Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97081 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:30:49

— Do‘xtir aka, chaqib olmadimi? — dedi kimdir. Yana kulgi ko‘tarildi. Dilmurod o‘lik ilonni chetga uloqtirdi. Zokirxo‘ja hamon so‘kinganicha motorni o‘t oldirdi-da, gazni bosib mashinani yeldirib ketdi. Asqarali so‘ridagi yigitlarni koyidi.
Dilmurod xijolat bo‘lib yuqoriga chiqarini ham, chiqmasini ham bilmay turganda yo‘g‘on tolga suyanib o‘tirgan Devonaga ko‘zi tushdi. Devona unga o‘ychan boqardi. Yo‘q, o‘ychan emas, uning nigohida qandaydir beparvolik, loqaydlik zohir edi. Dilmurod shu paytgacha Devonani bu ahvolda ko‘rmagan edi.
Devona erinibgina o‘rnidan turdi. Yo‘l o‘rtasida cho‘zilib yotgan o‘lik ilonning dumidan ushlab ko‘tardi-da, tol tanasidagi kavakka tashladi. Keyin hech kimga e’tibor bermay mozorboshi tomon yurdi. Uning yo‘l o‘rtasidagi ilon o‘ligini chetga olib qo‘yishi Dilmurod qalbidagi umid chirog‘ini yoqdi. Odatda Devona bir ishni bajargach, maqtov kutibmi, tirjayib qo‘yardi. Bu safar esa... Demak, unda o‘zgarish boshlangan!
Dilmurodning bag‘riga shodlik yeli ufurdi. Ammo bu shabadaga uchmay: «Hali erta, hali erta», deb o‘zini bosdi. Uning xayolini Asqaralining: «Dilmurodjon, keling endi, choy sovuyapti», degan gapi bo‘ldi.
Asqarali damlagan choy yarimlamay turib, guzarda to‘qim urilmagan eshakka mingashib olgan bola ko‘rindi. U pastga tushmay Asqaralini chaqirib: «Propesur do‘xtir amakini rais buva yo‘qlayaptilar. Tezda borar ekanlar», dedi-da, eshakning qorniga tovoni bilan niqtadi.
— Dayusning bolasini qarang, — dedi Asqarali kulib, — yugurdagi ham «egardan tushmaydi-ya!»
Dilmurod piyolani to‘nkarib o‘rnidan turdi.
Rais idora eshigi oldida kutib turgandi. Dilmurod bilan quyuq so‘rashib ichkari boshladi.
— Tamakidan ham qutulib oldik. Kolxozning xazinasi picha qappayadigan bo‘ldi. Kelasi yili aytganingizday qilib, emizikli ayollarni chiqarmaymiz. Endi do‘xtir uka, odamlar har xil gap qilib yurishadi. Ularga ko‘pam quloq solavermang. Men ertayu kech tinim bilmasdan, nima bo‘lsa kolxozga bo‘lsin, deyman. Ular esa...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:31:41

— Mamarayim aka, ochig‘ini aytsam xafa bo‘lmaysizmi?
— Ie, nimaga xafa bo‘laman. Yigit kishi dangal gapi bilan xotindan farq qiladi-da!
— Dangalini aytsam... Siz odamlarni ranjitish hisobiga ishlar ekansiz. Shuning uchun sizni yomon ko‘rishadi.
— Yomon ko‘rishadi? Nimaga bunday deyapsiz?
— O‘zingiz buni bilmaysizmi?
— Meni yomon ko‘rganlarning maqsadi manavi, — rais shunday deb stolni urib qo‘ydi.
— Yo‘q, unchalik emas. Bekorchi xavotirga berilar ekansiz.
— Bu xavotir emas, haqiqat. Men picha bo‘sh qo‘yay, keyin ko‘rasiz.
— Siz bir umr rais bo‘lib turmaysiz-ku? Vaqti kelib qariysiz, raislikni birorta yoshroq kishiga topshirishadi. O‘shanda... O‘zingiz ranjitgan odamlar orasida qanday yashaysiz?
Rais qo‘l siltadi.
