Tohir Malik. Devona (qissa)  ( 97100 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 B


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:34:06

Sabohiddin bor gapni bayon qilib, choynak-piyolani uzatdi.
— Ol, — dedi Norxo‘ja soqchiga imo qilib. Soqchi choynak-piyolani ichkari olib kirgach, Sabohiddinga qaradi: — Siz ketavering, arava tayyor bo‘lgandir. Men gunohkorni o‘zim topaman.
Darhaqiqat, hozir aybdorni surishtiradigan vaqt emasdi. Sabohiddin bo‘zlayotgan singlisi bilan xayrlashib, aravaga ergashdi. Ancha yergacha otni yetaklab piyoda bordi. Ikki dovon oshilgandan keyingina otiga mindi.
Norxo‘ja aytganiga amal qilib, asrga yetib keldi. Janozaning boshida o‘zi bo‘ldi. Qabristondan Zayniddin qorining uyiga kelib, tilovat qildi-da, iziga qaytdi. Ketar mahalida Sabohiddinni bir chetga tortib: «Siz yigirmalarini o‘tkazib, so‘ng qaytasiz, buni sarf-xarajatga ishlating», deb xaltachada pul uzatdi.
Keldi-ketdi bilan bo‘lib Zayniddin qorining o‘g‘illari bexos o‘limning sababini surishtirishmadi. Sabohiddin ertami-kechmi hisob berishga majbur ekanini bilardi. Norxo‘ja shuning uchun ham uni qoldirib ketdi. Axir qori uning singlisiga uylanib, go‘shangada jon berdi-ku? Norxo‘ja, qori aytganiday, ayyor ekan. Sabohiddin buni janozadan keyin to‘la his qildi. Ana shunday odamning millat otasi bo‘lmoqchi ekanini eslab, g‘azabdan vujudi yondi. Bugun u o‘zining yigitlariga hukm o‘tkazadi. Ertaga Xoliqberdi to‘rani yamlab, hokimlik qulochini kengroq yoyadi. Keyin boshqa qo‘rboshilarni bo‘ysundiradi. Millat otasi bo‘ladi. Yurt esa xaroblikka yuz tutadi. Xalqning boshi qirg‘indan chiqmaydi. U millat, millat deb, va’z aytaveribdi-yu, odamlarning ahvol-ruhiyasiga qaramabdi. Vijdon bilan mal’unlikning bir vujudda yashashini hisobga olmabdi. Odamning jig‘ildoni uyg‘onsa, eng avvalo vijdonini kemiradi. G‘azab bosh ko‘tarsa, mehr ketadi. Mal’unlik qad rostlasa, yaxshilik chiriydi. Sabohiddin buni akasi Sibir qilinganidayoq anglashi lozim edi. Ammo u insofga ishonib, sarobni orzu qilib yuraverdi. Nihoyat, Norxo‘janing xatti-harakatlarini fikr tarozisidan o‘tkazgach, bu achchiq haqiqatni tan olib, yuragi larzaga keldi. Qalbida uyg‘ongan nolayu afsuslar bag‘rini ayovsiz tildi. Endi u arosatga qadam qo‘yib bo‘lgan: na qaytishi, na ilgarilashi mumkin. G‘isht qolipdan ko‘chgan, qilich qinidan sug‘urilgan. Qarorgohda Mashhura qon yig‘lab yotibdi. Norxo‘ja butun aybni uning bo‘yniga qo‘yadi. Sojidaga tegmaydi. Sojida... Bunchalar rasvo bo‘lmasa bu xotin. Kelib-kelib Norxo‘jaga xizmat qiladimi, alamini shu norasidadan oladimi? Yo‘q, uning uchun Mashhura bir vosita. Mashhura orqali u Sabohiddindan, Jamoliddindan o‘chini oldi. Ha, makkor xotin! Hali qarab tur, Xudo seni it azobiga solmasami...
Sabohiddin yursa ham, tursa ham shu o‘ylar hukmida ezildi. Ertasiga, peshin namozi paytida, Xoliqberdi to‘ra yetib keldi-yu, bu azobdan bir oz xoli bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:35:19

