Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97168 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:36:10

Rhaq bu savollariga javob topa olmadi.
Daraxt panasidagilar Rhaqdan nigoh uzmay jim turishibdi. Ular Rhaqning dardli o‘ylariga befarq. Qarashlari jonsiz, harakatsiz. Ular asta-sekin daraxtzorga singib ketdilar.
Rhaq yana ichkariladi. Kaftdek yalanglikka chiqib, to‘xtadi. O‘rtada katta xarsang. Bu atrofda boshqa tosh yo‘q. Ilgari xarsang ostidan suv qaynab chiqardi. Sinib tushgan shox-shabbalar, ko‘katlarda qumursqalar o‘ynab yurardi. Endi suv qurigan. Qumursqalar ham yo‘q. Boshqa suvli, nam yerlarni izlab ketishdimikin, yo qirilib bitishdimikin?..
U Yerdagi buloqlarni esladi. Qulog‘i ostida suvning shildirashi eshitilib entikdi. Boshi aylanib, o‘tirib qoldi. Bir zum ko‘zini yumib ochdi. Endi barglar orasidan yerliklar qarab turganday bo‘ldi. Bu ko‘zlarni ko‘rgach, uvishgan qoni yurishib ketganday, badani ilib, asablari tinchlanganday tuyuldi. Yaqin o‘rtada bulbul sayradi. Rhaq Tangda bulbul bo‘lganmi-yo‘qmi, bilmaydi, lekin uning ovozini Yerda dastlab eshitganda yurtida ham shunday qushcha bo‘lishini juda-juda istagan edi... Barglar shitirladi. Go‘yo yerliklar ko‘zlarini yumib-ochib: «Qanday xarobazorda yuribsan?» deb hayratlanayotganday tuyuldi. Rhaq chuqur xo‘rsindi-da, ko‘zi berkilgan buloqqa qaradi. Keyin boshini qo‘llari orasiga olib, xarsangga o‘tirdi. Ketgisi keldi. Qayoqqa boradi? Yana o‘sha shisha qasr — shifoxonagami? Nonushta payti yaqinlashdi. Shunga shoshilyaptimi? Ochdan o‘lmaslik uchun ovqatlanib, so‘nggi nafasini kutib yotishga oshiqyaptimi?
«Uf... dunyo tor... juda ham tor...»
Rhaq iziga qaytdi. Daraxtzordan chiqib, yo‘l chetida turgan kimsaga ko‘zi tushdi. To‘xtadi. Daraxtzor tomonga qarab turgan kishi esa yura boshladi. Fidmi?
— Fid... — Rhaqning lablari titrab ketdi.
— Rhaq! — Fid tez-tez kelib hamrozini quchoqlab oldi.
— Fid...
— Gapirma, hammasini bilaman. Kundaliklaringni o‘qidim.
— Men yanglishibmanmi?
— Hozir bir narsa deyish qiyin.
— Axir...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:36:17

— Bexato fikrlashning nimaligini bilasanmi? Mutlaqo fikrlamaydiganlargina xato qilishmaydi.
— Fid, faqatgina sen shunday deb o‘ylay- san. Ammo ko‘rganlarimni tasavvur qilishing juda qiyin.
— Tasavvur qildim. Kundaliklaringni o‘qib, suratlaringni ko‘rdim. Luknning hisobotini ham eshitdik. Sen behad hissiyotga berilibsan. Shuning uchun ham taassurotlaring tarix tamg‘asi bilan sir saqlanadi.
— Fid, axir...
— Bahslashma. Hozircha ba’zilar Luknning fikrini yoqlayapti. Yerda shom pallasi boshlanganiga ishonishyapti.
— Yo‘q, Fid! Bo‘lmagan gap! Men hali fikrimni isbot qilib beraman. Avvalgi fazogirlar Yerning turli nuqtalarida turli davralarda uyg‘onish bo‘lgan, fan birmuncha taraqqiy etgan, keyin so‘ngan, deb to‘g‘ri faraz qilganlar. Biz faqat bir nuqtada bo‘ldik. Men ularning uyg‘onishiga aminman. Men yoshlar bilan ko‘p muloqot qildim. Ularda intilish bor. Biz qaytar chog‘imizda kuchli portlash sodir qiladigan ma’naviy qudrat to‘planayotgan edi. Men senga bir suhbatni aytib beraman. Ulardagi tarix yopiq darvoza emas, demak, uyg‘onadilar.