— Bir gap bo‘lar, juda siz o‘ylagandek emasmiz... Sizni chaqirganimning boisi, rayondan topshiriq berishgan, yordam qilmasangiz bo‘lmaydi, Xudoga qarshi bir ma’ruza qilib berasiz. Odamlarimiz maktab muallimlarining gapini ko‘p eshitishgan. Sizday olim odamning ma’ruzasi ta’sirliroq chiqadi. Xo‘p desangiz, shu oqshom odamlarni to‘play.
Rais majlisga kolxozning keksayu yoshini to‘pladi. Guzarga odam sig‘may ketdi. Choyxonadagi so‘rilarni pastga olib tushib qariyalarga joy qilishdi. Maktabdagi uzun stoldan ikkitasini keltirib, tepasiga qizil mato yopdilar. Majlisni raisning o‘zi ochib, dinning zarari haqida uzoq gapirdi. Keyin Dilmurodga so‘z berdi. Dilmurod so‘ridagi qariyalarga bir qarab olib, «hali ularni ranjitib qo‘ymasam edi», deb ehtiyotlik bilan gap boshladi.
Avval dinning kelib chiqishi, aqidalar, urf-odatlar haqida shoshilmay gapirarkan, ora-sira qariyalarga ko‘z qirini tashlab qo‘yardi. Oqsoqollar uning so‘zlarini diqqat bilan eshitar, ayrimlari esa norozi qiyofada bosh chayqashardi. Dilmurod buni sezar, norozilik sababini ham bilar edi.
Har qanday ma’ruzachi suhbat yakunida asosiy mavzuni o‘zi shug‘ullanadigan sohaga bog‘lagani singari Dilmurod ham dinning zararli jihatlarini ruhiy kasalliklarga bog‘lagan holda tugatmoqchi bo‘ldi. U muddaoga endi ko‘chganda, kimdir qattiq ovozda: «Mo‘ylov jinni sizga nima uchun kerak bo‘lib qoldi, shuni ham ayting», deb luqma tashladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:31:49

G‘ala-g‘ovur boshlandi. Rais o‘rnidan turib ovoz kelgan tomonga qaradi:
— Tek turinglar. Ichlaring qaynab ketayotgan bo‘lsa, sovutib qo‘yay.
— To‘g‘ri-da, — dedi yosh-yalanglar o‘rtasida turgan yigit, — kelganlaridan beri Mo‘ylov jinni bilan ovoralar. Nimagaligini bilishga qiziqyapmiz-da. Shunga ham do‘g‘ urasizmi?
— Qiziqsang, idoraga kel, tushuntirib qo‘yaman.
Dilmurod raisga qarab: «Qo‘yavering», degan ishorani qildi.
Rais o‘tirdi. Odamlar yana tinchishdi.
— Qiziqishingiz o‘rinli. Mana shu majlisdan foydalanib maqsadimni tushuntirishga harakat qilaman. Men vrachman. Vazifam bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish. Mo‘ylov jinni, eng avvalo odam shunday emasmi? U ham biz kabi esli-hushli bo‘lgan. Eramizga qadar beshinchi asrda yashagan buyuk yunon donishmandi Gippokrat: «Bir tomondan lazzatlanish, shodlik, kulgi, o‘yinlar, boshqa tomondan g‘amginlik, ma’yuslik, norozilik, achinish miyada vujudga keladi. Shu tufayli biz tentak bo‘lamiz, alahlaymiz, kechasi yoki kuppa-kunduzi vahimaga, qo‘rquvga tushamiz», deydi. Jinnilik—odamzodda uchraydigan kasalliklarning biri. Bu, xastalik — Xudoning qahridan emas, odamning tashqi muhitdan ta’sirlanishi oqibati. Ba’zilar haddan tashqari ta’sirchan bo‘ladi. Demak, ularda ruhiy kasallikka moyillik ham boshqalarga nisbatan kuchliroq. Biz ruhiy xastaliklarni bir necha turga bo‘lib