Xoliqberdi to‘ra namozdan so‘ng qabristonga borib tilovat qildi. Mozoriston atrofidagi yetim-esirlarga sadaqa ulashdi. Keyin Sabohiddinni yoniga olib shahar oraladi. Sabohiddin yo‘l-yo‘lakay unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Xoliqberdi to‘ra uning gaplarini indamay eshitdi. Anchagina sukutda qoldi.
— Gunohi mening bo‘ynimda, — dedi u nihoyat siniq ovoz bilan. — Bila turib o‘limga yuboribman. Afsus chekkan bilan murda tirilmaydi. Endi o‘zingizni o‘ylang. Jamol sizdan rizo emas. Sizni deb men bilan xafalashdi. Bir jihatdan u haq. Aka bir yon, uka bir yon bo‘lgani maqbul emas. Ixtiyoringiz o‘zingizda. Istasangiz, uyingizga qayting. Bugun-erta O‘shni sho‘rolarga topshiramiz. Ular Andijonda katta kuch to‘plashyapti. Bas kelishimiz qiyinga o‘xshaydi.
— Singlim Norxo‘janing qo‘lida-ku?
— Ha, darvoqe, avval Norning oldiga qaytar ekansiz. O‘sha yerda bo‘la turing. Hech bir ishga aralashmang. Sal tinchib olganimizdan so‘ng, sizni huzurimga chaqirtiraman.
Ular shaharni oralab, bolaxonali uy qarshisida to‘xtashdi. Ichkaridan bolalarning ovozi eshitilib turardi. Xoliqberdi to‘ra otdan tushib ichkariga kirdi. Boshqalar ham unga ergashishdi. Eshik tepasidagi: «Sho‘rolar yetimxonasi», degan lavhaga ko‘zi tushib, Sabohiddin ajablandi.
Xoliqberdi to‘ra ichkari kirishi bilan hovli tinchib qoldi. Soch qo‘ygan qiltiriq kishi to‘ra bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi.
— Xo‘sh, mudir afandi, ahvollar durustmi? Bolalarni zoriqtirmayapsizmi?
— Kam-ko‘stimiz yo‘q, to‘ram.
— Qani, bolalarni saflang-chi. Nimalarga o‘rgatayotibsiz?
Mudir o‘ttizga yaqin bolani darrov safladi. Orasta kiyingan bolalardan besh-oltitasi qaddini g‘oz tutib she’r aytdi. She’rlari inqilobiy ruhda bo‘lsa ham, Xoliqberdi to‘ra ularni bo‘lmay eshitdi. Keyin o‘rnidan turib mudirga ikki xalta pul berdi.
— Bularni zoriqtirmang, — dedi qat’iy ohangda. So‘ng bolalarga yuzlandi. — Sizlar yaxshi o‘qinglar. O‘qishdan boshqa hech narsani o‘ylamanglar. Zamon ham tinchib ketadi. Kelajakda yurtga o‘zlaring hokimlik qilasizlar. O‘qimas ekansizlar, sizlardan el rozi bo‘lmaydi.
Xoliqberdi to‘ra shunday deb iziga qaytdi.
— Ha, mulla, sho‘rolarning yetimxonasiga muruvvat ko‘rsatganimga hayronsiz-a? — dedi u otga minar chog‘ida. Keyin javob kutmay gapini davom ettirdi: — Bolalarda gunoh yo‘q. Kattalar bir-birining go‘shtini yeyapti. Bu ham johillik oqibati. Urushda biz yengsak ham, sho‘rolar yengsa ham, bari bir, erta shu bolalarniki. O‘qisa, yaxshi-yomonni o‘zi ajratib oladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:35:58