Rhaq Buxoroning pastak hujralaridan birida bo‘lgan suhbatdan ta’sirlanib, uni yodiga muhrlab olgan edi. Hozir shuni bayon qila boshladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:36:31

TABIB AFANDI

Rhaq Yerga qadam qo‘yishi bilan eng avvalo odamlarga yaqinlashish yo‘lini o‘yladi. Tangda berilgan talay tavsiyanomalardagi turli yo‘l-yo‘riqlarni mutlaq qonun deb bilmadi. Chunki ular odamlar hayoti, fe’l-atvorini yaxshi o‘rganmay turib tuzilgandi. Linkosmofon yordamida Yerdagi katta xalqlar tilini o‘rgangan Rhaq odamlar ichida yurib, ularning qiziqishlariga zehn solib, tabiblikni tanladi. Xuddi shu tabiblik tufayli odamlar bilan yaqin aloqa bog‘lay olardi. Rhaq o‘ylagancha bo‘lib chiqdi. Tez orada uning do‘stlari ko‘paydi.
Lukn Rhaqning tutgan yo‘lini yoqlamay, tavsiyanomalarga suyanib, odamlarni chetdan kuzatishni ma’qul ko‘rdi. Rhaq buning nomaqbul yo‘l ekanini bilsa ham, oqibati nima bilan tugashini kutib, monelik qilmadi. Lukn o‘zining Yerga nisbatan kashf etgan haqiqatini isbot etmoq uchun kunbotar tomonda avj olayotgan muhoriba maydonlariga yo‘l oldi.
Xalq tabobatini o‘rgangan Rhaq esa odamlar orasida turk fuqarolarining e’tibori baland ekanini fahmlagach, o‘zini turk elidan kelgan tabib deb tanishtirib, Buxoroning kunchiqar tomonidagi dahadan bir hujrani ijaraga oldi. U tabobatda qo‘llanilayotgan dori-darmonlarning aksariyati befoyda ekanini bilar, ammo Tang tabobatining yo‘llarini qo‘llay olmas ham edi: bu bilan o‘zini fosh qilib qo‘ygan bo‘lardi. Yerliklar hayotiga faol aralashish qat’iy taqiqlaganiga qaramay, Rhaq ba’zan o‘zi sezmagan holda xastalarni biotok oqimlari bilan davolab yuborar, keyin hissiyotga berilgani uchun o‘zini koyirdi. Xastalarning tez davo topishi izsiz ketmadi. Burni anchayin beo‘xshov, qulog‘i esa, aksincha, kichik, ko‘zlari botiqroq, rangi oq-sariqqa moyil, dam haddan ziyod sekin, dam sakraguday bo‘lib yuradigan Rhaq «Tabib afandi» degan nom bilan tez orada el og‘ziga tushdi. Oqibatda u Buxoro fuqarosi ichida yangicha fikrlashlari bilan ajralib turuvchi ziyoli yoshlarga yaqinlashdi. Bu yoshlarning fikrlari turlicha bo‘lsa-da, maqsadlari bir edi. Ularni hozircha faqat shu maqsad birligigina ushlab turar, kelajakni ko‘ra olish xislatiga ega bo‘lgan Rhaq vaqti kelib bu yakdillikning darz ketishini yaxshi bilardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:36:47

Uy egasi — o‘zini odamparvar deb biluvchi yigit hujrasida yig‘ilganlarida, ba’zan, Tabib afandini ham chorlashardi. Ularning suhbatlarini bir chetda jimgina tinglovchi Rhaq bahslarga aytarli qo‘shilmas, ammo qay birining haq, qay birining nohaq ekanini fahmlab o‘tirardi.