o‘rganamiz, davolaymiz. Hozir sizlarga bu haqda gapirib o‘tirmayman. Bu maxsus suhbat talab qiladi. Men savolingizga javob berish uchun muddaoga ko‘chay: jinnilik — davolash mumkin bo‘lgan kasalliklarga kiradi. Buni bizdan ilgari o‘tgan ulug‘ alloma tabiblar yaxshi bilganlar. Bundan ming yil ilgari Bag‘dod, Shomi Sharif, Damashq degan shaharlarda ruhiy kasalliklarni davolovchi shifoxonalar ochilgan. Lekin jinnilarga mehr emas, nafrat ko‘zi bilan qarovchilar ham ko‘p bo‘lgan. Ilgari Yevropaning ko‘p mamlakatlarida ruhiy bemorlarni jodugar, deb o‘tga tashlaganlar. Dunyoda hech qachon qora kuchlar hukmron bo‘lgan emas. Yomon niyatlarga qarshi yaxshi, yorug‘ maqsadni ko‘zlagan allomalar kurashganlar. Pinel degan frantsiyalik olim ruhiy bemorlarga nafrat bilan qaramay, ularni davolash shiorini olg‘a surdi. Shu asosda bemorlar saqlanadigan qamoqxonalar shifoxonalarga aylantirildi. Yuz yil ilgari Kokolli degan ingliz olimi ruhiy bemorlarni kamsitmaslik masalasini ko‘tardi. Bu olimlar, shunchaki, rahm-shafqatning quli sifatida ruhiy bemorlarni himoya qilmadilar. Ularning barcha xatti-harakatlari ilmiy asosga ega edi. Biz o‘zimizni ana shu insonsevar olimlar ishining davomchilari deb bilamiz. Shuning uchun ham bemorlarga befarq qarolmaymiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:32:05

Dilmurod ruhiy bemorlarni dindorlar tomonidan davolashga urinish yaxshi natijaga olib kelmasligini gapirib, so‘zini tugatdi. Odamlar raisdan hayiqishdimi, yo hamma gapga yaxshi tushunishdimi, yoki aksincha bo‘ldimi, har holda savol berishmadi. Rais xo‘jalik ishlariga oid masalada yana nutq so‘zlagach, majlis yopildi. Dilmurod TET ni sinab ko‘rayotganini atayin tilga olmadi. Avvalo uni tushuntirish ko‘p vaqt talab etardi. Qolaversa, hozircha isbotlab bo‘lmagan taxminlarni ovoza qilishning foydasi ham yo‘q edi...
Majlisga yig‘ilganlar tarqalishdi. Faqat eng oldidagi so‘rida o‘tirgan olti qariya o‘rnidan jilmadi. Rhaq-Mirzavoy ularning maqsadini darrov angladi. Dilmurodga yaqinlashib past ovozda «jangga hozirlaning», dedi-da, o‘zi choy damlagani yuqoriga ko‘tarildi. Dilmurod uning gapini tuzukroq fahmlashga ulgurmay qariyalarning eng ozg‘ini uni chaqirdi:
— Prapesur o‘g‘lim, biz bilan bir piyola choy iching...
Dilmurod qulluq qilib kelib so‘rining bir chetiga omonat o‘tirdi.
— So‘zlaringizni jon qulog‘imiz bilan eshitdik, xo‘p dono yigit ekansiz, otangizga balli, — dedi ozg‘in qariya. Qolganlar bosh irg‘ab uning gapini tasdiqlashdi. So‘rida bu qariyaga nisbatan yoshi ulug‘roq oqsoqollar ham o‘tirishardi. Dilmurod ularning sukut saqlashidan bu qariyaning davra ahli orasida alohida mavqega ega ekanini sezdi. Rhaq-Mirzavoy keltirgan choyni soqoli ko‘ksiga tushgan qariya olib, uch marta qaytardi. O‘zi bir xo‘plamgina quyib ichgach, piyolaga ikki xo‘plam choy quyib, ozg‘in qariyaga uzatdi.