— Aytgan she’rlari boshqacha-ku?
— Ha, sizga qur’ondan suralar o‘qib bersinmi?— Xoliqberdi to‘ra kuldi. — Yo‘q, mulla, endi yangicha savod chiqarish kerak. Zayniddin qorini shuning uchun yaxshi ko‘rardim.
Xoliqberdi to‘ra o‘ttizga yaqin yigiti bilan oqshomga yaqin O‘shdan chiqib ketdi. Sabohiddin, uning buyrug‘iga ko‘ra, ertasiga bomdoddan so‘ng yo‘lga tushdi. Bir kungina Novqatga qo‘nib, onasini yo‘qladi. Sabohiddinga uylari yetimchadek mung‘ayib ko‘rindi. Bir hafta ichida onasi ozib, ko‘zlari kirtayib qolibdi. Darmoni yo‘qligidan hovliga ham qarolmagan ko‘rinadi-rayhonlarni zarpechak o‘rabdi. Sabohiddin onasiga bo‘lgan voqeani ma’lum qilib o‘tirmadi. Akasining ozod etilganini bildirib, Mashhurani shu ikki-uch kun ichida jo‘natib yuborajagini aytdi-da, yo‘lga otlandi. Ona yana g‘amini ichiga yutib qolaverdi.
Norxo‘ja Sabohiddinning barvaqt qaytganidan ajablanmadi. O‘tovga ta’zim bilan kirgan Sabohiddinning salomiga sovuqqina alik olib poygakdan joy ko‘rsatdi.
— Xoliqberdi meni xushlamay yurardi. Endi ko‘rarga ko‘zi qolmadi. Buning boisini fahmlagandirsiz?— dedi nigohini qadab. — Uning nazarida qorini men o‘ldirtirganman! U hech qachon singilchangizni ayblamaydi.
— Axir chindan ham singlim...
— Kim bo‘lmasa?! — Norxo‘ja shunday deb baqirib yubordi. — Qani, ayting, kim? Sojidami? U ham bo‘yniga olmadi. Choynakda qolgan choyni ichirdim. Balo ham urmadi. Xo‘sh? Balki bu to‘raning nayrangidir? Yashirmay aytovuring, gunohingizdan o‘taman.
Sabohiddin bu gapni eshitib, garangsib qoldi. Tili aylanmadi.
— Nayrang? Qanaqa nayrang, so‘zingizni anglamadim? — dedi g‘udranib.
— Tushunmadingizmi? — dedi Norxo‘ja piching bilan. — Xoliqberdi qorini o‘ldirishni sizga topshirmaganmidi?
— Yo, Olloh! — Sabohiddin shunday deb yoqa ushladi. — O‘limdan xabarim bor, ammo bu gap yetti uxlab tushimga ham kirmagan. Qori domlamning o‘limlari to‘ramga nima uchun kerak ekan? Axir... to‘y sizning niyatingiz bilan bo‘ldi-ku?
Bu gapdan keyin Norxo‘ja sal pasaydi. Darvoqe, Sabohiddinga ayb to‘qiyotganda bunisini o‘ylamagan ekan. Endi unga qarshi so‘z aytolmay yumshashga majbur bo‘ldi.
— Sojida aybni bo‘yniga olmasa ham uni jazoga buyurdim.
— O‘limgami?

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:36:06

— Yo‘q, nimaga endi? — Norxo‘ja zaharxandalik bilan kuldi. — Bizni bu darajada bemehr deb o‘ylamang. Biz, odatimiz, bo‘yicha, beozorlik liboslarini kiyganmiz, omma lozim bo‘lsa, dushman qonidan tepaliklarni sug‘oramiz. Fikrimcha, siz dushman emassiz. Shuning uchun akangizning gunohidan o‘tdik. Singlingizni yigitlar qo‘liga nikohsiz berilishidan saqlab qoldik. Sizga bo‘lgan hurmatimiz bizni bu yo‘ldan tiydi. Shu hurmat haqqi, yana bir karra marhamatimizni darig‘ tutmay, singlingizni emas, aybsiz juvonni kaltaklatib, gunohini bo‘ynimga oldim. Axir bandalariga besabab jazo berilsa, Ollohning g‘azabi keladi, shunday emasmi? Domlangizga ayting, singlingizni olib, Novqatga qaytsin.
Sabohiddin yana ta’zim bilan chiqdi.
Norxo‘ja hali oldinda jiddiy olishuvlar borligini sezardi. Shuning uchun ham beaql Sultonmuroddan qutulib, itoatkor bandaga aylangan Sabohiddinning xizmatiga umidvor edi. Xudo xohlasa, lak-lak muridlari bor eshonlardan biri Norxo‘ja qarorgohiga kirib keladi. O‘shanda mulla yigitning ham bahridan o‘tadi-qo‘yadi!
Sabohiddin o‘tovdan chiqqach ham, singlisini kuzatib qo‘ygandan keyin ham o‘ylab o‘yiga yetolmadi: «Qori aka Norxo‘jani qimorboz, deb so‘kardilar. Odatda qimorbozlar ham ayyor, ham mard bo‘ladilar. Hozir qo‘rboshining mardligi tutdimi yo yangi hiyla ishlatmoqchimi? Nima uchun menga yaxshilik qilmoqchi. Mendan qanday naf ko‘rmoqchi? Qori akamning o‘limlarida kim aybdor? Sojida ijrochi xolos. U choyga zahar qo‘shilganini bilmagan bo‘lishi ham mumkin?»
Norxo‘ja bu kech bazmga izn bermadi. Shuning uchun ham qarorgohga barvaqt osoyishtalik cho‘kdi. Sabohiddin oq o‘tovga qo‘rboshining yaqinlari to‘planganini bilib: «Bir gap borga o‘xshaydi», deb qo‘ydi. Oq o‘tovdan odamlar chiqib ketgach, Norxo‘ja uni ham yo‘qlatdi.
— Ertaga yigitlarim bilan safarga chiqaman. Xoliqberdi to‘ra yordam so‘rayapti. Sho‘rolar O‘sh bilan ovora bo‘lib turganda Namanganni olmoqchi. Do‘ppisi sal torroq. Bir yarim ming yigit so‘rattiribdi. Uni amiralmuslimin, deb fotihaga qo‘l ochganmiz. Istagini bajo keltirishga majburmiz. Xudo xohlasa, Namanganda qishlab, Navro‘zni Qo‘qonda qarshilaymiz.
— Inshoolloh.
— Bomdoddan so‘ng yo‘lga chiqamiz. Beklarimning ruhiga madad beradigan va’z ayting.
— Xo‘p bo‘ladi, taqsir.
— Sizni shu yerda qoldiramiz. Xudo madadkor bo‘lib Namanganni olsak, orqamizdan tushib borasiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:36:14