Javzoning avvalida davraga mehmon qo‘shildi. Uni «Sabohiddin» deb tanishtirdilar. Bug‘doyrang, qo‘llari katta-katta, yelkalari pishiq, kalta soqol-mo‘ylovli, simobi salla o‘ragan bu mullavachchaga Rhaq dastlabki kuniyoq e’tibor qildi. Sabohiddin davradagilardan faqat ovozining jarangi bilan emas, keskinligi, jur’ati, eng muhimi, el uchun astoydil qayg‘urishi bilan ajralib turardi. Zohiran boshqalar ham ko‘pning ishi deb qo‘yg‘urardilar. Ammo ularning har birida o‘z manfaatini o‘ylash hissi yashiringanini Rhaq bilib turardi.
Sabohiddinning yo uchinchi, yo to‘rtinchi kelishida bahs bexosdan ochiq kurashga o‘tgandi. O‘sha kuni barcha shomga qolmay yig‘ilgan bo‘lsa-da, uy egasidan hanuz darak yo‘q edi. Davradagilar xavotirlanib endi tarqalishga taraddudlanganlarida Shoaziz terga pishgan holda kirib keldi.
— Uzrliman, afandilar, aybsitmang, — dedi u astoydil xijolat chekkan holda hamma bilan bir-bir qo‘l olishib so‘rashar ekan. — Shundayin ajib bir suhbatga berildimki, uni uzishga sira jur’at qilolmadim. Marhamat, afandilar, o‘tiringlar, hozir dasturxon tuzayman.
Davradagilar bunga hojat yo‘qligini aytib, e’tiroz bildirishsa ham, Shoaziz dasturxon tuzadi. Qo‘li ishda bo‘la turib, kechikish boisini bayon qildi:
— Pistashikanon1dan o‘tib hovuz labiga borayotgan edim. Qarasam, Ko‘kaldoshning shunday biqinida kishilarning hojatini chiqarib o‘tiruvchi mirza imlab chaqiryaptilar. Ilgari bir-ikki salom-alik qilib edim, yuz o‘girib ketishim ayb bo‘lar, deb yonlariga bordim.
— Mulla yigit, sizni bir sirdan voqif qilaymi? — deb qoldilar.
Ajablandim. Yana amir haqida ig‘vo so‘z aytib sho‘rimni quritmasalar edi, deb hayiqdim ham. Atrofga qarasam, ayg‘oqchi zoti yo‘qday. Mirza xavotirimni sezdilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:36:55

— Siz zinhor cho‘chimang, aytadurganim yaxshi gap,— dedilar.
— Ayting, — deb ro‘paralaridagi bo‘yraga cho‘kdim.
— Tunov oqshomda bir yigit menga kitob keltirib, evaziga picha aqcha so‘radi. Qaynotasidan meros ekan. «O‘zimning aqlim yetmaydi», deb tashlab ketdi. Uyga borib bu kitobni o‘qidimu hang-mang bo‘lib qoldim. O‘zbeklarning donishmand allomalari bu qadar ko‘p deb sira o‘ylamagandim, — dedilar mirza yoqalarini ushlab.
— Dunyoviy ilmlarning aksariga o‘sha tabarruk allomalar poydevor qo‘yib ketganlar, faqat buni elimiz durust idrok qilmaydi, — dedim.
— Siz kabi mulla yigitlar bu yumushni bo‘yniga olsa ajib savob ish bo‘lar edi, — dedilar u kishi afsus bilan. Keyin al Forobiy, al Xorazmiy al Farg‘oniy, al Beruniy, ibn Sinodan tortib mirzo Ulug‘bekka qadar o‘tgan allomalarni bir-bir aytib berdilar. Bu tabarruk zotlarning nomlari qatorida hali biz eshitmagan shunday allomalar bor ekanki, tinglab hayratga botdim, afandilar. Sizning bunda kutib o‘tirganingiz ham xayolimdan ko‘tarilibdi. Mirzaning so‘zlari tugagach, o‘zimga kelib, shoshqich yo‘lga tushdim. Kela-kelgunimcha elimiz bu zoti tabarruklarning dahosidan bebahra ekan, bunga kim aybli, deb o‘zimga-o‘zim savol berdim. Keyin, eng avvalo amir tuzumi aybli, degan to‘xtamga keldim.
