llarini yelkasidan oldi-da, shasht bilan burilib chiqib ketdi.
«To‘y»ning qanday o‘tganini Sabohiddin bilmadi. Og‘ziga bir qultum suv ham olmadi. Qulog‘iga yor-yor ham eshitilmadi. Nest bo‘lib yurdi, o‘tirdi. Birov bilan gaplashish uchun so‘z topolmadi. So‘z bor edi. Biroq uni eshitadigan dardkash, hasratkash do‘st yo‘q edi. Uning barcha azoblariga endi yolg‘izlik dardi ham qo‘shilgandi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:29:44

Sabohiddin uxlagan-uxlamaganini ham bilmaydi. Bir payt xuddi singlisi qichqirganday bo‘ldi. U ko‘zini ochdi. Jimlik. Yo‘q, ana, Mashhura yana qichqirdi. Sabohiddin beixtiyor o‘tov tomonga yugurdi. O‘tov atrofida ikki-uch kishi uymalanib yurar, Sojida esa kiraverishda o‘tirgan Mashhurani ovutmoqchi bo‘lib turardi.
— Nima gap?
Mashhura akasining ovozini eshitib, yozilgan sochlarini bir qo‘li bilan g‘ijimlaganicha, ikkinchi qo‘li bilan ichkarini ko‘rsatdi.
— Ana, ana... — Uning tili gapga kelmay qolgan edi. Sabohiddin hech nimaga tushunmadi.
— Siz aytsangiz-chi, nima bo‘ldi? — dedi Sojidaga qarab baqirib.
— Bilmadim, mullaka, bilmadim. Kuyov pochcha omonatlarini... — dedi Sojida titrab.
Sabohiddin otilib ichkari kirdi. Go‘shanga uzilib tushgan, o‘rinda Zayniddin qori qimirlamay yotar, jag‘i tushgan, ko‘zlari olaygan edi. Sabohiddin go‘shanganing bir chetini yirtib uning jag‘ini tang‘ib bog‘ladi. So‘ng uning ochiq qolgan ko‘zlarini yumib qo‘ydi-da, tashqariga chiqdi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:29:57

SOZLANISH

Samovarxonada Dilmurodning ovozi eshitilib, Rhaq nonini yeb bo‘layotgan Devonadan ko‘zini oldi. Devona choyini xo‘rillatib ichgach, unga qarab tirjayib qo‘ydi-da, pastga tushib ketdi. Dilmurod uning izidan bir oz qarab turdi. So‘ng Rhaq-Mirzavoyning yoniga o‘tirdi.
Shu payt shalag‘i chiqayozgan yuk mashinasi yo‘lni changitib kelib, guzarning o‘rtasida to‘xtadi. Peshonasini ro‘molcha bilan tang‘igan haydovchi pastga tushib, old g‘ildirakni tepib ko‘rdi-da, «Hormang, Asqarali tog‘a» deb baqirdi turgan yerida.
— Aravangni tomga chiqarib qo‘ymading-da, — dedi Asqarali unga qarab. — Sal chetroqqa olsang bo‘lmaydimi?
— G‘am yemang, tog‘a. Moshina qishloqda bitta bo‘lgandan keyin ko‘zga ko‘rinib turovursin. Moshina yuzta bo‘lsaykan, yo‘lni to‘sib qo‘yding, deb tashvish cheksangiz, — u shunday deb Asqarali bilan ko‘rishdi. — Qani, oling endi, bir xumorbosdi qilaylik.
Asqarali belbog‘ini qayirib nosqovog‘ini oldi-da, unga uzatdi.
— Nima balo, tuproqqa ag‘anaganmisan, ko‘zlaring ham ko‘rinmay qolibdi?
— E, rais tindirmaydi. Moshina bo‘lmasa nima qilardiykin, garangman. Omma tozza tentagimni chiqazyapti, — u shunday deb nosqovoqni kaftiga urib-urib qo‘ydi-da, po‘kagini ochib ichiga qarab turdi.
— Baqqa ber, — Asqarali undan nosqovoqni tortib oldi-da, kaftiga bir chekim nos tushirib, tilining tagiga tashladi. — Ma, po‘kak, muncha qo‘rqasan?
Zokirxo‘ja indamay nosdan otdi-da, narigi so‘riga borib o‘tirdi.
— Shatta o‘tirovurmay ketganini qarang, ke baqqa.
— Shoshib turibman, tog‘a. Bir piyola choy ichsam, bas.
— Mirzavoy inim, choydan bormi? Avval choynakning ichini qarang, ilon-piloni yo‘qmikin?
Bu gapga yondagi so‘rida o‘tirganlar kuldi. Zokirxo‘ja teskari qarab oldi.
— Ilon desa, yetti chaqirimdan qochadi. Unga sari ulfatlari ham qo‘yisha qolmaydi. Tunovinda nosqovoq ichiga ilondi bolasini solib berishibdi. Shundan beri nosqovoqdan cho‘chiydi, — deb izoh berdi Asqarali.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:30:37