Sultonmurod oq o‘tovga chorlanmay qo‘yganidan xavotirda edi. Izdihomdan so‘ng yo‘qlov bo‘lganda bir oz cho‘chigan, ammo yuzidan kulgini yo‘qotmagan holda oq o‘tovga kirdi.
— Taqsirim, ko‘rinmaydilar? — dedi Norxo‘ja piching bilan.
— Soyai-davlatingizda...
Sultonmurodning gapi chala qoldi.
— Zayniddin qorining o‘limidan kuyib ketganga o‘xshaysiz? Rangingizni ham sal oldirib qo‘yibsiz. Ishqilib, Xudo asrasin sizni.
— Duolaringiz, inshoolloh, ijobat bo‘lsin.
— Taqsirim, qoriga kim zahar beribdi ekan, bilmaysizmi?
— O‘limdan xabarim bor...
— Bilmaysizmi?
— Aybdorni jazoladingiz-ku?
— Siz meni kim deb o‘ylayapsiz? Onamdan kaltafahm bo‘lib tug‘ilgan ekanman-da, a?
— Unday demang, eshonim, sizday ulug‘zot...
— Bas! — Norxo‘ja tizzasiga shapati urib, o‘rnidan turib ketdi. — Aslida men sening teringni shilishim kerak edi. Qorida nima qasding bor edi? Qushchani qizg‘andingmi? Yo qori oldida obro‘dan ketishdan qo‘rqdingmi? Senda obro‘ bormi o‘zi? Sariq chaqaga qimmat tullak ekaningni bilasanmi o‘zing?! Zayniddin qori menga kerak edi, sen uni yeding. Endi ko‘zimga ko‘rinma. Qizni olib, Novqatga qayt. Agar uning yuziga nopok nigohing tushsa, ko‘zlaringni o‘yaman. Bor, jo‘na.
Sultonmurod oson qutulganidan quvonib, Norxo‘janing etagini o‘pib, ko‘ziga surtdi-da, uni duo qila-qila o‘tovdan chiqdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:36:28