— Amir «allomalar merosi mahv etilsin», deb oliy farmon chiqaribdimi? — dedi Sabohiddin uning so‘zini bo‘lib. Shoaziz bunday luqmani kutmagani uchun javobga taraddudlandi. Jo‘raboshi Salimxo‘ja uning joniga ora kirdi:
— Bunday farmon qog‘ozda bo‘lmagan taqdirda ham amalda mavjud, mulla, — dedi u odatdagiday bosiq ohangda.
— U holda aybnomani anglayolmay qoldim, — Sabohiddinning soddadillik bilan aytgan bu gapi Shoazizning hikoyasini uzib, bahsning bexos boshlanishiga sabab bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:37:05

— Amir tuzumining aybini bilmoq uchun ko‘zni ochib atrofga zehn solmoq kifoya. Siz, mulla, diniy tahsildan bo‘lak narsalarni ko‘p ham e’tiborga olmaysiz. Umid qilamizki, bu suhbatlardan so‘ng oq-qorani durustroq idrok eta boshlaysiz. Men endi aybnomamizni sizga sharhlab beray: allomalar merosidan bahramand bo‘lmoq uchun eng avvalo yangi maktablar ochmoq zarur. Eng muhimi — maktabni ahli din nazoratidan xoli qilmoqqa ehtiyoj mavjud.
— Demak, allomalar xazinasiga g‘ayridinlar yo‘li bilan bormoq kerak ekan-da? — dedi Sabohiddin norozi ohangda.
— Yo‘q, — dedi Salimxo‘ja kulimsirab. — Unday emas. Agarchi maktab yana hozirgi mullalar qo‘lida qolar ekan, dunyoviy ilmlarga yo‘l ochilmaydi. Siz kabi mullavachchalarni O‘rusiyaga, Qohiraga, hatto inglizlar yurtiga tahsil olgani yubormoq darkor. Madrasalarda zamonaviy ilmlarga yo‘l ochmoq joiz. Janobi payg‘ambarimizning «Beshikdan to lahadga qadar ilm oling» deyilmish muborak hadislarini sizga eslatmoq o‘rinsizdir.
— Rasulilloh, sallollohu alayhi vasallam, da’vatlarini noto‘g‘ri anglabsiz, — dedi Sabohiddin. — Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatlarini islomiy ilmlarni egallamoqqa undaganlar.
— Hay, hay — dedi Salimxo‘ja uning so‘zini bo‘lib.— Janob payg‘ambarimizning da’vatlarini men emas, siz noto‘g‘ri anglagan ko‘rinasiz. Muhtaram payg‘ambar afandimizning «Ilm olmoq uchun hatto Chinga ham boring» deyilguvchi sharafli hadislarini inkor etmassiz?
— Bu sahih hadislar. Rad etmoqlik — shakkoklik.
— Bale qorim, bale. Endi qo‘limizga mantiq tarozisini olaylik. Hamonki siz bilan bizga hatto Chin mamlakatiga borib ilm olmoqlik farz etilyapti ekan, ayting-chi, Chin mamlakatida qanday qilib islomiy ilm olmoqlik mumkin? Axir u yer butparastlar yurti, islomiyatdan g‘oyatda uzoqlar-ku? Alqissa, sharafli hadisda dunyoviy ilm olmoqlik ham nazarda tutilgan. Faqat uxraviy masalalarga bandi bo‘lib qolish jamiyatni ham, xususan, shariatni ham bo‘g‘ib turadi. Nasroniylar buni bizlardan avvalroq anglab yetdilar. Shu bois ham taraqqiyot bobida ancha ilgarilab ketganlar, desam fikrimni inkor etmassiz, a? Mavjud dunyoviy ilmlar ham Ollohning irodasi bilan yuzaga kelgan ekan, demak, ularni ham o‘rganish farzdir. Shular xususida amir o‘ylamay kim o‘ylasin? Amir yurtning otasiman, deydi-yu, lekin mamlakat ravnaqi yo‘lida jon kuydirmaydi. Ra’iyatning ravnaqi ilmu urfon bilangina bo‘ladi. Fayzullaxo‘janing Peterburgda tahsil olib qaytganini aytib edim. O‘sha zot padari buzurgvorlarining butun aqchalarini shu xayrli ishga sarf etmoqqa qaror berganlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:37:14

— Hammasini-ya?! — dedi Shoaziz bu gapga ishonqiramay.
— Ha, hammasini.