— Ko‘p bilimli yigit ekansiz, o‘g‘lim, otangizga rahmat. Ammo ba’zan o‘ylamay gapirib yuborish odatingiz bor ekan. Hali noo‘rin so‘zlarni ham aytib yubordingiz, nafas yutib indamadik. Endi, nasihat bizdan lozim, o‘g‘lim. Musulmon dini dinlar ichida eng pokizasi. Unga tosh otish yaramaydi. Dinni nazarga ilmasligingiz chakki.
— Otaxon, xafa bo‘lmangu, ammo zamonaviy fan nazarga ilmaslik u yoqda tursin, dinni zararli deb hisoblaydi.
— Nimasi zararli ekan, qani bizga bir tushuntirib bering-chi?
— Din bilan bog‘liq hamma narsalar zararli.
— Shundan qay birlari, aniqroq aytovring.
— Masalan, odamlarni qilgan gunohlari uchun qo‘rqitish, ularni yolg‘on umid bilan ushlab turish, Xudo yaratgan turli g‘aroyibotlar bilan boshlarini aylantirish... Bu «g‘aroyibotlar» borgan sayin fan yutuqlari oldida tiz cho‘kyapti.
— O‘g‘lim, so‘zingizdan ma’lum bo‘ldiki, dinning zararini o‘zingiz ham durust bilmaysiz.
— Nimaga endi...

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:32:48

— Andak sabr qiling. Gaplaringizni yaxshigina uqdim. Aslida sizga do‘ppim yoqinqiramabdi, siz esa meni butunicha yomonotliqqa chiqardingiz. Fanimiz taraqqiy etyapti, dedingiz. Xudo hohlasa, bundan ham yuksakroq kamolga yetadi. Din peshvolari hech mahal bunga shak keltirmaganlar. Chunki ilm Olloh tomonidan yaratilgan g‘aroyibotlarni bandalarga tushuntirib beradi. Men ham omi emasman. Ba’zi narsalardan xabarim bor. Qadimgi allomalar avval Xudoning nomini tilga olib, keyin ish boshlaganlar. Hozirgilar ham shunday qilishsa, ajab ish bo‘lardi.
— Bizda bunday taxminga muhtojlik yo‘q.
— Qadimning eng buyuk allomalari Xudoga ishonganlar-ku? Ilm bilan din kelishib yashashi mumkin.
— Xudoga ishonuvchi ayrim olimlar hali fan degan gap emas. Umuman, ular bu sohada yanglishgandirlar, yoki kelishishga majbur bo‘lgandirlar. Din hamisha fan yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib kelgan. Juda ko‘p olimlarning quvg‘in qilinganini, o‘ldirilganini bilsangiz kerak?
— Jaholat botqog‘idagi ayrim odamlar — hali din emas. Siz ilm va din olamini bir butun olib qarshi qo‘yapsiz, shekilli? Shunday olib qarasak, musulmon dini ilmni sira inkor qilmaydi. Siz aytgan quvg‘inlar, o‘ldirishlar nasroniy dini tarixida bo‘lgan. Islom dini o‘limga hukm qilgan bironta olimni ayting-chi? Aytolmaysiz. Sizlarning piringiz bo‘lmish Ar Roziy, ibn Sinolar ham musulmon edilar. Ularni shariat «jodugar» deb hukm qilganini eshitganmisiz? Ha, eshitmagansiz. Qur’oni karimning birinchi nozil bo‘lgan surasi qaysi muborak so‘z bilan boshlanadi? Bilmasangiz bilib oling: Alaq surasining avvalida, asta’izubillahi: «Iqra’ bismi robbikal lazi xolaq. Xolaqal insana min alaq. Iqra va robbukal akram», sodoqollohul aziym, deyilgan. Bu degani «Butun borliqni yaratgan zot bo‘lmish Robbingiz nomi bilan o‘qing. U Insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Robbingiz karamlidir». Xo‘sh, o‘qishga da’vat etuvchi din ilmga dushman, jamiyatga zararli bo‘larmikin?
— Qur’onda aytilgan bo‘lishi mumkin. Amalga oshirilmagan gaplar kimga kerak?