Bomdod namozidan so‘ng Sabohiddin qo‘rboshining istagi bilan yigitlarning ruhini ko‘taruvchi va’z aytdi:
— Aziz birodarlar, hozirgina barchamiz ahli muslim bajo qilishi lozim bo‘lgan farzlardan birini ado etdik. Muhammad alayhissalom aytadilarki, besh farzning biri bo‘lmish namoz bandalarni buzuqlikdan va noma’qulchilikdan saqlaydi. Bu hadisning naqadar chin ekani oydin ravishda barchangizga ayon bo‘lib turibdi. Shayton vasvasasiga uchib namozdan qaytgan, imonini sotgan yurdoshlarimizning ayrimlari shu buzuqlik yo‘liga kirdilar. Ular o‘zlarining xatti-harakatlari bilan qiyomat-qoyimni chaqiryaptilar. Bu dunyoda hayot kechirayotgan har bir gunohkor banda ko‘zi ochiq bo‘lsa ham ba’zan qay yo‘l to‘g‘ri, qay biri jahannam yo‘li ekanini ko‘ra olmaydi. Bandalar hidoyat yo‘lini ko‘rsatuvchi Tangriga va uning marhamatiga hamisha muhtojlar. Hijratdan o‘n ikki yil avval, ramazon oyining yigirma yettisiga o‘tar kechasida, ya’ni laylat ul-qadr kuni Olloh-taolo Muhammad alayhissalomga vahiy yuborib bandalarni haq yo‘lga boshlashni buyurdi. Yurtimizni depsib, xorlik sari boshlayotgan imonsizlar Olloh-taoloning muqaddas so‘zlari bitilgan Qur’oni karimga ham shak keltirmoqdalarkim, ularning oxiratlari, inshoolloh, butkul kuygay. Tangri ularga do‘zaxdan makon hozirlab qo‘ygan. Muhammad alayhissalom aytadilarkim, mening ummatlarimdan kimki Ollohning amriga hozir tursa, u sira kamlik ko‘rmaydi. Bunday ummatlarni xorlovchi va ularga zidlik qiluvchilarga shodumonlik darvozlari taqa-taq berkiladi. Bu imonsizlar Ollohning qahriga uchrab, qiyomat-qoyim bo‘lgunga qadar xorlikda yashayveradilar.
— Siz, aziz birodarlar, Ollohning amrini bajarmoq uchun issiq uy-joylaringizni, bola-chaqalaringizni tashlab islom lashkarlari safiga qo‘shilgan ekansiz, ishoollohkim, Tangrining mag‘firatiga cho‘milgaysizlar. Robbimiz marhamat qiladikim, asta’izubillahi: «Vallaziyna hojaruna fiy sabilillaxi summa qutiluu av matu layarzuqannaxumulloxu rizqan xasan va innalloxu laxum xoyrur-roziqiin». Sadoqollohulaziym. Ya’nikim, Olloh yo‘lida hijrat qilgan, so‘ngra qatl etilgan yoki vafot topgan zotlarni, albatta, Olloh go‘zal rizq ya’ni mangu jannat bilan rizqlantirur. Darhaqiqat, Ollohning o‘zi eng yaxshi rizq beruvchidir.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:36:38