— Otalarining aqchalari amirnikidan ham ko‘p deyishardi?
— Amir aqcha bermagan taqdirda ham, yo‘lga g‘ov solmasa go‘rga edi.
— Amir hech qachon murosaga kelmaydi, — dedi Shoaziz asabiy qo‘l siltab. — Uni mahv etish kerak, tamom!
— Undan keyin-chi? — dedi Sabohiddin uy egasining keskin gapidan taajjubga tushib.
— Undan keyinmi? — Shoaziz, «ayg‘oqchi emasmikin bu mullavachcha?» deb ikkilandi. Keyin Sabohiddinni Salimxo‘ja boshlab kelganini eslab, fikrini yashirmadi. — Keyin erkin jumhuriyat barpo etamiz. Shundagina yurtimiz qad ko‘taradi.
— Siz aytgancha bo‘lsa, qad ko‘tarolmaydi, — dedi Salimxo‘ja e’tiroz bildirib.
— Nima uchun?
— Jumhuriyatni kim boshqaradi?
— Biz kabi ziyoli ahli bilan katta sarmoya egalari. Aytaylik, Fayzullaxo‘ja. Axir bu ishga katta sarmoya kerak.
— Yo‘q, Shoaziz afandi, amirni xalq mahv etar ekan, mehnatni xalq qilar ekan, demakki, xalq jumhuriyati barpo bo‘lishi kerak. Fayzullaxo‘ja ham shu fikrda.
— Xalq dedingizmi? — Shoaziz istehzo bilan jilmaydi. — Eplay olmaydi!
— Bekor gap! Siz hozirgina tilga olgan zoti tabarruklar ham shu xalqning farzandlari ekanini unutmang.
— Inchunin, biz ham, sarmoya egalari ham.
— To‘g‘ri. Ammo sarmoya egalari mehnat ahliga qayishmaydi.
— Sizningcha, xalq jumhuriyatini oddiy odamlar boshqaradilarda? — dedi Sabohiddin.
— Ha.
— Men xalq deganda dehqonni ham, hunarmandni ham, o‘g‘ri-muttahamni ham tushunaman, — dedi Shoaziz. — Odamlar orasida insof egasi ham, xudobezorlar ham bor. Jumhuriyat taxtiga insofdan naridagilar o‘tirsa, u holda yurtning ahvoli ne kechadi?
— Bundaylarga xalq yo‘l bermaydi. Axir u oq-qorani ajratadi, kimni saylayotganini biladi-ku?
— Salim afandi, siz sarobni orzu qilyapsiz, — dedi Shoaziz.
— Siz esa bir johilni ikkinchisi bilan almashtirmoqchisiz, xolos.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:37:22

— Fikri ojizimcha, amir mahv etilgan taqdirda eng to‘g‘ri yo‘l islom jumhuriyati barpo etmoqdir,— dedi Sabohiddin. — Xalqni faqat din ahligina to‘g‘ri yo‘lga sola oladi. Faqat islomgina bandalarni badkorlik, insofsizlik, buzuqlikdan asrab qola oladi.
Sabohiddinning bu fikri o‘tga moy sepgandek bo‘lib, Shoaziz bilan Salimxo‘ja unga qarshi baxsga berildilar.
— Menga dedilarki, siz, muhtaram qori afandim, o‘tgan oydamikin, Turkiyadan qaytmish ekansiz. Undagi ahvolotni bizdan ko‘ra siz durust fahm etasiz. Bizim fikri ojizimizcha, qachondir qudrat kasb etgan turk sultonligi alhol tanazzulda emish. Axir bu damlarga qadar usmonli mamlakatni nechun din ahli tanazzuldan asrab qololmadi?
— Bu piching o‘rinsiz, taqsir, — dedi Sabohiddin.— Usmonli turk sultonlari, garchi o‘zlarini «xalifa» atasalar ham, dinda beqaror, iymonda zaif edilar.
— Qorijon, turk ulug‘lariga nisbatan qattiq ketmadingizmi? — dedi Salimxo‘ja, bahs ohangini yumshatish bahonasida. — Turkiyaga safar etmog‘ingizdan avval fikringiz o‘zgacha edi. Usmonlilar uchun jon bermoqqa tayyor edingiz?