— O‘g‘lim, donolik yaxshi, omma muqaddas oyatlarni nazarga ilmay, qattiq gapirishingiz chakki. Darvoqe, o‘zingiz Qur’on bilan tanishmisiz?
Dilmurod bunday savolni kutmagan edi. Javob berishga taraddudlanib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:32:58

— Tanish emassiz, ochig‘ini aytovring. Shunchaki inkor etish oson. Lekin mohiyatini bilmay turib rad qilmoq esa gunoh sanaladi. Siz avvalo din bilan bid’at va xurofotlarni ajratib oling. Siz aytgan bekorchi urf-odatlar din emas, keraksiz bid’at va xurofotdir. Men Marg‘ilonda siz kabi ziyoli bir yigitning katta yig‘ilishdagi so‘zlarini tasodifan eshitib qoldim. Azamat tozza bir soat gapirib, qur’onni yerga bulg‘adi. So‘ng men unga hozirgi savolni berdim. «Qur’onni sizdan ham yaxshi bilaman», deb javob qildi. Shunda men «To‘qson oltinchi suraning oltinchi, yettinchi oyatlarida nimalar deyilgan?» deb so‘roqqa tutdim. Bu hozir eshitganingiz Alaq surasi, oyatlar esa insonning qorni to‘yib, badavlat bo‘lgach, takabburlashib tug‘yonga ketishi haqida edi. Yigit lom-mim deyolmadi. Oxiri Qur’onni bilmasligini tan oldi. Bilmay turib tosh otgani uchun sharmanda bo‘ldi.
— Otaxon, siz-ku Qur’onni bilar ekansiz, lekin hamma mullalarni ham shunday deb bo‘lmaydi-da.
— Surishtiraman desangiz, bu sizlarda ham bor gap, o‘g‘lim. Har holda, din jamiyatning beshigini tebratib kelgan katta kuch. Sizning bosh ko‘targaningizga hali hech qancha vaqt bo‘lmadi. Katta chinorga otilgan tosh qaytib tushaveradi.
— Biz din ojizlarning ishi, deb bilamiz. Bunday kasallik bilan kurashib, uni davolash kerak.
— Yanglishyapsiz, o‘g‘lim. Din ojizlarning emas, donolarning ishi.Xudoga ishonuvchi odam manmanlikdan, birovga zulm qilishdan xoli bo‘ladi. Bu birlamchi, ikkilamchi din kishilarning ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Sizlar esa bu qudratdan mahrumsiz. Dinni mutlaqo inkor etmay, kelishuvingiz sizga faqat foyda beradi.
— Yaxshi, otaxon, kelishdik ham deylik. Biz bir tomonda odam Xudoning g‘aroyiboti emas, tabiatning bir bo‘lagi desagu, siz boshqa tomondan tabiatni Olloh yaratgan, deb tursangiz, bu yog‘idan qanday naf unadi?
— Chindan ham tabiatni Robbimiz Olloh yaratgan-da!
— Yaxshi, tabiatni Xudo yaratgan, deylik. Xudoni kim yaratgan? Yo‘qdan bor bo‘lganmi?
— Xo‘p, tabiatni Xudo yaratmagan ekan, gapingizni ma’qul deylik. Xo‘sh, odamni-chi? Unda odamni kim yaratgan?
— Odam tabiatning qonuniy rivojlanishi mahsuli.
— Ba’zilar maymundan paydo bo‘lgan deyishadi shekilli? — qariya shunday deb ayyorona jilmaydi.
— To‘g‘ri, odam maymundan paydo bo‘lgan, — dedi Dilmurod kinoyani fahmlamay.
Ozg‘in qariya kuldi. Unga boshqalar ham qo‘shildi. Qariya Rhaq-Mirzavoy keltirib qo‘ygan likobchadagi mayizdan olib og‘ziga tashladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:33:11

— Nimaga kulyapsiz?
— Aybga buyurmasangiz, bir gap keldi, o‘g‘lim: Sizning ota avlodingiz maymunmi yo ona avlodingizmi?— bu gapdan keyin oqsoqollar baralla kulib yuborishdi. Sal narida bahsni diqqat bilan eshitayotgan Rhaq-Mirzavoy ham, Asqarali ham kulgidan o‘zlarini tiyolmadilar.