Sabohiddin so‘zlarini jon qulog‘i bilan tinglayotgan odamlardan ko‘z uzmasdi. Gapira turib: «Kecha yigitga gajak qo‘yib, o‘ynatib, bazm qilganlar shularmi? Ular haqida noto‘g‘ri to‘xtamga kelmadimmi?» degan fikr xayolidan o‘tdi. U: «Gaplarim ta’sir etyaptimikin?» degan o‘yda sal narida turgan qo‘rboshi tomonga ham qaradi. Norxo‘ja uning va’zini boshini quyi eggan holda tinglardi. Xayolidan nimalar kechyapti — qilgan gunohlariga tavbami yo navbatdagi zulm rejasimi — bilib bo‘lmasdi. Sabohiddin nazarini undan olmagan holda so‘zini davom etdi: — Har bir tirik jon toki nafas olar ekan, Vatani ozodligi uchun, din pokligi uchun kurashmog‘i lozim. Yo‘qsa, bora-bora odamlar islomdan yuz o‘giradilar, masjidlar molxonalarga aylantiriladi, bolalar otalariga qo‘l ko‘taradilar, xotinlarimiz, qizlarimiz, opa-singillarimiz kofirlar bilan ayshu ishratga beriladilar. Oqibatda, Olloh qiyomatni yuboradi. Qur’oni karimda shunday zikr etiladikim: «Odamlar bilan qilinadigan hisob-kitob yaqinlashdi, ular bo‘lsa beparvo yuz o‘girib yuribdilar. Ha, ular muhlatni yolg‘on deb o‘ylaydilar. Bular uchun biz olovni tayyorlab qo‘ydik». Farg‘ona viloyatida bosh ko‘targan imonsizlar qo‘li baland kelguday bo‘lsa, Tangri bu olovlarni yerga yuboradi. Qiyomat kelgan taqdirda ham, Olloh-taolo ahli muslimni shafqat nurlari bilan panohiga oladi. Chunki musulmonlar Olloh-taoloning tanlangan bandalaridir. Qur’oni karimda deyiladikim, «kimki kelajak hayot ekinlarini eksa, biz uning hosilini ko‘paytiramiz. Kimda-kim yaqin hayot ekinini afzal ko‘rsa, biz unga xohlaganini beramiz, ammo unga kelajakdan hech qanday hissa yo‘q». Kufr yo‘lidagilarning oqibatini ham Yaratgan Robbimiz o‘z kalomida aniq bayon etgandir. Qachonki sur chalinib, qiyomat boshlanganida umri iymonsizlik bilan o‘tganlarga qarata Olloh aytadiki: «Sizlardan oldin o‘tgan jin va insdan iborat kofir ummatlar ichida sizlar ham do‘zaxga kiringlar!» Har bir ummat do‘zaxga kirgach, sherigini la’natlaydi. U yerda bir-birlari bilan jam bo‘lib topishishgach, oxirgi ummat o‘zidan oldingisi haqida «Ey Robbimiz, ana o‘shalar bizlarni adashtirganlar. Ularga do‘zax azobini ikki barobar qilib bergin», deydilar. Shunda Olloh «Har birlaringiz uchun ikki barobardir, lekin sizlar buning hikmatini bilmaysizlar», degay. Yana Tangri-taolo zolimlarning jazosini aniq bayon etadikim, «Ularga jahannam o‘tidan ostilariga gilam va ustilariga yopinchiq bo‘lur...» Siz, muhtaram birodarlar, o‘z xatti-harakatlaringiz bilan bugun kelajak urug‘larini sepmoqdasizkim, insha Olloh, uning shirin mevalaridan bahramand bo‘lursiz. Oraga shayton qo‘shilib, bir millat, bir din farzandlari bir-birlarining qonlarini to‘kmoqdalar. Nailoj, bu ham Ollohning irodasi, ulug‘ sinovi. Ollohning ijozatisiz daraxtlar kurtak ham chiqarmaydi, urg‘ochilar homilador ham bo‘lishmaydi. Olloh iymonsizlarga «Joningni o‘z birodaring olsin», deb jazo yuborgan ekan, insha Olloh, shunday bo‘laveradi. Agarchi, millatimizning ozodligi, dinimizning pokligi yo‘lida joningiz qurbon bo‘lsa, to‘g‘ri jannatga ravona bo‘lasiz. Shahid ketganlarning u dunyodagi hayoti boqiydir va rohat bilan o‘tadir. Agar o‘lim taqdirga yozilmagan bo‘lsa, qirq yil qirg‘indan ham omon chiqasiz. Taqdirdagi o‘lim muddati kelgan bo‘lsa, uyingizda ham o‘laberasiz. Shuning uchun barchangiz Olloh-taoloning nomini dilga jo qilib, umrlaringizga baraka so‘rangiz. Chunki «Hech bir jon Ollohning iznisiz va yozug‘da belgilangan muhlatga yetmasdan o‘lmaydi». Insha Olloh, o‘lim yomg‘irining barchasi g‘animlar ustiga yog‘ilgay. Vai’zamiz so‘nggida yana Olloh taborak va taolo marhamat qilgan oyatlardan birini zikr etaylik. Robbimiz deydiki, asta’izubillahi: «Ya ayyuhallaziyna omanu sabiru va sobiru va robitu vattaqulloha la’lakum tuflixuun». Sadoqollohulaziym. Ya’nikim, ey iymon keltirganlar, sabr qilingiz va sabr toqat qilishda kofirlardan ustun bo‘lingiz hamda doimo kurash, ya’ni jihod uchun belingiz bog‘liq holda hozir bo‘lib turingiz. Va Ollohdan qo‘rqingizkim, shunda shoyad najot topgaysiz». Ollohning amriga itoat etmoqlik va najot topmoqlik barchamizga nasib aylasin. Qani, omin, g‘alabayor islom lashkarini Tangrining o‘zi qo‘llasin! Dushmanga xorlik, do‘stga farog‘at ato etsin! Ollohu akbar!
Sabohiddinning va’izasi odamlarni go‘yo sehrlab qo‘ygan edi. Norxo‘ja buni sezdi. Sezdi-yu, «Bu mulla balo ekan, hali ko‘p karomat ko‘rsatadi», deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:36:49