— Haq rost, — Sabohiddin shunday deb, aybiga iqror odam kabi bosh egib, sukut saqladi. Davradagilar undan javob kutishsa-da, shoshilishmadi, boshqa luqma tashlashmadi. Sabohiddin javob qaytarmoqqa majburiyat sezib, asta bosh ko‘tardi-da, Salimxo‘jaga qaradi: — Taqsir, sulton boshqa, xalifa boshqa. Ikkovi bir vujudga jo bo‘lolmaydi. Ularning inqirozi sababini shu holatdan izlamoq joiz. Mamlakatning xarobligi esa Anvar poshsho, Tal’at poshsho, Jamol poshsho, yana allaqancha poshsho-poshsholarning nojo‘ya sa’y-harakatlari tufaylidir.
— Shuni bilganingiz holda Chanoqqal’ada qo‘lingizga qurol oldingizmi?
— Chanoqqal’a o‘zga bir mas’aladir, taqsir. Unda uch yuz mingdan oshiq mo‘’min shahid bo‘ldi. Shahidlarning ruhi hurmati bu voqea xususinda bilmay turib bir so‘z aytmang. Unda Ollohning mo‘’jizalariga na-da biz, balkim g‘ayridin g‘animlar ham imon keltirdilar. G‘oliblik sharafi bizlarga nasib etdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:37:31

«Mo‘jiza» so‘zini eshitib, Salimxo‘ja Sabohiddinga bir qarab oldi. Sabohiddin safardan qaytgan kezlari ko‘rganlarini bayon qila turib, o‘zining ham, boshqalarning ham aqlini lol qoldirgan bir mo‘’jizani aytgan edi.
Chanoqqal’a bo‘g‘oziga egalik qilish niyatidagi ingliz va farangilar dunyoning turli mamlakatlaridan askarlar jalb etganlarida Sabohiddinga o‘xshagan yoshlar uning himoyasiga otlangan edilar. Aslida Sabohiddin shahidlik martabasi orzusida borgandi. Ammo uni kofir o‘qi olmadi. Uch yuz ming shahidga nasib etgan baxt unga berilmadi. U so‘nggi jangda shahid qoni ila tuproqni bezamog‘iga ishongan edi. Ular to‘rttagina qolgan edilar. Ortlarida tik jarlik — to‘rt terak bo‘yi pastlikdagi qoyalarga dengiz mavjlari uriladi. Bo‘g‘ozga suqilib kira olgan kemadan tushgan sanoqsiz askarlar ularni shu yerga qadar siqib keldilar. Sabohiddin birodarlari bilan o‘limni kutmoqqa shay turganida bir bulut parchasi paydo bo‘ldi. Asriy archalar bilan burkangan Chanoqqal’a1da bulut parchalarining suzib yurishi tasodifiy hol ham, mo‘’jiza ham emasdi. Ammo mana shunisi mo‘’jiza ko‘rsatib ketdi: pala-partish o‘q otib, asta-asta siljib kelayotgan g‘animlar ustiga bulut bostirib keldi-yu, o‘q ovozlari tindi. So‘ng bulut tezgina tarqaldi. Askarlar esa izsiz yo‘qoldilar. Bu holatdan Sabohiddin va uning birodarlari qanchalik ajablansalar, kemadan turib kuzatayotgan inglizlarning taajjublari ularnikidan kam emasdi. Sabohiddin va uning birodarlari ham taajjub, ham hadik bilan, tinmay kalima keltirganlari holda, hozirgina askarlarga to‘lib turgan maydonni bosib o‘tdilar. Bir qurolmi yoki bir kiyim qoldig‘inimi uchratishmagach, ilohiy mo‘’jizaga iymon keltirib, yon cho‘qqidagi birodarlariga qo‘shildilar. O‘sha kuni boshqa jang bo‘lmadi. Kemadan g‘animning yana yuzga yaqin askari tushdi, ammo jangga kirishmadi. Sheriklari yo‘qolgan maydonda biron izga duch kelish ilinjida anchagacha izg‘ib yurdilar. Keyin kemaga qaytdilar...