— Otaxon, bu gapingiz yangi emas, — dedi Dilmurod ham kulgiga qo‘shilib. — Mana shu nazariyani yaratgan olimga ham shu savolni berishgan. U kishi: «Men avlodimning maymundan kelib chiqqani uchun qayg‘urmayman. Ammo hali ham ikki oyoqda yuruvchi ongsiz, nodon maymunlar borligidan afsuslanaman», deb javob qaytargan ekanlar.
Qariyaning tanglayiga mayiz po‘sti yopishdimi, yo qalqib ketdimi, yo Dilmurodning gapi ta’sir qildimi, bexosdan yo‘tal tutdi. Oqsoqol choydan quyib uzatdi. Qariyaning yo‘tali bosilgach, Dilmurod gapini davom ettirdi:
— Olimning shogirdi esa: «Men o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib poda qorovulini qutqarish maqsadida yovuz dushmanga tashlangan maymun avlodi bo‘lishni begunoh g‘animlarni azoblab lazzat topuvchi, qonli qurbonliklar qiluvchi, o‘z farzandlarini o‘ldiruvchi, xotinlarini cho‘ri o‘rnida ko‘rib muomala qiluvchi, hech bir uyati bo‘lmagan holda Xudoga sig‘inuvchilar avlodiga mansub bo‘lishdan ko‘ra yuqoriroq qo‘yaman!» degan ekan. Otaxon, uzr, bu sizga taalluqli emas. Yuz yil ilgarigi gaplar bilan savolingizga javob qildim. Meningcha, bundan boshqacharoq javob bo‘lmasa kerak...
— Chindan ham javoblari o‘tkir ekan, omma gapni kavlashtirsang, yana bir savol chiqyapti. Xo‘sh, nima uchun hozirgi maymunlar odamga aylanmaydi?
— Otaxon bu bir kun, ikki kunda bo‘ladigan gap emas. Tabiatning qonuniy rivojlanishi natijasida amalga oshadigan jarayon. Bunga balki yuz ming yil, balki million yil talab etilar. Ikki oyoqli «maymun»larni odam qilish qiyinu siz to‘rt oyoqligini aytasiz.
Dilmurodning bu gapidan keyin yana kulgi ko‘tarildi. Qariyalar «to‘g‘ri-to‘g‘ri», deb bosh silkib ma’qullashdi. Bundan foydalangan Dilmurod qo‘qqis boshlagan samimiy bahsni o‘z foydasiga hal qilish uchun ozg‘in qariyani bexos savolga tutdi:
— Otaxon, nima uchun Xudo Muhammad payg‘ambardan so‘ng yerga elchi yubormadi? Nima uchun Qur’on Xudoning oxirgi kitobi bo‘lib qoldi?
— Yangisiga hojat yo‘q-da. Islom dini oxir zamon dini, Muhammad alayhissalom oxir zamon payg‘ambaridir.
— Agar dinning talablari hisobga olinsa, hojat borga o‘xshaydi. Axir, odamlar borgan sari gumroh bo‘lib ketyapti-ku, nahotki, Xudo bunga befarq qarasa?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:33:20

— Propesur o‘g‘lim, siz andak quyushqondan chiqib ketdingiz. Nafsilamrini aytganda, men haligi ma’ruzangizdan keyin sizni insofga chaqirib qo‘ymoqchi edim. Afsuski, insofga yurmas ekansiz. Har holda musulmonchilikka shak keltirmaganingiz ma’qul. Bir tanangizga o‘ylab ko‘ring. Din ilmini ham o‘rganing. Ana shunda bahsga kirishsangiz yarashadi. — Qariya shunday deb hamsubhatlariga qaradi. Ular bosh irg‘ab ma’qul ishorasini qilgach, fotihaga qo‘l ochdi. Oqsoqollar ketgach, Asqarali bu qariyaning O‘shdagi katta masjidda imom ekani, bu yerga mehmon bo‘lib kelganini aytdi. Dilmurod dinning mohiyatini bilmay turib bahslashganidan izza chekdi. To‘g‘ri-da, biror-bir savodsiz kishi psixiatriyaning asoslari bo‘yicha Dilmurod bilan bahs qilsa, unga nima deb baho berardi? Dilmurodning ham ko‘ngli xira bo‘lib Rhaq-Mirzavoy bilan xayrlashdi-da, Asqaraliga qo‘shilib uyga qaytdi.