* * *

Tog‘larga qish erta keladi. Norxo‘ja ketgan kundan uch kecha-kunduz o‘tgach, qor tushdi. Ammo peshinga qolmay erib ketdi. O‘sha damda Sabohiddinni bazmlarni qizitib yurguvchi Asqar cho‘tir yo‘qlab keldi.
— Taqsir, malol kelmasa, o‘tovimizga birrov kirsangiz, deb kelib edim. Sojidaning aytadigan gapi bor ekan.
— Uning so‘zlarini eshitadigan quloq yo‘q.
— Bechora o‘sha kundan beri o‘nglanmayapti. Ko‘zim ochiqligida bir sirni aytib ketay, deyapti. Bu sirdan bexabar qolsangiz, uvol bo‘lishingiz mumkin ekan.
Sabohiddin Sojidaning kaltaklanganini ko‘rmagan bo‘lsa-da, odamlardan eshitgan, «o‘zi Xudo uradigan edi», deb e’tibor qilmagandi.
— Azbaroyi xudo, buni hiyla deb o‘ylamang, taqsir.
Sabohiddin choponini kiyib unga ergashdi. O‘tovga yaqinlashgach, cho‘tir sekin yo‘talib qo‘ydi-da, ichkariga kirib ketdi. Dam o‘tmay qaytib chiqib: «Kiraverar ekansiz», dedi. O‘tovning bir chekkasiga to‘shalgan o‘rinda Sojida harakatsiz yotardi. Nimqorong‘ida uning rangi o‘likka o‘xshab ketgan edi.
— Chiqib turinglar, — dedi Sojida cho‘tir bilan buqoqqa. Uning ovozi siniq, so‘zlar uzilib-uzilib chiqardi. Xoli qolishgach, Sojida yana gapira boshladi:— Mullaka, beriroq o‘tiring. Xudo omonatini so‘rayapti shekilli. Umrim oxirida bir savob ish qilay, rozi-rizoligingizni olay, deb sizni ayttirdim. Jahlingiz chiqmasin. Har qalay begona emassiz. Peshonamga shunday ishlar yozilgan ekan, nima qilay? Keyingi erim tirik bo‘lganda, balki... — uning so‘zi ichida qoldi. Badanida og‘riq turib ingradi, keyin «Suv bering», deb pichirladi. Sabohiddin piyoladagi suvni tutdi. — Ilohi bu dunyoda kam bo‘lmang...
— Menga qanday sirni ochmoqchi edingiz?
— Qori akaning o‘limlarida aybim yo‘q. Choyni menga uying kuygur imom-domlangizning o‘zi damlab bergan edi.
Sabohiddin seskanib ketdi.
— Sultonmurod akami?
— Ha, o‘zingizning taqsiringiz. Siz hali ko‘p gaplardan bexabarsiz. Ehtiyot bo‘ling. Ilondan qo‘rqmasangiz-qo‘rqmang, ammo bulardan hayiqing. Agar kerak bo‘lmay qolsangiz, sizni ham qoriga o‘xshab...
   