Bu voqea suhbatga aralashmay o‘tirgan Tabib afandi qiyofasidagi Rhaqga ham ma’lum edi. Shu bois u ham, xuddi Sabohiddin singari Salimxo‘jadan biron luqma kutgan edi, Biroq, so‘z Shoaziz tomonidan aytildi:
— Qorijon afandi, shahidlik Olloh yo‘lidagi jangda bo‘lguvchi edi, sizning ishtirok etganingiz tarafkashlik urushi emasmi?
Sabohiddin unga burgutqarash qildi:
— Bilmasangiz so‘zlamangiz, — dedi u.
— Bilib so‘zlayman men, — dedi Shoaziz qaysarlik bilan. Turkiya ila Olmoniya bir taraf, Ingliston, Farangiston ila Rusiya yana bir taraf bo‘lib urushganlaridan Olloh yo‘lida, Olloh rizoligida ne manfaat bor?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 07:37:41

Sabohiddin bular bilan Chanoqqal’a muxorabasi haqida bahs yuritmoqni lozim topmadi.
— Taqsir, agar Chanoqqal’adagi holatlarni uzoqdan bo‘lsa-da, kuzatganingizda ham kamina sizga tushuntirmoqqa urinib ko‘rar edim. Siz bilan kaminaning bu mas’aladagi bahsi ko‘r va garangning aytishuviga o‘xshab qolar. Yaxshisi kamina dastlabki so‘raganingiz mas’ala xususidagi fikrimni ochiqroq bayon etay. Siz undagi yosh turklar harakatiga havas etib, bunda «Yosh buxoroliklar» jamoasini tuzibsiz. Fikri ojizimcha, jumhuriyat tartib etilmish taqdirda uni shu jamoa boshqarmoq istaydi. Axir Turkiyani siz havas qilganingiz yosh turklar jamoasi xaroblik jariga keltirib qo‘ygani chin-ku? Bunda ham shu takror bo‘lmasmi ekan?
Sabohiddinning bu gaplaridan so‘ng, davra ahli sharsharaning sovuq suvi ostiga yalang‘och tarzda tushib qolganday bir seskanib olishdi. Hozirgina ayri fikrda turganlar endi yakdil bo‘ldilar. Sabohiddin ularning fikru dalillarini indamay eshitar, keyin Qur’ondan oyatlar keltirib, o‘z fikrini ma’qullardi, aytganidan chekinishni istamasdi. Rhaq bahsga berilgan yoshlarga zehn solib, faqat Salimxo‘ja bilan Sabohiddingina o‘z maslagiga chinakam sodiq ekanini bilib o‘tirardi. Shoaziz bugun Turkiy jumhuriyat, deb talashayotgan bo‘lsa-da, ertaga vaziyatga qarab fikridan qaytishi, xalq jumhuriyatini ham, hatto islom jumhuriyatini ham qo‘llashi mumkin edi. Rhaq tangliklarga xos, keyin bo‘ladigan voqealarni oldidan sezish xislati bilan dastlab Salimxo‘ja tutgan yo‘l g‘olib kelishini bilardi. Hali Sabohiddinning o‘z maslagi yo‘lida ko‘p azob chekishi ham unga ma’lum edi. Mashaqqatlar Sabohiddinni yo‘lidan qaytara oladimi, yo‘qmi? Rhaq faqat shuni aytishga ojiz edi.
Aksiga olib, Sabohiddin keyingi bahslarga kelmadi. Rhaq muammosiga javob topish uchun uni madrasaga yo‘qlab borib, suhbat quradigan bo‘ldi. Rhaqning Sabohiddin bilan qiziqayotganini sezgan Lukn o‘zboshimchalik bilan uning miyasiga biotok uzatgich o‘rnatdi. Rhaq buni bilib g‘oyat g‘azablandi. Biroq, dardini ichiga yutib, indamadi. Chunki Tangda Luknning zimmasiga shunday vazifa yuklangan, u bunday qilishga haqli edi.
Rhaq mana shu gaplarning hammasini Fidga aytdi. Fid uni diqqat bilan tingladi-yu, jo‘yali bir fikr bildirmadi. Ertaga Oliy donishmandlar markazi Rhaqning hisobotini eshitajagini ma’lum qilib, uni oromgohga boshladi.

Qayd etilgan