— Chindan qo‘rqsalar, bunday qo‘pol hazil qilish kerakmas, — dedi Dilmurod.
— Gap uqtirib bo‘ladimi? — dedi Zokirxo‘ja o‘tirgan joyidan. — Bularga mayna qilish bo‘lsa, bas. E, o‘rgildim...
— Bo‘ldi, achchig‘ing chiqmasin. O‘zing jizillayvermasang, hech kim senga tegishmaydi. Ichingga ilon tashlab yuborganda ham indamay tur-chi, yana shunday hazil qilarmikin?
— Asqarali tog‘a, bas endi, shu choyni ichaymi-yo‘qmi?!
— Bo‘pti, tavba qildim, ichovur. — Asqarali shunday deb Dilmurodning yoniga o‘tirdi. — So‘z xo‘p g‘alati narsa-da. Bir so‘z bilan bosh osmonga ham yetadi, jon bo‘g‘izga ham kelib qoladi.
— So‘z buyumlarning o‘lik soyasi bo‘larkan. U xanjarga aylanib yurakka sanchilishi, hayot suvi bo‘lib jon ato qilishi ham mumkin ekan. Qaysi bir shoir shunday degan, kimligi esimda yo‘q, — dedi Dilmurod uning so‘zini ma’qullab.
— Kim bo‘lardi, hazrat Navoiy-da! «Hayratul-abror»da aytadilar. Emishki, so‘z tartibsiz sochilib yotgan gavhar, shoir esa zargar. Gavharlarni o‘rni-o‘rniga qo‘ya olsa, ajib g‘azal bitiladi.
Agar Zokirxo‘ja o‘rnidan turmaganda, Asqaralining so‘zi hali-beri tugamasdi.
— Asqarali tog‘a, Markazga ketyapman, xizmatlar bormi?
— Xizmat yo‘q, eson-omon borib kel.
— Rayonga tushadiganlar bo‘lsa, olib ketay, — dedi Zokirxo‘ja boshqalar eshitadigan qilib. Hech kimdan sado chiqmagach, mashinasi tomon yurdi. Kabina eshigini ochdi-yu, yana qarsillatib yopdi. Ovozini baralla qo‘yib kimningdir onasini «o‘qib» tashladi. O‘ng tomondagi so‘rida o‘tirganlar kula boshlashdi. Zokirxo‘ja: «He enangdi...» deb qayta-qayta so‘kinganicha mashina atrofida aylanar, kabinaga yaqinlasha olmasdi. Boshqalar esa uning qilig‘iga qarab qotib-qotib kulishardi.
— Obbo dayuslar-e, yana ilon tashlab qo‘yishganga o‘xshaydi, — dedi Asqarali o‘zini kulgidan tutolmay.
Dilmurod o‘rnidan turib mashina tomon yurdi. Kabinaga yaqinlashib ichkariga qaradi: haqiqatan ham ilon cho‘zilib yotibdi. Dilmurod asta eshikni ochdi. Samovarxonadagilar kulgidan to‘xtab unga tikilishdi. Dilmurod eshikni ochishga ochdi-yu, yuragiga qo‘rquv yugurib, nima qilishni bilmay qoldi. «Ilonni bo‘ynidan mahkam tutsa hech nima qilmaydi», degan gapni eslab, chaqqonlik bilan ilonni ushladi. Ilon qimirlamadi.

Qayd etilgan