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:36:59

— Ochmoqchi bo‘lgan siringiz shumi?
— Ha, shu, sizdan faqat bir o‘tinchim bor?
— Ayting.
— Mening kunim bitganga o‘xshaydi. Tashqarida turgan ikki kishini taniysiz-a? Shularni tezroq bu yerdan chiqarib yuboring.
— Nimaga?
— Bizni bu yerga akangiz yuborgan edilar.
— Akam?
— Ha, bazmlarni qizitgan bo‘lib, sho‘rolarga ma’lumot yig‘ib berishadi. Xudo xayringizni bersin, ularning ketishiga yordam qiling.
— Norxo‘ja o‘rniga Ahmad devni tashlab ketgan. Unga aytib ko‘raman.
Sojida bu gapni eshitib, ayanch bilan jilmaydi.
— Devdan marhamat kutguncha kofirdan imon kuting.
— Xotirjam bo‘ling, uchovlaringizni kuzatib qo‘yaman. — Sabohiddin shunday deb o‘rnidan turdi.
— Mullaka, yana bir gapni aytib ketay: men akangiz oldida pokiza edim. Otga vaqtida yem tashlamaganim uchun achchiq ustida taloq qilgan edilar. Ot desa hamma narsadan kechadigan bo‘lib qolgan edilar, eslaysizmi? Keyin bo‘zaxo‘rlikka ham mayl qo‘ydilar. Taloq xatimni berganlaridan keyin, meni buzuqqa chiqarib, o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ldilar. Ishonmasangiz o‘zlaridan so‘rang. Umrim qisqa bo‘lmaganida sirni o‘zim bilan olib ketardim. Yana orqamdan yomon o‘ylar bilan yodlamang, deb aytdim. Rozi bo‘ling... Men sizlardan — roziman...
Sojida keyingi gaplarni yig‘lamsirab aytdi. Sabohiddin nima deyishini bilmay tashqariga chiqdi.
— Taqsir, — dedi buqoq uning yo‘lini to‘sib, — biz ketadigan bo‘lsak, o‘zimizni eplaymiz, omma bu juvonga qiyin. O‘ris tabiblar ko‘rmasa, nobud bo‘ladi. Shu bugunoq jo‘natishning imkonini toping.
— Yaxshi, tayyor turinglar.
Sabohiddin shunday deb to‘g‘ri oq o‘tov tomonga yurdi. Norxo‘ja ketgandan keyin Ahmad dev shu yerni egallab olgan, Sabohiddin kirganda u bo‘zaning kuchidan mast bo‘lib o‘tirgan edi.
— Ha, mulla yigit, kelsinlar, — dedi u joyidan jilmay.

Qayd etilgan


shoir  01 Oktyabr 2006, 08:37:07

— Hozir yallachilarning o‘toviga kirgan edim.
— Xo‘sh!
— Sojidaning joni halqumiga kelib qolibdi...
— Men nima qilay, jonini qaytaraymi? — Dev bo‘za quyib simirdi-da, oyoqlarini uzatib yonboshladi.
— Agar omonatini topshirsa, kim g‘assol bo‘ladi?
— Siz! — Ahmad dev shunday deb xaxolab kuldi. Keyin xiqichoq tutib kulgidan to‘xtadi.
— Uni uyiga jo‘natish kerak.
— Mumkin emas, qo‘rboshi qaytguncha qumursqa ham joyidan jilmaydi. Siz ham, mulla, — Ahmad dev keyingi so‘zlarni g‘udranib aytdi-da, boshini yostiqqa qo‘ydi. Sabohiddin endi turaman deganda u: «Shilpiq!» deb baqirdi.
O‘tov og‘zida soqchilik qilib turuvchi to‘ladan kelgan xunuk odam ichkariga mo‘raladi. Devning uxlab qolganini ko‘rib, Sabohiddinga savol nazari bilan qaradi.
— Nimaga chaqirdilar? Bo‘za keltiraymi?
— Arava tayyorlab, anavi yallachilarni yo‘lga solib yuborar ekansiz.
— Ie, ko‘ngilxushlik nima bo‘ladi?
— Birodarlarimizning qoni to‘kilayotgan mahalda ko‘ngilxushligingiz nimasi?
— Uzr, taqsir, tilimdan bexos uchdi.
Shilpiq odam beo‘xshov ta’zim qilib chiqdi. Sabohiddin xayoliga kelgan bexos fikrdan mamnun bo‘lib o‘toviga qarab ketdi.
Ertasiga ko‘zlari qizargan Ahmad devning o‘zi uning o‘toviga kirib keldi.
— Bu qanaqasi bo‘ldi, mulla yigit? Yallachilarni nimaga qo‘yib yubordingiz?
— Menmi?
— Ha, siz! Shilpiq!
— Labbay begim.
— Shu odam aytdimi?
— Ha.
— Eshitdingizmi?
— Bo‘zaxo‘rlik eplagan odamga yarashadi. Agar xushingizdan ayrilgan bo‘lsangiz, qo‘rboshi kelganda ma’lum qilib qo‘yay. «Ayting, bajarsin», deb uni chaqirgan o‘zingiz-ku? Sizni men chaqirdimmi, yo bu kishimi?
— Begim o‘zingiz chaqirdingiz.

Qayd etilgan