Rhaq Dilmurodning majlisdagi gaplarini ham, qariya bilan qilgan bahsini ham eshitib, Sabohiddinni ko‘z oldiga keltirdi. Sabohiddin ham jamiyatni faqat din insofga keltiradi, der edi.
Yangi jamiyat yangi yo‘l tanlagan bo‘lsa-da, qarashlar kurashi so‘nmabdi. Yerda eski xotiralardan birdan qutulish qiyin. Tangda bo‘lak gap edi. Ular hozir Rhaqning Yer sayyorasi haqidagi dastlabki taassurotlarini unutishgan. Uning kundaligi tarix javoniga tushgan.
Bugun-erta Rhaqning kuni bitsa, uni kim eslaydi? Agar Yerda jon bersa, «Mirzavoy degan bir odamovi do‘xtir bor edi», deb yodga olib turishar. Qariyalardan biri ruhiga qur’on bag‘ishlar. Tangda bo‘lsa-chi? Kuydirilib, kuli ustiga tuproq tortilishi bilan hamma narsa tugaydi. Hatto Fid ham eslamay qo‘yadi. Chunki uning boshida olam-olam tashvish. Bordi-yu, undan avval Fid o‘lsa-chi? Uni Rhaqning o‘zi eslaydimi?
Rhaq do‘stining qiyofasini ko‘z oldiga keltirib seskandi. «Yo‘q, o‘lmay tursin. Men bilan yana kim dillashadi?»
Rhaq mana shu o‘ylar bilan yotib uxlab qoldi.
Dilmurod esa anchagacha uxlay olmadi. Ko‘zni yumdi deguncha ilonni chetga olib qo‘ygan Devona gavdalanaverardi. O‘rnidan turib o‘tirdi, hovliga chiqdi. Soy bo‘yiga tushdi. Qaytib kirib yotdi. Ko‘zini yumdi: o‘sha hol takrorlandi. Yana o‘rnidan turdi. Hovliga chiqdi-da, beixtiyor qabriston tomon yurdi.
Hujra eshigi berk, ammo ichkaridan Devonaning ovozi kelib turardi. Dilmurod eshikka qo‘l yubor-di-yu, lekin ichkari kirish fikridan qaytib, Devonaning uzuq-yuluq gaplariga quloq soldi:
— Norxo‘ja... qo‘rboshi... Norxo‘ja... Sojida, ana keldi! Keldi!
— Uvv!..

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:33:31

Birdan Devona jonholatda qichqirib yubordi. Dilmurod beixtiyor ichkariga otilib kirdi. G‘ira-shirada devorga biqinib dir-dir titrayotgan Devona xuddi ustiga ajal bostirib kelayotganday yuzini panjalari bilan to‘sib, baqira boshladi:
— Begim, begim, tavba qildim... Aka, qoching! Uvv...
Dilmurod avvaliga qimir etmay turdi. Keyin iziga qaytib eshikni yopdi.
Ichkaridan Devonaning kulgisi eshitildi.
Keyin u yig‘ladi.
So‘ng jimib qoldi.
Dilmurod nima qilarini bilmadi. Chunki Devonaning bu qilig‘i uning uchun yangilik edi. Devona nimalarnidir eslayapti. Agar ilgari bu nomlarni tilga olmagan bo‘lsa, demak, TET kuchini ko‘rsatyapti: Devonaning miyasi sozlana boshlagan...
Bir haftadan so‘ng Devonani uchinchi marta charm qoplagan taxta so‘ri tomon boshlashdi. Devona bu safar ham indamay kirib yotdi-da, ko‘zlarini chirt yumib oldi. Muolaja tugagandan keyin ham qimirlamadi. Dilmurod Mirzavoy bilan Saboxonni imlab tashqariga chiqdi.
— Saboxon, siz Haqberdi buvadan bir xabar olib keling, — dedi Dilmurod tol soyasidagi so‘riga o‘tirar ekan, — bugun o‘zlari kelmoqchi edilar, daraklari bo‘lmayapti.
Saboxon ketgach, Dilmurod Rhaqqa yuzlandi.
— Mirzavoy aka, Devonada o‘zgarish boshlangan, sezyapsizmi?
— Picha o‘zgardi shekilli?
— Boshqalar ham sezishganmikin?
— Nima edi?
— Devona sal esini tanisa, shov-shuv bo‘lib ketarmikin, deyman?
— Qo‘rqyapsizmi? — dedi Rhaq kulib. — Mehnat qilgandan keyin shuhrat yukini ham ko‘tarasiz-da...
— Juda ichim kuyib ketdi. Men bir choy ichib kelay, siz qarab turing. Yotaversin, indamang.
Dilmurod shunday deb chiqib ketdi. Rhaq esa derazaga yaqinroq borib Devonaga tikildi. Shu asnoda unga Sabohiddinning keyingi hayoti ayon bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:33:51

«POK» NIYAT

Sabohiddin, go‘shangada cho‘zilib yotgan Zayniddin qorining jag‘ini tang‘igach, tashqariga chiqdi-yu, shoshilib kelayotgan Norxo‘jaga ro‘para bo‘ldi. Qo‘rboshi uning qarshisida to‘xtamay, nimadir deb pichirlab o‘tovga kirib ketdi. Dam o‘tmay iziga qaytdi-da, Sabohiddinga yuzlandi.
— Mulla Sabohiddin, yo‘lga hozirlaning. Zayniddin qorini O‘shga qo‘yamiz. Men asrga yetib boraman. Dev, otlarni egarla. O‘zing Xoliqberdi to‘ramga xabar qil. Shilpiqni O‘shga jo‘nat. Barvaqtroq xabar yetkazsin.
Norxo‘ja «ma’qulmi?» deganday Sabohiddinga nigohini qadadi. Sabohiddin qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygach, u: «Bevaqt o‘limdan Tangrining o‘zi saqlasin», deb oq o‘tov tomonga yurdi.
Sabohiddin: «Qo‘rboshi hozir hammani burovga oladi», deb o‘ylagan edi. Uning xotirjamligidan hayratga tushib, o‘tovdan ikki-uch qadam narida turgan singlisiga qaradi:
— Bo‘ldi, o‘zingizni bosing, ko‘pam vahmga berilmang, — dedi uni ovutish maqsadida. — Qori domlam jonlari uzilmay turib biron narsa demadilarmi?
Mashhura o‘ylanib qoldi.
— Dedilar... dedilar, shekilli.
— Nima dedilar?
— Yaxshi eshitmadim. Oxirida «Xudo urdi!» dedilar.
— Jon berishda qiynaldilarmi?
— Ha. Avval «yuragim kuyyapti», dedilar. Choy so‘radilar. Choyni ichib battar besaranjom bo‘ldilar.
— Nimaga odam chaqirmadingiz?
— Qo‘rqdim... Keyin yana choy berdim. Bir-ikki qultum ichib, ko‘zlari olaydi...
— Choyni kim olib kirgan edi?
— Choynimi? Anavi..
— Yuraklari kuymasdan ilgari ham ichgan edilarmi?
— Ha, bir choynakni bo‘shatganlar.
— Choydan qolganmi?
— Keyingisining yarmi shunday turibdi.
Sabohiddinga voqea ravshanlashganday bo‘ldi. Ichkariga kirib choynak-piyolani oldi-da, Norxo‘janing huzuriga qarab ketdi. Lekin: «Qo‘rboshi uxlayapti», deb uni ichkariga qo‘ymadilar. Sabohiddin nima qilarini bilmay turganda, Norxo‘janing o‘zi chiqib keldi.
— Ha, nima gap? — dedi u norozi ohangda.

Qayd etilgan